• “Islomiy jamiyatni qo'pollik va qon to'kish yo'liga tayanib qurilgan deb tushunilmaydi.
• Chunki islom ahkomlari va uning odoblarini jamiyatga tarqatish qalb va aqllarda islomiy e'tiqod ildizlarining mustahkam bo'lishiga manfa'at beradi".
Shayx Ramazon Butiy rohimahulloh
Bismillahir Rohmanir Rohiym
حدثنا محمد بن علي الوراق نا عفان نا وهيب نا عبد الرحمن بن حرملة أنه سمع أبا غالب يحدث يقول سمعت رباح بن عبد الرحمن بن أبي سفيان بن حويطب يقول: حدثتني جدتي أنها سمعت أباها يقول: سمعت رسول الله صلى الله عليه وعلى آله وسلم يقول: ”لا صلاة لمن لا وضوء له ولا وضوء لمن لم يذكر اسم الله ولا يؤمن بالله من لا يؤمن بي ولا يؤمن بي من لا يحب الأنصار.
Raboh ibn Abdurahmon ibn Abu Sufyon ibn Huvaytib aytadi: “Buvim so‘zlab berdi, u otasidan eshitgan ekan: “Rasululloh sollallohu alayhi va ’alaa olihi vasallamning “Tahoratsiz kishi uchun namoz yo‘q. Allohning ismini aytmagan kishi uchun tahorat yo‘q. Menga iymon keltirmagan, Allohga iymon keltirmaydi. Ansorlarni yaxshi ko‘rmagan, menga iymon keltirmaydi”, deb aytayotganlarini eshitdim”.
Izoh: “Tahoratsiz kishi uchun namoz yo‘q”, tahoratsiz namoz qabul bo‘lmasligini hadisi sharif va ulamolarning so‘zlaridan bilamiz.
“Allohning ismini aytmagan kishi uchun tahorat yo‘q”, degan jumlaga kelsak, ulamolar: “Bu yerdagi inkor komillikni inkor qilishdir. “Bismillah”ni aytmagan bandaning tahorati mukammal bo‘lmaydi, savobni to‘liq ololmaydi”, degan. Bu arab tili qoidalarida, xususan, hadisi shariflarda bor narsa.
Misol uchun, “masjidning qo‘shnisiga masjiddan boshqa joyda namoz yo‘q” degan hadis masjiddan boshqa joydagi namozi komil bo‘lmaydi, degani ekani hammaga ma’lum.
“Menga iymon keltirmagan, Allohga iymon keltirmaydi”, Allohga iymoni bor odamning Payg‘ambar alayhissalomga ham iymoni bo‘ladi. Yo‘qsa, u iymon hisoblanmaydi.
“Ansorlarni yaxshi ko‘rmagan, menga iymon keltirmaydi”, degan jumla ham mukammal iymon bo‘lmasligini bildiradi. Chunki ansorlar islomning dastlabki qiyinchilik davrida Payg‘ambar alayhissalom va muhojirlarga beminnat yordamini ayamagan. Ansorlar islomda o‘z namunalariga ega bo‘lib, fazilatli insonlar hisoblanadi. Ularni yomon ko‘rgan kishini Alloh yomon ko‘radi.
Abu Said Haysam ibn Kulayb Shoshiyning
“Musnadi Shoshiy” asaridan
Davron NURMUHAMMAD tarjimasi