Sayt test holatida ishlamoqda!
20 Oktabr, 2025   |   28 Rabi`us soni, 1447

Toshkent shahri
Tong
05:22
Quyosh
06:40
Peshin
12:13
Asr
15:52
Shom
17:39
Xufton
18:51
Bismillah
20 Oktabr, 2025, 28 Rabi`us soni, 1447

Tuya – sahro kemasi

20.03.2018   12504   7 min.
Tuya – sahro kemasi

Tuya ajoyib jonivor. Ko‘zimiz o‘rganib qolgani uchun undan ajablanmay qo‘yganmiz. U katta va ulkan bo‘lishiga qaramay, tizginidan tutib yetaklasang, xohlagan tarafingga birga boradi. Og‘ir yuklarni bemalol ko‘tarib, uzoq manzillarga yetkazadi. Ustida yuki bilan yerga yengil cho‘ka oladi. Odamlar tuyaning ustiga taxtiravonni uydek tiklab, unga ozuqa, ichimlik, kiyim-kechak, idish-tavoqlari va yostiqlarini joylab uzoqlarga yo‘l oladilar.  Hatto tuya ustiga qurilgan “uy” ning shifti ham borki, tuya ana shularning hammasini churq etmasdan ko‘tarib yurishga qodir. Shuning uchun Alloh taolo: “Ular tuyaning qanday yaratilganiga nazar solmaydilarmi?” (G‘oshiya surasi, 17-oyat), deya inson aqliga xitob qiladi. Oyati karimada aytilganidek, tuyaning yaratilishi xususida tafakkur va tadabbur qilib ko‘rilsa, Alloh taoloning naqadar buyuk yaratuvchi ekaniga amin bo‘linadi. Har ishga qodir Zot tuyaning bo‘ynini nega uzun qilib yaratganiga ahamiyat bersak, og‘ir va baland yuklarni ham qiynalmasdan ko‘tarib yurishi bejiz emasligiga ishonch hosil qilamiz.

Bir donishmand tuyaning qanday yaratilgani xususida uzoq o‘yga tolibdi. Chunki u tuyalar yo‘q joyda yashagani uchun ularni o‘z ko‘zi bilan ko‘rmagan ekan. Oxiri o‘ylay-o‘ylay: “Alloh taolo tuyaning bo‘ynini uzun qilib yaratganiga sabab uni “sahro kemasi” bo‘lishini iroda qilgan bo‘lsa kerak”, degan xulosaga kelibdi. Tuya sahro va cho‘llarda yurganda ham o‘n kunga qadar suvsizlikka chidaydi, u cho‘lning quruq o‘t-o‘lan va yantoqlarini yeydi. Rivoyatga ko‘ra, Said ibn Jubayr bir joyga ketayotganida yo‘lda qozi Shurayxni uchratib, undan qayoqqa ketayapsiz, deb so‘rabdi. U Kannasa degan joyga ketayotganini aytibdi. U yerda nima qilasiz, debdi. Qozi Shurayx tuyalarning qanday yaratilganini ko‘rmoqchiman, debdi. Chunki u tuyalarni umrida ko‘rmagan ekan. Alloh taolo shunday degan: “Yana ularning ustida va (daryo-dengizlarda esa) kemalarda yuk tashiysizlar" (Mo‘minlar surasi, 22-oyat). Bu oyatdagi “fulk” deganda suvda yuradigan kemalarni nazarda tutilgan, tuyalar esa quruqlik “kema” laridir.

Tuyalarning turlari juda ko‘p. Arablar tuyalarni joy nomi, yoshi va qaysi qabilaga mansubligiga qarab har xil nomlar bilan atagan. Har biri haqida batafsil ma’lumot berishning iloji yo‘q. Tuyaning erkagi urg‘ochisi bilan bir yilda bir marta qo‘shiladi Mantiq sohibi (Arastu) erkak tuya hech qachon o‘zini tuqqan urg‘ochi tuya bilan qo‘shilmasligini aniqlagan. Alloh taolo o‘z kalomida mazkur ajoyib hayvon haqida ayrim sirlarni bayon etadi. Tuyaning sifatlarini boshqa hayvonlar sifati bilan taqqoslab bo‘lmaydi. Ilk islom davrida ham, hozirgi zamon olimlari ham tuyani g‘ayritabiiy hayvon ekaniga guvoh bo‘lmoqda.Tuyaning ikki turi mavjud. Birinchi turiga bir o‘rkachli tuya bo‘lib, uni arab tuyasi deb nomlanadi. U Arabiston yarim orolida tarqalgan. Ikkinchi turi ikki o‘rkachli bo‘lib, bu turdagi tuyalar O‘rta Osiyo hududlarida makon topgan. Mutaxassislarning hisob-kitobiga ko‘ra, yer yuzida 190 million tuya mavjud bo‘lib, ulardan 90 foizi bir o‘rkachli tuya, 80 foizi Afrika qit’asida yashaydi.

Mulohaza qilib ko‘rilsa, tuyaning uzun kipriklari tashqaridan kelayotgan qum va zarralardan himoya qilish vositasidir. Uning quloqlari kichkina bo‘lib, ko‘zga ham unchalik  tashlanmaydi. Agar shamol qattiq esib, qum zarralari uchsa, quloqlarini orqa tomonga egib boshiga yopishtirib oladi. Shuningdek, yollari ham uni qum zarralaridan himoya qiladi. Orqa tomondan esa, dumi unga o‘q singari uchib kelayotgan mayda qum zarralaridan  himoya vazifasini bajaradi.

Hozirgi kunimizda ham quruq sahrolarda yurish uchun tuyadan foydalanilmoqda. Tuya karvoni og‘ir yuk bilan bir kunda 50-60 km. masofani bosib o‘tadi. Zamonaviy avtomashina sahroda yurishga qodir bo‘lmagan joylarda tuya qiynalmay manzilga yetkazadi.

Tuyaning uzun bo‘yni unga yerdagi o‘t-o‘lan va baland daraxt butalarini yeyishda asqotadi. Eng asosiysi, uning uzun bo‘yni og‘ir yuk bilan qaddini ko‘tarishga katta yordam beradi. Chunki u og‘ir yuk bilan tik turayotgan vaqtda, uzun bo‘yni muvozanatni saqlashga ko‘maklashadi. U cho‘kkalayotgan vaqtda, qalin va kuchli teridan iborat oyoq bo‘g‘imlaridan yumshoq yostiq sifatida foydalanadi. Bu qulaylik Alloh taolo tomonidan bu ajoyib hayvonlarga ato etilgan  mo‘jizadir. Tuyaning asosiy xususiyatlaridan biri uzoq vaqt suvsizlikka chidashidir. Bunga asosiy sabab kun qattiq isib ketsa yoki chanqasa, uning og‘zidan nafas olmasligidir. Bu esa suvni o‘zida uzoq vaqt  saqlab turishga yordam beradi.

Hali ilm aniqlamagan tuyaning yana ko‘p xususiyatlari mavjud. Alloh taolo tuyani boshqa mavjudotlar yaratilishiga taqqoslab, osmon, tog‘ va yerni qanday yaratganiga tadabbur bilan nazar solishga undaydi. Tajriba o‘tkazgan olimlarning ta’kidlashicha, har doim quruq hashak yeyishi uning chanqashiga sabab bo‘lsa-da, lekin shu holatida ham ikki hafta yoki undan ko‘proq suv ichmay yura oladi. Lekin bu holat tuyaning ozib ketishiga sabab bo‘ladi. Odam zoti suvsizlikka bor-yo‘g‘i bir kun yoki ikki kun chidaydi. Tuyaning yana bir xususiyati shundaki, chanqagan vaqtida sho‘r, achchiq va sassiq suvlarni ham ichib ketaveradi. Tuya organizmi shunday suvlardagi mavjud viruslarga qarshi kurashib, uni bavl orqali tashqariga chiqarib yuboradi.

Hamma hayvonlarda o‘t pufagi mavjud bo‘lsa ham, lekin tuyalarda o‘t pufagi bo‘lmas ekan. Shuning uchun tuyada sabr-toqat ko‘proq, buyruqqa osongina bo‘ysungani uchun unga Abu Ayyyub deb laqab taqilgan.Tuyaning jigarida o‘t pufagiga o‘xshagan bir parcha teri bo‘lib, unda so‘lak mavjud. Tuya tabiatan tikanli o‘t-o‘lanlarni xush ko‘radi va oshqozoni ham uni yaxshi hazm qiladi. Ammo oshqozoni arpani hazm qilishga qiynaladi. Ulamolar  hujjati va ijmosiga ko‘ra, tuya go‘shtini yeyish halol deyilgan. Ammo zakot berishga kelsak, o‘tlab yurgan har beshta tuyaga bir qo‘y, o‘nta tuyaga ikki qo‘y va o‘n beshta tuyaga uchta qo‘y berish vojib. Buni fiqhiy kitoblarda to‘liq va batafsil bayon etilgan. Tuyaning junini kuydirib, oqayotgan qon ustiga bosilsa, qonni darhol to‘xtatadi. Tuyaning mo‘jizaviy jonzot ekani faqat shulardan iborat emas. Balki kelajakda aniqlanar.

 

Manbalar asosida Bobomurod ERALI  tayyorladi

O‘MI Matbuot xizmati

 

 

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Uyimda suvdan boshqa hech narsa yo‘q

17.10.2025   6284   3 min.
Uyimda suvdan boshqa hech narsa yo‘q

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

Bir kishi Nabiy sollallohu alayhi vasallamga kelib: «Men qiynalgan kishiman», dedi. Ya’ni, och ekanini bildirdi.

Nabiy sollallohu alayhi vasallam xotinlaridan biriga ovqat so‘rab odam yubordilar. «U zotni haq ila jo‘natgan zotga qasam ichib aytamanki, uyimda suvdan boshqa hech narsa yo‘q!», dedi u.

Xuddi shunday qilib barcha xotinlariga ovqat so‘rab odam jo‘natdilar. Ularning bari yuqoridagidek javob berdi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:

«Bu kecha bu odamni kim mehmon qiladi, Alloh unga rahm qilsin», dedilar. Shunda ansorlardan bir kishi turib: «Yo Allohning Rasuli! Uni men mehmon qilaman», dedi. So‘ngra uni uyiga olib ketdi. Borib xotiniga shunday dedi:

- Bu odam Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning mehmonlari. Unga taom hozirla!

Xotin dedi:

Bolalarimizning ovqatidan boshqa ovqat yo‘q.

Er dedi:

- Bolalaringni uxlatib ovqatni olib kel. Mehmon ovqatga qo‘l uzatganida chiroqni o‘chirib qo‘y. Biz qorong‘uda o‘zimizni ovqat yeyayotgandek ko‘rsatamiz. Ammo yemaymiz. Mehmon shunda ozgina ovqatga to‘yadi.

Ular shunday qilib och uxlashdi. Mehmon to‘ydi. Ertalab ular Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga borishgach, u zot dedilar:

- Alloh taolo sizning ishingizdan ajablandi. Siz haqingizda Qur’on nozil qildi: «Garchi o‘zlarining hojatlari bo‘lsa ham, (boshqalarni) o‘zlaridan ustun ko‘radilar. Kim o‘z nafsining baxilligidan saqlansa, unday kishilar, ha, ana o‘shalar najot topguvchilardir» (Hashr surasi, 9-oyatdan).


Dunyo charxpalakdir. Zamon aylanib turadi. Bugun puling bor. Ertaga yo‘q, ishing orqaga ketadi. Bugun faqirsan, ammo ertaga boyib ketishing mumkin. Faqirlik ayb emas, boylik fazilat emas. Muhimi qalbdagi narsadir, cho‘ntakdagi emas. Muhimi insonning boylik va faqirlik paytidagi axloqidir.

Tasavvur qilyapsizmi, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hech bir ayollari uyidan ovqat topilmayapti! U kishi Allohning Rasuli bo‘lish bilan birga rahbar ham edilar. Uylarida suvdan boshqa hech vaqo yo‘g‘-a?!

Faqirlikni uqubat, boylikni esa mukofot deb o‘ylashdan ehtiyot bo‘ling. Dunyo bor-yo‘g‘i imtihon, xolos. Imtihon savollari qanchalar qiyin bo‘lmasin, o‘tirib qolmang.

Aqlli inson boshqalarning hojatini chiqarishga harakat qiladi. Ularni qiyin ahvolda qoldirmaydi. Kishilarga ehson qilganingizda ular o‘zini aybdor va nuqsonli sanashmasin!

Bemor kishining faqirligini bilib qolsangiz, u so‘rashidan oldin ahvolidan xabar olishingiz oqilona ishdir. Ba’zilarning iffati so‘rashdan to‘sadi. In’omning eng afzali insonlarning iffatni ehtirom qilib, obro‘larini muhofaza qilib berilgan in’omdir!

Ehson qilishning ham odoblari bor. Bir kishiga hammaning oldida sadaqa yoki ehson bersangiz, uni xijolatga qo‘yasiz, iffatini jarohatlaysiz, ojizligini yuziga solgandek bo‘lasiz... Bunaqa sadaqa-ehson qilgandan ko‘ra, qilmaganing afzaldir!

Ansoriyning odobiga boqing. Ovqati ozligi uchun xotiniga chiroqni o‘chirishni buyurdi. Maqsadi mehmonni xijolat qilmaslik edi. Chiroq yonib turganida mehmon ovqatning kamligini ko‘rib, uyalib, ovqat barchaga yetishi uchun ehtimol to‘yib yeya olmasdi.

Kishilardan noqulaylikni ketkazish ham ularni xotirjam qilishdir. Xotirjam qilish esa, ibodatdir!

«Nabaviy tarbiya» kitobi asosida tayyorlandi