“…Kimki o‘z nafsining baxilligidan saqlana olsa, bas, aynan o‘shalar najot topuvchilardir” (Tag‘obun surasi, 16-oyat).
Shoir Sa’diy Sheroziy nafsni malomat qilib, shunday degan edi:
Kishini buzuq nafs etar xoru zor,
Gar oqil esang sen uni ayla xor.
Tamaga bo‘ysunmasa har kishi,
U qul ermas, ozod o‘tar turmushi.
Tama’ jamiyatdan chiqargay seni,
Uni haydagil, u chiqarmay seni.
Darhaqiqat, nafsi bad insonni ne ko‘ylarga solmaydi? Unga tobe bo‘lganlar xor va zabun, uni qo‘lga olganlar esa haqiqiy mard bo‘ladilar.
Ulug‘ allomalarimizdan biri nafsni o‘ldiruvchi unsurlarni uchta deb bayon etadi: “Nafsni faqat uch narsa bilan o‘ldirish mumkin. Bular xomushlik xanjari, ochlik qilichi va tanholik nayzasin qo‘lga olib xuzu’ni tark qilishdir. Agar kimda bu uch qurol bo‘lmasa, uning nafsi hech qachon najotga kelmaydi. Ya’ni bo‘ysunmaydi. Har kimki simu zarga qiziqsa, uning ishi oqibatda iztirobli, alamli bo‘ladi. Kimki ishlarini oxirat uchun qilsa, unga Alloh taolodan ko‘p marhamatlar keladi. Dunyoning moli xokisorlar uchun va oxirat parhezkorlar uchun bo‘ladi.
Ey o‘g‘il, shayton sening dushmaningdir. U sening bo‘yningga olovli kishan solishni istaydi. Kuning boshlanishida biror yomon ish qildingmi? Bu ishing bilan johillik qilding. Kimki toati dangasalik bilan bo‘lsa, uning samarasi gumrohlik va adashish bo‘ladi. Toat qilish vaqtida xuddi shamol kabi shitob va g‘ayrat bilan harakat qil. Shuningdek, dunyoning ishlaridan, tashvishlaridan ozod bo‘lib, jonu dil bilan toat qilishga kirish. Garchi bu yer sening yotar joying bo‘lsa ham, uning qa’riga kirgach sening jonu taningga hech rahm qilinmaydi”.
Hazrati So‘fi Allohyor “Nafsi shum bayonida” shunday degan edi:
Kel e kas, bo‘lma aknun tobei nafs,
So‘lur axshom sabo bu gardani g‘afs.
Hama toatlaring xo‘biyu sofi,
Yaqin bilsang, erur nafsing xilofi.
Ya’ni, ey inson endi o‘z nafsingga tobe bo‘lma. Chunki bir kun bu yo‘g‘on bo‘yning so‘ladi. Gardaningga ajalning tig‘i botishi muqarrar. Sening barcha toat-ibodatlaringni yaxshisi va pokizasi, shubhasiz, o‘z nafsingga xilof ish tutishingdir.
Haqiqatan, har kim o‘z nafsining boshini yanchishi va doimo xor tutishi lozim. Uni qo‘ldan kelgancha haromdan uzoq saqlash kerak. Qorinni ovqat bilan liq to‘ldirmaslik shart. Agar shunday qilsa, xuddi hayvon kabi o‘zining oxuri, ya’ni ovqati uchun yashovchi bo‘lib qoladi. Har kim nafs itini to‘ydirsa, uni gunoh qilishga jur’atli qilib qo‘yadi. Haddan tashqari to‘yib ovqatlanish hayvonlarga xosdir. Inson esa bu borada latif va parhezkor bo‘lmog‘i lozim. Butun kechani kunduzga qadar uyqu bilan o‘tkazmang. Agar kishi kechasi turib ikki rakat namoz o‘qisa ham o‘z qabri uchun savob chirog‘ini yoqqan bo‘ladi. Haddan ziyoda uyqu va ovqatlanish faqat hayvonlarga xosdir. Uyquda yotganlar Haq taoloning in’omlaridan bahramand bo‘la olmaydilar. Ya’ni, kimki tunlarda uyquni tark qilib ibodatda bo‘lsa, Haq taolodan unga fayz va hol ne’matlari yetishadi.
Fariduddin Attor “Pandnoma” asarida shunday keltiradi: “Har kimda “mening nomim yaxshi bo‘lsin”, degan zavq, xohish, manmanlik bo‘lsa, u xos bandalardan emas, avomlardandir. Bu nafsni tuyaqush deb bilgin. Chunki u na yuk tashiydi, na osmonga uchadi. Agar unga “osmonga uch” desang, “tuyaman”, deydi va agar ustiga yuk ortmoqchi bo‘lsang “qushman”, deydi. Yam-yashil maysaning rangi ham maftunkordir. Ammo mazasi achchig‘u hidi noxushdir. Agar sen nafsga itoat qilib yursang, uning farmoni ochlik va chanqoqdan boshqa narsa emas”.
Nafs senga toatlarda sust bo‘lishni o‘rgatadi. Gunohlardan uzr so‘rashdan sakrab o‘tkazib ketadi. Ya’ni gunohlarga tavba qilishdan chalg‘itadi. Nafsingni zindonda saqlagin va u senga nima buyursa unga xilof qilgin. Xuddi tuyadek yo‘lga tushib yuk tashi. Toat yukini Alloh taoloning dargohiga olib bor. Xudoyi taolonig yukini jon bilan tashish lozim, yo‘qsa xuddi it kabi xor bo‘lib turish lozim. Kimki o‘z yukini ko‘tarib borsa, bu dunyoda o‘z jonining g‘amini yegan bo‘ladi. Har kimning Haq taolo huzurida yuki bo‘lsa, u tajalliy qiluvchidan yordam oladi. Ya’ni Haq taolo ham unga yordam qiladi.
Kimki tuyaqushdek o‘z yukidan qochsa, uning hayoti gulistonidan barglar to‘kiladi, o‘z umrini barbod qiladi. Yo‘l xatarlidir, pistirmada o‘g‘ri bor. Shayton alayhilla’na iymonni o‘g‘irlash uchun tayyor turibdi. Lekin bir joyda to‘xtab turishdan yo‘lda yurgan yaxshiroq. Munzil uzoq, yuking boshingdan og‘ib turibdi. Bas, sen ham harakat qil, boshqalardan qolib ketma. Har kimning bu yo‘lda og‘ir yuki bo‘ladi va har nafas diydasidan qon yoshlari yomg‘irdek oqib turadi. Senda ko‘p ortiqcha lash-lushlar bor, ularni tashlab yukingni yengillatgin. Yo‘qsa, bu yo‘lda sening ishing qattiq bo‘ladi, og‘ir azoblarni ko‘rasan. Aslida sening yuking bu dunyoda yiqqan o‘limtiklaringdan iborat. Sen esa uning izidan xoru zor bo‘lib yuribsan”.
Mutasavvif shoir Maxtumquli: “Bo‘lma komi nafs uchun har siflaning oldida past,/ Obro‘sizlik yukin chekmakka mahzur o‘lmag‘il”, degan edi.
Ya’ni, nafsingni talabini bajaraman, xohishini qondiraman, deb har nokasning oldida past ketmagin va obro‘sizlik yukini tortishdan huzurlanmagin.
Bahodir USMONOV,
Yangiyo‘l tumani “Pusur Oqsoqol” jome masjidi imom-xatibi
Har yangi kunning tongini ko‘rganingizda qalbingizni zikr ila to‘ldiring. Iymon zikrlariga quloq tutar ekansiz, borliq Yaratgan Zot sari talpinayotganini his qilasiz. Alloh taolo aytadi: «...Mavjud bo‘lgan barcha narsa hamd bilan Unga tasbeh aytur...»[1]. Balki uyda, balki ko‘chada, qayerda bo‘lsangiz-da, Allohning zikriga shoshiling. Zikrlarni ko‘paytirganingiz sari Allohga bo‘lgan muhabbatingiz ortib boradi, osmonlaru yerning Xoliqi bo‘lgan Alloh taolodek buyuk Zot suyanchig‘ingiz ekanini anglaysiz...
Ushbu misralarni doim yodda tuting:
Gar ersa qalblar Xoliqin zikridin mosuvo,
Alar jasad ichidin joy olgan tosh kabi go‘yo.
Qalbingizni zabonsiz toshga aylantirib qo‘ymang.
Toshda na mehr va na his bor. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Robbini zikr qiladigan bilan zikrdan yiroqda bo‘lgan kishi xuddi tirik bilan o‘lik kabidir” [2], deganlar.
Yana Nabiy alayhissalom: “Sizlarga amallaringizning eng xayrlisi va Sultoningiz huzurida eng pokiza, darajangizni yuqorilatadigan, sizlar uchun tillo-kumushlarni ehson qilgandan-da, dushmaningizga yo‘liqib, uning boshini tanasidan judo qilishingiz, u ham sizning kallangizni bo‘yningizdan uzib tashlashidan-da yaxshiroq amal qaysi ekanini bildirib qo‘yaymi?!” – dedilar. Sahobalar: ”Ha, ey Allohning Rasuli”, deyishdi. U zot: U Allohning zikridir”,3] dedilar.
Ubayd ibn Umayr aytadilar: “Mo‘minning amal daftaridagi hamd ila tasbeh – u bilan dunyo tog‘laricha tillo sudralib yurishidan xayrlidir”.
Nabiy alayhissalom yana boshqa bir hadisda: «Alloh taoloning fazilat izlab kezib yuruvchi farishtalari bo‘lib, ular zikr aytib o‘tirilgan davralarni izlab yurishadi. Shu asnoda zikr bo‘layotgan davrani topishsa, farishtalar zikr halqasidagilar bilan birgalikda o‘tirishadi va bir-birlarini qanotlari bilan o‘rab olishadi, shu tarzda zikrdagi kishilar bilan dunyo osmonining orasi farishtalar bilan to‘lib ketadi. Zikr halqasidagi kishilar tarqalib ketishsa, farishtalar osmonga ko‘tarilib ketishadi.
Keyin Alloh taolo hammasini bilib turgani holda, ulardan: “Qayerdan keldinglar? – deb so‘raydi. Ular: “Biz yerdagi bandalaring oldidan keldik. Ular Senga tasbeh aytyaptilar, takbir, tahlil aytib, Senga maqtov yo‘llayaptilar va O‘zingdan so‘rashyapti”, deb javob qaytarishadi.
Alloh taolo: “Ular Mendan nimani so‘rayapti?” – deydi. Farishtalar javoban: “Sendan jannatingni so‘rashyapti”, deyishadi. Alloh taolo: “Ular jannatimni ko‘rishganmi?” – deya farishtalardan yana savol so‘raydi. Farishtalar javob berib: “Yo‘q! Ey Yaratgan Zot!” – deyishadi. Alloh subhanahu va taolo yana: “Mabodo ular jannatimni ko‘radigan bo‘lsalar, holat qanday bo‘ladi-ya?” – deydi. Farishtalar: “Ular yana Sendan panoh tilashyapti”, deyishadi. Alloh taolo savol tariqasida: “Nimadan panoh berishimni so‘rashyapti?” – deydi.
Ular: “Jahannamingdan, ey Yaratgan Zot!” – deb javob qaytarishadi. “Ular do‘zaximni ko‘rganmi?” – deb so‘raydi Alloh taolo. Javob qaytarib: “Yo‘q!” – deyishadi ular.
Alloh taolo: “Ular do‘zaximni ko‘rishsa qanday bo‘larkin?” – deydi.
Farishtalar: “Ular yana Sendan mag‘firat qilishingni so‘rashyapti”, deyishadi.
Alloh taolo: “So‘zsiz ularning gunohlarini kechirdim, ularga so‘rovlarini ato etdim va panoh tilagan narsalaridan ularni O‘z panohimga oldim”, deydi.
Farishtalar: “Ey Yaratgan Zot! Ular orasida falonchi, o‘ta xatokor qul ham bor. U o‘tib keta turib ularning oldiga o‘tirib oldi”, deyishadi. Alloh taolo shunday deya marhamat qiladi: “Uni ham kechirdim! Ular hammajlislari badbaxt bo‘lmaydigan kishilardir”, deydi»[4], dedilar.
[1] Isro surasi, 44-oyat.
[2] Imom Muslim rivoyati.
[3] Imom Termiziy rivoyati.
[4] Imom Muslim rivoyati.