O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo hay’ati milodiy 2018 yil (hijriy 1439 yil) uchun ZAKOT nisobi 1 gramm tilloning bugungi kunda bozorlarimizdagi o‘rtacha narxi 188 235 (bir yuz sakson sakkiz ming ikki yuz o‘ttiz besh) so‘m atrofida ekanini e’tiborga olib, 85 gramm tillo hisobidan zakot nisobi 16 000 000 (o‘n olti million) so‘m ekani va mazkur summaning qirqdan bir (1/40) hissasi, ya’ni 400 000 (to‘rt yuz ming) so‘m miqdorda zakot chiqarishni ma’qulladi.
Bu yilgi FITR sadaqasining miqdori viloyat, shahar va tumanlarimizning bozorlaridagi 2 kilogramm bug‘doy narxidan kelib chiqqan holda belgilandi. Masalan, 2018 yilda Toshkent shahar bozorlarida 1 kilogramm bug‘doyning narxi o‘rtacha 2500 (ikki yarim ming) so‘m bo‘lsa, demak 2 kilogramm bug‘doy narxi 5000 (besh ming) so‘m bo‘ladi.
Bu yilgi FIDYA miqdori doimiy uzr bilan ro‘za tutolmaydigan kishilar uchun bir och odamning bir kunlik oziq-ovqati barobarida bo‘lib, o‘rtacha 12 000 (o‘n ikki ming) so‘m, deb belgilandi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Savol: Biz tomonlarda o‘g‘il farzand uchun qilinadigan sunnat (xatna) to‘yiga kelinning otasi yoki aka-ukalari so‘qim (so‘yiladigan qoramol) olib borishlari shartdek bo‘lib qolgan. Hatto bu narsa kelin tarafdagilarning burchi degan tushuncha ham bor. Shuning uchun ayrim hollarda ba’zi otalar nevarasini sunnat to‘yiga yerini sotish yoki katta qarzlarni olishgacha majbur bo‘layapti. Shu ishlar dinimizda bormi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Dinimizda xatnani bor ekanligi barchaga ma’lum va bu uchun ziyofat qilib berish ham bor. Ammo bu narsa farz yoki vojib, hatto sunnat ham emas, balki u ayrim sahobiylarning shunchaki odati bo‘lgan. Lekin u hozirgi kunda avj olgandek bema’ni dabdabozlik bilan emas, balki tor doirada kamtarona dasturxon yozib o‘tkazilgan.
Demak, aslida sunnat ham bo‘lmagan ushbu “to‘y”ga so‘qim olib kelish qiz tomonning burchi deyish mantiqsiz ekani ko‘rinib turibdi. Buni johilona hoyu havas ortidan paydo bo‘lgan xurofot desak, to‘g‘riroq bo‘ladi. Aynan mana shunaqa tayini yo‘q “majburiyat”lar tufayli qanchadan-qancha oilalar jabr ko‘ryapti va hatto ayrim oilalar “so‘qim qilinmagani yoki olib kelingan so‘qimning kichkinaligi” sababidan buzilib ketishgacha ham bormoqda.
Dinimizda hadya ulashishga targ‘ib qilingan. Ammo bu chin yurakdan hamda beruvchiga malol kelmasdan amalga oshirilishi kerak.
Shunday ekan, kuyov tomonga yuboriladigan novvoslarni hadya deb bo‘lmaydi. Chunki bu narsa oshkora yoki zimdan qilingan talab yoki kelin tomonning odamlardan uyalib yoxud “qizim xijolat bo‘lmasin”, deb qiladigan “sovg‘asi” bo‘ladi. Kuyov tomonning kelin tomonga bunday talablar qo‘yishi katta xato va gunoh sanaladi. Qolaversa, chin ko‘ngildan berilmagan narsani yeyish ham shubhali hisoblanadi. Zero Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam shunday deganlar:
لا يحل مال امرئ مسلم الا عن طيب نفسه رواه احمد
“Musulmon kishining moli boshqaga halol emas, faqatgina o‘zi rozi bo‘lib, ko‘nglidan chiqarib bersagina, halol bo‘ladi” (Imom Ahmad rivoyati).
Shunday ekan, bunday ishga chek qo‘yish lozim. Agar qilmoqchi bo‘lsalar, kuyov tomon imkoni darajasida o‘zlari qilsinlar. Agar imkonlari bo‘lmasa, qaynotani zimmasiga yuklamasliklari lozim. Imkon bo‘lmagani uchun bu kabi ehsonni qila olmasa, gunohkor bo‘lmaydi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.