Alloh taolo inson hayotiga zarur bo‘lgan barcha narsalarni, shu jumladan, uning umrini, vaqtini belgilab, hisoblab chegarasi, qadr-qiymati bilan yaratdi. Bu haqda Qur’oni karimda xabar berib shunday deydi: «Uning dargohida har bir narsa o‘lchovlidir» (Ra’d, 8 ).
Shundan kelib chiqqan holda, har birimiz o‘zimizga berilgan vaqtdan unumli foydalanishga intilishimiz lozim ekan. Ulug‘ ajdodlarimiz, buyuk olimlarimiz vaqtlariga juda xaris bo‘lgan. Zero, ular inson uchun berilgan vaqtni chegarali va qiymati yuqori ekanini yaxshi bilgan va shunga muvofiq amal qilgan. Buyuk olim Hasan Basriy rahmatullohu alayh aytadi: «Men bir qavmni ko‘rdim, sizlarga qaraganda o‘z vaqtlariga dirhamu dinorlardan ham ko‘ra muhabbatli edi, ya’ni umr vaqtlarining har bir daqiqasini g‘animat bilar va umrni foydali amallarga, dunyo obodligiga sarflashardi».
Umar ibn Abdulaziz rahimahulloh aytadi: «Kecha va kunduz sening jismingda o‘z ishini ko‘rsatyapti, demak, sen ham ularni g‘animat bil va foydalanib qol».
Ba’zi donishmandlar: «Manfurlikning alomati vaqtni zoye qilishdir», deb ta’kidlashgan. Ayrim olimlar esa: «Vaqt qilichdir, agar sen uni kesmasang, u seni kesadi, ya’ni umring behuda kechadi», deb ta’kidlashgan.
Hazrati Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam ham hayoti, so‘zlari, amallari, ibodatlari, ummatlariga g‘amxo‘rliklari, mehr-muhabbatlari, bashoratlari orqali vaqt bebaho ne’mat ekanini ta’kidlab, bunday deganlar: «Besh narsani besh narsadan oldin g‘animat biling: keksalikdan oldin yoshlikni, betoblikdan oldin salomatlikni, faqirlikdan oldin boylikni, bandlikdan oldin bo‘sh vaqtingni, o‘limingdan oldin tiriklikni g‘animat biling» (Buxoriy va Muslim rivoyati).
Imom Hasan Basriy rahimahulloh hikmatlarining birida bunday deb marhamat qilgan: «Har kuni tong yorishganda Alloh tomonidan bir jarchi: «Ey Odam bolasi! Men yangi kunman, sening barcha amalingga guvohman. Mendan yaxshi amallar qilib, foydalanib qol, chunki men to qiyomat kuniga qadar qayta kelmayman», deb jar soladi».
Dinimizning ta’limotida ham vaqtning qadr-qiymati yuqori bo‘lgani uchun ham subh vaqtida uyg‘onishga chaqiriladi. Bu haqdagi odob-axloqlarimiz talabiga ko‘ra, ko‘p uxlash xosiyatli emas. Besh soatdan sakkiz soatgacha bo‘lgan uyqu eng afzalidir. Zero, donishmandlar ko‘p gapirish, ko‘p yeyish qatori ko‘p uxlashdan ham qaytargan. Xabarlarda kelishicha, «Tongda uxlash rizqni kamaytiradi». G‘ayratli, shijoatli bo‘lish, loqaydlik va beparvolikdan uzoqda bo‘lish zarur. Chunki hazrati Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam bir hadislarida shunday marhamat qilganlar: «Alloh taolo O‘z bandalari orasida g‘ayratlisini yaxshi ko‘radi» (Tabaroniy rivoyati).
Muslim ATAYEV,
Tarix fanlari nomzodi, O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo bo‘limi xodimi
O‘MI Matbuot xizmati
Hayotda shunday sohalar borki, ularni mukammal egallash uchun butun umr o‘qib-izlanish lozim. Ana shunday kasblardan biri imom-xatiblikdir. Kimdir bu kasb egalariga oson tutishi mumkin. Lekin yetuk imom bo‘lish uchun to‘rt yil madrasa, to‘rt yil diniy oliy ta’lim dargohida o‘qishning o‘zi kamlik qiladi. Chunki imom o‘zi uchun ham jamoat uchun Alloh oldida burchli bo‘lsa, el oldidiga javobgarlik ham katta mas’uliyat yuklaydi. Bu mas’uliyat va xalq ishonchini oqlashning birdan bir yo‘li ilm va taqvodir.
So‘nggi yillarda ilm-fanning barcha yo‘nalishlar qatori diniy-ma’rifiy xususan, shariat, fiqh, aqoid kabi ilmlarni o‘rganish uchun keng yo‘llar ochildi. Bu borada Samarqandda Hadis ilmi oliy maktabi, Imom Moturidiy markazi qoshida Kalom ilmi, Farg‘onada – Marg‘inoniy ilmiy markazida islom huquqi maktabi, Buxoroda – Bahouddin Naqshband markazida tasavvuf maktabi, Qashqadaryoda – Abu Muin Nasafiy markazida aqida ilmi maktabini tashkil etilishi o‘z samarasini berib kelayotir. Chunki imom-xatiblarning madrasa va oliy ta’lim dargohida olgan bilimlarini mustahkamlash, ularni yanada chuqurlashtirish, yangi zamonaviy diniy masalalarni keng o‘rganishda mazkur maktablar muhim ahamiyat kasb etyapti. Bir so‘z bilan aytganda, bu maktablar imom-xatiblarni chin ma’noda sohaning yetuk egasiga aylanishiga zamin bo‘layotir.
Ayni kunda Farg‘ona viloyatidagi Marg‘inoniy ilmiy markazida islom huquqi maktabida yigirmadan ortiq vodiylik imom-xatiblar o‘z ish joylaridan uzilmagan holda diniy bilimlarini yana mustahkamlab, fiqh ilmini chuqurroq o‘rganmoqdalar. Ularga tajribali imom-xatiblar Ubaydulloh domla Abdullayev, Ibrohimjon domla Qodirov va Ahmadxon domla Nizomovlar ustoz-shogird an’anasi asosida ta’lim bermoqdalar. Shu kunga qadar tinglovchilar mazkur ustozlar ko‘magida “Muxtasarul-viqoya”, “Alfiqhul-akbar” kitoblari o‘qib tugatishdi. Ayni vaqtda “Kanzul-daqoiq” va Mulla Aliy Qorining “Alfiqhul-akbar”ga yozgan “Sharhul fiqhil Akbar” kitoblari mutolaa qilinib, asarlar batafsil o‘ranilmoqda. Ushbu asarlar Ahli sunna val jamoa aqidasi asosida mo‘min-musulmonlarni to‘g‘ri aqida hamda dinimiz ta’limotlariga amal qilishda vasatiy tarzda yurishlarida asosiy manbalardir.
Ta’kidlash joizki, imom-xatiblarning mazkur ilm dargohida olayotgan bilim va malakalari faoliyatlari uchun nihoyatda manfaatli bo‘lmoqda. Zero, turli yot g‘oyalar ta’siriga tushib adashgan yurtdoshlarimizni to‘g‘ri yo‘lga boshlash, mo‘min-musulmonlarga Ahli sunna val-jamoa va Hanafiy fiqhi asosida islom ta’limotlarini yetkazish, dolzarb mavzularda chiqish qilish, maqolalar yozishda bu dargohdan olinayotgan ilmiy va hayotiy tajribalar muhim ahamiyat kasb etmoqda. Shuningdek, turli uchrashuvlar va mahallalarda olib borilayotgan targ‘ibot tadbirlarida ham mazkur ilmiy maktabda hosil qilingan bilim va ko‘nikmalar asqotmoqda. Imom-xatiblar o‘rtasidagi bilimlar bellashuvida ham mazkur maktab tinglovchilari o‘zini har tomonlama namoyon etayotgani ham e’tiborga molik. Shu bilan birga maktab tinglovchilarining bir qanchasi ilmiy izlanishlarda davom etib, o‘z tadqiqotlari bilan dinimiz ravnaqiga o‘z hissalarini qo‘shmoqdalar.
Ma’lumki, ilk o‘rta asrlarda Farg‘ona vodiysida fiqh maktabi shakllanib, buyuk allomalar yetishib chiqdi. Birgina Burhoniddin Marg‘inoniy islom xuquqshunosligi borasida beqiyos asarlar ta’lif etgani barchaga ma’lum. Bugun u kishining “al-Hidoya” asari butun musulmon olamida mashhur bo‘lib, islom huquqi – fiqh bo‘yicha eng aniq, mukammal asar sifatida tan olingan.
Bugun ham mazkur an’analar qayta tiklanib, yurtimiz yana ilmu ma’rifat, olim ulamolar diyoriga aylanayotgani quvonarli holdir.
Rahmatulloh JALILOV,
Farg‘ona viloyati vakilligi Matbuot kotibi
(Hidoyat jurnali, 12-son)