Rasululloh sallallohu alayhi vasallam marhamat qiladilarki:
“Mo‘min barcha insonlarning ishonchli kishisidir”.
“Mo‘min mo‘minning ko‘zgusidir. Va mo‘min mo‘minni orqasidan ham himoya qiladigan va uni qo‘llab quvvatlaydigan birodaridir”.
“Mo‘minlar bir-biriga yopishgan imorat kabidir”.
“Mo‘min kishi do‘st bo‘ladi va do‘st tutiladi. Do‘stlasha olmaydigan va do‘st tutilmaydigan kishida xayr-yaxshilik yo‘qdir. Insonlarning xayrlisi insonlarga foydasi tegadiganidir”.
“Mo‘min kishi g‘ayratli-rashkli bo‘ladi. Alloh taolo esa eng g‘ayratli- rashklidir”.
“Mo‘min kishi juda zakovatli, qobiliyatli, ziyrak va hushyordir”.
“Mo‘min gunohiga tavba qilguvchidir”.
“Mo‘min banda ikki xavf o‘rtasidadir. Birinchisi: o‘tgan gunohlaridan qo‘rqadiki, ularni Alloh nima qilganini bilmaydi. Ikkinchisi: umrining qolgan qismida boshiga nima halokatlar kelishini bilmaydi”.
“Mo‘minning yelkasi yumshoq bo‘ladi, birodariga kenglik qiladi, munofiq esa to‘ngdir, birodariga tanglik qiladi. Mo‘min avval salom beradi, munofiq esa menga salom bersin deb turaveradi”.
“Haqiqiy mo‘min birovga og‘irligi tushmaydigan kishidir”.
“Insonlar mollari va jonlarini ishonib topshiradigan kishi haqiqiy mo‘mindir”.
“Insonlarga aralashib yuradigan va ularning aziyatlariga sabr qiladigan mo‘min kishi, odamlarga aralashmaydigan va ularning aziyatlariga sabr qilmaydigan mo‘min kishidan afzalroqdir”.
Davron NURMUHAMMAD
tayyorladi
Hadisi sharifda, Alloh taolo ro‘zadorga iftor vaqtida nima so‘rasa, ato qilishi aytilgan. Yaxshi, agar biror banda o‘sha vaqtda hech narsa so‘ramasa, u holda u nimaga erishadi?
Bizning aksar onalarimiz, opa-singillarimizning holatlari aynan shundayki, iftorlik narsalarini tayyorlashda va dasturxon bezashda shunday band bo‘ladilarki, ularga “Hoy, iftorlik vaqti bo‘lib bo‘ldi, siz ham iftor qilib oling”, deyishga to‘g‘ri keladi.
Ayollar iftorlik narsalari yarim soat oldin tayyor qilinib, dasturxonga qo‘yib qo‘yilganini erlariga tushuntirishlari kerak. Oxirgi yarim soatda biz oshxonada o‘choq tepasida turishimiz o‘rniga va nimalardir qovurilyapti, ba’zan nimalardir pishyapti, bu ishlar bilan band bo‘lish o‘rniga, ushbu oxirgi yarim soat yoki yigirma daqiqa joynamozda o‘tirib, Robbimizga duolar qilib olaylik.
Ayollar uylaridagi barcha yosh bolalarni oldilariga o‘tkazib olsinlar va gunohdan pok bolajonlarga aytsinlarki, ular ham qo‘llarini ko‘tarib duo qilsinlar. Agar kattalar gunoh qilgan bo‘lsalar, yosh bolalar gunohdan pokdilar. Kim bilsin, ushbu gunohdan pok qo‘llar ko‘tarilgach, Alloh taolo rahm qilib, sizning duolaringizni qabul qilar.
Shuning uchun ayollar iftorning ushbu vaqtlarini qadrlashlari kerak. Agar biror uyda faqat birgina ayol bo‘lsa va u taom pishirishi ham zarur bo‘lsa, u holda duo qo‘l bilan emas, qalb bilan qilinadiki, shunga ko‘ra, qo‘l ish bilan mashg‘ul bo‘lsin va siz ushbu holatda ham qalbingizda Alloh taologa duolar qilayotgan bo‘lsangiz, demak, siz ham ushbu vaqtda Alloh taolodan so‘ragan narsangizga erisha olasiz.
Hazrati Zulfiqor Ahmad Naqshbandiy hafizahulloh