Do‘stmuhammad Bodariy domla (rahmatli) bozorda yursalar oldilariga bir lo‘li ayol kelib:
– Hov ota! Manga qarang, bir fol ko‘rib qo‘yayen, taqdiringizda nema borligini aytayen, ozgina atasangiz bo‘lde, – deb hech holi jonlariga qo‘ymabdi.
Shunda domla:
– Xo‘p, sen aytgancha bo‘lsin, so‘ragan pulingni beraman, bitta savol beraman, javob bersang bo‘ldi, – debdilar.
– So‘rang, bobo, darrov aytib beramen, – debdi lo‘li ayol.
Domla esa:
– Mening ismim va otamning ismi kim? – debdilar lo‘liga tikilib.
– E, shuyam savol bo‘ldime? Bilmayman, – debdi lo‘li xotin.
– Otamning ismi, mening ismimni bilishga qodir emas ekansan-u, g‘aybni qayerdan bilarding? Nafsingni o‘ylab, oxiratingni kuydirmagin, Xudodan qo‘rq! – deb nasihat qilibdilar.
– Ota-bobomizning kasbi, nima qilaylik, akun? – debdi nopisandlik bilan.
– Fol ochish, tilanchilik qilish kasb emas, bu orqali topgan puling halol emas. Ajdodlaringizga ham, sizlarga ham tilanchilik qilish, yolg‘ondan fol ochishga ruxsat yo‘q. Insoniyatga ilm o‘rganish, haloldan rizq topish, yolg‘on gapirmasligi kerakligi buyurilgan. Ota-bobolaring folbinlikni kasb qilgan ekan, sen qilma! Ularning sababidan sen do‘zax azobidan ozodsan degan va’da yo‘q! – deb lo‘liga ancha nasihat qilibdilar.
“Qasamini buzgan qiz” kitobidan olindi