Luqmoni Hakim o‘g‘liga bunday nasihat qilgan ekan: “Ey, o‘g‘lim! Olimlar bilan hamnafas bo‘l, ustozlar orasida o‘tir, chunki Alloh taolo yeru osmonni suvi bilan obod qilganiday, qalblarni ham ilmu hikmat nuri bilan munavvar qiladi”.
Ilm-irfon tarqatish, yoshlarga ta’lim tarbiya berish naqadar ulug‘ fazilat va savobli ish ekani haqida Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda bunday deyilgan: “Darhaqiqat, insonlarga yaxshilik va ilmu ma’rifatni o‘rgatgan barcha ustozlarga barcha hayvonlar, hattoki dengizdagi baliqlar ham istig‘for aytadi”.
Inson hayotida bilimi, ma’rifati bilan jamiyat a’zolari o‘rtasida qadr-qimmat va obro‘ e’tiborga ega bo‘ladi, hatto Odam alayhissalomni barcha farishtalardan ham yuqori maqomga ko‘targan narsa ilm-ma’rifatdir.
Haq taolo Qur’oni karimda ilmli kishilarning va ustozlarning martabalari yuksak darajalarga ko‘tarilishini bayon qilib, shunday deydi: “Alloh sizlardan imon keltirgan va ilm ato etilgan zotlarni (baland) daraja (martaba)larga ko‘tarur. Alloh qilayotgan (barcha yaxshi va yomon) amallaringizdan xabardordir” (Mujodala, 11)..
Olimlik, ustozlik maqomi naqadar ulug‘ va bemisl ekani haqida janobi Payg‘ambarimiz bunday marhamat qilganlar: “Olimning boshqalardan ortiqligi oydin kechada oyning boshqa yulduzlardan ziyoda nurli ekaniga o‘xshaydi. Darhaqiqat, ulamolar payg‘ambarlarning merosxo‘rlaridir. Payg‘ambarlar o‘zlaridan keyin dinor ham, dirham ham meros qoldirmaganlar. Ular o‘zlaridan faqat ilmu ma’rifatni meros qilib qoldirishgan. Kim bu meros ilmni olgan bo‘lsa, u katta baxtu saodatni qo‘lga kiritibdi” (Imom Termiziy, Abu Dovud va Ibn Mojalar rivoyat qilgan).
Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhu Zayd ibn Sobit roziyallohu anhuning ulovi tizginini ushlab, unga minishiga yordam berib bunday deganlar: “Ulamolarga shunday xizmat qilishga buyurilganmiz. Agar shogird ulug‘lik sifatiga yetmay turib, undan faxrlanib kibrlansa, johildir. Zero, ilm-hikmat mo‘min kishining yo‘qotgan narsasidir, qachon topsa, uni olishga haqli”.
Hazrat Ali roziyallohu anhu ilm o‘rganuvchiga qarata shunday deganlar: “Ustozning sendagi haqlaridan biri – sen odamlarga ommatan salom berib, muallimga xos salom berishingdir. Uning ro‘baro‘sida o‘tirishing, uning huzurida qo‘ling bilan ishora etmasliging, ko‘zingni qismasliging, ustozga keragidan ziyoda savol bermasliging, javob berishida unga yordam bermasliging, agar xohlamasa, unga qayta-qayta savol bermasliging, ustoz turishga harakat qilganda uning kiyimlaridan ushlamasliging, uning sirlarini fosh etmasliging, ustoz huzurida biron-bir masalada xato qilishini hech qachon tilamasliging, ustoz agar nogoh adashsa, uzrini qabul etishing, ustozga qarata: “Men falonchi bunday deganini eshitdim” yoki “falonchi sizning xilofingizga gapirdi”, deb aytmasliging, ustoz huzurida biron-bir olimni tavsiflamasliging, uzun suhbatidan hech qachon malolga kelmasliging, ustoz xizmatidan o‘zingni olib qochmasliging lozim bo‘ladi. Ustozning biron yumushi chiqib qolsa, uni ado etish uchun barcha shogirdlar chopishadi. Ustoz go‘yo bir xurmo daraxtiga o‘xshaydiki, sen undan biron narsa tushishini poylab turasan”.
Sohibqiron Amir Temurning shunday gapi bor: “Ilm va dinning mashhur ustozlari o‘z maslahatlari bilan podshohlarga yordam berib kelishgan”.
Ustozlar barchamizning, xususan, shogirdlarning ehtiromiga loyiq bo‘lgan buyuk insonlardir. “Ilm bilan mustahkamlanmagan har qanday ulug‘likning oqibati xorlikdir”, degan ekan Ahnaf ibn Qays.
Hukamolardan biri shunday degan ekan: “Ota-onalar farzandlarini dunyodagi olovdan himoya qilishsa, ustozlar esa ularni oxirat olovi – do‘zaxdan muhofaza etishadi”.
Ilm toliblari va shogirdlar ham doimo ilmu ma’rifati ziyoda bo‘lish yo‘lida ustozlardan bilmaganlarini so‘rab-bilishda jiddiy harakat qilishlari lozim.
Muslim ATAYEV,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo bo‘limi xodimi,
Tarix fanlari nomzodi
O‘MI Matbuot xizmati
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati