Surxondaryo viloyatida davom etayotgan Qur’oni karim musobaqasining hududiy bosqichi davom etayotgan bir pallada, samodan Yaratganning rahmati va barakoti – oppoq qor yog‘a boshladi. Denov tumanidagi “Imom Buxoriy” jome masjidiga tashrif buyurgan yoshu qari, ayolu erkak ilohiy kalomga quloq tutar ekan, undan ta’sirlanib, ko‘zlaridan shashqator yosh quyilmoqda. Ushbu musobaqa qalblarga taskin beruvchi va to‘g‘ri yo‘lga boshlovchi Qur’oni karimga bo‘lgan cheksiz muhabbatimizni yanada mavjlantirmoqda.
Yurtimiz uzra Yaratganning ilohiy rahmati yog‘ilib turgan damda, ushbu tarovatli onlardan bahramand bo‘lish, bugungi Qur’on musobaqasida ishtirok etish, some’ bo‘lish uchun beriladigan ajrlardan umidvor bo‘lgan Qur’onga oshno qalblar, sovuq havo – chillaning avji kunlari bo‘lishiga qaramay, to‘p-to‘p bo‘lib Kalomullohni tinglash uchun oshiqib kelishmoqda. Allohning rahmatidan umidvor bu ko‘ngillar taskin topmoq uchun Qur’oniy ziyofatga shoshmoqda.
Darhaqiqat, Qur’on eng to‘g‘ri yo‘lga boshlovchi ilohiy kalomdir. Alloh taolo Isro surasida: «Albatta, bu Qur’on eng to‘g‘ri yo‘lga hidoyat qilur…», deya Qur’onni vasf qilgan.
Robbimizning kalomiga qanchalik oshiqsak, uni qanchalik mahkam tutsak, bizga Haq taoloning barakoti shuncha ko‘p yog‘iladi. Ayniqsa, mana shunday qalblar erib, ko‘ngillar yumshab turgan damlarda uning tilovatini tinglab, ma’nolarini o‘rgansak, inshoalloh, Qur’onda va’da qilingan xushxabarlarga erishamiz va ikki dunyo saodatidan bahramand bo‘lamiz!
Shunday ekan azizlar, Qur’oni karim qiroatlarini jonli tinglab, ruhingizga quvvat bering.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
اللهُ أكبر اللهُ أكبر لا إلهَ إلَّا الله واللهُ أكبر اللهُ أكبر ولله الحَمْد
O‘qilishi: Allohu akbar! Allohu akbar! Laa ilaha illallohu vallohu akbar! Allohu akbar va lillahil hamd.
Ma’nosi: Alloh buyuk, Alloh buyuk. Alloh taolodan o‘zga iloh yo‘q. Alloh buyuk, Alloh buyuk va hamd Alloh taolo uchundir.
Takbiri tashriq 5 iyun bomdod namozidan boshlab hayitning to‘rtinchi kuni, ya’ni 9 iyun asr namoziga qadar aytiladi:
• 5 iyun – 5 mahal,
• 6 iyun – 5 mahal,
• 7 iyun – 5 mahal,
• 8 iyun – 5 mahal,
• 9 iyun – 3 mahal.
Jami 23 mahal namozda takbiri tashriqni bir marotaba aytish vojib amal sanaladi.
Ushbu takbir xoh jamoat bilan, xoh yolg‘iz o‘qilgan har bir farz namozdan keyin aytiladi.
Ayollar takbiri tashriqni maxfiy aytadilar.
Namozga kechikib qo‘shilgan kishi ham namozini to‘liq qilgandan keyin takbiri tashriqni aytadi.
Davron NURMUHAMMAD