Qur’oni karim musobaqasining nafaqat respublikamiz aholisi, balki butun dunyo bo‘ylab kuzatib borishga sharoit qilgan tashkilotchilar juda katta savoblar olmoqda. Chunki bugungi tomoshabinlar uch guruhdan iborat bo‘lmoqda: bevosita musobaqa zalining o‘zida o‘tirib tinglayotganlar, onlayn orqali viloyatlarda kuzatayotganlar va onlayn vositasida xorijda turib kuzatayotganlar.
Bevosita musobaqada hozir bo‘lganlarning sevinchi ichiga qanchalik sig‘mayotgani ularning o‘zlariga ayon. Negaki, bunday savobli musobaqalar bugungi moddiy dunyoda unchalik ko‘p bo‘lavermaydi va ularda qatnashish har kimga ham nasib etavermaydi.
Viloyatlarimizdagi onlayn tomoshabinlar ham benihoya mamnundirlar. Chunki yo‘l uzoqlik qilib va boshqa sabablar bilan poytaxtga yetib kela olmaganlar uylarida o‘tirgan holda rohatlanib tomosha qilib, qorilarimizning go‘zal tilovatlaridan bahra olib o‘tiribdi.
Xorijlik tomoshabinlarning o‘zi ham uch guruhga bo‘linadi: tamoman xorijlik tomoshabinlar, kelib chiqishi o‘zbekistonlik bo‘lib taqdir taqozosi ila ota-bobolari xorijda yashab qolib, o‘sha makonlarda tug‘ilib o‘sgan tomoshabinlar va ayni kunlarda xorijda ta’lim olayotgan, davolanayotgan, xizmat safarida yurgan va mehnat qilayotgan tomoshabinlardir.
Tamoman xorijlik tomoshabinlarni O‘zbekistonda Qur’on musobaqasining respublika bo‘ylab o‘tkazilayotgani, O‘zbekistonda ham minglab murattab va mujavvid qorilar va qoriyalar bor ekani, o‘zbek xalqining bu tanlovlarga daryodek oqib kelayotgani va qorilarning bu qadar ko‘pligi hamda tilovati har jihatdan go‘zalligi bu mo‘tabar maskanda katta ilmiy baza mavjud ekanidan darak beradi deya baholashmoqda. Yaqindagina yurtimizga kelib ketgan hindistonlik talaba, murattab qori Mahbub Afzal: “Qorilaringiz zo‘r, baribir”, deb yozibdi telegramda.
Ildizi o‘zbekistonlik bo‘lgan tomoshabinlarning, bilasizki, ota-bobolari dahriy sho‘rolar davrida quvg‘inga uchrab ketgan. Ular bu musobaqaning har soniyasini ko‘zda yosh bilan, qalbda sevinch bilan kuzatmoqdalar. Atrofidagi odamlarga mana mening ona yurtimda bo‘lyapti bu musobaqa deya maqtanmoqda.
Vaqtinchalik safarda yurtdoshlarimiz musobaqani kuzatar ekan, minbarda o‘tirgan ulug‘larimizni, zalni to‘ldirib o‘tirgan odamlarimizni ko‘rib, sog‘inchi-yu sevinchi yanada ziyoda bo‘lmoqda. Nasib etsa keyingi yillarda tanlovlarda bizga ham shu muobaqada qatnashish nasib etsin deya duolarga qo‘l ochmoqda. Kecha Chexiya davlatida mehnat qilayotgan kosonsoylik ustalar “Qur’oni karimdan bahra olyapmiz, vatanni qumsab”, deb yozishibdi. Qirg‘izistonlik Alisher Asqarov degan Qur’on muxlisi esa “O‘g‘limni o‘sha yerlarda o‘qitsam bo‘ladimi”, deb havas qilibdi.
Yana eng muhimi, musobaqaning yurtimiz va dunyo bo‘ylab onlayn uzatilishi uning oshkora va shaffofligini ham ta’min etadi. Zero, bunda har bir tomoshabinning o‘zi ham bilganicha qorilarimizni baholab borish imkoniga egadirlar.
O‘MI Matbuot xizmati
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Savol: Ota-onam meni majburlab erga bermoqchi, bola bilan ko‘rishdim va ko‘nglim g‘ash bo‘lib qoldi. Keyin istixora o‘qishni boshladim va baribir ko‘nglim yumshamadi. Uydagilarga tushuntirdim, lekin meni eshitishmayapti. Men qanday yo‘l tutsam bo‘ladi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Dinimizda xotin-qizlarni majburlab erga berishdan man qilingan. Zero, nikoh ikki tomonning roziligi bilan tuziladi. Juvon bo‘lsa, u bilan ochiqcha gaplashiladi, bokira bo‘lsa, undan izn so‘raladi. Bokira (rozilik alomatlari bilan) sukut qilsa, bu uning nikohga izn bergani bo‘ladi.
Barcha fiqhiy manbalarimizda kelin va kuyov o‘z roziligini bildirishi (iyjob va qabul) nikohning asosiy rukni ekani bayon qilingan. Kelin-kuyovdan biri nikohga rozi bo‘lmasa, nikoh durust bo‘lmaydi.
Ota-onaning vazifasi esa farzandini boylik, mansab yoki boshqa g‘arazlar sababli ko‘r-ko‘rona uylanish yoki erga tegishga majburlash emas. Balki farzandiga juft bo‘layotgan yigit yo qizning diyonati, xulq-odobiga va kasb-hunariga e’tibor qilishdir.
O‘z o‘rnida turmush qurayotgan farzand ham ota-onasining tavsiyalari o‘rinli bo‘lsa, qabul qilishi, qaysarlik qilmay ularning hayotiy tajribalaridan foydalanishi kerak.
Xotin-qizlarni majburlab erga berish holatlarida Payg‘ambarimiz alayhissalomning ayolga nikoh yo ajralishni tanlash ixtiyorini berganlari ma’lum. Hatto bir holatda qiz kambag‘al yigitni, ota-ona esa boy yigitni tanlaganida, u zot qizning ixtiyorini ustun qo‘yib:
لم ير للمتحابين مثل النكاح
«Bir-birini yaxshi ko‘rganlar uchun nikohdan yaxshisi yo‘qdir", dedilar (Imom Ibn Moja rivoyati). Vallohu a’lam"
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.