Bu yil muborak Haj safariga borish baxtiga muyassar bo‘lib, safar arafasida turganlar uchun muhim ma’lumotlarni taqdim qilishda davom etamiz.
Haj ziyorati har bir musulmon kishi hayotida juda muhim ahamiyatga ega. Zero, bunda Payg‘ambarimiz alayhissalom yashagan, Qur’oni karim nozil bo‘lgan joylarni o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rib, ana shu yerlarda zimmamizdagi farzni ado etamiz. Shu sabab ham, Madinayu Munavvara va Makkayu Mukarramada o‘tadigan har lahza juda qimmatli hisoblanadi. Shuning uchun, Haj safariga yo‘l olishdan avval barcha ishlarni hal qilib olish lozim, toki sizni u yerda hech nima chalg‘itmasin. Bu oyoq kiyimlarga ham daxldor. Ushbu maqolamizda Haj safari uchun qanday poyabzal olish yaxshiroq ekanligi, ularni tanlashda nimalarga ahamiyat berish darkorligi haqidagi tavsiyalar bilan o‘rtoqlashamiz:
1. Shuni ta’kidlab o‘tish kerakki, ayollar uchun hajda, ehrom vaqtida oyoq kiyimlar uchun hech qanday shar’iy talablar yo‘q. Erkaklarda esa, ehromda to‘piq, tovon va barmoqlar ochiq bo‘lishi kerak. Ehromda qoidalarni buzmaslik uchun oldindan tayyorgarlik ko‘rish maqsadga muvofiq bo‘lib, ana shunga mos oyoq kiyimni o‘sha yerdan sotib olmaslik yoinki, oyoq kiyimni shunday qilib kesmaslik uchun bu haqida oldindan o‘ylash lozim.
2. Safarga yo‘lga chiqishdan ikki-uch kun avval sotib olib, hali kiyishga ham ulgurmagan oyoq kiyimni o‘zingiz bilan olmang, chunki bu sizga ko‘plab noqulayliklar tug‘diradi. Masalan, oyoqda qadoq hosil qilishi mumkin. Bu esa ibodat vaqtida qiyinchiliklarga sabab bo‘ladi. Agar hozir mos oyoq kiyimingiz bo‘lmasa, uni avvalroq sotib olib, kiyib ulgurganingiz ma’qul.
3. Shuni yodda tutingki, ko‘p yurishingizga to‘g‘ri keladi. Jamarot (shaytonga tosh otish joyi)da bir va bir necha km yurishga to‘g‘ri keladi. Shu sababdan, o‘zingiz bilan qulay va yumshoq, sinalgan oyoq kiyimlaringizni oling.
4. Baletka, mokasina singari tekis taglik oyoq kiyimlarda biroz qiynalishingiz mumkin, chunki ularda tez charchab qolasiz. Uncha baland bo‘lmagan taglikli oyoq kiyim tanlashga harakat qiling. Masalan, ochiq turdagi sport oyoq kiyimlari yoki matoli kedalar bo‘lishi mumkin, ularda bir muncha qulayroq.
5. O‘zingiz bilan bir necha turdagi oyoq kiyimlar oling. Masjidgacha borishda hamda Mino va Arofatda ibodatlarni bajarishda kiyadigan oyoq kiyimdan tashqari, o‘zingiz bilan mehmonxona va Mino vodiysi uchun shippak olganingiz ma’qul, unda tahorat olish, dush qabul qilish qulayroqdir.
6. Oyoq kiyimingizni masjidda qoldirmang, keyin uni topish uchun ko‘p vaqt yo‘qotasiz. Oldindan oyoq kiyim uchun mo‘ljallangan qopchalardan oling.
Ushbu ma’lumotlar sizga foydali bo‘ladi hamda muborak safaringiz mobaynida asqotadi deb umid qilamiz.
Nigina Botirova tayyorladi
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
U Hijru Ismoil deb ham nomlanadi. U yarim doira shaklidagi ochiq binodir. Xatim deb nomlanishiga sabab, u Ka’badan sindirib olingandir. Quraysh Ka’ba binosini yangilaganda o‘sha yerni qoldirgan. Ismoil hijri deyilishiga sabab, Ibrohim alayhissalom Ka’baning yoniga arok daraxtidan Ismoil hamda onalariga kapa qurib berganlar. Demak, hijr Ka’baning qismidan bo‘lmagan. Lekin Quraysh Ka’badan qoldirib, Hijrga kiritgan joyi shak-shubhasiz Ka’badir. Hajmi olti gazu bir qarich, ya’ni uch metrdir.
Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi:
«Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan xatim haqida so‘rab: «U Ka’badanmi?» desam, u zot: «Ha», dedilar. Men: «Unda nima uchun Ka’baga qo‘shib yuborishmagan?» desam, u zot: «Qavmingning, ya’ni Qurayshning mablag‘i yetmay qolgan...» dedilar (Imom Buxoriy rivoyati).
Boshqa bir rivoyatda keltirilishicha, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Ey Oisha, agar qavming johiliyatdan endi qutulganini hisobga olmaganimda, Ka’bani buzishga buyurib, uning chiqib ketgan joyini kirgizib, yerga yopishtirib, ikki eshik, ya’ni sharq va g‘arb tomondan eshik ochib, Ibrohim alayhissalom bunyod etgan poydevorga yetkazar edim», dedilar.
Ibn Zubayrni Ka’bani buzishga undagan narsa mana shu edi. Yazid: «Ibn Zubayr buzib, qayta qurayotganlarida guvoh bo‘ldim. Hijrni Ka’baga kiritdilar. Ibrohim alayhissalom qurgan poydevordagi toshlarni ko‘rdim. U xuddi tuyaning o‘rkachiga o‘xshar edi», deganlarida, Jarir: «Uning o‘rni qayerda edi?» dedilar. U kishi: «Hozir senga ko‘rsataman», dedilar. Jarir u kishi bilan Hijrga kirdilar. Yazid o‘sha makonga ishora qilib: «Mana bu yerda», dedilar. Jarir: «Hijrni taxminiy o‘lchab ko‘rsam, 6 gaz yoki shunga yaqin edi», dedilar.
Bu narsa Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning so‘zlarida ham ochiq-oydin kelgan. Imom Muslimning rivoyatlarida esa: «Hijrdan olti gaz qo‘shdim», deb aytilgan.
Bu rivoyatlardan bilinadiki, Hijr Ka’baning bir qismidir. U Ka’ba atrofidagi taxminan 3 metrlar chamasi joydir. Boshqa yer esa Ka’badan emas. Shunga binoan hijrning orqa tomonidan tavof qilish durustdir. Kim Ka’ba ichida namoz o‘qishga imkon topa olmasa, Ka’baning chamasi 3 metr yonidagi xatim qismida o‘qisa, go‘yoki Ka’ba ichida namoz o‘qigandek bo‘ladi.
Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi:
«Men Ka’ba ichiga kirib namoz o‘qishni yaxshi ko‘rar edim. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qo‘limdan ushlab, hijrga kirgizdilar, «Ka’baga kirishni xohlasang, mana shu yerda ham o‘qiyvergin. Chunki u Ka’badan bir bo‘lakdir», dedilar».
Boshqa rivoyatda Oisha roziyallohu anho: «Hijrdami, Ka’badami namozni qaysi birida o‘qishga ahamiyat bermayman», deganlar.
Salaflardan qilingan rivoyatda: «Xatimda, mezob ostida duolar mustajobdir», deyilgan.
Shayboniy: «Sa’id ibn Jubayrning Ka’bani hijrda kuchib turganlarini ko‘rdim», dedilar.
Zolim Hajjoj ibn Yusuf xalifa Abdulmalik ibn Marvonga maktub yozib, unda Ibn Zubayr Ka’bani o‘zgartirib, uning o‘rni bo‘lmagan joylarni qo‘shib, boshqa eshik ochganini aytgan va endi Ka’bani qaytadan bino qilishini so‘ragan edi. Hajjoj Ka’bani o‘zi aytganidek o‘zgartirib bo‘lganidan keyin Abdulmalik bildiki, Ibn Zubayr Ka’ba qurilishini Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytganlaridek amalga oshirgan edilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Ey Oisha, agar qavming johiliyat zamonidan endigina qutulganini hisobga olmaganimda, Ka’bani buzib, chiqib ketgan joylarini qo‘shib olgan bo‘lar edim...» deganlar.
Xalifa Abdumalik Hajjojga ruxsat bergani uchun pushaymon chekib: «Agar Hajjoj buzishidan oldin ushbu hadisni eshitganimda, Ibn Zubayr qurganlarini qoldirar edim», degan Muslim rivoyati.
Rivoyat qilinishicha, ba’zi abbosiy xalifalar Imom Molik ibn Anasdan Ka’bani buzib, hadisda zikr qilinganidek, Ibn Zubayr qurganlari kabi yana qayta qurish uchun fatvo so‘rashganida, Imom Molik roziyallohu anhu: «Ey mo‘minlar amiri, o‘tinib so‘rayman, Baytullohni podshohlarga o‘yinchoq qilib qo‘ymang, xohlagan kishi uni buzib o‘ynayvermasin. Shu holat bo‘laversa, odamlar qalbida Ka’baning haybati ketib qoladi», dedilar. Imom Molikning ushbu gaplaridan keyin Ka’ba mana shu holatda qoldi.
Xatim devorining balandligi 1 metr 32 sm. Devorning eni 1 metr 55 sm.
Ikki kirish orasidagi masofa 8 metr 77 sm. Ka’ba devoridan Xatim devorigacha 8 metr 46 sm.
Ka’badan Xatimgacha mavjud bo‘lak 3 metr.
Multazam tomondagi ochiqlik o‘lchami 2 metr 29 sm.
Muqobil ochiqlikdagi o‘lcham 2 metr 23 sm. Tashqaridan devor aylanasining uzunligi 21 metr 57 sm.
"Makka, Ka’ba, Zamzam tarixi, haj va umra manosiklari" kitobidan