Bugun Respublikamizning barcha hududlarida Qurbon hayiti bayrami tinchlik va osoyishtalikda o‘tdi. Yurtimizdagi 1982 ta masjidda 1906974 nafar mo‘min-musulmonlar emin-erkin, ko‘tarinki kayfiyatda Qurbon hayiti namozini ado etdilar. Fazilati ulug‘ kunda yurtimiz musulmonlari bir-birlarini bayram bilan muborakbod etib, shunday kunlarga yetkazgan Alloh taologa shukronalikda duolar qildilar.
Imom-xatiblar hozirda yurtdoshlarimiz Haj amallarini ado qilib, duolar qilayotganlari, shuningdek, Qurbon hayitining fazilatlari haqida ma’ruza qildilar.
O‘MI matbuot xizmati
Saudiya Arabistoni Haj va umra vazirligi “Haj – 2026” mavsumida ziyoratchida “Nusuk” platformasidan olingan tibbiy sog‘lomlik to‘g‘risida guvohnoma bo‘lgan taqdirda unga haj vizasi berilishi haqida bayonot e’lon qildi.
Saudiya Arabistoni Sog‘liqni saqlash vazirligi haj safari bilan shug‘ullanuvchi vazirlik va idoralarga har bir ziyoratchini sinchkovlik bilan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish va haj safariga borish layoqatiga mos kelmaydigan kasallik bor-yo‘qligini aniqlash majburiyatini yukladi. Bu talab hojilar xavfsizligi va salomatligini ta’minlashga qaratilgan.
Haj-2026 hojilari diqqatiga:
Tibbiy ko‘riklardan o‘tmasdan va tegishli guvohnoma olmasdan haj vizasini rasmiylashtirish imkoni yo‘q.
Bayonotda, quyidagi kasalliklarga chalingan ziyoratchilar haj safariga yuborilmasligini ma’lum qildi:
Dializ talab qiladigan buyrak yetishmovchiligi;
Minimal jismoniy yuklamada ham namoyon bo‘luvchi yurak yetishmovchiligi;
Davriy yoki doimiy ravishda kisloroddan foydalanishni talab qiluvchi o‘pkaning surunkali kasalliklari;
Jigar yetishmovchiligi belgilari bilan kechuvchi jigar sirrozining og‘ir bosqichi;
Og‘ir ruhiy va nevrologik buzilishlar;
Qarilik demensiyasi kasalliklari;
Homiladorlikning oxirgi uch oyi, shuningdek, yuqori xavfga ega bo‘lgan har qanday homiladorlik;
Faol yuqumli kasalliklar (shu jumladan, silning ochiq shakli, gemorragik isitmalar va hokazo);
Kimyoterapiya yoki boshqa immunitetni susaytiruvchi muolajalardan o‘tayotgan faol onkologik kasalliklar;
Saudiya Haj vazirligining mazkur talablari buzilgan yoki yolg‘on ma’lumot berilgan taqdirda, Haj vazirligi tomonidan chora ko‘rilishi bildirilgan.
“Haj” va “Umra” tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha Respublika jamoatchilik kengashi ziyoratchilarni ushbu talablarga to‘liq amal qilishga chaqiradi, hamda ushbu talablar haj ishtirokchilarining hayotini va salomatligini saqlashga qaratilganini ma’lum qiladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Haj va Umra markazi