Bu dunyoda Allohning hukmi bilan insonlar moddiy imkoniyatlariga ko‘ra turli toifalarga bo‘linadi. Albatta, Alloh barchani boy qilishga qodir bo‘la turib, ularni boy va kambag‘al qilib qo‘yishida hikmat bor. Alloh ba’zilarga rizqni keng va ba’zilarga esa tor qilib berganidagi asosiy hikmatlardan birini bayon qilib shunday deydi: «Agar Alloh bandalarining rizqlarini keng-mo‘l qilib yuborsa, albatta, ular yer yuzida tajovuzkorlikka o‘tib ketgan bo‘lur edilar. Lekin U o‘zi xohlaganicha o‘lchov bilan (rizq) tushirur. Albatta, U bandalaridan xabardor va (hamma narsani) ko‘rib turuvchidir» (Sho‘ro surasi 27 oyat).
Sadaqa va ehsonning barcha ko‘rinishlari, xoh u nafl bo‘lsin xoh farz bo‘lsin, barchasi gunohlarning o‘chirilishiga sabab bo‘ladi. Muoz ibn Jabal roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «…Suv olovni o‘chirganidek, sadaqa gunohlarni o‘chiradi», dedilar» (Termiziy rivoyati).
Alloh yo‘lida qilinadigan sadaqa va ehsonlarning fazilati to‘g‘risida Qur’onda shunday deyilgan: «Sadaqalaringizni agar oshkora bersangiz, juda yaxshi. Bordi-yu, kambag‘allarga pinhona bersangiz – o‘zingiz uchun yanada yaxshiroqdir va (U) gunohlaringizdan o‘tar. Alloh qilayotgan (barcha) ishlaringizdan xabardordir» (Baqara surasi, 271 oyat). Demak, sadaqani xoh oshkora xoh yashirincha bersin, niyati xolis bo‘lsa, sadaqaga va’da qilingan mukofotga ya’ni gunohlarining kechirilishiga erishadi. Ulamolar sadaqani insonning imoni borligini tasdiqlovchi amal deyishgan. Chunki xayri ehson qiluvchi kishi o‘ziga begona bo‘lgan va hech ham manfa’at kelmaydigan odamga imkonidan kelib chiqib bir narsani beradi.
Abu Molik Ash’ariy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Sadaqa hujjat va dalildir (ya’ni imoni borligiga)», dedilar» (Imom Termiziy rivoyati). Demak, xayri ehson qilish orqali imonimiz borligini tasdiqlovchi hujjatni qo‘lga kiritgan bo‘lar ekanmiz. Abu Kabsha al-Anmoriy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. «Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: «Uch narsaga qasam ichaman: «Bandaning moli sadaqa ila nuqsonga uchramas. Banda bir zulmga uchrasa-yu, unga sabr qilsa, albatta, Alloh uning izzatini ziyoda qilur. Banda tilanchilik eshigini ochsa, albatta, Alloh unga faqirlik eshigini ochar», dedilar.
Adiy ibn Hotam roziyallohu anhudan rivoyat qilingan yana bir hadisda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: «Qaysingiz yarimta xurmoni sadaqa qilib bo‘lsa ham, yuzini do‘zax olovidan asrashga qodir bo‘lsa, shu ishni qilsin», dedilar (Imom Termiziy rivoyati).
Ehson qilish eng oldin sizni avaylab-ardoqlab katta qilgan, yedirib-ichirgan, kiyintirgan, chiroyli ta’lim, xulqu odob o‘rgatgan, kamolga yetkazib uyli-joyli qilgan ota-onadan boshlanadi. Shundan keyin qarindosh-urug‘lar, o‘zgalar mehr-muruvvatiga muhtoj bo‘lib qolgan yetimlar, kambag‘al-faqirlar, safarda aziyat chekayotgan musofirlarga ehson qilinadi.
Ehson-sadaqa qilinishi lozim bo‘lgan toifalar haqida Payg‘ambarimiz alayhissalomdan bir necha hadisi shariflar vorid bo‘lgan: «Miskinga qilingan sadaqaga bitta savob, qarindoshga qilingan sadaqaga ikkita savob: biri sadaqa, ikkinchisi silai rahm uchundir»; «Rasuli akram alayhissalom: ya’ni: «Yetimni qaramog‘iga olgan kishi bilan men jannatda mana bunday yonma-yon turamiz», dedilar hamda ko‘rsatkich va o‘rta barmoqlarini juftlab ko‘rsatdilar». Boshqa hadisda esa, ya’ni: «Beva va miskinga ehson qilish uchun harakat qilgan kishi Alloh yo‘lida jang qilgan, tuni bilan namoz o‘qigan va kun bo‘yi ro‘za tutib yurgan kishi kabidir» (Imom Buxoriy va Muslim rivoyati).
Yuqorida keltirilgan oyat va hadislarga binoan har bir musulmon atrofidagi kishilarga mehribon, himmatli, saxovatpesha va sadoqatli bo‘lishi lozim. Bu imtihon dunyoda bizlarga berilgan ma’naviy va moddiy boyliklarini Alloh va uning Rosulining ko‘rsatmalariga monand sarf qilib, Qiyomat kunida “Saxiy boylar” qatorida turmoqlikni nasib aylasin.
Ulug‘bek NAZIROV
Andijon shahar
“Xoliqberdiboy” jome masjidi imom xatibi
O‘MI Matbuot xizmati
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Ayting-chi, Qur’onda nechta hukmiy oyat bor? Eng uzog‘i 500 ta hukmiy oyat bor. Hukmga doir nechta hadis bor? Ba’zi ulamolar 500 ta deyishgan, ba’zilari 700, 1000, 1500, 2000, 3000 gacha deyishgan. Men faqat hukmga doir hadislarni aytyapman. Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan vorid bo‘lgan sahih hadislar nechta? 8 mingtadan 12 mingtagacha deyilgan. Umuman olsak, sunnat zaxirasida nechta ahkom hadislari bor? Yuqorida aytganimizdek, 500, 1000, 2000, 3000...
Qur’ondagi hukmga oid oyatlar bilan qo‘shganda, 5000 ta deylik. Lekin hayotda millionlab, o‘n millionlab masalalar bor-ku. Shulardan taxminan 5000 tasiga Qur’on va Sunnatdan dalil toparmiz. Lekin qolgan millionlab masalalarga-chi? Shaxsiy masalalaru, muomalot bobini qo‘yib turaylik, namozning o‘zini olsak, undagi holatlarning mayda tafsilotlariga bu 5000 taning ichidan dalilni topa olmasak-chi? Ikki yo‘ldan birini tanlash kerak bo‘lyapti. Agar Qur’on va Sunnatning zohiriga cheklanib qolsam, Qur’ondagi «U har bir narsani bayon qiluvchidir» degan oyatni yolg‘onga chiqarishimga to‘g‘ri kelib qoladi. Alloh asrasin, hatto namozdagi hamma holatlarni to‘liq bayon qilib bera olmasa, qanday qilib har bir narsani bayon qiluvchi bo‘la oladi?! Agar faqat Qur’on va Sunnatning o‘zi bilangina cheklansam, go‘yoki dinsizlikka chaqirayotgan bo‘lib qolar ekanman, chunki hayotning hamma jabhalariga hukm topib bera olmay qolaman. Vaholanki, Alloh taolo: «Bu kun diningizni mukammal qilib berdim», deyapti. Demak, bu din mukammal bo‘lishi kerak. Lekin Qur’on va Sunnatda kiyim-kechak, samolyot, avtomobil, shirkatlar va boshqa minglab ijtimoiy masalalarga tegishli ochiq hukm topa olmayman, chunki men dalillarni shu ikki manbaga, ulardagi muayyan adadga cheklab qo‘ygan bo‘laman.
Mana shuning uchun din dushmanlari dinni yo‘q qilish, uni amaldan chiqarib yuborishni da’vo qilishyapti. Tashaddud va tahallul yo‘nalishlari mana shunga chaqirishyapti, ya’ni Islomni dalillarning zohiri bilan cheklab qo‘yishga harakat qilishyapti. Xo‘sh, unda nima bo‘ladi? Odamlar muomalotda (ya’ni o‘zaro oldi-berdi, oilaviy masalalar, da’volashuv ishlari, meros borasida), umuman olganda, yurish-turishda dindan uzoqlashib ketadi. Dalillarning faqat zohiriga amal qilaman desa, hayotning juda oz jabhalaridagina Islomga amal qila oladi.
U holda qolgan amallarning hukmi nima bo‘ladi? Ularni qayerdan olamiz? Alloh taolo bu savolga: «Bilmasangiz, zikr ahlidan so‘rang», deb javob berdi. Demak, bundan boshqa hukmlar ijtihod, istinbot, ya’ni dalildan hukm chiqarish orqali olinadi. Mana shu yo‘l, ya’ni ijtihod qilish sahihligiga cheksiz dalillar bor.
Demak, yana mavzuimizga qaytsak. Har bir masalaga dalil kerak, lekin «Dalil – faqat Qur’on va Sunnatning o‘zi» desak, qiyin ahvolda qolamiz. Qur’on va Sunnatda ochiq dalili bor masalalar barcha masalaning hukmini olishga yetarli emas. Shuning uchun bu noto‘g‘ri yo‘ldir, chunki masalalar shu qadar ko‘pki, «O‘n mingta masaladan bittasiga ochiq-oydin dalil bor», desak ham, mubolag‘a qilmagan bo‘lamiz. O‘n mingta masaladan bittasiga! E’tibor bering, dalili Qur’on va Sunnatda bor bo‘lgan masalalar o‘n mingta masaladan bittasiga to‘g‘ri keladi.
Shuning uchun biz «Har bir fiqhiy masalaning dalili bor» deganda, umumiy dalillarni, qiyos va qoidalarni ham tushunamiz. Dalilsiz biron masala yo‘q, degani mana shudir. Masalani tor olib, «Dalil - faqat Qur’on va Sunnat» desak, o‘n mingta masaladan bittasiga dalil topa olar ekanmiz. Shu e’tibordan, agar mendan o‘sha o‘n mingta masaladan bittasining hukmini talab qilib, qolgan barcha masalani inkor qilsangiz, Islomni bekor qilgan bo‘lasiz. Tashaddud yo‘nalishiga chaqiradiganlar shunday qilishyapti.
Biz ular haqida hazil qilib, bunday deymiz: «Ularning oltmishta masalasi bor, Islom shu oltmishta masaladan iborat, tamom. Qolgan jabhalar Islom emas. Ular uchun Islom nima? Faqatgina shanba kuni ro‘za tutib bo‘lmaydi, yigirma rakat namoz yo‘q, kalta ishton kiyish kerak, soqol va shunga o‘xshagan sanoqli gaplarni aylantiraverishadi».
Lekin muomalot masalasi, shaxsiy holatlar haqidagi masalalar, davlat ishlari haqida gaplashaylik, desangiz, hech narsa bilishmaydi, chunki ular Islomni o‘n mingta, balki millionta masaladan bittaginasi bilan cheklab qo‘yishdi. Yomon xulqlar, takabburlik, tasarrufotlar, musulmonlarni o‘ldirish, harom ishlarni halol sanash va boshqa mavzular bilan ularning ishi yo‘q. «Men faqat dalilga ergashaman», deyishadi. Qanday dalilga? Sen gumon bilan da’vo qilyapsan. Sen bu ishing bilan shariatni to‘xtatishga, uni bekor qilishga da’vat qilyapsan. Sen har bir masalaga ochiq-oydin dalil talab qilsang, bu narsa zohiran yaxshi ishdek ko‘rinaveradi, lekin aslida bu dinni, uning hukmlarini yemirish bo‘ladi, shariatning ahkomlarini bekor qilish bo‘ladi.
Har bir masalaga dalil topasiz, lekin o‘sha dalil Qur’on va Sunnatdan kelib chiqqan qoidalardan bo‘ladi. Yuqorida ham aytdik, hanafiy mazhabi qoidalar majmuasidir, Qur’on va Sunnatdan xulosa qilib olingan qoidalar to‘plamidir. Qur’on va Sunnat asosida qoidalar ishlab chiqilgan, ana shu qoidalardan esa fiqhiy masalalar kelib chiqqan. Demak, bizning dalilimiz ham Qur’on va Sunnatdan olingan, lekin o‘rtadagi ma’lum vosita orqali olingan. Hukm qoidadan olingan, qoida esa Qur’on va Sunnatdan olingan. Bundan boshqacha bo‘lishi mumkin ham emas. Har bir hukmning dalili borligi mana shudir. Istisnosiz, millionta fiqhiy masala bo‘lsa ham, mana shu yo‘l bilan uning dalilini topaverasiz. Lekin Qur’on va Sunnatdan ochiq-oydin dalil qidirsangiz, o‘n mingta masaladan bittasiga dalil topasiz, xolos.
«Hanafiy mazhabiga teran nigoh» kitobidan