Vaqf xayriya jamoat fondi hisobiga 25 maydan boshlab 5 iyun sanasigacha 18 049 841 (o‘n sakkiz million qirq to‘qqiz ming sakkiz yuz qirq bir ming) so‘m kelib tushdi. Shundan:
Xayriya uchun: 1 870 997 so‘m;
Zakot, ushr, fitr va fidya uchun: 15 594 914 so‘m;
Vaqf uchun: 583 930 so‘m kelgan.
Fond Payme, Click MBank to‘lov tizimlariga ulangandan keyin kelib tushayotgan mablag‘lar avvalgi kunlarga nisbatan o‘sgan.
Shuni e’tiborga olishingizni istardik-ki, bugundan e’tiboran har kuni kunning so‘nggi daqiqalarida «Vaqf» xayriya jamoat fondiga kelib tushgan mablag‘lar haqida hisobot berib boriladi.
Qayd etish kerak, hozirgi vaqtda fondga mablag‘ o‘tkazish uchun poytaxtimizdagi 12 ta masjid va Zangiota majmuasiga infokioskalar o‘rnatilgan bo‘lib, to‘lov tizimlari va banklardan o‘tkazilgani kabi infokioskalar orqali to‘lov qilinganda vositachi o‘rtasida komissiya olinmaydi. Ya’ni, zakot qilgan kishining zakoti shariatda ko‘rsatilgan o‘rniga borgunga qadar bir so‘m ham kamaymaydi.
Eslatib o‘tamiz, «Vaqf» xayriya jamoat fondi O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 2018 yil 16 apreldagi «Diniy-ma’rifiy soha faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PF-5416-son Farmoni bo‘yicha tashkil etilgan bo‘lib u o‘z oldiga masjidlar va diniy ta’lim muassasalarining binolarini qurish, ta’mirlash, rekonstruksiya qilish, diniy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari, tadqiqotchilari, mutaxassislari va o‘quvchi-talabalarini moddiy va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari, shu jumladan, imkoniyati cheklangan shaxslarni moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlash kabi bir qator ishlarni maqsad qilib qo‘ygan.
Vaqf xayriya jamoat fondiga pul o‘tkazish usullari:
— Bank hisob raqamlari:
ATIB “Ipoteka-bank” Yunusobod filiali;
MFO: 00837;
STIR: 207276595;
h/r: 20212000000881753002 «Xayriya»;
h/r: 20212000100881753003 «Zakot, fitr, ushr, fidya»;
h/r: 20212000300881753004 «Vaqf»
— Click:
*880*1100# ussd yoki Click Uzbekistan ilovasi va @Clickuz telegram boti orqali;
— Payme va MBank ilovasi orqali;
— Toshkent shahrida quyidagi masjidlardagi infokioskalar orqali:
1. Hazrati Imom masjidi;
2. Minor masjidi;
3. Shayx Zayniddin (Ko‘kcha) masjidi;
4. Mirza Yusuf masjidi;
5. Novza masjidi;
6. Shayx Ziyoviddin masjidi;
7. Bo‘rijar masjidi;
8. Abdulloh ibn Mas’ud masjidi;
9. Katta Qozirabot masjidi;
10. Imom Buxoriy masjidi;
11. Rakat masjidi;
12. Xo‘ja Alambardor masjidi;
Undan tashqari Toshkent viloyatidagi Zangiota majmuasida ham infokioska o‘rnatilgan bo‘lib, ushbu infokioskalar yurtimiz musulmonlariga moliyaviy ibodatlarini bajarishda va xayr-saxovat qilishda ko‘makchi bo‘ladi.
Vaqf xayriya jamoat fondi matbuot xizmati
Ashajj ibn Abdulqays roziyallohu anhu Nabiy alayhissalomning oldilarida o‘tirganida, u zot sollallohu alayhi vasallam: “Senda Alloh va Rasuli xush ko‘radigan ikki xislat bor”, dedilar. Sahobiy qiziqib: “U qanday xislat? Biri doim ro‘zador bo‘lish va ikkinchisi uxlamay tuni bilan ibodat qilib chiqishmi?” – dedi.
“Yo‘q, unisi ham, bunisi ham emas”, dedilar Nabiy alayhissalom. Ashajj roziyallohu anhu: “Yo Allohning Rasuli, ular qaysi xislatlar?” – dedi takror. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam javob berib: “Halimlik va bosiqlik”[1], dedilar.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam boshqa bir hadislarida: “Odam go‘zal xulqi bilan kunduzi ro‘za tutib, tunni ibodat bilan o‘tkazadiganlarning darajasiga yetadi” [2], dedilar.
Xulqi go‘zal odam ikki dunyo saodatiga erishadi. Odamlarning qalblarini mahv etish orqali foyda ko‘radi va mana shuning natijasida oxiratni ham qo‘lga kiritadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bu xususda shunday dedilar: “Tarozuda go‘zal xulqdan-da og‘irroq tosh bosadigan biror narsa yo‘q”[3].
U zot yana bir hadislarida: “Mo‘minlarning iymonda kamolotga erishganlari xulqi eng chiroyli bo‘lganlari, fe’li yumshoq, uning boshqalar bilan til topishishi oson bo‘ladi va boshqalar ham u bilan oson chiqishib ketishadi. Hech kim bilan kelishmaydigan va boshqalar ham u bilan kelisha olmaydigan kishida yaxshilik yo‘qdir”[4], deganlar.
Ummu Salama roziyallohu anho onamiz Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan birga o‘tirib, oxiratni esladilar: “YoAllohning Rasuli, bir xotinning dunyoda ikki turmush o‘rtog‘i bo‘lgan bo‘lsa, barchalari vafot etishsa va jannatga kirishsa, ayol qaysi eriga bo‘ladi?” – dedilar.
Payg‘ambarimiz alayhissalom nima deb javob bergan bo‘lishlari mumkin?! “Puldori yoki ilmlirog‘iga bo‘ladi”, dedilarmi?! Yo ilm va fazlda yuqorirog‘igami?! Yo‘q, u zot sollallohu alayhi vasallam: “Xulqi go‘zalroq eriga bo‘ladi”, dedilar.
Ummu Salama roziyallohu anho hayratlandilar. Shunda Payg‘ambar alayhissalom: “Ey Ummu Salama, go‘zal xulq dunyo va oxirat yaxshiliklarini keltiradi” [5], dedilar.
Ro‘za tutib, namoz o‘qib, sadaqalar beradigan, lekin tili bilan qo‘shnisiga ozor beradigan ayolning vafoti xabarini berishganida, Nabiy alayhissalom: “U ayol do‘zaxda” [6] deganlarini yuqorida ham aytib o‘tdik.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning mana bu duolarini, albatta, yodingizda tuting: “Allohim! Mening tashqi ko‘rinishimni go‘zal qilganingdek, xulqimni ham go‘zal qil”[7].
Shuningdek, u zot sollallohu alayhi vasallamning quyidagi duolarini aytib yurishni kundalik odatga aylantiring: “Allohim! Meni eng go‘zal xulqlar sari boshla. Go‘zal xulqlar tomon yetaklaydigan Zot faqat O‘zingsan. Yomon xulqlarni mendan arit. Yomon xulqlarni mendan faqatgina Sen nari qila olasan”[8].
Abdulloh Abdulmu’tiy, Huda Sa’id Bahlulning
“Qulog‘im senda qizim” kitobidan G‘iyosiddin Habibulloh, Abdulhamid Umaraliyev tarjimasi.
[1] Imom Muslim va Imom Ahmad rivoyati.
[2] Imom Termiziy rivoyat qilgan va sahih qaror bergan.
[3] Imom Termiziy rivoyati.
[4] Imom Tabaroniy “Avsat”da rivoyat qilgan.
[5] Imom Tabaroniy rivoyati.
[6] Imom Hokim, Imom Ahmad va Ibn Hibbon rivoyati.
[7] Imom Tabaroniy rivoyati.
[8] Imom Muslim rivoyati.