O‘zbekiston musulmonlari idorasi o‘z tasarrufidagi diniy ta’lim muassasalarining qabul imtihonlarini yanada takomillashtirish, sinovlarning shaffof va adolatli o‘tishini ta’minlash maqsadida
2018-2019 o‘quv yili uchun o‘tkaziladigan qabul imtihonlariga quyidagi o‘zgartirishlar kiritilganini e’lon qiladi.
O‘rta maxsus islom bilim yurtlari uchun:
- Ma’naviyat va ma’rifat (og‘zaki, ijodiy imtihon) 75,6 ball
- Xorijiy til (test sinovi) 111,6 ball
- Tarix (test sinovi) 39,6 ball
O‘rta maxsus islom bilim yurtlariga umumiy o‘rta ta’lim ma’lumoti to‘g‘risidagi shahodatnoma (11-sinf), akademik litsey yoki o‘rta maxsus, kasb-hunar kollejini tamomlaganligi to‘g‘risidagi hujjatga (diplom) ega bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari qabul qilinadi.
Toshkent islom instituti va Mir Arab oliy madrasasi uchun:
- Arab tili (og‘zaki, ijodiy imtihon) 75,6 ball
- Fiqh va aqoid (test sinovi) 111,6 ball
- O‘zbekiston tarixi (test sinovi) 39,6 ball
Toshkent islom instituti va Mir Arab oliy madrasasiga o‘rta maxsus islom bilim yurtlarini tamomlaganligi to‘g‘risidagi hujjatga (diplom) ega bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari qabul qilinadi.
Abituriyentlardan hujjatlarni qabul qilish va qabul imtihoni o‘tkazish muddatlari qo‘shimcha e’lon qilinadi.
O‘MI Ta’lim va kadrlar tayyorlash bo‘limi
O‘MI Matbuot xizmati
Inson yer yuzidagi eng go‘zal yaratiq hisoblanadi. Zero, Alloh taolo Qur’oni karimda bunday degan: “Batahqiq, Biz insonni eng yaxshi suratda yaratdik” (Tiyn surasi, 4-oyat).
Shunday ekan, nega zamon taraqqiy etgani sayin insonlar bir-birini yetarlicha qadrlamay qo‘ymoqda. Bari inson uchun xizmat qilishga yaratilgan boylik, tilla-temir va boshqa matohlar ba’zan insondan ko‘ra ko‘proq avaylab-asralmoqda. Bir chinni idishni avaylaganchalik bir ko‘ngilni avaylamaydigan nasllar paydo bo‘lyapti...
Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari qalamiga mansub “Inson qadri” asarini o‘qir ekanman, shular haqida o‘yladim. Ushbu asar aziz va mukarram qilingan insonning qadr-qimmati bilan bog‘liq muammolar muolajasiga xizmat qiladi. Unda odamiylik fazilatlariga rioya qilish, inson sha’nini yuksaltirish, unga munosib ehtirom ko‘rsatish, yomon xulq va fitnalardan uzoq yurish yo‘l-yo‘riqlari ko‘rsatiladi.
Zero, bugun axborot to‘qnashuvi avj olgan, yer yuzining turli nuqtalari bir zumda aloqa bog‘lay oladigan bir paytda insoniyat nizo va mojarolar girdobida qolmoqda. Shunday ekan, hozirgi taraqqiyot davrida odamiylik mezonlariga rioya etish, o‘zaro ahillik muhiti yaratib, saodatli hayot kechirish yo‘lida ushbu asar ham bir mayoq vazifasini o‘taydi, inshoalloh.
“Inson qadri” kitobi har bir vatandoshimizga muborak va manfaatli bo‘lsin!
Akbarshoh Rasulov