Sayt test holatida ishlamoqda!
09 Mart, 2025   |   9 Ramazon, 1446

Toshkent shahri
Tong
05:27
Quyosh
06:45
Peshin
12:39
Asr
16:37
Shom
18:26
Xufton
19:39
Bismillah
09 Mart, 2025, 9 Ramazon, 1446

Ey Odam bolasi, senga kifoya qiladigan oz narsa seni tug‘yonga ketkazadigan ko‘p narsadan yaxshiroqdir

20.06.2018   3608   4 min.
Ey Odam bolasi, senga kifoya qiladigan oz narsa seni tug‘yonga ketkazadigan ko‘p narsadan yaxshiroqdir

Insoniy fazilatlar va go‘zal xulqlardan biri qanoatdir. Ulamolar uni shunday ta’riflaydilar: qanoat – o‘zidagi ne’matga shukr qilish, boshiga tushgan musibat, qashshoqlik
va qiyinchiliklarga sabr-bardoshli bo‘lish. Qanoat Alloh taoloning taqdiroti va taqsimotiga rozilikdan paydo bo‘luvchi ko‘ngil boyligi bo‘lib, u hasad, tama, ochko‘zlik, adovat, baxillik kabi illatlarning shifosidir. Abdulla Avloniy aytadi: “Janobi Haqning amriga itoat qanday saodat esa, taqdiriga qanoat ziyoda baxtiyorlikdur”[1]. Demak, qanoat komil mo‘minlikning belgilaridan ekan.

قال رسول الله صلى الله عليه وسلم : " عليكم بالقناعة ، فإنَّ القناعة مال لاينفد " . [الجامع الصغير : ج2/ص 94] .

Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam): “Sizlar qanoatni o‘zingizga lozim tuting. Chunki, qanoat tuganmas boylikdir”, dedilar. (Jaloliddin Suyutiy, Al-Jomi’
as-sag‘ir: 2-juz, 94-bet).

و قال رسول الله صلى الله عليه وسلم : " ليس الغِنى عن كثرة العَرَض ، ولكن الغنى غنى النفس " . [الؤلؤ والمرجان : ج1/ص251] .

Boshqa muborak hadisda esa bunday deyilgan: “Boylik mol-dunyoning ko‘pligida emas, balki, (haqiqiy) boylik ko‘ngil boyligidir”. (Muhammad Fuad Abdulboqiy, Al-lu’lu’u val-marjan, 1-juz, 251-bet).

Muhammad Husayn aytadi: “Qanoat aqlli odamlarning fazilatidir. Ammo qanoat rizq qidirish va kasb bilan shug‘ullanishdan tiyilish degani emas. Balki, kasb tufayli topgan narsasiga shukr qilish va ortiqchasiga intilmaslikdir”[2]. Buning boisini anglash uchun ulug‘ sahobiy Abdulloh ibn Mas’ud (roziyallohu anhu)ning ushbu so‘zlariga quloq tutishimiz lozim:

و قال ابن مسعود رضي الله عنه : " ما من يومٍ إلاّ و ملَك ينادي : يا ابن آدم ، قليل يكفيك خير من كثير يُطْغيك " . [مكاشفة القلوب المقرِّب إلى حضرة علام الغيوب ، في فضل القناعة : ص169-170] .

“Biror kun yo‘qki, bir farishta: “Ey Odam bolasi, senga kifoya qiladigan oz narsa seni tug‘yonga ketkazadigan ko‘p narsadan yaxshiroqdir”, deya nido qilmasa”. (Imom G‘azzoliy, Mukoshafatul-qulub al-muqarrib ila hazrati allomil-g‘uyub, fi fazlil-qona’ati, 169-170betlar).

Qanoatli inson umri mobaynida doimo baxtiyorlikni his etib yashaydi. Shu bilan birga, boshqalarga ham yaxshi muomalada bo‘ladi, ularni ham o‘zi kabi shodlik sari yetaklaydi.
Shuning uchun qanoatli kishini barcha hurmat qiladi.

و قال بعض الحكماء : " وجدتُ أطول الناس غمًّا الحسود و أهنأهم عَيْشًا القَنُوعَ ..." . [مكاشفة القلوب المقرِّب إلى حضرة علام الغيوب ، في فضل القناعة : ص170] .

Hakimlardan biri aytdi: “Odamlar ichida eng uzoq g‘am-anduh chekuvchi kimsa hasadchi ekanini, hayoti eng baxtiyor kechuvchi kishi esa qanoatli inson ekanini ko‘rdim”. (Imom G‘azzoliy, Mukoshafatul-qulub al-muqarrib ila hazrati allomil-g‘uyub, fi fazlil-qona’ati, 170-bet).

Muhammad Zehniy shunday yozadi: “Qanoat nima?” deb so‘radilar. Javob berib aytildi: “Birovlarning qo‘lidagi narsani ko‘rib ma’yus bo‘lmaslik va tamagirlikdan qochish. Chunki, tamagirlik, albatta, kambag‘allik sari yetaklaydi”[3].

Xulosa o‘rnida shuni ta’kidlash lozimki, yurtimiz tinch, hayotimiz osuda va farovon bo‘lishiga qaramasdan, bugungi kunda jamiyatimizda turli huquqbuzarliklarning sodir bo‘lishi, yoshlar orasida jinoyatchilikning ortib borishi, shuningdek, oilaviy kelishmovchiliklar va ajrimlarning ko‘payishi aksar hollarda qanoatsizlikdan kelib chiqayotgani bor haqiqat. Demak, ana shunday noxushliklarning muolajasi va oldini olish chorasini qanoat deb atalmish ko‘ngil boyligini hosil qilishdan izlashimiz zarur.

 

TO‘YMUROD SAYLIYEV

Mir Arab oliy madrasasi o‘qituvchisi

 

[1]Turkiy guliston yoxud axloq. –Abdulla Avloniy asari. –Toshkent, Tipo Lit “Per Sos. Revolyus.”, 1917 g.  -B. 25.

[2]Axloq gulistoni va odob bo‘stoni. Mahmud Hasaniy tarjimasi. –Toshkent, “Navro‘z” nashriyoti, 2016 y. -B.184. 

[3]Axloq gulistoni va odob bo‘stoni. Mahmud Hasaniy tarjimasi. –Toshkent, “Navro‘z” nashriyoti, 2016 y. -B.187.

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Hamdardlik bildiramiz

8.03.2025   11986   1 min.
Hamdardlik bildiramiz

O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi 30 yildan ziyod vaqt mobaynida Sirdaryo viloyati Sayxunobod tumani bosh imom-xatibi sifatida samarali faoliyat yuritgan "Abduolim ota" masjidi imom-xatibi Oxunjon domla Vosiyevning vafoti munosabati bilan marhumning oila a’zolari va yaqinlariga chuqur ta’ziya izhor etadi.


Alloh taolo marhum ulamoni O‘z mag‘firatiga olsin, iymonlarini salomat qilsin, solih amallarini o‘zlariga hamroh etsin. Din rivoji, xalq ma’rifati va Vatan ravnaqi yo‘lida qilgan barcha xizmatlarini Alloh qabul aylasin! 


Haq taolo marhum olimning ahli oilasi, farzandu arjumandlari, safdoshlari, shogirdlari va yaqinlariga chiroyli sabr berib, bu musibatlarini yaxshiliklar ila to‘ldirsin. Biz Buyuk Parvardigordan duo qilib so‘raymizki, marhum olimni o‘zining cheksiz rahmatiga olsin, jannat bog‘lariga doxil etsin.


O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi, ulamolari, imom-domlalari va o‘qituvchi-mudarrislari nomidan Oxunjon domla Vosiyevning oila a’zolari, yor-birodarlari, safdoshlari va yaqinlariga hamdardlik bildiramiz.

Innaa lillaahi va innaa ilayhi roji’uun.

«Musibat yetganda «Albatta, biz Allohnikimiz va albatta, biz Unga qaytuvchimiz», degan sabrlilarga xushxabar bering». 


O‘zbekiston musulmonlari idorasi