Ulamolar niyatni ruhga, amalni jismga qiyoslab, niyat bo‘lmasa amal suratdan boshqa narsa emas, deyishgan. Shu bois, ulug‘lar amalni niyatsiz boshlamaganlar. Islom olamidagi ko‘pgina benazir asarlar “amallar niyatga bog‘liqdir”, “har kimga niyat qilgani bo‘ladi” kabi muborak hadislar bilan boshlanadi. Xususan, asarlari jahon madaniyati va ma’rifati durdonalari bo‘lgan Jaloliddin Rumiy “Ichindagi ichindadir” asari “Olimlarning yomoni amirlarni ziyorat qilgani, amirlarning yaxshisi olimlarni ziyorat etganidir...” hadisi bilan, Shayx ibn Atoulloh Sakandariyning “Hikamul atoiyya” kitobi esa “Toyilish vujudga kelganda umidsiz bo‘lish amalga suyanishning alomatlaridandir” hikmati bilan boshlanadi. Tafakkur qilinsa, bu asarlarning muqaddimasi mohiyati niyat bilan bog‘liq.
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlari “Xislatli hikmatlar sharhi” to‘plamini “Bandalariga nafslarini poklashni va xulqlarini sayqallashni farz qilgan Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin!” deya boshlaydilar.
Aslida “Bismillohsiz boshlangan ishning oxiri kesikdir” degan hadis ham bandaning niyatiga borib taqaladi. Hayotda kunda, kun ora niyatning naqadar ahamiyatli ekaniga guvoh bo‘lamiz.
Farzandini yolg‘iz boshi bilan voyaga yetkazgan bir opa to‘rt-besh yil oldin “Vaqti-soati kelib, qizimning o‘qishga kirishiga yarab qolar”, deb jamg‘argan pulini savdogarga foiz hisobidan berib qo‘ygan ekan. Qarangki, o‘sha qizning to‘plagan bali davlat hisobidan o‘qiydigan yoki shartnoma asosida ta’lim oladigan guruhning emas, qo‘shimcha shartnoma (super kontrakt) evaziga o‘qiydigan guruhning ro‘yxatida turibdi-da. Opa hisoblab ko‘rsa, o‘tgan yillar ichida puli bolalab-bolalab yetmish millionni “paydo qilibdi”. U sudxo‘r sherigining oldiga shoshdi. Sherik esa bundan ikki-uch yil burun kasodga uchrab, qarzlar botqog‘idan chiqolmay qolgandi. Yorti niyatli opa qanchalik chiranmasin, undan pulini ololmadi. Oqibatda, o‘zi o‘ylagan mezondan daqiqroq va qat’iyroq nizomlarning borligiga, ishning natijasi niyat bilan xayrli bo‘lishiga tan berdi.
Endi mana bu voqeani mulohaza qilaylik:
...Bundan ancha yillar avval bir nikoh o‘qildi. Mulla Do‘stmuhammad domla (Alloh rahmat qilsin) aqdni bog‘lashdan oldin mahrni ikki million etib belgiladilar. Hamma hayratlandi (O‘sha paytda ikki million ancha katta pul edi). So‘ng lafzlarini jamoatga havola etib, ularning izni bilan Alloh rizoligi uchun bir milliondan, Rasuli Akramning (sollallohu alayhi va sallam) rozilik, shodlik va xotirotlari yuzasidan besh yuz mingdan, o‘sha yerda jamlangan va jamlanmagan mo‘minlarning hurmati rioyasidan ikki yuz ellik mingdan kechib yubordilar. Mahr puli ikki yuz ellik ming so‘m qoldi.
Bu voqeadan so‘ng qo‘ldan katta miqdordagi pul boy berilgani uchun kelin bo‘lmishning qarindoshlaridan ba’zilari kuyindi, ammo kelinning o‘zi nikoh arafasida shuncha yaxshilikni qo‘lga kiritibman-a, deb xursand bo‘ldi. U ayol haligacha o‘sha voqeani shukrona, minnatdorchilik bilan eslaydi.
Muslima Husniddin qizi
Alloh taoloning go‘zal ismlaridan biri “As-Sattor”dir. Marhamatli robbimiz ushbu sifati bilan bandalarning ayblarini bu dunyoda yashirib, kamchiliklarini yopuvchidir. Oxiratda esa o‘zining fazli va rahmati bilan kechirib yuboradi. Chin, haqiqiy musulmon ham robbimizning ushbu go‘zal sifati bilan xulqlanib, birodarlarining ayblarini qidirmasdan, balki bilgan ayblarini ham yashiradi. Zero, Alloh taolo bu dunyoda musulmonlarning ayblarini yashirgan bandasini qiyomat kuni odamlar oldida sharmandalikdan asraydi.
Bu haqda suyukli, mehribon payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday marhamat qilganlar:
وَعَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رَضِيَ اللَّهُ عَنْهُ عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: «لَا يَسْتُرُ عَبْدٌ عَبْدًا فِي الدُّنْيَا إِلَّا سَتَرَهُ اللَّهُ يَوْمَ الْقِيَامَةِ». رَوَاهُ مُسْلِمٌ.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Banda boshqa bir bandaning aybini shu dunyoda berkitar ekan, Alloh qiyomat kuni uning aybini berkitadi”, dedilar (Imom Muslim rivoyati).
Bandalarning ayblarini yashirish deganda, banda bilan Robbining o‘rtasida sodir bo‘lgan ayblar tushuniladi. Allohga nisbatan banda tomonidan gunoh, biror ayb sodir etilganda, ularni fosh etib, sharmanda qilinmaydi, balki Alloh taoloning marhamati, kechirimli ekaniga suyanib, fazlidan umid qilinadi. Shu niyatda musulmon birodarining aybini yashirish ijobiy xislat sanaladi.
Ammo, haqiqat berkitilib, odamlarning huquqlari zoye qilinganini ko‘rganda, buni yashishirish, oshkor qilmaslik fazilat sanalmaydi, aksincha razolat sanaladi. Ammo bandalarning haq-huquqlari poymol bo‘lganda aybu kamchiliklar yashirilmasdan, ro‘yirost gapiriladi. Garchi o‘zining yaqinlari tomonidan sodir etilgan bo‘lsa ham. Bu ham o‘z navbatida go‘zal fazilatdir.
Hadisdan biz o‘rgangan foydali o‘gitlar:
1. Musulmon kimsa birodarining ayblarini yashirib, odamlar oldida sharmanda qilmaydi.
2. Bu dunyoda birodarining aybini yashirsa, buning mukofoti qiyomat kunida Alloh uning ham aybini yashirishini bilgan banda albatta bu amalini oxiratiga zaxira qilib qo‘yadi.
3. Musulmon kishi odamlarning aybini yashiradi, chunki bu amalni Alloh yaxshi ko‘radi.
4. Odamlarning aybini yashirar ekan, ularning uyat narsalarini ham fosh qilmasligi undan ham muhim. Inson bu bilan o‘zi yashab turgan jamiyatda parokandalik, qo‘shnilar, qarindoshlar orasida xusumat, janjalning oldini olgan bo‘ladi.
5. Odamlarning huquqlari zoye qilinganini ko‘rib, haqiqatni yashirish, haqiqatni oshkor qilmaslik fazilat emas, aksincha razolat sanaladi.
6. Insonlarning haq-huquqlarini poymol qilayotgan kishi garchi o‘zining yaqinlari, aka-uka, qarindoshlari bo‘lsa ham uning aybu-kamchiliklari yashirilmasdan, o‘ziga ro‘yirost gapiriladi.
Beknazar Muhammad Shakur,
Hadis ilmi maktabi katta o‘qituvchisi.