Sayt test holatida ishlamoqda!
08 Fevral, 2025   |   9 Sha`bon, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:07
Quyosh
07:27
Peshin
12:42
Asr
16:06
Shom
17:51
Xufton
19:06
Bismillah
08 Fevral, 2025, 9 Sha`bon, 1446

Islom – ilm manbai

19.04.2018   3808   4 min.
Islom – ilm manbai

Islom – ilmu ma’rifatga yetaklovchi muqaddas din. Alloh taolo Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamga nozil qilgan ilk oyatlarida bunday amr qiladi: “O‘qing ( ey Muhammad! Butun borliqni) yaratgan zot bo‘lmish Rabbingiz ismi bilan! (U) insonni laxta qondan yaratdi. O‘qing! Rabbingiz esa karamli zotdir. U insonga qalam bilan (yozishni ham) o‘rgatdi. U insonga bilmagan narsalarini bildirdi” (Alaq surasi 1-5 oyatlar).

Ushbu oyat mazmunidan bildikki, islomning ilk boshlanishi ilm olishga targ‘ib qilish bilan yuzaga kelgan. Shunday ekan, islom – ilm manbai deb aytishga xaqlimiz. Zumar surasining 9-oyatida “...Biladiganlar bilan bilmaydiganlar teng bo‘lurmi?!...” deb marhamat qilingan. Albatta, ularning teng bo‘lmasligi hammaga ayon. Chunki ilm insonni ma’naviyatga, ma’rifatga yetaklab darajasini yuksaklarga ko‘taradigan yagona manbadir. Imom Abu Dovud va Imom Termiziy rivoyat qilgan hadisda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Olimlar  payg‘ambarlarning merosxo‘rlaridir. Payg‘ambarlar dinor yoki dirham meros qoldirmaganlar, balki ilmni meros qilib qoldirganlar”, deb marhamat qilganlar.

Demak, islom dinida ilm har qanday boylikdan ustun keladigan bebaho durdonadir. Islom misoli bir qaynab turgan buloq bo‘lsa, ilm undan otilib chiqayotgan zilol suv zarralaridir. Kimgaki ana shu suvdan ichish nasib qilgan bo‘lsa, dunyo va oxiratda uning darajasi baland bo‘ladi.

Tarixdan ma’lumki, bizning bobakalonlarimiz islom dini asosida fanlarni chuqur o‘zlashtirib ilm cho‘qqisida baland parvoz qilganlar. Hozirgacha va hatto qiyomatgacha insoniyatni lol qoldiradigan darajadagi  ilm, fan yutuqlariga erishganlar. Bugunlik kunda ham yurtimizda olib borilayotgan odilona siyosat xalqimizning ilmga bo‘lgan qiziqishini kundan kunga oshirib inson manfaatini yuqori darajaga olib chiqishga qaratilgan.

Ayniqsa, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 16 aprel kuni qabul qilingan “Diniy-ma’rifiy soha faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni ko‘p asrlik milliy va diniy qadriyatlarimizni asrab-avaylash, dunyo ilm fani va madaniyati rivojiga ulkan hissa qo‘shgan ajdodlarimizning bebaho merosini o‘rganish, uning asosida yoshlarni komil inson etib tarbiyalash, jamiyatda barqaror ijtimoiy-ma’naviy muhitni taminlashning muhim shartlaridan biri hisoblanadi.

Farmondagi islom ilm-fani va madaniyatiga beqiyos hissa qo‘shgan buyuk ajdodlarimizning ibratli hayoti va boy ilmiy merosini chuqur o‘rganish, mamlakatimiz davrug‘ini jahon miqiyosida keng yoyish ishiga munosib hissa qo‘shib kelayotgan shaxslarni  rag‘barlantirish maqsadida “Imom Buxoriy” davlat mukofatini ta’sis etish haqidagi bandi, yurtdoshlarimizning o‘z ustida yanada mas’uliyat bilan ishlab O‘zbekistonimizning dunyo sahnasidagi o‘rnini balandlarga ko‘taradi, inshoalloh.

Yana bir bandida diniy-ma’rifiy sohada namunali faoliyat yuritayotgan, ijtimoiy-ma’naviy ishlarda alohida o‘rnak ko‘rsatayotgan soha vakillarini rag‘barlantirish, shu jumladan, davlat mukofotlariga taqdim etish masalasi aytilgani islom dinining tinchlik, do‘stlik, ilmu fanni targ‘ib qiluvchi xaq din ekanini yana bir bor tasdiqlaganidir.

Islom yaxshilikni, savob ishni, ezgulikni qo‘llab-quvvatlaydi. Farmonning yana bir bandida Hadis ilmi maktabini tashkil etilishi hamda Qur’oni karim va hadislarning asl mohiyatini o‘rganish, hadisshunos mutaxasislarni tayyorlash Hadis ilmi maktabining asosiy vazifalari etib belgilanganligi yurtimizdan yana Imom Buxoriy izidan boradigan muhaddislar yetishib chiqishiga poydevordir.

Ibroxim surasining 7-oyatida Alloh taolo: “Yana Rabbingiz e’lon qilgan (bu so‘zlar)ni eslangiz: “Qasamki, agar (bergan) ne’matlarimga shukr qilsangizlar, albatta (ularni yanada) ziyoda qilurman. Bordi-yunoshukrlik qilsangizlar, albatta, azobim (ham) juda qattiqdir”, deb marxamat qilgan. Yurtimizda olib borilayotgan islohotlar, tinchlik-xotirjamlik, tez suratda rivojlanish – buning bari Allohning bizga bergan in’omlaridir.

Shunday ekan, hammamiz jam bo‘lib yurtboshimiz chiqarayotgan farmoni oliylarni hayotimizga tadbiq etib shukronalar qilishimiz eng to‘g‘ri yo‘ldir. Ahmad va Muslim rivoyat qilgan hadisda: “Kimki biror kishini yaxshi ishga da’vat qilsa, unga o‘sha yaxshilikni bajarganning savobi beriladi”, deyilgan. Zero, yaxshilikka dalolat qilish musulmon bandaning har kuni qilishi lozim bo‘lgan ishlaridandir.

Alloh taolo hammamizga savob ishlarda bardavom bo‘lib, inoq-ittifoq, ahillikda hayot kechirishimizni nasib qilsin.

 

Zayniddin ESHONQULOV,

Samarqand viloyati bosh imom-xatibi

 

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Farosat sohiblari saodatlidir

7.02.2025   2879   5 min.
Farosat sohiblari saodatlidir

Kishining ma’rifati yuksalgani sari undagi farosat nuri ham kuchayib boraveradi. Farosat – kishida tez va to‘g‘ri fahmlay olish qobiliyati, zakovat, diddir.


Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam: Mo‘minning farosatidan qo‘rqinglar. Chunki u Allohning nuri ila qaraydi”, deya marhamat qilganlar (Imom Termiziy rivoyati).


Ulamolarimiz ushbu hadisni sharhlab: “Mo‘minning farosatidan qo‘rqing” ya’ni ma’siyatlarning oshkorasidan ham, maxfiysidan ham saqlaninglar. Ehtimol, mo‘min kishi qilayotgan gunohlaringizni basirat ko‘zi ila ko‘rib turar, natijada uning oldida izza bo‘lasizlar. Chunki komil mo‘min sizlar yashirayotgan narsaga Alloh taolo ato etgan qalb ko‘zi bilan nazar soladi va haqiqatni his etadi”, deyishgan.


“Tuhfatul oliy” kitobida farosat uch xil – iymoniy, riyoziy va xalqiy bo‘lishi ta’kidlangan.


Iymoniy farosat – banda qalbiga Alloh taolo solgan nuridir. Ushbu farosat iymon quvvatiga ko‘ra turlicha bo‘lib, iymon qanchalik kuchli bo‘lsa, farosat ham shuncha o‘tkir bo‘ladi. Ulamolar bunga misol qilib, Usmon roziyallohu anhuning hayotida sodir bo‘lgan voqeani keltiradilar.


Bir kishi hazrat Usmon roziyallohu anhuning huzuriga kelayotib, yo‘lda bir nomahram ayolga qarab qo‘ydi. Hazrat Usmon:

– Biringiz ko‘zlaridagi gunoh asorati bilan kirib kelmoqda, – dedi. Haligi kishi hayrat-la:

– Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdan keyin ham vahiy bormi?! – deya g‘alati ahvolga tushib qoldi. Usmon roziyallohu anhu:

– Yo‘q, lekin sodiq farosat bor, – dedilar.


Riyoziy farosat – to‘yib taom yemaslik, bedorlik va aqliy mashg‘ulotlar bilan ko‘p shug‘ullanish orqali hosil bo‘lib, narsalarning haqiqatini anglash to‘g‘risidagi ma’lum bir tushuncha yuzaga keladi. Ushbu farosat faqat mo‘min kishiga xos emas, balki mazkur riyozatlarni chekkan boshqa insonlarda ham bo‘lishi mumkin. Chunki bu farosat iymonga ham, valiylikka ham dalolat qilmaydi. Shuningdek, faqat xaqiqatni ham, to‘g‘ri yo‘lni ham ko‘rsatib bermaydi.


Xalqiy farosat – Alloh taoloning hikmati taqozo qilgan narsalardan xulosa chiqarish iste’dodi.


Abdulxoliq G‘ijduvoniy hazratlari shogirdlariga dars berib turganida majlisga bir yigit kirib keladi-da, iltifotsizlik bilan: Mo‘minning farosatidan qo‘rqing. Chunki u Allohning nuri bilan qaraydi”, degan hadisning mazmunini so‘raydi. Abdulxoliq G‘ijduvoniy hazratlari unga: “Bu hadisning ma’nosi shuki, bo‘yningdagi xochni yechgaysan”, deydi. U xochi borligini inkor qildi. Shunda ustozning ishorasi bilan shogirdlar uning to‘nini yechishganda, xochi ko‘rinib qoladi va siri fosh bo‘ladi. U mazkur hadisning isbotini ko‘rgani bois iymonga kelib, Islomni qabul qiladi.


Imom Shofe’iy va Imom Muhammad ibn Hasan rahimahumalloh Masjidi Haramda o‘tirishsa, bir notanish kishi masjidga kirib keldi. Shunda Imom Muhammad uning yurishi va o‘zini tutishiga qarab: “Bu odam duradgor bo‘lsa kerak”, dedi. Imom Shofe’iy esa: “Menimcha, bu odam temirchi-yov”, dedi. Shunda o‘sha odamni o‘zidan so‘ralgan edi: “Men avval temirchi edim, ayni paytda duradgorlik qilmoqdaman”, deb javob beradi (“Risolatul Qushayriya”). Ya’ni, har ikki olim ham farosatlarining o‘tkirligidan notanish kishining kasbini aniq topa olishgan.


Shuningdek, ulug‘larning maqomi va ehtiromini o‘z o‘rniga qo‘ya olish ham kishining farosatidan sanaladi. Masalan, bir kishi Abbos ibn Abdulmuttalib roziyallohu anhudan: “Siz kattamisiz yoki Rasulullohmi?” deb so‘radi. Shunda u zot: “U zot mendan kattalar, lekin men u zotdan avvalroq tug‘ilganman”, – deb javob bergan.


Kishi suhbatdoshiga malol kelmaydigan tarzda ta’lim berishi ham farosatdir. Masalan, bir kishi Abdulloh ibn Muborak rahimahullohning oldida aksa urdi va sunnatga muvofiq hamd aytmadi. Shunda Abdulloh ibn Muborak odob bilan o‘sha odamdan savol so‘rovchi talabadek: “Taqsir, kishi aksa urganda sunnatga ko‘ra nima deydi?” deb so‘radi. Haligi odam: “Alhamdulillah”, dedi. Shunda u zot: “Yarhamukalloh” deya javob qaytardi.


Farosatni ziyoda qilish uchun har ishda dinimizga amal qilish zarur. Ibn Shujo’ Kirmoniy rahimahulloh bunday deydi: “Kim zohirini sunnatga ergashish bilan, botinini Allohning muroqabasi (nazoratini yodda saqlashi) bilan obod qilsa, ko‘zini haromdan to‘ssa, nafsini ortiqcha istaklaridan tiysa, halol luqmaga odatlansa, farosati o‘tkirlashadi” (“Hilyatul avliyo”).


Bugungi kunda farzandlarimizning ta’lim-tarbiyasiga, ularning yuksak farosat sohiblari bo‘lib kamol topishlariga har qachongidan ko‘ra ko‘proq e’tibor qaratishimiz darkor. Buning uchun, avvalo, o‘zimiz ham, farzandlarimiz ham kitob mutolaasiga odatlanishimiz, ilm-ma’rifat egallash harakatida bo‘lishimiz lozim. Zero, Imom Abu Homid G‘azzoliy: “Ilmning ko‘payishi, ma’rifatning kengayishi – tafakkur mevasidir”, degan.

G‘ulomiddin XOLBOYEV,

O‘zMI Fatvo markazi direktor o‘rinbosari

Maqolalar