Ramazon fazilatlaridan biri bu oyda Qur’oni karim nozil qilinganidir. Mo‘minlarning Qur’onga bo‘lgan munosabati ham bu oyda yanada go‘zal ahamiyat kasb etadi. Uni o‘qish, tinglash, o‘rganishga bo‘lgan ishtiyoq ortadi. Minglab qorilarimiz Ramazon kechalarida xatmi Qur’on o‘tkazilishi uchun xizmatda kamarbasta bo‘lishadi. Qur’on o‘qilgan joyga esa hisobsiz qut-baraka inadi. Qur’on o‘qigan, uni tushunib, rioya qilgan kishidan esa hech qachon yomonlik chiqmaydi.
— Qur’on hofizlarini tayyorlash, ularni saralab, rag‘batlantirib, qo‘llab-quvvatlab borish ishiga bugun alohida e’tibor ko‘rsatilayotir, — deydi Imom Buxoriy nomidagi Toshkent Islom instituti o‘qituvchisi, poytaxtimizdagi Xoja Ahror Valiy jome masjidi imom-xatibi Sobirjon RUSTAMOV. — Bu yil yurtimiz tarixida birinchi marta respublika qorilar musobaqasining o‘tkazilishi ham hayotimizda ulkan voqea bo‘ldi. Qur’oni karimni o‘rganish, uni yodlash, qiroat qoidalarini o‘zlashtirish bugun bir qadar yuqori bosqichga ko‘tarildi.
— Ko‘pchilik Qur’oni karimni yodlashni qachondan boshlash kerakligiga qiziqadi. Ba’zilar bu yosh bolaga og‘irlik qiladi, deb hisoblashadi. Bu gap qanchalik asosli?
— Bolalikda zehn juda o‘tkir bo‘ladi. Farzandini hofizi kalom qilishni istaganlar ana shundan unumli foydalanib qolishni istashadi. O‘zim tajribamda maktab yoshiga yetmasdan yodlaganlarni ham ko‘rdim. Qori bo‘laman degan kishi har kuni takrordan uzilmasligi kerak. Tongda va kechqurun bir sidra takror qilinsa, xotiraga mustahkam o‘rnashib boradi. O‘zim shogirdlar va farzandlarimga xuddi shu usulni qo‘llaganman. Yaqinda respublika bo‘yicha bo‘lib o‘tgan qorilar musobaqasida qizim g‘olib bo‘lib, umra safariga yo‘llanma oldi. Hozir poytaxtda Xoja Ahror Valiy jome masjidida xatmi Qur’on qilib berayotgan Abdulhafiz A’zamjonov va Xasibulloh Zaxadullayev ham endigina yigirmadan oshgan bo‘lishsa-da, qariyb o‘n yildan beri xatmga o‘tishadi.
Qur’oni karimni yodlagandan keyin uni xotirada mustahkam tutib turish uchun qorining xulq-atvori, avvalo, Qur’onga muvofiq bo‘lishi zarur. U nafaqat gunoh ishlar, balki behuda gap-so‘zlardan ham o‘zini tiygan, ilm va taqvoda mustahkam, boshqalarga har jihatdan o‘rnak bo‘ladigan inson bo‘lishi kerak. Shundagina Qur’on uning xotirasiga mustahkam o‘rnashadi. Yana muntazam takror qilish ham zarur. Qori biron kungina takror qilmasa, bu uning hifziga albatta ta’sir ko‘rsatadi. Shuning uchun har qanday dangasalik va erinchoqlik qoriga yot bo‘lishi kerak. Qori ilm o‘rganish, o‘z ustida ishlashdan to‘xtasa, xotirasidagi kalomni boy berib qo‘yadi.
— O‘zingiz ilm olishga katta ishtiyoq bildirib, 44 yoshingizda ham talaba bo‘lgansiz. Oila tutumi, farzandlar tarbiyasi, ish va tirikchilikdan ortib, shu yoshda ilm uchun vaqt ajratish mumkinligi ko‘pchilik uchun noodatiy holat. Shunday emasmi?
— Janob Payg‘ambarimiz (alayhissalom) bizni beshikdan qabrgacha ilm olishga chaqirganlar. Ilmni hatto Chindan bo‘lsa ham o‘rganib kelishga undaganlar. Qur’oni karimni o‘qish, yodlash, tushunish har birimizning birinchi galdagi eng muhim va davomiy vazifamizga aylanishi kerak. Qur’oni karimni qancha ko‘p o‘qib-o‘rgansak, uning fazli va barakasidan shuncha ko‘p bahramand bo‘lamiz.
Bugun, mana, alhamdulillah, Ramazoni sharif munosabati bilan mamlakatimizning hamma masjidlarida tarovihlar o‘qilyapti, ularda xatmi Qur’on qilinyapti. Qur’on tinglashga kelganlar hatto masjidlarimizga sig‘may ketyapti. Bu — xalqimizning Qur’oni karimga muhabbati, ixlosi va ehtiromining bir ko‘rinishi. Axir yoshu keksani bir necha soatlar davomida namozda tik turib Qur’oni karimni tinglashga undagan narsa shu emasmi?.. Bizning masjidimizda yoshi ulug‘ otaxonlar hech qiynalmasdan, malollanmasdan, va aksincha, g‘ayrat-shijoat bilan tilovatni tinglayotganlarini ko‘rib to‘lqinlanib ketasan kishi. Ular bilan gaplashganimizda xatmi Qur’ondan so‘ng o‘zlarida ajib bir yengillik his qilishganini aytishadi. Ular orasida yoshi to‘qsonga chiqqanlari ham bor. Aslida keksalikning o‘zi bir tuzalmas dard. Lekin inson Allloh taolo bergan umrni buyurilganidek tasarruf qilsa, hech narsa qiyin va og‘ir bo‘lmaydi. Yaqinda bir yuz besh yoshli otaxon haqida eshitdim. U inson shu yoshda ham o‘zlarini tetik-bardam his qilib, Ramazonning farz qilingan ro‘zasini tutayotgan ekanlar. Mana shijoat! Agar qalbda biron bir yaxshilikni qilishga niyat va ixlos bo‘lsa, u ish qancha murakkab bo‘lishidan qat’i nazar Alloh bandasiga uni oson qilib, bandani unga muvaffaq qilib qo‘yadi.
— Ya’ni, Qur’oni karim xastaliklarga ham davo bo‘ladi, shundaymi?
— Yo‘q, davo emas, shifo bo‘ladi. Aslida davo — kasallikning muolajasi uchun biron harakat qilishdir. Davo vositasida kasallik qisman yoki tamoman bartaraf qilinishi mumkin. Shifo esa hech qanday shak-shubhasiz xastalikni butkul tuzatadigan narsa. Shuning uchun Alloh taolo Qur’oni karim Isro surasining 82-oyatida shunday marhamat qiladi:
«Biz Qur’onni shifo va rahmat o‘laroq nozil qilurmiz».
Ahamiyat beryapsizmi? Qur’on davo deyilmayapti. Oyatda aynan shifo so‘zi bor. Qur’oni karim nafaqat inson jismi, hatto jonsiz va qattiq jismlarni ham tozalab-poklovchi eng buyuk shifo manbaidir. Shuning uchun Qur’on o‘qilayotgan joyga ko‘pincha biron idishda suv qo‘yib qo‘yishadi. Boisi — o‘sha tilovat suvga katta ijobiy ta’sir o‘tkazadi va uni ichgan kishida ham shu ta’sir seziladi.
Qur’oni karimdan chinakam shifo topish uchun insonning o‘ziga bog‘liq bo‘lgan jihatlar ham bor.
— Ular haqida ham aytib bera olasizmi?
— Bu har bir insonning Qur’oni karimga bo‘lgan munosabatida aks etadi. Men Misr, Saudiya Arabistoni, Turkiya kabi qator davlatlarda bo‘lganimda Qur’onga har bir xalqning o‘z yondashuvi borligiga guvoh bo‘lganman. Bular Kitobni o‘qish-tilovat qilish, tushunish — ma’no tarjimalar va tafsir qilish, unga amal qilish hamda Qur’oni karimga bo‘lgan ehtiromda ko‘rinadi. Ulamolarimiz Qur’oni karimga munosabatda bir yuz ellikdan ortiq odob borligini aytishgan. Masalan, Qur’on o‘quvchi, avvalo, badan va kiyim pokligidan tashqari, xushbo‘y bo‘lishga ham alohida e’tibor qaratishi, Mus'hafni hamisha tepada tutishi, qiblaga yuzlanib, teparoq joyda o‘tirib tilovat qilish, o‘qiganini tushunib tafakkur qilishga intilishi hamda unga amal qilishda boshqalarga o‘rnak bo‘lishi kabilarni sanab o‘tishgan. Shuningdek, xonaning Qur’on turgan tarafiga oyoq uzatish, o‘sha xonada uxlash ham beodoblik sanaladi.
— Bu yil tariximizda birinchi marta yurtimizda Qur’oni karim nashr etildi. Sotuvga chiqarilgan kuni uni xarid qilmoqchi bo‘lganlarning uzun navbati hosil bo‘ldi. Ko‘pchilik odamlarimizning bu ilohiy kitobga bo‘lgan muhabbatini olqishlasa, ba’zilar shuncha Qur’on o‘qisak ham hayotimizda uning ta’siri ko‘p emasligini ham mulohaza qilishdi. Bu borada sizning fikringiz qanday?
— Ikkala mulohazaning ham o‘z navbatida, o‘rinli jihatlari bor. Yuqorida aytganimizday, ma’nolarini tushunmasdan o‘qish va eshitishning ham katta foydasi bor. Shu bilan birga, Qur’oni karim faqatgina tinglab yo o‘qib qo‘yaverish uchungina emas, insoniyatga to qiyomatgacha dasturilamal sifatida nozil qilingan. Ana shu buyuk haqiqatni anglash va anglatish — vazifamiz. Birgina oyat yoki undagi birgina so‘z haqiqatiga yetish uchun ajdodlarimiz butun boshli katta-katta fan sohalariga poydevor qo‘yib ketishgan. Barcha kitoblarga Qur’onning hoshiyasi sifatida qarashgan. Bu degani hamma ilmlarning asosi Qur’oni karimga borib taqaladi, deganidir. Yozilgan kitoblarning barchasi Qur’oni karimdagi qaysidir haqiqatni izohlash-tushuntirish yo‘lidan boradi. Afsuski, o‘tgan asrda bunday qarashlar bizga unuttirildi. Natijada, ko‘plab ilmlar ildizsiz daraxtdek muallaq, tushunarsiz bo‘lib qoldi. Masalan, matematikaning asosi meros taqsimoti haqidagi to‘rt-beshta oyat ekanini bugun ko‘pchilik bilmaydi.
Imom Zamaxshariy, Beruniy, Mirzo Ulug‘bek, Alisher Navoiy kabi olimlarimiz Qur’oni karimni har bir fanning asosi sifatida tushunishgan. Allomalarimiz jahon ilm-fani rivojiga ulkan hissa qo‘shishganining boisi ham shunda.
Bu yil yurtimizda respublika miqyosida Qur’oni karim musaboqasi o‘tkazildi. Unda turli yosh toifalari bo‘yicha barcha xohlovchilar ishtirok etdi. Oldingi yillari bunday musobaqalar tor doirada, faqatgina diniy ta’lim muassasalari talabalari va diniy xodimlar orasida o‘tkazilardi. Bu yilgisi esa Qur’onni o‘rganishda salmoqli bir qadam bo‘ldi. Endi esa uning ma’nolarini o‘rganib, buyuk ajdodlarimiz ishlarining davomchisiga aylanishimiz kerak.
manba: http://od-press.uz
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
عَنْ طَيْسَلَةَ بْنِ مَيَّاسٍ قَالَ: كُنْتُ مَعَ النَّجْدَاتِ، فَأَصَبْتُ ذُنُوبًا لَا أَرَاهَا إِلَّا مِنَ الْكَبَائِرِ، فَذَكَرْتُ ذَلِكَ لِابْنِ عُمَرَ، قَالَ: مَا هِيَ؟ قُلْتُ: كَذَا وَكَذَا. قَالَ: لَيْسَتْ هَذِهِ مِنَ الْكَبَائِرِ، هُنَّ تِسْعٌ: الْإِشْرَاكُ بِاللهِ، وَقَتْلُ نَسَمَةٍ، وَالْفِرَارُ مِنَ الزَّحْفِ، وَقَذْفُ الْمُحْصَنَةِ، وَأَكْلُ الرِّبَا، وَأَكْلُ مَالِ الْيَتِيمِ، وَإِلْحَادٌ فِي الْمَسْجِدِ، وَالَّذِي يَسْتَسْخِرُ، وَبُكَاءُ الْوَالِدَيْنِ مِنَ الْعُقُوقِ. قَالَ لِي ابْنُ عُمَرَ: أَتَفْرُقُ مِنَ النَّارِ وَتُحِبُّ أَنْ تَدْخُلَ الْجَنَّةَ؟ قُلْتُ: إِيْ وَاللهِ. قَالَ: أَحَيٌّ وَالِدُكَ؟ قُلْتُ: عِنْدِي أُمِّي. قَالَ: فَوَاللهِ لَوْ أَلَنْتَ لَهَا الْكَلَامَ، وَأَطَعَمْتَهَا الطَّعَامَ، لَتَدْخُلَنَّ الْجَنَّةَ مَا اجْتَنَبْتَ الْكَبَائِرَ.
Toysala Ibn Mayyosdan rivoyat qilinadi:
«Najdaning odamlari bilan birga edim. O‘shanda bir qancha gunohlar qildim. O‘zimcha mazkur gunohlarni gunohi kabiralardan deb bilardim. Shuni Ibn Umarga aytdim.
«Ular nimalar?» dedi u.
«Bunday, bunday», dedim.
«Bu narsalar gunohi kabira emas. Ular (kabiralar) to‘qqizta: Allohga shirk keltirish, odam o‘ldirish, jang paytida dushmandan qochish, pokiza ayolni zinoda ayblash, riboxo‘rlik qilish, yetimning molini yeyish, masjidda dindan chiqish, odamlarni masxara qilish, bolasi oq bo‘lgan ota-onaning bundan yig‘lashi, – deb turib, Ibn Umar menga: – Sen do‘zaxdan qo‘rqasanmi, jannatga kirishni xohlaysanmi?» dedi.
«Allohga qasamki, shunday», dedim.
«Ota-onang tirikmi?» dedi.
«Onam bor», dedim.
«Allohga qasamki, agar onangga yumshoqso‘z bo‘lsang va unga taom bersang hamda gunohi kabiralarni qilmagan bo‘lsang, albatta jannatga kirasan», dedi».
Sharh: Demak, Allohga shirk keltirishdek, birovni o‘ldirishdek ulkan gunohlarning qatoriga ota-onaga oq bo‘lish ham qo‘shilgan ekan. Ota-onaga oq bo‘lish juda katta gunoh hisoblanadi.
Bu rivoyatda ota-onaga oq bo‘lish, ularning nazaridan qolish qanchalik ulug‘ gunoh ekanini ta’kidlash bilan birga, ota-onaga yumshoqso‘z bo‘lish, ularga taom tutish, ularning xizmatida bo‘lish bandani do‘zaxga kirishdan saqlab, uning jannatga kirishiga sabab bo‘ladigan amallardan ekani ta’kidlanmoqda.
Bu rivoyatda asosan gunohi kabira haqida so‘z borgani uchun, ulamolarimiz uni qanday ta’riflaganlarini bilib olsak, yaxshi bo‘ladi.
Ko‘pchilik ulamolar: «Gunohi kabira – bu dunyoda hadd jazosiga loyiq, ya’ni shariatda jazosi belgilab qo‘yilgan gunoh yoki oxiratda do‘zaxga kirishga, la’natga va g‘azabga sazovor qiladigan gunohlardir», deganlar.
Ushbu rivoyatdan olinadigan foydalar:
1. Ilmi yetishmaydigan kishi o‘zining xayoliga kelgan hukm bilan kifoyalanib yurmasdan, olim odamdan so‘rashi lozimligi.
Rivoyat qahramoni Toysala ibn Mayyos xavorij Najda ibn Omirning odamlari bilan birga bo‘lgan. U o‘zi qilgan gunohlarni katta gunohlar deb, noumid bir holatda yurar edi. Ammo Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhudan so‘raganidan keyin, o‘zi sodir etgan gunohlar kabira emasligini bilib oldi.
Albatta, bu unga yengillik yaratganida shubha yo‘q. Shu bilan birga, gunohi kabiralar nimalar ekanini ham bilib oldi.
2. Olim odam savolga qisqa qilib emas, balki batafsil javob berishi yaxshi ekani.
3. Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhuning nazarida gunohi kabiralar to‘qqizta ekani.
4. Allohga shirk keltirish gunohi kabiralardan ekani.
5. Beayb insonni o‘ldirish gunohi kabiralardan ekani.
6. Jang paytida dushmandan qochish gunohi kabiralardan ekani.
7. Pokiza ayolni zinoda ayblash gunohi kabiralardan ekani.
8. Riboxo‘rlik qilish gunohi kabiralardan ekani.
9. Yetimning molini yeyish gunohi kabiralardan ekani.
10. Masjidda dindan chiqish gunohi kabiralardan ekani.
11. Odamlarni masxara qilish gunohi kabiralardan ekani.
12. Bolasi oq bo‘lgan ota-onaning bundan yig‘lashi farzand uchun gunohi kabiralardan ekani.
13. Ota-onaga yumshoqso‘z bo‘lish, ularga taom berish va gunohi kabiralarni qilmaslik albatta jannatga kirishga sabab bo‘lishi.
Hishom ibn Urva otasidan rivoyat qiladi:
«Ikkovlariga mehribonlik ila xokisorlik qanotingni pastlat» (Isro surasi, 24-oyat) degani «ota-onang yaxshi ko‘rgan har qanday narsadan bosh tortma» deganidir».
Sharh: Roviyning otalari Urva ibn Zubayr roziyallohu anhu Alloh subhanahu va taoloning Isro surasidagi oyatni tafsir qilib, ota-onang aytgan ishdan bosh tortma, ular nimani yaxshi ko‘raman desa, shuni qilib ber, degan ma’noni aytgan ekanlar.
Alloh taolo Isro surasida:
«Ikkovlariga mehribonlik ila xokisorlik qanotingni pastlat va «Robbim, ular meni kichiklikda tarbiya qilganlaridek, ularga rahm qilgin», deb ayt», degan (24-oyat).
Farzand ota-onaning huzurida o‘zini qanchalik xokisor tutsa, shunchalik yaxshi. U o‘z rahmatini xokisorlik ila ota-onasiga pastlatib, poyandoz qilsa ham oz. Shu bilan birga, doimo ularga Alloh taolodan rahm-shafqat tilab duo qilib turishi lozim.
Ota-onani hurmatlash, e’zozlash masalasida hech bir tuzum yoki tarbiya vositasi Islomga teng ham, yaqin ham kela olmaydi. Ota-onaning hurmati, farzand ustidagi haqqi to‘g‘risidagi oyatlar, hadislar, islomiy hikmatlar, musulmonlar hayotidagi tajribalar dunyo tarixida bu boradagi misli ko‘rilmagan oliymaqom narsalar ekani ma’lum va mashhurdir.
Hofiz Abu Bakr Bazzor Buraydadan, u kishi o‘z otalaridan qilgan rivoyatda quyidagilar keltiriladi:
«Bir odam ziyoratda onasini ko‘tarib yurib tavof qildirayotgan ekan. U Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan:
«Onamning haqqini ado qildimmi?» deb so‘rabdi. Shunda Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
«Yo‘q, bir oh tortishining haqqini ham ado qilganing yo‘q», degan ekanlar.
«Odoblar xazinasi» kitobi 1-juz