Kitob muallifi Imom Sa’labiy rahimahulloh aytadilar: “Abu Muhammad Xalil ibn Ahmad ibn Muhammad ibn Mas’ud Muzakkar rahimahullohning bunday deganlarini eshitdim: “Ba’zi ulug‘lardan shunday hikoya keltirilgan:
“Mansur ibn Ammor aytadi: “Bir xaroba joyga kirdim. U yerda qo‘rquv bilan namoz o‘qiyotgan yigitni ko‘rdim. Ichimda: “Albatta, bu yigitda bir gap bor. Ehtimol, u Alloh azza va jallaning valiy do‘stlaridandir” dedim. Namoz o‘qib bo‘lgunicha kutib turdim. Namozidan salom bergach, unga salom berdim. U alik oldi. Unga: “Jahannamda bir vodiy borligini bilmadingizmi? Alloh taolo u haqida shunday degan:
كَلَّا إِنَّهَا لَظَى
“Yo‘q! Albatta u(jahannam) kuchli alangadir”.
نَزَّاعَةً لِّلشَّوَى
“Boshning terisini sidirib oluvchidir”. (Bosh terisi shilib olingan do‘zaxiyga Alloh taolo yana yangi teri ato etadi. Jahannam o‘ti esa yana uni shilib oladi va shu tariqa to‘xtovsiz davom etaveradi.)
تَدْعُو مَنْ أَدْبَرَ وَتَوَلَّى
“U chaqiradir; orqaga ketgan va yuz o‘girganni”.
(Maorij surasi, 15-17-oyatlar).
Oyatni eshitgan yigit chuqur nafas oldi-da, ho‘ngrab yig‘lab yubordi, oh tortdi-yu, hushidan ketdi. O‘ziga kelganda, menga: “Yana Qur’on oyatidan o‘qib bering!” dedi. Men:
وَقُودُهَا النَّاسُ وَالْحِجَارَةُ
“Yoqilg‘isi odamlar va tosh bo‘lgan” (Baqara surasi, 24-oyat) degan oyatni o‘qidim. Oyatni eshitishi bilanoq joni uzilib, yerga yiqildi.
Libosini ko‘tarib, ko‘ksini ochsam, ko‘kragi ustiga:
فَهُوَ فِي عِيشَةٍ رَّاضِيَةٍ
“Bas, u rozilik hayotidadir”.
فِي جَنَّةٍ عَالِيَةٍ
“Oliy jannatdadir”.
قُطُوفُهَا دَانِيَةٌ
“Uning mevalari yaqindir” (Haaqqoh surasi, 21-23-oyatlar) degan oyatlar yozilganini ko‘rdim.
Kech bo‘lgach, uyquga yotdim. Tushimda uni karovat ustida, boshiga toj kiyib o‘tirgan holda ko‘rdim. Undan: “Alloh taolo seni nima qildi?” deb so‘radim. Shunda u: “U Zot menga Badr ahlining savobini berdi va yana ziyoda qildi” deb javob berdi. Men yana undan: “Nega senga ularning savobi mislicha savob berdi?” desam, u: “Chunki, ular kofirlarning qilichlari bilan o‘ldirildilar. Men esa Malikul G‘afforning qilichi bilan o‘ldirildim” deya javob berdi”.
Bu qissani Yofi’iy degan olim “Rovzur rayohiyn fiy hikayatis solihiyn” kitobida zikr qilgan”.
Is'hoq Sa’labiyning “Qotla-l-Qur’an” nomli
asaridan Nozimjon Iminjonov tarjimasi
O‘MI Matbuot xizmati
Namangan viloyatida Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, O‘zbekiston musulmonlari idorasi, Sanepidqo‘mita va YUNISЕF hamkorligida din yetakchilari uchun “Emlash: ilmiy va diniy asoslar” mavzusida ikki kunlik seminar-trening boshlandi.
Tadbirda aholi salomatligini muhofaza qilishda emlashning o‘rni, uning ilmiy va diniy asoslari hamda sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish masalalari yoritildi. Ishtirokchilarga milliy emlash dasturining natijalari, organizmni himoya qilishdagi muhim jihatlar va joylarda uchrayotgan savol hamda muammolar haqida batafsil ma’lumot berildi.
Seminar doirasida imom-xatiblar va otinoyilar bilan ochiq muloqot o‘tkazilib, hududlardagi vaziyat, aholi fikrlari, takliflar va muammolar muhokama qilindi. Tomonlar hamkorlikni kuchaytirish va emlash bo‘yicha aniq va ishonchli ma’lumotlarni aholiga yetkazib borish bo‘yicha kelishib oldilar.
Ilmiy tahlillar so‘nggi yuz yilda emlash ko‘plab xavfli kasalliklarning tarqalishini keskin kamaytirganini ko‘rsatadi. Masalan, 1969 yilgacha har yili 2,6 million insonni halok etgan qizamiqka qarshi vaksina paydo bo‘lgan. Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu kasallik bo‘yicha 2000–2017 yillarda dunyo miqyosida o‘limlar 80 foizga kamaydi. Millionlab bolalarning hayotini izdan chiqargan poliomiyelit esa bugun deyarli yo‘q darajasga tushgan.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Namangan viloyati vakilligi
Matbuot xizmati