Misr Arab Respublikasi poytaxti Qohiraga xizmat safarini amalga oshirayotgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi hay’ati kecha, 26 avgust kuni Qohira islom san’ati muzeyida bo‘ldi. Muzeyning bosh direktori doktor Mamduh Usmon bilan uchrashuv o‘tkazildi. Muzey rahbariyati va uchrashuvda ishtirok etgan ilmiy tadqiqotchilarga O‘zbekistonda tarixiy-madaniy merosni asrash, o‘rganish va targ‘ib qilish sohasida respublika rahbariyati tomonidan amalga oshirilayotgan tashabbuslarning mohiyati va maqsadlari taqdimoti amalga oshirildi.
Islom san’ati muzeyi bosh direktori Markaziy Osiyo sivilizatsiyasi umumislomiy tamaddun zanjiridagi muhim halqa ekanini, Toshkentda barpo etilayotgan Islom sivilizatsiyasi markazi bilan hamkorlik qilish Islom san’ati muzeyi uchun sharaf va ayni muddao bo‘lishini bayon qildi. Tomonlar hamkorlik to‘g‘risida Memorandum imzolash va unga ko‘ra ma’lumot, tajriba almashish, xodimlarning o‘zaro malakalarini oshirish hamda Qohira islom san’ati muzeyi va O‘zbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazi o‘rtasida ekspozitsiyalar almashib turishga kelishib oldilar.
Shu kuni O‘zbekiston delegatsiyasi Iskandariya kutubxonasi bosh direktori doktor Mustafo El Feki bilan ham uchrashdi. Suhbat davomida doktor El Feki O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan xayrli ishlardan xabardor ekanini, mamlakatimizda Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbuslari bilan ajdodlar merosini saqlash va o‘rganish bo‘yicha amalga oshirayotgan ishlarni kuzatib turganini mamnuniyat bilan qayd qildi.
«Aloqalarimiz tarixi mamluklar va hatto ulardan oldingi zamonlarga taqaladi, dedi kutubxona direktori. Albatta biz hamkorlik qilishimiz, otalar an’analarini davom ettirishimiz kerak. Biz O‘zbekiston tomonining kutubxonamizdagi mashhur kishilar timsollari qatorida ko‘rish uchun Ahmad al-Farg‘oniy haykalchasini tortiq qilish niyatidan xabardor bo‘ldik. Ushbu ulug‘ olim mamlakatlarimiz va xalqlarimiz, tariximiz va madaniyatlarimiz o‘rtasida misoli bir ko‘prikdir. Albatta bunday hadyani mamnuniyat bilan, sharaf deb bilib qabul qilamiz».
Uchrashuvda O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi va Iskandariya kutubxonasi islom tadqiqotlari markazi o‘rtasida hamkorlik bitimi imzolashga kelishib olindi. Uchrashuv samimiy va do‘stona muhitda o‘tdi.
O‘MI Matbuot xizmati
Unda Turkiy davlatlar muftiylari, xususan O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari, din va davlat arboblari, taniqli ulamolar, yetuk islomshunoslar va diniy soha xodimlari qatnashdi.
Qur’oni karim tilovati bilan boshlangan tadbirda tadqiqotchi va olimlar, jumladan, O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi rahbari o‘rinbosari G‘ulomiddin domla Xolboyev hamda ushbu markaz ulamosi Hikmatulloh domla Toshtemirov ma’ruza bilan ishtirok etdi.
Ahli sunna val jamoa ulamolari sof e’tiqodni avlodlarga yetkazishda ta’lif etgan muxtasar matnlar ichida Sirojiddin Ali ibn Usmon O‘shiyning “Bad’ul amoliy” asari muhim o‘rin tutishi ta’kidlandi.
Asarda asosiy e’tiqodiy masalalar Hanafiy mazhabi va Moturidiy aqidasi bo‘yicha lo‘nda bayon etilgani, turli nusxalari mavjudligi, unga ko‘plab sharhlar yozilgani qayd etildi.
Darhaqiqat, “Bad’ul amoliy” asari sakkiz yuz yildan buyon sof e’tiqodni shakllantirishda beqiyos ahamiyat kasb etib kelmoqda va bugungi kunda ham yoshlarni yot g‘oyalardan muhofaza qilish va ma’naviy komillikni ta’minlashda muhim manba hisoblanadi.
Anjumanda so‘zga chiqqanlar O‘shda tug‘ilib, Samarqandda ilmiy faoliyat olib borgan, Farg‘ona vodiysida xizmat qiligan, turkiy xalqlar uchun mushtarak ulamo sanalgan Sirojiddin O‘shiy asarlari va ularning tadqiqi, Movarounnahrda X–XII asrlarda islom ilmlari rivoji va madrasalar holati, turkiy tildagi asarlarning islom ilmlarini tarqatishdagi o‘rni haqida to‘xtalib o‘tishdi.
Ushbu ilmiy meros bugun ham dolzarb, turkiy dunyo ma’naviy taraqqiyotida juda muhim ekani ma’ruzachilar tomonidan e’tirof etildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati