Ismlari Zurora ibn Avfo Omiriy Haroshiy, kunyalari Abu Hojib, yashagan joylari Basra bo‘lib, Basra shahrining qozisi bo‘lganlar. Obid va ishonchli kishilardan edilar. Hijriy 93 yilda Basrada vafot etganlar.
Abu Janob Qassob aytadi: “Bir kuni Zurora ibn Avfo Qushayr masjidida bizga imomlik qildi.
فَإِذَا نُقِرَ فِي النَّاقُورِ
“Va qachonki dudga puflansa” (Muddassir surasi, 8-oyat) oyatiga yetganda, joni uzilib, yerga yiqildi. Uni ko‘targanlar orasida men ham bor edim”.
Solih Murriy aytadi: “Zurora ibn Avfoni vafotlaridan keyin tushimda ko‘rdim. U kishiga: “Alloh sizni rahmatiga olsin! Siz haqingizda nima deyildi?” dedim. U kishi mendan yuzlarini burdilar. Keyin men u kishidan: “Alloh sizni nima qildi?” deb so‘radim. Shunda u kishi menga yaqin keldilar va: “Men bilan fazli, juvdi, karami ila muomala qildi” deb javob berdilar. Men yana u kishidan: “Sizning nazdingizda qaysi amal afzalroq va yetukroq” deb so‘rasam, “Rizo va orzuni qisqa qilish” deb javob berdilar”.
Abu Is'hoq Sa’labiyning “Qotla-l-Qur’an” nomli asaridan
Nozimjon Iminjonov tarjimasi
O‘MI Matbuot xizmati
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Umar ibn Xattob roziyallohu anhu o‘zlaridagi ko‘plab fazilatlarni doimo o‘z o‘rnida ishlatar edilar. U kishining hayotlari va faoliyatlarini o‘rganish davomida bu haqiqat darhol ko‘zga tashlanadi. Ayniqsa, u kishining hozirjavobliklari kishini qoyil qoldiradigan darajada ajoyibligiga e’tibor bermay bo‘lmaydi.
Qazoi qadar masalasi inson o‘z kasbi uchun javobgar ekanligini isbot qilarkan, musulmonlarning faqat yaxshilikka intilishlariga, barcha yomonliklarni tark etishga harakat qilishlariga birinchi omil bo‘lishi kerak.
Hech kim qazoi qadarni ro‘kach qilib, o‘zini mas’uliyatdan olib qocha olmaydi. Bir o‘g‘ri hazrati Umarga:
«Qazoi qadar shu ekan, o‘g‘rilik qilibman. Nega endi qo‘limni kesar ekansan?» deganida u kishi:
«Sen qazoi qadar ila o‘g‘rilik qilgan bo‘lsang, men qazoi qadar ila qo‘lingni kesaman», degan ekanlar.
Hozirjavoblikni qarang. Bu uncha-buncha odam javob topa olmay qoladigan holat. Ammo Umar ibn Xattob roziyallohu anhu o‘g‘rining gapini og‘zidan chiqishi bilan bo‘g‘ziga yopishtirganlar.
Hazrati Umarning huzurlariga eriga qarshi chiqqan bir ayolni olib kelishibdi. U zot ayolni axlat to‘plangan uyga qamab qo‘yishni buyuribdilar. Vaqti kelib, ayolni keltiribdilar va «Holing qalay?» deb so‘rabdilar. Ayol bo‘lsa:
«Erga tekkanimdan beri faqat siz qamab qo‘ygan kuni rohat qildim», debdi.
Shunda hazrati Umar ayolning eriga qarab:
«Uning sirg‘asini olib bo‘lsa ham, xulu’ qil», degan ekanlar.
Imom Ahmad Mujohiddan «Kitobiz-Zuhd»da quyidagi rivoyatni keltirgan:
«Hazrati Umarga:
«Ey, mo‘minlarning amiri, gunoh ishni xohlamaydigan va qilmaydigan odam afzalmi yoki xohlab turib, qilmaydigan odam afzalmi?» deb xat yozishibdi. Hazrati Umar:
«Albatta, gunoh ishni xohlab turib, qilmaydiganlar afzal. Ana o‘shalar Alloh qalblarini taqvoda imtihon qilgan zotlardir», deb javob yozgan ekanlar.
Ha, taqvo ulkan ne’mat bo‘lib, u har kimga ham berilavermaydi. Alloh taolo taqvoni sinovdan yaxshi o‘tgan, qabul qilishga tayyorlangan, shunday ulug‘ ilohiy ne’matga haqli bo‘lgan qalblargagina beradi.
«Hadis va hayot» kitobining 23-juzidan olindi