Sayt test holatida ishlamoqda!
18 Yanvar, 2025   |   18 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:22
Quyosh
07:45
Peshin
12:38
Asr
15:41
Shom
17:25
Xufton
18:43
Bismillah
18 Yanvar, 2025, 18 Rajab, 1446

“Tama’ jamiyatdan chiqargay seni”

8.03.2018   3680   5 min.
“Tama’ jamiyatdan chiqargay seni”

“…Kimki o‘z nafsining baxilligidan saqlana olsa, bas, aynan o‘shalar najot topuvchilardir” (Tag‘obun surasi, 16-oyat).

Shoir Sa’diy Sheroziy nafsni malomat qilib, shunday degan edi:

Kishini buzuq nafs etar xoru zor,

Gar oqil esang sen uni ayla xor.

Tamaga bo‘ysunmasa har kishi,

U qul ermas, ozod o‘tar turmushi.

Tama jamiyatdan chiqargay seni,

Uni haydagil, u chiqarmay seni.

Darhaqiqat, nafsi bad insonni ne ko‘ylarga solmaydi? Unga tobe bo‘lganlar xor va zabun, uni qo‘lga olganlar esa haqiqiy mard bo‘ladilar.

Ulug‘ allomalarimizdan biri nafsni o‘ldiruvchi unsurlarni uchta deb bayon etadi: “Nafsni faqat uch narsa bilan o‘ldirish mumkin. Bular xomushlik xanjari, ochlik qilichi va tanholik nayzasin qo‘lga olib xuzu’ni tark qilishdir. Agar kimda bu uch qurol bo‘lmasa, uning nafsi hech qachon najotga kelmaydi. Ya’ni bo‘ysunmaydi. Har kimki simu zarga qiziqsa, uning ishi oqibatda iztirobli, alamli bo‘ladi. Kimki ishlarini oxirat uchun qilsa, unga Alloh taolodan ko‘p marhamatlar keladi.  Dunyoning moli xokisorlar uchun va oxirat parhezkorlar uchun bo‘ladi.

Ey o‘g‘il, shayton sening dushmaningdir. U sening bo‘yningga  olovli kishan solishni istaydi. Kuning boshlanishida biror yomon ish qildingmi? Bu ishing bilan johillik qilding. Kimki toati dangasalik bilan bo‘lsa, uning samarasi gumrohlik va adashish bo‘ladi. Toat qilish vaqtida xuddi shamol kabi shitob va g‘ayrat bilan harakat qil. Shuningdek, dunyoning ishlaridan, tashvishlaridan ozod bo‘lib, jonu dil bilan toat qilishga kirish. Garchi bu yer sening yotar joying bo‘lsa ham, uning qa’riga kirgach sening jonu taningga hech rahm qilinmaydi”.

Hazrati So‘fi Allohyor “Nafsi shum bayonida” shunday degan edi:

Kel e kas, bo‘lma aknun tobei nafs,
So‘lur axshom sabo bu gardani g‘afs.

Hama toatlaring xo‘biyu sofi,
Yaqin bilsang, erur nafsing xilofi.

Ya’ni, ey inson endi o‘z nafsingga tobe bo‘lma. Chunki bir kun bu yo‘g‘on bo‘yning so‘ladi. Gardaningga ajalning tig‘i botishi muqarrar. Sening barcha toat-ibodatlaringni yaxshisi va pokizasi, shubhasiz, o‘z nafsingga xilof ish tutishingdir.

Haqiqatan, har kim o‘z nafsining boshini yanchishi va doimo xor tutishi lozim. Uni qo‘ldan kelgancha haromdan uzoq saqlash kerak.  Qorinni ovqat bilan liq to‘ldirmaslik shart. Agar shunday qilsa, xuddi hayvon kabi o‘zining oxuri, ya’ni ovqati uchun yashovchi bo‘lib qoladi. Har kim nafs itini to‘ydirsa, uni gunoh qilishga jur’atli qilib qo‘yadi. Haddan tashqari to‘yib ovqatlanish hayvonlarga xosdir. Inson esa bu borada latif va parhezkor bo‘lmog‘i lozim. Butun kechani kunduzga qadar uyqu bilan o‘tkazmang.  Agar kishi kechasi turib ikki rakat namoz o‘qisa ham o‘z qabri uchun savob chirog‘ini yoqqan bo‘ladi. Haddan ziyoda uyqu va  ovqatlanish faqat hayvonlarga xosdir. Uyquda yotganlar Haq taoloning in’omlaridan bahramand bo‘la olmaydilar. Ya’ni, kimki tunlarda uyquni tark qilib ibodatda bo‘lsa, Haq taolodan unga fayz va hol ne’matlari yetishadi.

Fariduddin Attor “Pandnoma” asarida shunday keltiradi: “Har kimda “mening nomim yaxshi bo‘lsin”, degan zavq, xohish, manmanlik bo‘lsa, u xos bandalardan emas, avomlardandir. Bu nafsni tuyaqush deb bilgin. Chunki u na yuk tashiydi, na osmonga uchadi. Agar unga “osmonga uch” desang, “tuyaman”, deydi va agar ustiga yuk ortmoqchi bo‘lsang “qushman”, deydi. Yam-yashil maysaning rangi ham maftunkordir. Ammo mazasi achchig‘u hidi noxushdir. Agar sen nafsga itoat qilib yursang, uning farmoni ochlik va chanqoqdan boshqa narsa emas”.

Nafs senga toatlarda sust bo‘lishni o‘rgatadi. Gunohlardan uzr so‘rashdan sakrab o‘tkazib ketadi. Ya’ni gunohlarga tavba qilishdan chalg‘itadi. Nafsingni zindonda saqlagin va u senga nima buyursa unga xilof qilgin. Xuddi tuyadek yo‘lga tushib yuk tashi. Toat yukini Alloh taoloning dargohiga olib bor. Xudoyi taolonig yukini jon bilan tashish lozim, yo‘qsa xuddi it kabi xor bo‘lib turish lozim. Kimki o‘z yukini ko‘tarib borsa, bu dunyoda o‘z jonining g‘amini yegan bo‘ladi.  Har kimning Haq taolo huzurida yuki bo‘lsa, u tajalliy qiluvchidan yordam oladi. Ya’ni Haq taolo ham unga yordam qiladi.

Kimki tuyaqushdek o‘z yukidan qochsa, uning hayoti gulistonidan barglar to‘kiladi, o‘z umrini barbod qiladi. Yo‘l xatarlidir, pistirmada o‘g‘ri bor. Shayton alayhilla’na iymonni o‘g‘irlash uchun tayyor turibdi. Lekin bir joyda to‘xtab turishdan yo‘lda yurgan yaxshiroq. Munzil uzoq, yuking boshingdan og‘ib turibdi. Bas, sen ham harakat qil, boshqalardan qolib ketma. Har kimning bu yo‘lda og‘ir yuki bo‘ladi va har nafas diydasidan qon yoshlari yomg‘irdek oqib turadi. Senda ko‘p ortiqcha lash-lushlar bor, ularni tashlab yukingni yengillatgin. Yo‘qsa, bu yo‘lda sening ishing qattiq bo‘ladi, og‘ir azoblarni ko‘rasan. Aslida sening yuking bu dunyoda yiqqan o‘limtiklaringdan iborat. Sen esa uning izidan xoru zor bo‘lib yuribsan”.

Mutasavvif shoir Maxtumquli: Bo‘lma komi nafs uchun har siflaning oldida past,/ Obro‘sizlik yukin chekmakka mahzur o‘lmag‘il”, degan edi.

Ya’ni, nafsingni talabini bajaraman, xohishini qondiraman, deb har nokasning oldida past ketmagin va obro‘sizlik yukini tortishdan huzurlanmagin.

 

Bahodir USMONOV,

Yangiyo‘l tumani “Pusur Oqsoqol” jome masjidi imom-xatibi

 

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

100 dan ziyod oilaning holidan xabar olindi

17.01.2025   6815   1 min.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati