Sayt test holatida ishlamoqda!
22 Iyul, 2025   |   27 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:31
Quyosh
05:09
Peshin
12:35
Asr
17:37
Shom
19:54
Xufton
21:24
Bismillah
22 Iyul, 2025, 27 Muharram, 1447

Hayotimiz muhofazasi

08.04.2018   3963   2 min.
Hayotimiz  muhofazasi

Yo‘l ommaga tegishli, binobarin, unga zarar yetkazish mumkin emas. Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam): «Yo‘lga o‘z haqini bering­lar», deb marhamat qildilar. U zot yo‘lovchilarning haqini e’tiborga olib, yo‘l o‘rtasida namoz o‘qishdan qaytardilar, safarlarida biror joyda to‘xtaganlarida boshqa yo‘lovchilarga xalaqit bermaslik chora-tadbirlarini ko‘rdilar.

Jamiyatning salomatligini to‘liq ta’minlashga xizmat qiluvchi hukmlarni fuqaholar Qur’on va hadis ma’nolari asosida ishlab chiqishgan. Ba’zi ulamolar bu fiqhiy qoidalarni o‘n yettita desa, boshqalari uni to‘rttaga qisqartirishgan. Izz ibn Abdussalom ularni ikkiga jamlab, «manfaatni jalb qilish» va «zararni daf etish» qoidalari bilan izohlagan. Ayrim mutaaxxir ulamolar buni ham qisqartirib: «Manfaatni jalb qilish barcha shar’iy ahkomlarga asosdir, chunki zararni qaytarish ham manfaatni jalb qilish hisoblanadi», deganlar.

Yo‘l-tansport hodisa­larining oldini olishdan maqsad haydovchi, yo‘lovchi va piyodalarning hayoti va salomatligini saqlash, avtomobillarni turli talofatlardan asrash, ya’ni, insonning jonini va molini muhofaza etishdir. Zero, bunday hodisalar insonlarning hayotiga zomin bo‘lishi, salomatligiga putur yetkazishi, shuningdek, ortiqcha sarf-xarajatlarga olib kelishi ham mumkin. Yo‘l harakati qoidalari inson hayotini saqlashni ta’minlashga qaratilgan. Islom shariatining talab va maqsadi ham ayni shu.

Yo‘l harakati qoidalariga rioya qilmagan kishi, avvalo, o‘zining jonu molini xatarga qo‘ygan bo‘ladi. Bu esa Islom dinida harom amal hisoblanadi. Alloh taolo aytadi: «O‘zingizni halokatga tashlamang» (Baqara, 195). Ulamolarimiz yo‘l harakati qoidalari Islom shariatining talab va maqsadlariga xizmat qilishini, ularga hamohang ekanini ta’kidlaydi va ularga amal qilishni vojib deyishadi. Shuning uchun ham, barcha haydovchi, yo‘lovchi va piyodalar yo‘l harakati qoidalariga qat’iy rioya qilishlari, ularga xilof ish tutmasliklari zarur.

Dinimiz ahkomlarida insonning dini, joni, sha’ni, aqli va molining himoyasi maqsad qilingan. Zero, umrimiz mazkur narsalar ustiga bino qilingan bo‘lib, o‘shalarning to‘liq muhofaza etilishi, daxlsizligi, ularga nisbatan har qanday tajovuzning bartaraf etilishi bilan farovon va osoyishta kechadi.

 

Hasanxon

ABDUMAJIDOV,

 Toshkent Islom instituti

4-bosqich talabasi

 

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Nima uchun Allohga hamd aytishim kerak?

16.07.2025   6511   2 min.
Nima uchun Allohga hamd aytishim kerak?

Osmonlaru yerni yaratgan  Zotning qarshisiga ma’siyatlar ila chiqa ko‘rmang, g‘azabiga toqatingiz, iqobiga sabringiz va azobiga qudratingiz yetmaydi.

Doktor Abdul Muhsin Ahmad o‘zining bir qarindoshi bilan bo‘lgan voqeani aytib berdi. Voqeaga ko‘ra bir yigit ukasiga doim “Allohga hamd aytgin” desa, ukasi: “Nima uchun Allohga hamd aytishim kerak?” – der, Yaratganga bo‘yin eggisi kelmasdi.

Axir uning bu gapini olamlar Rabbi bo‘lgan Zot eshitib turibdi! Alloh uni ikki oyog‘i bilan yurg‘izib qo‘yibdi, qancha odamlar yura olishmaydi. Necha-necha insonlar ko‘rish ne’matidan mosuvo bo‘lganida, uning ko‘zlari ko‘rib turibdi.

Vaqt o‘tib yigit avtohalokatga uchraydi. Uning a’zolari qattiq shikastlanadi. Operatsiyadan so‘ng doktor Abdul Muhsin Ahmad uni bir umr nogiron bo‘lib qolganligini, tanasining yarmi ishlamasligini, aniqrog‘i, bir o‘limdan qolganligini aytadi.

Alloh buyuk! Uning ne’matlari cheksiz. Biz bandalar doim shukrda bo‘lmog‘imiz lozim. Zero, Alloh taolo aytadi: «...Albatta, Uning ushlashi alamli va shiddatlidir»[1].

Tasavvur qiling, bordi-yu, siz do‘zaxiylardan bo‘lsangiz, u yerdagi azobga chiday olasizmi?!  Albatta, yo‘q.

Shunday ekan Allohga tavba qiling! U Zotga xush kelmaydigan ishlardan qayting. Solih amallar ila Rabbingizga yaqinlashing.

Alloh bergan ne’matlarga shukr qiling. Gunoh va ma’siyatning kichikligiga qaramang. Allohning buyukligini nazaringizdan qochirmang. 

Alloh buyuk! U Zot sizni kutilmaganda ushlamasidan avval qalbingizni qo‘rquv ila to‘ldiring. Qazoingiz yaqinlashmasidan avval poklaning.  O‘lim kelgandagi pushaymondan naf yo‘q va buning uchun imkon berilmas...


Hasson Shamsiy Poshoning
“Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar” nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.

 


[1]  Hud surasi, 102-oyat.