(O'zbekistonda diniy ta'lim olishning ahamiyati yohud xorijiy davlatlarda noqonuniy diniy ta'lim olishning xatarlari)
Abdurasul domla Abdullayev
Imom Buxoriy nomli Toshkent islom instituti
"Tahfizul Qur'on" kafedrasi katta o'qituvchisi
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Savol: Iftorlikning sunnat bo‘lgan duolari qaysi?
Javob: Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam iftorlik qilish vaqtida «Allohumma, laka sumnaa va ’alaa rizqika aftornaa, fataqobbal minnaa, innaka antas Samiy’ul Aliym» (Allohim, Sen uchun ro‘za tutdik, bergan rizqingdan iftorlik qildik, bizlardan qabul ayla. Albatta, Sen Eshituvchi va Biluvchi Zotsan), der edilar» (Doraqutniy rivoyat qilgan).
Ibn Umar roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi:
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam iftorlik vaqtida «Zahabaz-zomau, vabtallatil uruuqu va sabatal ajru, inshaalloh» (Chanqoq ketdi, tomirlar namlandi, inshaalloh, savob hosil bo‘ldi), der edilar.
Bayhaqiy rivoyat qilgan.
Savol: Nimalar bilan iftorlik qilish sunnat?
Javob: Pishgan xurmo, xurmoning qoqisi yoki hech bo‘lmasa od-diy suv bilan iftorlik qilish sunnatdir. Xurmo bo‘laturib boshqa narsalar bilan og‘iz ochish sunnatga xilofdir.
Salmon ibn Omir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Birortangiz og‘iz ochsa, xurmo bilan ochsin. Agar topa olmasa, suv bilan, chunki u poklovchidir», dedilar.
Tabaroniy rivoyat qilgan.
Savol: Masjidda iftorlik qilsa bo‘ladimi?
Javob: Masjid ibodat va zikr qilinadigan joydir. Umumiy holatda masjidda yeb-ichish, uxlash makruhdir. Ramazon oylarida shom namozini masjidda jamoat bilan o‘qiyman, deb kelganlar masjid ichida iftorlikni qilishsa bo‘ladi. Lekin ikki narsaning rioyasi qilinsa, yaxshi bo‘ladi:
a) kirishdan avval imom Muhammad rahmatullohi alayhning «Masjidga bir oz muddat e’tikof niyatida kirish ham e’tikof o‘rniga o‘tadi», degan so‘zlariga binoan «Masjiddan chiqqunimcha nafl e’tikofni niyat qildim», deb niyat qilishi, zero e’tikofdagi kishi uchun masjidda yeb-ichishga barcha ulamolar ijozat berishgan (Masjid ichida yeb-ichmoqchi bo‘lganlar avval nafl e’tikofni niyat qilsalar, ibodat joyida makruh ish qilishdan saqlangan bo‘ladilar. Qolaversa, nafl e’tikofning savobiga ega bo‘ladilar);
b) masjidni pokiza saqlash.
Shuningdek, alloma Zafar Ahmad Usmoniy rahmatullohi alayh Mulla Aliyul Qoriyning «Mirqotul mafotih» kitobidagi «Masjidda yeb-ichish makruh, lekin iftorlik bundan mustasnodir», degan so‘zlarini masjidda iftorlik qilish mumkinligiga dalil qilib keltirgan.
«Mo‘minning qalqoni» kitobidan