Har bir fiqhiy mazhab o‘z ta’limotini asoslash maqsadida dastlab Qur’oni karim va Muhammad alayhissalom hadislariga suyangan holda ish tutgan. Sunniylik yo‘nalishidagi to‘rt mazhabdan biri hanafiylik mazhabi ham, aslida Qur’on va sunnatga asoslangan o‘z fiqhiy ta’limotiga ega.
Hindistonlik mashhur olim Zafar Ahmad Usmon Tahonaviy hanafiylik mazhabiga oid hukmlar asli oyat va hadislarga asoslanganini isbotlashga urinib, yigirma jilddan iborat “E’lous-sunan” kitobini yozdi. Bu kitob 1997-2001 yillarda ikki marta Bayrut shahrida chop etildi. Muallif asarida oltita sahih to‘plam sohiblari Imom al-Buxoriy, Imom Muslim, Imom Termiziy, Imom Abu Dovud, Imom Nasoiy, Imom Ibn Mojja asarlaridan unumli foydalangan.
“E’lous-sunan” asari ham boshqa fiqhiy kitoblarning tartibidek tahorat va namoz kabi boblar bilan boshlangan va har bir fiqhiy masala oyat va hadislar hamda asarlar (sahobalarning so‘zlari) bilan dalillangan.
Hanafiylik mazhabiga bildirilgan e’tirozlar, raddiya va ixtiloflarni chuqurroq o‘rganib chiqish, bugungi kun ilm ahillarining ayni dolzarb vazifalari va ixtiloflarga barham berish yo‘lidagi maqsadlariga muvofiqdir. Ulamolar ixtiloflar haqida fikr bildirib, ular asosan ikki tur, e’tiqodiy va fiqhiy (asliy va far’iy) ixtiloflardan iborat ekanini ta’kidlashgan. E’tiqodiy masalalar dinimiz asosiga tegishli bo‘lib, bu sohada ixtilofga yo‘l qo‘yish aslo mumkin emas. Sunniylik yo‘nalishida bu masalada ixtiloflar yo‘q. Fiqhga oid masalalardagi ixtiloflarning o‘zi ham ikkiga bo‘linadi. Birinchisi masalaning turiga qarshi ixtilof bo‘lib, bu turdagi ixtilof harom hukmidadir. Chunki ixtilof qilinayotgan masalaning har ikkisi ham kitob va sunnat dalillariga asoslangandir. Bu turdagi ixtiloflarning o‘ziga yarasha sabablari va hikmatlari bor.
Mazhablar o‘rtasidagi “ixtilof”lar degan ibora o‘rniga masalalarning “turli xilligi” iborasini qo‘llagan o‘rinliroqdir. Imomlari nazdida bir masalaning turli xil bo‘lishi dalillarini turli xil darajada, ya’ni “sahih”, “hasan” va “zaif” bo‘lishi yoki hadislarni yetib borgan-bormaganligi sabab bo‘lgan. Mazkur imomlar xususida faqat yaxshi gumonda bo‘lish vojibdir. Ularning har birlari mujtahid ulamolar bo‘lib, qilgan ijtihodlarida to‘g‘ri yo‘l topgan bo‘lsalar ikkita ajr, xatoga yo‘l qo‘ygan bo‘lsalar bir ajrga sazovor bo‘laveradilar. Masalan, fiqhiy kitoblarda keltirilgan tahorat, namoz boblaridagi turli dalillarga asoslangan, turi xil ko‘rinishga ega bo‘lgan masalalarni olsak, bu masalalar turliligi Rasululloh alayhissalom sunnatlarida kuzatilgan va ularning o‘ziga xos hikmat hamda sabablari bor.
Ma’lumki, islom dini butun insoniyatga yuborilgan din bo‘lib, yer yuzining turli mintaqalarida, turli millatlarning urf-odatlarida, turmush tarzlarida namoyon bo‘ladi. Masalan, Afrika mintaqasi kabi suv tanqis hududlarda tahorat, tayammum, g‘usl kabi suv bilan bog‘liq masalalarni chuqurroq o‘rganishga hamda turli shakllarini tadbiq qilishga ehtiyoj kattadir. Shuningdek, sovuq va o‘ta sovuq mintaqalarning ham o‘ziga yarasha muammolari bor. Ulamolar bu kabi masalalarni atroflichi o‘rganib chiqib, bir masala bir mintaqa uchun o‘ta muhim bo‘lsa, manbalarga asoslanib imkon qadar yengillik yaratib, turli hil shakllarini ijtihod qilishgan. Masalan, tahorat bobidagi boshga mas'h tortish masalasida qo‘llarning orqa tomoni bilan gardanga mas'h tortishni hanafiy ulamolari mustahab amal deyishgan.“E’lous-sunan” asarida “Gardanga mas'h tortish bobi” da mazkur amalning mustahab ekaniga quyidagicha dalil keltiriladi:“Kim tahorat qilganda ikki qo‘li bilan gardaniga mas'h tortsa, qiyomat kuni uning bo‘yni kishandan ozod bo‘ladi” (Abu Hasan ibn Fors rivoyati)
Aynan shu amalni bid’at deb hisoblaydigan toifalar ham bor, ular bu kabi masalalardagi turli xillikning sabab va hikmatlarini o‘ylab ham ko‘rmaydilar va o‘z ixtiloflari bilan musulmonlar ommasi, ayniqsa, Islom ta’limoti bilan endigina tanishib kelayotgan yoshlar o‘rtasida turli tushunmovchiliklarni keltirib chiqaradi. Natijada ko‘p o‘rinlarda yoshlar bilan ota-bobolari o‘rtasida kelishmovchilik va noroziliklar vujudga keldi. Bunday ixtiloflarning shar’iy hukmi harom hisoblanadi, chunki bu ixtiloflar bir dindagi odamlar o‘rtasida xusumat va adovatni yuzaga keltiradi. Shuningdek, tahorat asnosida quloqlarning ichi va orqasiga mas'h qilish bid’at deb davo qilganlar ham bor, ularga raddiya sifatida dalil qilib mazkur hadisni keltirish mumkin.
Shuayb rivoyat qiladi, Rasululloh alayhissalomning oldiga bir kishi kelib, “Ey Rasululloh, tahorat qanday qilinadi deb so‘radi. Rasululloh bir idishda suv olib kelishni buyurdilar va ikki qo‘llarini kaftigacha uch marta yuvdilar, so‘ng yuzlarini uch marta yuvdilar, so‘ng qo‘llarini chig‘anog‘igacha uch marta yuvdilar, so‘ng boshlariga mas'h tortdilar, so‘ng ikki barmoqlarini quloqlarini ichiga kiritib, bosh barmoqlari bilan quloqlarini orqasini va ikki ko‘rsatkich barmoqlari bilan quloqlarini ichini mas'h qildilar, so‘ng oyoqlarini uch marta yuvdilar, so‘ng: “Tahorat shunaqa bo‘ladi”, Kim bundan ziyoda yoki kam qilsa, aniq bir yomon ish qilibdi va o‘ziga o‘zi zulm qilibdi dedilar” (Adu Dovud va Nasoiy rivoyatlari)
Shuni ham ta’kidlash kerakki, tahoratdagi hamma amallar bir hadisni o‘zida mukammal aks etmagan bo‘lishi mumkin. Yuqoridagi hadisda ham tahoratdagi ko‘p amallar zikr qilinmagan, ammo bu boradagi boshqa hadislarni ham e’tiborga olish kerak. Tahoratdaga to‘rtta farz ado etilishi bilan tahorat ibodat qilishga kifoya qiladi, ammo undagi dalillar orqali vorid bo‘lgan sunnat va mustahab amallar farz amallarni mukammal bo‘lishi uchun garovdir. Ulamolar tahoratdagi amallarni, tahorat masalasiga tegishli barcha hadislarni to‘plab, ularni atroflicha o‘rganib chiqib so‘ngra yakuniy xulosa berishgan. Hukm chiqarishdan oldin ayni masalaga tegishli bo‘lgan barcha manbalarni atroflicha o‘rganib chiqmaslik ixtiloflar vujudga kelishining asosiy omilidir. Shu o‘rinda bir rivoyat yodga tushadi: fil haqida eshitgan, lekin ko‘rmagan bir necha so‘qir kishilarni filning oldiga olib borib, mana qarshingizda fil turibdi, uni har biringiz ushlab ko‘rishingiz mumkin, deyilibdi. Shunda ulardan har biri alohida-alohida borib filning duch kelgan a’zosini ushlab paypaslab ko‘ribdi. Biri oyog‘ini, biri qulog‘ini va biri xartumini ushlab ko‘ribdi. So‘ngra har biridan fil haqida so‘ralibdi. Filning har xil a’zosidan tutgan so‘qirlarning xulosalari ham har xil bo‘libdi. Oyog‘ini ushlab ko‘rgan so‘qir kishi fil uzun va yo‘g‘on ustunga o‘xshagan narsa, desa; qulog‘ini ushlab ko‘rgani fil yapaloq, katta supraga o‘xshaydi, debdi; xartumidan tutgani fil uzun arqonga o‘xshagan mahluq, debdi. Fil haqidagi bu ma’lumotlar to‘g‘ri, ammo atroflicha emas. Ikkinchi turdagi ixtiloflar ayni bir amalga qarshi chiqish, uni yo‘qqa chiqarish ixtilofidir. Bu kabi ixtiloflar yuqorida aytilgan to‘rt manbaning birortasida qayd etilmagan amallarga qarshi yuzaga keladi hamda o‘rinli bo‘lsa unga qarshi kurashiladi.
“E’lous-sunan” asarida bu kabi masalalar yetarlicha dalillar bilan yoritilgan. Bu kabi manbalarni yanada puxtaroq o‘rganish, ilmiy tahlil qilish ixtiloflarga barham berishning asosiy omillaridandir. Ixtiloflar har qanday jamiyatning ashaddiy dushmani, uni tanazzulga olib boruvchi yomon illat ekani ma’lum. Chunonchi, Qur’oni karimda ham bu illatdan qattiq qaytarilganmiz: “Barchangiz Allohning arqonini mahkam tuting va bo‘linib ketmang. Va Allohni sizga bergan ne’matini eslang: bir vaqtlar dushman edingiz, bas, qalblaringizni ulfat qildi. Uning ne’mati ila birodar bo‘ldingiz. Olovli jar yoqasida edingiz undan sizni qutqardi. Shunday qilib Alloh sizga O‘z oyatlarini bayon qiladi. Shoyadki, hidoyat topsangiz” (Oli Imron, 103), Shuningdek, Anfol surasining 46-oyati hamda Rum 31-32-oyatlarida ham ixtiloflarga berilmaslik qat’iyan amr etilgan.
Rasululloh alayhissalomning hadislarida ham odamlar o‘rtalaridagi g‘arazli tortishuvlar, ixtilof va firqabozliklar qattiq qoralanadi. Abu Mas’ud roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh alayhissalom:”Ixtilof qilmanglar. Qalblaringiz ixtilofli, bir-biriga zid bo‘lib ketadi” (Imom Muslim rivoyati).
Bu kabi hadislar juda ko‘p rivoyat qilingan. Yuqorida ta’kidlanganidek ixtiloflar, o‘zaro kelishmovchiliklar har qanday jamiyat uchun zararlidir. Darhaqiqat, ixtiloflar qalblarni bir-biriga zid qilib qo‘yar ekan, insonlarning jamiyat ravnaqiga hissa qo‘shishi amrimahol bo‘lib qoladi.
Manbalar xazinasi ilmiy xodimi Muhammadsiddiq Usmonov tayyorladi.
O‘MI Matbuot xizmati
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati