Sayt test holatida ishlamoqda!
15 Iyun, 2025   |   19 Zulhijja, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:04
Quyosh
04:49
Peshin
12:29
Asr
17:39
Shom
20:01
Xufton
21:39
Bismillah
15 Iyun, 2025, 19 Zulhijja, 1446

“Robbim Alloh” desangiz

22.06.2018   3845   7 min.
“Robbim Alloh” desangiz

«Albatta: “Robbimiz – Alloh”, deb so‘ngra to‘g‘ri bo‘lgan zotlar huzuriga (o‘lim paytida) farishtalar tushib (derlar): “Qo‘rqmangiz va g‘amgin ham bo‘lmangiz! Sizlarga va’da qilingan jannat xushxabari bilan shodlaningiz! Dunyo hayotida ham, oxiratda ham biz sizlarning do‘stlaringizdirmiz. Sizlar uchun (jannatda) ko‘ngillaringiz tilagan narsalar va sizlar uchun u joyda istagan narsalaringiz muhayyodir. (Bu) mag‘firatli va mehribon zot (Alloh tomoni)dan bo‘lmish ziyofatdir”» (Fussilat surasi, 30-33-oyat).

Ibn Abbos (roziyallohu anhu) aytadilar: “Ushbu oyat Hazrat Abu Bakr Siddiq (roziyallohu anhu) haqida nozil bo‘ldi. Mushriklar: “Robbimiz Alloh”, deb aytardilar, ammo Unga shirk keltirishardi. Abu Bakr (roziyallohu anhu): “Robbim Alloh sherigi yo‘q, Muhammad (sollallohu alayhi va sallam) Allohning bandasi va rasulidir”, deb javob qaytarardi.

Umar (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi. «Albatta: “Robbimiz – Alloh” oyati nozil bo‘lganda Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Yahudiy va nasroniylar Alloh taologa shirk keltirdilar. Lekin ummatim Robbim Alloh deydi va U zotga biror narsani sherik qilmaydi”, dedilar.

Anas ibn Molik (roziyallohu anhu) aytadi: “Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) «Albatta: “Robbimiz – Alloh”, deb so‘ngra to‘g‘ri bo‘lgan zotlar» oyatini o‘qidilar va: “Odamlar: “Robbim Alloh”, dedilar. Ammo ularning aksariyati kufr keltirdilar. Kim Robbim Alloh deb vafot etsa, batahqiq to‘g‘ri yo‘lda bo‘lganlardan bo‘libdi”, dedilar.

Said ibn Imron (roziyallohu anhu) aytadi: “Abu Bakr (roziyallohu anhu) huzurida «Albatta: “Robbimiz – Alloh”, deb so‘ngra to‘g‘ri bo‘lgan zotlar» oyatini tilovat qildim”. Shunda sahoba (roziyallohu anhu): “Ular Alloh taolo shirk keltirmaydiganlar”, dedi.

Tafsirlarda «to‘g‘ri bo‘lgan zotlar...» “Alloh taolo yakkadir, Uning sherigi yo‘kdir”, deb aytuvchi, ushbu aqidada dil va amal bilan doimo sobit bo‘luvchi hamda Alloh taolo buyurgan solih amallarni ado etuvchi va qaytarganlaridan qaytuvchi bandalar deyilgan.

Sufyon ibn Abdulloh Saqafiy (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi: “Yo Rasululloh menga bir ishni aytingki, uni mahkam ushlay”, dedim. Shunda Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Robbim – Alloh, so‘ng to‘g‘ri bo‘l”, dedilar. Men: “Yo Rasululloh! Menga eng katta zarar keltiradigan narsa nima?” deb so‘radim. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) tillariga ishora qilib: “Mana bu”, dedilar (Imom Muslim, Imom Termiziy, Imom Nasoiy rivoyati).

To‘rt xalifai roshidin (roziyallohu anhum) «to‘g‘ri bo‘lgan zotlar...»ning fazilatlarini turlicha sharhlaganlar: Hazrat Abu Bakr (roziyallohu anhu): “So‘zi va amali bir bo‘lgan, Alloh taologa biror narsani sherik qilmaydiganlar”, deganlar.

Hazrat Umar (roziyallohu anhu) minbarda turib ushbu oyatni o‘qidi va: “Alloh taologa itoat etishda bardavom bo‘luvchilar. Yaxshilikka buyurib, yomonlikdan qaytaruvchilar”, dedilar. Hazrat Usmon (roziyallohu anhu): “Amallarni xolis Alloh uchun ado etuvchilar”, Ali (roziyallohu anhu) esa: “Farzlarni bajaruvchilar”, deganlar.

Hazrat Abu Bakr (roziyallohu anhu) sahobalardan oyatdagi «to‘g‘ri bo‘lgan zotlar...» kimlar ekani haqida so‘radilar. Ular: “Gunoh qilmaydiganlar”, deb javob berishdi. Abu Bakr (roziyallohu anhu): “Qiyinlashtirib yubordingiz. Unday emas, balki imon keltirgandan keyin Alloh taologa shirk keltirmaydiganlar”, dedilar.

Abu Lays Samarqandiy «to‘g‘ri bo‘lgan zotlar...»ning sifatlarini bunday bayon qiladi: g‘iybat qilmaydiganlar, gumondan saqlanuvchilar, mazaxdan uzoq bo‘lganlar, nomahramlarga qarashdan ko‘zini tiyuvchilar, rost so‘zlovchilar, xayr, sadaqa qiluvchilar, isrof qilmaydiganlar, kibrga berilmaydiganlar, namozni o‘z vaqtida ado etuvchilar, jamoatga ergashuvchilar.

Ana shunday sifatlar bilan xulqlangan bandalar oxiratdagi hollari, qilib o‘tgan amallari natijasi qanday bo‘lishi haqida xavfsiraganlarida farishtalar ularning qalbiga xotirjamlik bag‘ishlovchi bunday xushxabarlar yetkazishadi: «Qo‘rqmangiz va g‘amgin ham bo‘lmangiz! Sizlarga va’da qilingan jannat xushxabari bilan shodlaningiz. Biz hayoti dunyoda ham, oxiratda ham sizlarning do‘stlaringizdirmiz

Ushbu oyat tafsirida alloma, doktor Vahba Zuhayliy (rahimahulloh) aytadi: “Farishtalar mo‘minlarga uch holat: vafot etayotganda, qabrda va qayta tirilganda yaqin keladidar va: “Qo‘rqmanglar, mahzun ham bo‘lmanglar. Sizlar uchun hech qanday xavf-xatar yo‘q. Chunki siz hayotlik vaqtingizda «Robbimiz – Alloh» dedingiz va o‘sha so‘zda sobit turdingiz. Sizlarga va’da qilingan jannatga kirishingiz va u yerda abadiy qolishingiz haqida bashorat beramiz. Dunyo hayotida Alloh taolo bizni sizlarga ximoyachi, do‘stingiz qilib ko‘yganidek, oxiratda ham sizlar bilan birgamiz”, deydilar”.

Farishtalar mo‘minlarga jannat bashoratini berish bilan birga, jannat vasfini ham bayon etadilar: «Sizlar uchun (jannatda) ko‘ngillaringiz tilagan narsalar va sizlar uchun u joyda istagan narsalaringiz muhayyodir».

Shayx Muhammad Mutavalliy Sha’roviy (rahimahulloh) ushbu oyatning sharhida: “Zamonaviy ilmu fan yutuqlari qanchalik rivojlanmasin, ko‘ngil istagan narsani maxsus tugmacha topib bosmaguncha muhayyo qila olmaslar. Jannatda esa, ko‘ngilga keltirilsa bas, u muhayyodir. Jihozga hojat yo‘q”, deydi.

Jannatda ko‘ngil nimani tusasa, o‘sha narsa darhol muhayyo qilinadi. Jannatda jannat ahli uchun faqat rohat-farog‘at, anvoyi nozu ne’matlar bo‘ladi, u yerda o‘lim, kasallik, musibatu g‘am-tashvish bo‘lmas: «Albatta, jannat ahli u kunda (rohat va farog‘at) ish(lari)bilan shoddirlar» (Yosin surasi, 55-oyat).

Jannat ahli turli xil shirin mevalar iste’mol qiladilar: «...Rizq etilgan mevalardan har gal tanovul qilganlarida: «Bu ilgari biz yegan mevalarning xuddi o‘zi-ku?!» – deydilar. Zero, ularga (surati)bir-biriga o‘xshash mevalar berilgan edi...» (Baqara surasi, 25-oyat).

Jannatdagi noz-ne’matlarning tashqi ko‘rinishi xuddi bu dunyodagiga o‘xshash bo‘lib, mazasining totliligi bilan farq qilar ekan. Jannat ahli tanovul qilmay turib: “Bu oldin (dunyoda) tanovul qilgan narsalarimizning o‘zi-ku!” der ekanlar. Yeb ko‘rganlaridan keyin esa, jannat mevalarining mislsiz totli ekaniga amin bo‘lar ekanlar.

Zikr etilgan jannat va uning ne’matlari «Robbimiz – Alloh» degan va shunda sobit bo‘lgan mo‘min-musulmonlar uchun «(Bu) mag‘firatli va mehribon zot (Alloh tomoni)dan bo‘lmish ziyofatdir».

Alloh taolo barchamizni O‘zining ziyofatidan bahramand bo‘luvchi bandalari qatoriga qo‘shsin.

Abu Mansur Moturidiyning “Ta’vilotu ahlis sunna”,

Vahba Zuhayliyning “Tafsirul muniyr” asarlarida asosida

Davron NURMUHAMMAD

tayyorladi.

 

 

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Videolar

Hojilarimizning ilk guruhini kutib olish jarayonidan lavha

13.06.2025   18464   1 min.
Hojilarimizning ilk guruhini kutib olish jarayonidan lavha

 

MuslimShosh.uz

Dunyo yangiliklari