Allohga shukrki, mamlakatimizda inson manfaatlarini ta’minlash, aholining talab va ehtiyojlarini qondirish islohotlarning bosh mezoniga aylandi. Diyorimizda diniy sohada amalga oshirilayotgan xayrli ishlar tahsinga sazovorki, o‘zgarishlar va yengilliklardan yurtdoshlarimiz juda ham mamnun. Ayniqsa, muhtaram Prezidentimiz tomonlaridan xalqimiz qon-qoniga singib ketgan Islom dini qadriyatlariga berilayotgan ulkan e’tibor mo‘min-musulmonlarni cheksiz quvontirmoqda.
Shu kunlarda regulation.gov.uz saytiga joylashtirilgan “Umumiy o‘rta ta’lim muassasalari o‘quvchilari uchun zamonaviy maktab formasini joriy etish tartibi to‘g‘risidagi NIZOM”ni xalqimiz talab va istaklariga mos shaklda bo‘lishi nuqtayi nazaridan fuqarolar, mutaxassislar va keng jamoatchilik vakillari tomonidan fikr-mulohazalar bildirilmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi muhokamaga qo‘yilgan ushbu NIZOMning 9-bandidagi “O‘quvchilar ta’lim muassasasi binosi ichida bosh kiyimsiz yurishlari lozim” jumlani chuqur mulohaza qilib, xususan, qiz bola bo‘lgan maktab o‘quvchilarini ro‘molda yurishlari masalasida Diniy idoraga juda ko‘p murojaatlar bo‘layotgani sababli Islom dinida bayon etilgan masalalarga asoslangan holda vijdon va e’tiqod erkinligi borasidagi qonun hujjatlariga tayanib, mazkur bandni quyidagicha bayon etishni taklif etadi:
“O‘quvchilarning ta’lim muassasasi binosi ichida bosh kiyimda yoki bosh kiyimsiz yurishlari ixtiyoriydir”.
Shunday ifoda qilinsa, milliy va diniy qadriyatlarimizni hurmat etishga, xalqimizni rozi qilishga va mazkur masalaga huquqiy yechim topishga erishgan bo‘lamiz, inshoalloh.
O‘zligimizga nazar solsak ham, zaminimizda ayol-qizlarning ro‘mol o‘rab yurishi qadim-qadimdan diyorimizda amal qilib kelinayotgan milliy urf-odat ekani va ularning satri avrat talablariga mos kiyinishlari esa ibo-hayo, or-nomus ifodasi ekani ma’lum bo‘ladi. Buyuk tariximizda shoira-yu adibalar Uvaysiy, Nodirabegim, mashhur faqiha Fotimai Samarqandiya, ulug‘ allomalar Imom Buxoriy va Bahouddin Naqshbandning volidai muhtaramalari ilmu ma’rifatda, ibo-hayoda ayol-qizlarimizga o‘rnak, millatimizga faxr-iftixor bo‘lgan mo‘tabar momolarimiz ham o‘z davrida ro‘mol o‘rab, sharqona odob bilan yurishgani hammaga ma’lum.
Demakki, ro‘mol qadim-qadimdan milliyligimiz, o‘zligimizning ham ajralmas qismi bo‘lgan. Shu nuqtayi nazardan, hozirgi kunda ona siymosi tasvirlanganda sipo kiyingan, yengi uzun, satr avrati yopiq, boshiga avval kichkina ro‘mol o‘ragan, ustidan katta ro‘molini yelkalari uzra tashlab olgan ayol siymosi gavdalantiriladi.
Biz muhokama etilayotgan masalada milliy do‘ppi, yoz va qish mavsumlarida kiyiladigan bosh kiyimlar haqida to‘xtalib o‘tirmadik. Chunki, biz masalaning eng dolzarb va nozik jihati haqida so‘z yuritdik.
Tahlillar shuni ko‘rsatdiki, mazkur bandga xalqimiz tomonidan eng ko‘p fikr-mulohaza bildirilib, taklif va tavsiyalar taqdim etildi. Demak, mamlakatimiz aholisining aksariyati bildirilgan talab va istaklarini ijobiy hal etilishini intizorlik bilan kutishmoqda.
Bayon etilganlardan kelib chiqib, taraqqiyotimizning yangi bosqichida, respublikamizda xalqqa xizmat qilish va uni rozi qilish oliy maqsad ekanini e’tiborga olib, mazkur masalani fuqarolarimiz istagan shaklda ijobiy hal etilishini O‘zbekiston musulmonlari idorasi umid qiladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Qadrli vatandoshlar!
Avvalo, siz, azizlarni, butun xalqimizni yurtimizga mehr-oqibat, xayru saxovat va shukronalik timsoli bo‘lgan muqaddas Ramazon oyining kirib kelishi bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.
Albatta, ushbu qutlug‘ ayyomda barchamizni Ramazoni sharifga mana shunday sog‘-omon, birlik va hamjihatlikda yetkazgani uchun Parvardigori olamga cheksiz shukronalar aytamiz.
El-yurtimizning ijtimoiy-ma’naviy hayotida alohida o‘rin tutadigan, insonni ezgu va savob ishlarga da’vat etadigan ushbu oyni munosib tarzda o‘tkazish maqsadida bu yil ham mamlakatimizda katta tayyorgarlik ishlari amalga oshirilmoqda. Jumladan, mahalla va uy-joylar, masjid va madrasalarni obod qilish, keksa, nogiron va yordamga muhtoj shaxslarning holidan xabar olish, qo‘shnilar, yaqin qarindoshlarga mehr va e’tibor ko‘rsatish, ibodat va iftor marosimlarini tartibli o‘tkazishga xonadon va mahalla ahllari, jamoatchilik vakillari tarafidan alohida ahamiyat berilmoqda.
Bularning barchasi bebaho boyligimiz bo‘lgan tinchlik-osoyishtalik, millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglik muhitini, insonparvarlik tamoyillarini mustahkamlash, yurtimiz taraqqiyoti, xalqimiz farovonligini oshirishga xizmat qilishi tabiiy, albatta.
Ramazon oyining ulug‘ fazilatlari, axloqiy-ma’naviy ahamiyati aynan ana shunday olijanob ishlarda yaqqol namoyon bo‘ladi, desak, haqiqatni aytgan bo‘lamiz.
Bu haqda so‘z yuritganda, keyingi yillarda inson qadrini, har bir fuqaroning huquq va qonuniy manfaatlarini ta’minlash, ijtimoiy adolat O‘zbekistonda davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgani, shu asosda amalga oshirayotgan keng ko‘lamli islohotlarimiz xalqimiz hayotini tubdan o‘zgartirayotganini ta’kidlash o‘rinlidir.
Joriy yilni mamlakatimizda “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” deb e’lon qilganimiz va bu borada tegishli amaliy ishlarni boshlab yuborganimiz zamirida ham ana shunday buyuk intilishlar mujassamdir.
Jamiyatni yuksaltirish asosi mahalladir. Chunki mahallada o‘sish va o‘zgarish bo‘lsa, butun jamiyat rivojlanadi. Mahallalarimizning yutug‘i va farovonligi pirovard natijada butun jamiyatning yutug‘i va farovonligi sifatida namoyon bo‘ladi.
Aziz do‘stlar!
Qutlug‘ zaminimiz uzra Alloh taoloning marhamati yog‘ilib turgan mana shunday saodatli kunlarda ajdodlar xotirasini, ularning
ezgu ishlari, xayrli amallarini eslash va davom ettirish barchamiz uchun ham qarz, ham farzdir.
So‘nggi yillarda mamlakatimizda islom dini va madaniyati ravnaqiga beqiyos hissa qo‘shgan buyuk allomalarimizning muqaddas qadamjolarini obod qilish, ilmiy merosini tiklash va o‘rganish, xalqimiz, ayniqsa yoshlarimiz o‘rtasida targ‘ib etish bo‘yicha ko‘pgina ishlarni amalga oshirayotganimiz sizlarga yaxshi ma’lum, albatta.
Ulug‘ ajdodlarimizning shonli an’analariga sadoqat bilan yashab kelayotgan xalqimizning azmu shijoati bilan noyob me’moriy loyihalar asosida Toshkent shahrida – Islom sivilizatsiyasi markazi, Samarqandda esa buyuk muhaddis bobomiz Imom Buxoriy majmuasini bunyod etish ishlari yakuniga yetkazilganini faxr bilan aytib o‘tmoqchiman.
Ramazoni sharif kunlarida muhtaram ulamolarimiz, ilm-fan va ijod ahli, keng jamoatchilik vakillari ishtirokida ana shu tabarruk maskanlarda buyuk aziz-avliyo va allomalarimiz xotirasiga ehson dasturxonlari yozib, bu muqaddas ziyoratgohlar eshiklarini xalqimiz uchun keng ochishni reja qilganmiz va bu ishlarni albatta amalga oshiramiz.
Afsuski, hozirgi vaqtda jahonning turli mintaqalarida urush va janjallar davom etmoqda. Pok niyatlar qabul bo‘ladigan ushbu muborak ayyomda nizo va adovatlar barham topib, tinchlik, o‘zaro ishonch va hamkorlik aloqalari qaror topishini chin dildan istab qolamiz.
Fursatdan foydalanib, uzoq va yaqin mamlakatlardagi vatandoshlarimizga, butun musulmon ummatiga ham samimiy tabrik va tilaklarimizni yo‘llaymiz.
Muhtaram yurtdoshlar!
Sizlarni ezgulik, mehr-muruvvat va baraka oyi – mohi Ramazonning boshlanishi bilan yana bir bor tabriklayman.
Ushbu shukuhli kunlarda barchangizga sihat-salomatlik, oilaviy baxt-saodat, xonadonlaringizga tinchlik va farovonlik tilayman.
Ro‘za kunlarida qilinadigan barcha ibodatlar, ezgu niyat va amallar ijobat bo‘lsin!
Xalqimizni, Vatanimizni Yaratganning o‘zi panohida asrasin!
Ramazon oyi barchamizga muborak bo‘lsin!
Shavkat Mirziyoyev,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti