Dunyoda yuksak martabalarga erishgan qaysi zotning hayotiga boqsangiz, bu maqomlarga ular ustozlariga ko‘rsatgan ehtiromi tufayli erishganiga guvoh bo‘lasiz. Masalan, Aflotunu Arastuga, ularning safdoshlariga katta hurmat-ehtirom ko‘rsatib, ularning pandu nasihatlariga amal qilmaganida Iskandar Maqdunli dunyoni zabt eta olarmidi? Yoki yetti pirning xizmatini qilib, ularning nasihatlariga amal qilgan, ularni har doim duolarda yo‘qlab turgan Amir Temur ana shu xizmatlarining evaziga Sohibqiron degan martabaga yetishmadimi? Albatta, yo‘q!
Ha darvoqe, Amir Temur bobomizning buyuk martabalarga erishishining yana bir sababi, u o‘tgan azizlarning ham ruhlarini shod qilishga sa’y-harakat qilib yashagan. Xususan, Zangi ota maqbarasini qurdirgan, Ahmad Yassaviy hazratlari maqbarasini bino qilib, qirq quloq bahaybat qozon osdirib, unda yetim-yesirlarga taom hozirlatgan, u zotning nevarasi bo‘lgan Suzuk ota maqbarasini bunyod ettirgan va yana qancha ulug‘larning xotirasiga qanchalar hurmat ko‘rsatganining sanab adog‘iga yetish qiyin.
Millatimiz quyoshi deya sifatlangan hazrat Navoiy “Lison ut-tayr”, “Majolis un-nafois” va boshqa asarlarida ulug‘ zotlarni nihoyatda katta ehtirom bilan tilga olgan. Xususan, u zot agar ixtiyori o‘zida bo‘lganida Abdulla Ansoriy hazratlarining qabrida jorubkashlik qilishini ham yozganlar.
Ana shu gapni o‘qigan kishi Abdullo Ansoriyning kimligini bilmasa ham Navoiydek zot shu so‘zni aytibdimi, demak, u hazilakam odam bo‘lmagan degan tasavvur hosil qiladi.
Ajdodlarimiz ulug‘larimizga, olimu ulamolarimizga ana shunday izzat-ikrom ko‘rsatib, o‘tgan buyuklarimiz xotirasini shod qilishini o‘zlarining ma’naviy burchi deb hisoblaganlar.
Afsuski, orada mustamlakaga aylanib qolganimiz sabab bo‘lib tarbiyamizning ana shu nuqtasida bir oz o‘zgarishlar bo‘lgani ham rost.
O‘zbekiston xalq yozuvchisi Shukur Xolmirzayev (Alloh taolo yotgan joyini obod qilsin) bir maqolasida: “Ozarbayjonliklarning qaysi biridan shoirlari haqida so‘rasangiz, “O, u buyuk shoir”, deydi. Ataylab o‘rtamiyonadan pastroq shoirini so‘rasangiz ham shunday javob beradi. “Nega unaqa qilasiz?” desangiz, “Ustozlarimiz shunday o‘rgatgan”, deb javob beradi”, deb yozgan edi.
Bu gapni eshitgan yozuvchi nega biz shunday qilmaymiz... deb holimizga hayron bo‘lgandi.
Yaratganga shukrki, millatimiz tarbiyasining ana shu fazilatini prezidentimizning o‘zi o‘rnak bo‘lib qaytardi. 9 fevral kuni Yurtboshimiz marhum shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlari xotirasiga shunday buyuk ehtirom ko‘rsatdiki, bundan to‘lqinlanmagan odam qolmadi.
Davlatimiz rahbarining bu ishida ko‘zga yaqqol tashlanadigan ikkita hikmat bor: birinchisi, Shayx hazratlarining “Ayting! (Ey Muhammad), biladiganlar bilan bilmaydiganlar teng bo‘lurmi...?!” (Zumar, 9) oyatida ta’riflanganidek martabasining balandligi; ikkinchisi esa olimning martabasi qanchalik balandligini bilish uchun ham ilm kerak. Zotan, “Zar qadrini zargar biladi”, deb bejizga aytmaganlar.
Imom Ahmad, Tabaroniy va Hokim Ubboda ibn Somit roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Keksalarimizni ulug‘lamagan, kichiklarimizga mehribon bo‘lmagan va olimlarimizni (haqini) bilmagan mening ummatimdan emas”, dedilar.
Ushbu hadisdan ayon bo‘ladiki, Payg‘ambar alayhissalomga munosib ummat bo‘lish uchun olimlarning haqqiga ham rioya etmog‘imiz lozim ekan.
Olimning haqqiga rioya etmoq nima bilan bo‘ladi?
Undan ilm o‘rganmoq, yozgan kitoblarini o‘qimoq va o‘tib ketganidan so‘ng uning xotirasiga hurmat ko‘rsatmoqdir.
Imom A’zam rahmatullohi alayhning shunday deganlari rivoyat qilinadi: "Ustozim Hammodning hurmati uchun uning uyi tomonga oyog‘imni uzatmaganman. Holbuki, uning uyi bilan mening uyim orasida yettita ko‘cha bor edi. Hammod vafot etgandan so‘ng qachon namoz o‘qisam har safar, albatta, ota-onamga qo‘shib, unga ham Allohdan mag‘firat so‘raganman. Nafaqat u, balki kimdan nimadir o‘rgangan bo‘lsam yoki kimdir menga nimadir o‘rgatgan bo‘lsa, albatta o‘sha kishilar uchun ham doim Allohdan mag‘firat so‘rayman".
O‘zi, aslida millatning oyog‘idan tortib yotgan narsa ulug‘larini tirigida tan olmaslik, o‘tganlaridan so‘ng hurmat ko‘rsatmaslikdir. Qaysiki millat buyuklarini ulug‘lamagan, olimlarini ardoqlamagan bo‘lsa, o‘sib-unmagan, ravnaq topmagan. Buni tarix kitoblarida ko‘p o‘qiganmiz. Qaysi millat yuksak taraqqiyotni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, ajdodlarining ruhini shod qilish, ular boshlagan ishlarni munosib tarzda davom ettirish orqali erishgan.
Yaratganga shukrki, xalqimizning dinimiz ko‘rsatmasiga amal qilib, o‘tganlarni faqat yaxshi xotiralar bilan eslash fazilati qaytayotir. Bunda shaxsan Prezidentning o‘zi o‘rnak bo‘layotir. Ayniqsa, olimu ulamo, ma’rifatparvar zotlarning xotirasini hurmat qilib ularning maqomiga munosib ehtirom ko‘rsatilayotirki, bundan xalqimizning ham ko‘ngli shod bo‘lmoqda.
O‘MI Matbuot xizmati
O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov Indoneziyaning yangi tayinlangan elchisi Siti Ruhaini Juhayatinni qabul qildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
"Indoneziyaning O‘zbekistondagi yangi tayinlangan Elchisi Siti Ruhaini Juhayatin xonimdan ishonch yorliqlari nusxalarini qabul qildik, – deb yozdi O‘zbekiston TIV rahbari o‘zining telegram-kanalida. – Siyosiy muloqotdan tortib iqtisodiy diplomatiyagacha bo‘lgan barcha sohalarda ikki tomonlama aloqalar jadal rivojlanib borayotganini mamnuniyat bilan ta’kidladik. Shubhasiz, O‘zbekiston-Indoneziya o‘rtasidagi munosabatlarni rivojlantirish uchun ko‘plab sohalarda keng imkoniyatlar mavjud.
Elchi xonimning boy tajribasini qadrlaymiz va mamlakatimizdagi faoliyatida muvaffaqiyatlar tilaymiz".
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston va Indoneziya o‘rtasidagi diplomatik munosabatlar 1992 yil 23 iyunda o‘rnatilgan. O‘zbekistonning ushbu mamlakatdagi yangi elchisi Oybek Eshonov 2024 yilning 4 noyabr kuni Indoneziya Prezidenti Subianto Prabovoga ishonch yorliqlarini topshirgan edi.
"Dunyo" AA olgan surat