Muhtaram muftiy hazratlari,
Sizga, volidai muhtaramangiz Turdigul hoji onaning vafotlari munosabati bilan O‘zbekiston musulmonlari idorasi, xususan, o‘zim nomimdan chuqur ta’ziya izhor etaman. Hoji onaning vafotlaridan chuqur qayg‘uda ekanimni bildiraman.
Siz kabi olim, obid, boadab, ota-onani qadriga yetadigan farzandni tarbiyalab, onalik vazifalarini go‘zal tarzda, mukammal ado etib, yuzlari yorug‘ holda Yaratganning huzuriga rihlat qilgan onaxonimizning oxiratlari obod bo‘lsin.
Alloh taolo «Luqmon» surasida: «Biz insonga ota-onasini (rozi qilishni) buyurdik» deb marhamat qiladi. Siz, marhuma onangizni xizmatlarini qilib, yaxshilikda bardavom bo‘lib, duolarini olib, baxtli farzand maqomini oldingiz, Alloh taolo volidangizga qilgan xolis xizmatlaringiz sabab, Sizni ikki dunyoda mukarram qilsin.
Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi vasallam) muborak hadisi shariflaridan birida bunday marhamat qiladilar: «Kishining o‘z farzandini chiroyli odob-axloq bilan tarbiyalashi – ko‘p miqdordagi nafl sadaqa¬ berishidan yaxshiroqdir» (Imom Termiziy rivoyati).
Albatta, sizdagi bu go‘zal axloqni shakllanishida mehribon marhuma volidangizning xizmatlari cheksiz bo‘lgani shubhasiz.
Alloh taolo poyi jannat – volidangizning barcha yaxshi amallarini o‘zlariga hamroh qilsin.
Yana bir bor chuqur ta’ziyamizni qabul qilgaysiz!
Inna lillahi va inna ilayhi roji’un!
O‘zbekiston musulmonlari
idorasi raisi, muftiy Usmonxon ALIMOV
Mir Arab oliy madrasasida O‘zbekiston musulmonlari idorasi Buxoro viloyati vakilligi tomonidan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazildi.
Tadbirlar doirasida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlarining “Inson qadri” kitobi taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Unda inson qadrini ulug‘lash g‘oyasining jamiyat ma’naviy hayotidagi ahamiyati ta’kidlandi.
Shuningdek, 2025 yilda diniy soha vakillari faoliyati yuzasidan sarhisob yig‘ilishi o‘tkazilib, sohadagi islohotlar, ustuvor vazifalar va kelgusi rejalar muhokama qilindi.
Tadbir yakunida ma’naviy-ma’rifiy sohada faollik ko‘rsatgan bir qator soha vakillari taqdirlandi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati