Ulamolar yangi bir ishni chorshanba kunidan boshlashni tavsiya etadilar. Shunda ish oqibati xayrli bo‘lib, oxiriga yetadi deydilar.
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rahimahulloh ham ushbu ko‘rsatmaga qat’iy rioya qilardilar. U zot rahimahulloh kitoblarining ba’zisida qachon, qayerda va soat nechida ushbu kitobni yozishga kirishganliklarini asarning kirish qismida bayon etardilar. Masalan, Hazrat rahimahulloh Islom tarixi muxtasar bayon etilgan so‘nggi kitoblaridan biri “Islom tarixi” nomli asarlarida bunday yozadilar: “Nihoyat, Allohning taoloning irodasi ila 2014 yil 12 mart kuni, soat 05 dan 17 daqiqa o‘tganda ba’zi arab tilidagi kitoblardan, o‘zimizda bitilgan asarlar va internet tarmoqlaridan olingan ma’lumotlardan foydalangan holda yozishga jazm etib, Alloh taoloning O‘zidan madad so‘ragan holda ushbu ishni boshladik”.
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rahimahullohning kitob yozishni boshlagan va tugatgan sanalari taqvimdan ko‘rilsa chorshanba kunidan boshlanib, shu kunda tugatilgani ma’lum bo‘ladi.
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rahimahullohning shogirdlari ham ushbu tavsiyaga amal qilgan holda Alloh taoloning Kalomi – Mus'hafi sharifni chop qilishni Allohning fazli bilan aynan chorshanba kuni (3 yanvar 2018 yil)dan boshlashdi. Alloh taolo ushbu boshlangan ishni xayrli va yurtimizdagi barcha mo‘min-musulmonlar uchun manfaatli qilsin.
Alloh taolo Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rahimahullohni O‘zining huzuridagi eng oliy maqomlarga yetkazsin.
Davron NURMUHAMMAD
O‘MI Matbuot xizmati
Muhyiddin ibn Arabiy aytadilar: “Kimning qanday hojati bo‘lsa, shom namozining farz va sunnatini o‘qib bo‘lganidan keyin o‘rnidan turmasdan Fotiha surasini 40 marta o‘qisin. Shundan keyin, Allohdan hojatini so‘rasin, albatta so‘ragan narsasini beradi. Biz buni tajriba qilib ko‘rdik va foydasini topdik. Fotiha surasini o‘qib bo‘lganidan so‘ng ushbu duoni o‘qiydi: “Allohim! Sening ilmingni o‘zi Sendan so‘ramaslikka kifoya. Fotiha surasining haqqi hurmatidan O‘zing so‘rovimga kifoya qil. Sening karamingni o‘zi Senga so‘zlamaslikka kifoya. Fotiha surasining haqqi hurmatidan so‘zimga kifoya qil va qalbimdagi tilagimni hosil qil”.
Homidjon domla ISHMATBЕKOV