Bu yorug‘ dunyoda hayot bor ekan – oila bor. Oila bor ekan – farzand deb atalmish bebaho ne’mat bor. Farzand bor ekan, odamzod hamisha ezgu orzu va intilishlar bilan yashaydi. Farzandlarimiz – bizning kelajagimiz. Xalqimiz ertasining qanday bo‘lishi farzandlarimizning bugun qanday ta’lim va tarbiya olishiga bog‘liq.
Oila davrasida qiladigan har bir harakatimiz, og‘zimizdan chiqadigan har bir so‘z farzandning tarbiyasiga, uning shakllanishiga ijobiy yoki salbiy ta’sir ko‘rsatishi tabiiy. Harakatlarimizni o‘ziga ko‘chirgani singari hali shakllanmagan so‘z zaxirasiga bizning so‘z boyligimizdan andoza oladi. Avvalambor, oilaning tinch – totuv, oila a’zolarining bir – birlariga mehr – oqibatli bo‘lishlari farzand tarbiyasida muhim va munosib o‘rin egallaydi.
Alloh taolo Qur’oni karimda: “Farzandlar dunyo hayotining ziynatidir”, deya farzandlarni dunyo va oxirat saodati, ziynati qilib qo‘ydi. Go‘zal tarbiya sir – asrorlarini esa, o‘zining suyukli Rasuli orqali bizlarga ta’lim berdi. Asrlar osha ta’lim – tarbiya meros o‘laroq ulug‘ olimu – ulamolar orqali bizgacha yetib keldi. Ularning tarbiya borasidagi bebaho o‘gitlari, bosqichma – bosqich holda, yosh va mijozga e’tibor berib amalga oshirgan ishlari mustaqil kelajakning mustahkam poydevorlarini yetishtirishda ahamiyatli o‘rin egallaydi.
Farzand niholga o‘xshaydi. Agar u o‘z vaqtida, yaxshi parvarish qilinmasa, to‘g‘ri o‘smay qolishi mumkin. Ota-onaning vazifasi esa bolaga chiroyli tarbiya berish, yaxshi inson qilib voyaga yetkazishdir. Abdurauf Fitrat bu borada bunday yozadi: “Axloqi go‘zal farzand Allohning ne’matidir. Yaxshi tarbiya insonning baxtu-iqboli omilidir. Ba’zi fe’lu atvor tug‘ma bo‘lsa-da, yaxshi xulq ko‘pincha shakllantiriladi”.
Luqmoni Hakimdan “Nega o‘g‘lingizga juda ko‘p nasihat qilasiz?” deb so‘rashdi. U zot: “Keksalarning yoshlarga qilgan nasihati xuddi ko‘chatlarni voyaga yetkazadigan bog‘bon kabidir. U vaqt-vaqti bilan ko‘chatlarning ortiqcha shoxlarini kesadi, ular atrofidagi begona o‘t-o‘lanlarni tozalab tashlaydi. Xullas, uning mustahkam bo‘lib o‘sishi uchun bor kuch-quvvatini sarflaydi. Agar shunday qilsa, nihol yaxshi o‘sib, unadi. Zero, u hosilga kirgach, mevasi asaldek shirin bo‘ladi. Aks holda, bog‘bon beparvo bo‘lib, ko‘chatlarning ortiqcha shoxlarini kesmasa, ular baland o‘sib, yaxshi hosil bermaydi. Natijada, bunday niholdan bog‘bonga kam foyda yetadi”.
Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) bunday marhamat qiladilar: “Kishining o‘z farzandini chiroyli odob-axloq bilan tarbiyalashi ko‘p miqdordagi nafl sadaqa berishidan yaxshiroqdir” (Imom Termiziy rivoyati). Boshqa bir hadisda: “Ota bolaga go‘zal odobdan yaxshiroq narsani bera olmaydi” (Imom Termiziy rivoyati), deyiladi.
Bolaning tabiati, xulq-atvori oiladagi muhitga bog‘liq. Albatta, yaxshi farzandlar o‘z-o‘zidan voyaga yetmaydi. Balki oilada ota-ona nazoratida tarbiyalanib, ulg‘ayadi.
Abu Ali ibn Sino farzand tarbiyasi haqida bunday degan: “Bola ta’lim-tarbiya oladigan joyda odob-axloqli, turmush tarzi namunali bolalar bo‘lishi lozim. Zero, bola har bir narsani ularga taqlid qilib o‘rganadi va ular bilan do‘st bo‘ladi”.
Har tomonlama barkamol farzandni voyaga yetkazish borasida ulug‘larning juda ko‘p tavsiyalari bor. Ularni bolalarda shakllantirilishi quyidagicha bayon qilinadi: Islom, ilm, diyonat, qanoat, intizom, vijdon, vatanparvarlik, adolat, muhabbat, iffat, sabr, to‘g‘riso‘zlik, ibrat nazari bilan qarash, sir saqlash va hokazo.
Shu bilan birga farzandni hasad, manmanlik, takabburlik, yolg‘on gapirish, aldash, munofiqlik, baxillik, bekorchilik, jahl, g‘azab, g‘iybat, behuda so‘zlarni gapirish, mazax qilish, shahvatga berilish, so‘kish, tama’ qilish, zulm, johillik kabi yomon xislatlar rivojlanishidan muhofaza qilish zarurligi ham aytiladi.
Ruhan tetik va axloqli farzand ulug‘ ne’matdir. Farzandi barkamol inson bo‘lib voyaga yetishini istagan har bir ota-ona uni sog‘lom e’tiqod asosida to‘g‘ri tarbiyalashi zarur.
O‘MI Matbuot xizmati
Bugungi kunda Imom Moturidiy va moturidiylik haqida ko‘plab kitob, maqola, magistrlik, doktorlik ishlari bajarilmoqda. Imom Moturidiy hayotini atroflicha o‘rganish, uning fiqh, aqida va tasavvuf fanlariga aloqador jihatlarini ochib berish bugungi kunning dolzarb masalalaridan biri hisoblanadi.
Imom Moturidiy xalqni jipslashtirishda, uning bilimini mustahkamlashda, bag‘rikenglik tamoyillarini yoyishda muhim ahamiyat kasb etadi. Uning adashgan toifalar bilan keskin tortishuvlari, sog‘lom e’tiqod asoslarini himoya qilishi musulmonlar orasida iliq qabul qilingan. Bugungi kunda ham Moturidiyning ilm-ma’rifatga bo‘lgan munosabati xalqimiz ma’naviy hayotida alohida o‘rin egallaydi.
Moturidiy ta’limotlari nafaqat diniy, balki umuminsoniy qadriyatlarga ham asoslangan. U insonlar o‘rtasidagi hamjihatlik va bag‘rikenglikni alohida ta’kidlab, musulmonlar orasida tinchlik hamda totuvlikka chaqirgan. Bu g‘oyalar bugungi kunda jamiyatimiz uchun ham dolzarb hisoblanadi.
Abu Mansur Moturidiy hayoti va ijodiga oid manbalar Abul Yusur Pazdaviy (493-1100)ning “Usul ad-din”, Abu Muin Nasafiyning (508-1114) “Tabsirat al-adilla”, Ibn Fazlulloh Umariyning (749-1348) “Masolik al-absor fi mamolik al-amsor”, Abdulqodir ibn Abul Vafo Qurashiyning (775-1373) “al-Javharat al-muziya fi tabaqot al-hanafiya”, Ibn Qutlubug‘oning (879-1474) “Toj at-tarojim”, Muhammad Murtazo Zabidiyning (1205-1791) “Ithof as-sodat al-muttaqin bi-sharhi Ihyo ulum ad-din” va Muhammad Abdulhay Laknaviyning (1304-1887) “al-Favoid al-bahiya fi tarojim al-hanafiya” asarlarida uchraydi. Shuningdek, zamonaviy tadqiqotchilardan Abdulmalik Sa’diy, Shovosil Ziyodov, Saidmuxtor Oqilov, So‘nmas Qutlug‘, Hamza Bakriy, Sa’d Ahmad Damanhuriy, Bilqosim G‘oliy kabi mutaxassislar mavzu doirasida risola va ilmiy ishlar e’lon qilgan.
Muhammad ibn Muhammad ibn Mahmud Abu Mansur Moturidiy Samarqandiy (333-944) – islom olamining buyuk olimlaridan biri bo‘lib, uning nomini tilga olgan har bir musulmon ilmu irfon va ma’rifat olamining beqiyos nurini his etadi. Moturidiy o‘z davrida nafaqat aqida va kalom ilmida, balki umumiy islom ilmlarini shakllantirishda ham beqiyos hissa qo‘shgan buyuk zotdir. U tanlagan yo‘l bugungi kunda ham ahamiyatini yo‘qotmagan va musulmon ummatining ma’naviy merosi sifatida o‘rganilib kelmoqda.
U yashagan davrga kelib (IX asrning oxiri – X asrning birinchi yarmi) Movarounnahrda to‘g‘ri yo‘ldan adashgan turli guruh va firqalar ko‘paydi. Ularning aksari iymon-e’tiqod masalalari bo‘yicha bahsu munozaralar tufayli vujudga kelgan edi. Mana shunday murakkab sharoitda alloma Abu Mansur Moturidiy yetishib chiqdi va ularning noto‘g‘ri fikrlariga asosli raddiyalar berdi. U hanafiy mazhabi asoschisi Abu Hanifaning (699-767 yy.) ta’limotiga suyangan holda o‘ziga xos kalom maktabini yaratdi. U asos solgan moturidiylik ta’limoti keyinchalik Samarqand kalom maktabi doirasidan chiqib, butun islom olamiga tarqaldi va sunniylikdagi ikki yirik kalom maktabining biri sifatida tanildi.
Manbalarda Imom Moturidiyning “Rabboniy olim va zohid” deb vasf etilishi, tasavvufda uni yuqori martabalarga chiqqanini anglatadi. Jumladan, olim o‘zining “Ta’vilot al-Qur’on” tafsirining bir qator o‘rinlaridagi oyatlar sharhida ilohiy muhabbat, zuhd, taqvo, dunyoga berilmaslik kabi tasavvufning nozik qirralari haqida so‘z yuritgan. Mazkur oyatlarning tafsirida kelgan ma’lumotlar Imom Moturidiyning tasavvuf peshvosi sifatida baholash imkonini beradi.
Xususan, u “Ahzob” surasining 113-oyati sharhida zuhdni ikki qismga taqsimlab, uni batafsil izohlagan. Shuningdek, Imom Moturidiy: “Yer yuzi nabiy yoki valiydan xoli bo‘lmaydi” degan. Abul Yusur Pazdaviy (vaf. 493-1100) o‘zining “Usul ad-din” asarida Imom Moturidiy haqida quyidagilarni qayd qilgan: “U karomat sohibi va ahli sunna val jamoaning raislaridan bo‘lgan. Bobom Zohid Abdulkarim ibn Musodan naql qilishicha, Moturidiyning ko‘plab karomatlari bo‘lgan”.
Alisher Navoiy o‘zining “Nasoyim al-muhabbat” asarida ham Imom Moturidiyning karomatini zikr qilib, u kishi haqida shunday degan: “Shayx Abu Mansur al-Moturidiy o‘z zamonining a’lam ulamosi ermish. Ul vaqt ulamosi alarni “Sulton al-muizzin” der ermishlar. Zohir va botin ulumlari bila orosta ermishlar”.
Bugungi kunda moturidiylik ta’limotini izchil o‘rganish, manbalarini atroflicha tahlil qilish xorijiy va mahalliy mutaxassislar oldida turgan ulkan vazifalardan biridir. Imom Moturidiy xalqaro ilmiy tadqiqot markazi tomonidan olimning “Ta’vilot al-Qur’on” va “Kitob at-tavhid” asarlarini o‘zbek tiliga tarjima qilinishi yurtimizda moturidiylik ta’limoti tadqiq qilinishining yanada rivojlanishi belgisi sifatida baholash mumkin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli qaroriga asosan joriy yilda Imom Moturidiy tavalludining 1155 yilligi keng nishonlanishi va Samarqand shahrida “Moturidiylik – barikenglik, mo‘tadillik va ma’rifat ta’limoti” nomli xalqaro ilmiy-amaliy anjuman o‘tkazilishi buyuk olimning xizmatlarini xalqaro miqyosda e’tirof etilishiga zamin yaratadi.
A.Alloqulov, Imom Moturidiy xalqaro
ilmiy-tadqiqot markazi bo‘lim boshlig‘i.
O‘zA