“Agrobank” aksiyadorlik tijorat bankida Xususiy sektorni rivojlantirish bo‘yicha Islom korporatsiyasi vakillari bilan ikki tomonlama hamkorlik yuzasidan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda Agrobank va Xususiy sektorni Rivojlantirish bo‘yicha Islom korporatsiyasi o‘rtasida 10 million AQSH dollari miqdorida islomiy moliyalash liniyasi bo‘yicha kelishuv imzolandi.
Eng e’tiborli jihati shundaki, ushbu mablag‘lar islom shariati qoidalari asosida tadbirkorlik subyektlarining investitsion loyihalarini moliyalashtirish uchun 5 yil muddatgacha yo‘naltirilishi ko‘zda tutilgan.
Tadbirda tomonlar kelgusida qo‘shimcha moliyalash liniyasini jalb qilish maqsadida ikki tomonlama hamkorlikni davom ettirish borasida ham kelishib olishdi.
Endilikda ushbu mablag‘larni olish uchun tadbirkorlik subyektlari bank filiallariga murojaat etishlari mumkin.
O‘MI Matbuot xizmati
#xabar #anjuman #muftiy
Joriy yilning 10-13 sentyabr kunlari Turkiy davlatlar muftiylari kengashining VI yig‘ilishi Bishkek shahrida bo‘lib o‘tadi. Unda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari, Turkiya diyonat ishlari boshqarmasi raisi, doktor Ali Erbosh, Ozarbayjon musulmonlari idorasi raisi, shayxulislom Ollohshukur Poshozoda, Qozog‘iston musulmonlari diniy idorasi raisi, bosh muftiy Navro‘zboy hoji Tag‘anuli, Qirg‘iziston musulmonlari diniy idorasi raisi, muftiy Abdulaziz qori Zokirov qatnashadi.
Anjuman doirasida Turkiy davlatlar muftiylari kengashi huzuridagi Fatvolar kengashi hay’atining majlisi, «Imom Sirojiddin O‘shiy va uning islomiy ilmlarga qo‘shgan hissasi» mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya, ikki tomonlama muzokaralar, muborak qadamjolarga ziyoratlar rejalashtirilgan.
Ushbu xalqaro tadbirlarda ummat birligini ta’minlash, turkiy dunyo diniy idoralari va musulmonlari o‘rtasidagi aloqalarni yanada mustahkamlash, global muammolarga birgalikda yechim topish va Islom dini sofligini asrash kabi muhim masalalar muhokama qilinadi.
Ma’lumot o‘rnida, Turkiy davlatlar tashkiloti tarkibiga O‘zbekiston, Turkiya, Ozarbayjon, Qozog‘iston va Qirg‘iziston kiradi. Vengriya va Turkmaniston uning faoliyati kuzatuvchisi hisoblanadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati