Bugun Toshkent shahridagi “Bo‘rijar” (“Ilonlik ota” mahallasi) jome masjidiga yangi imom-xatib tayinlandi. Asr namozidan so‘ng O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Ibrohim domla Inomov jamoatga Alixonov Mirzatillo Abdullajon o‘g‘lini “Bo‘rijar” jome masjidi imom-xatibi etib tayinlash to‘g‘risidagi O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining buyrug‘ini o‘qib eshittirdi.

Alixonov Mirzatillo Abdullajon o‘g‘li bungacha Toshkent shahar “Tepa” jome masjidi imom noibi vazifasida faoliyat yuritgan hamda qo‘shimcha ravishda O‘zbekiston musulmonlari idorasi Kotibiyat bo‘limida xizmat qilib keladi.

Ustozlar yosh, iqtidorli imom-xatibning kelgusidagi faoliyatiga Alloh taolodan muvaffaqiyatlar so‘rab, dinimizga, xalqimizga sadoqat bilan faol xizmat qilishlarini tilab duolar qildilar.
Eslatib o‘tamiz, yaqinda Shayxontohur tumani bosh imom-xatibi va “Shayx Zayniddin” jome masjidi imom-xatibi vazifasiga tayinlangan Abdukarimov Husniddin Chilonzor tumani bosh imom-xatibi va “Bo‘rijar” jome masjidi imom-xatibi vazifalarida faoliyat yuritgan edi.
O‘MI Matbuot xizmati
Ramazon oyining muborak kunlarida Samarqand viloyati hokimligi, “Vaqf” xayriya jamoat fondining viloyat filiali hamkorligida viloyatning turli hududlarida istiqomat qilib kelayotgan 200 nafar kam ta’minlangan va 150 nafar nogironligi bor shaxslar uchun iftorlik dasturxoni yozildi.
Tadbirda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov, Samarqand viloyati bosh imom-xatibi Ahmadxon domla Alimov va Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning viloyat hududiy boshqarmasi xodimlari ishtirok etdi.
Tadbir yakunida “Vaqf” xayriya jamoat fondi viloyat filiali tomonidan ehtiyojmand yurtdoshlarimizga hadyalar taqdim qilindi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati