IX-X asrlarda Movarounnahr o‘lkasida hadisshunoslikning shakllanishi, taraqqiy qilishiga ulkan xissa qo‘shgan olimlar qatorida muhaddis va faqih Abdulloh ibn Muhammad ibn Ya’qub ibn Horis ibn Xalil Imom Hofiz Abdulloh Subazmuniy Horisiy Kalobodiy (258–340 h./872–952 m.) alohida va o‘ziga xos o‘rinni egallaydi.
Abu Hafs Nasafiy (vaf. 1142 y.), Abdulkarim Sam’oniy (vaf. 1167 y.), Abdulqodir Qurashiy (vaf. 1373 y.), Abdulhay Laknaviy (vaf. 1887 y.), Ibn Qutlubug‘o (vaf. 1475 y.), Hoji Xalifa (vaf. 1609 y.), Abdulhay ibn Imod Hanbaliy (vaf. 1679 y.) kabi olimlarning asarlarida Imom Abdulloh Subazmuniy, uning ilmiy merosi haqida qisqacha ma’lumotlar berilgan, xolos1.
Najmiddin Umar Nasafiy (vaf. 1142 y.) «Al-Qand fi zikri ulamoi Samarqand» asarida Subazmuniy 258 hijriy/872 milodiy yili rabiul oxir oyi chorshanba kuni tavallud topgan, deb yozadi2.
“Subazmuniy” nisbasi tug‘ilgan joyi nomidan olingan. Bu nom manbalarda turlicha, masalan, “Subazyun”, “Sabazmun”, “Sabzamun” tarzida ham uchraydi. Allomaga deyarli zamondosh olim Abdulkarim Sam’oniyning «Al-Ansob» asarida “Subazmun” deb atalgan.
Buxoroning Arabon dahasida xonaqoh uslubidagi bir masjid bor. Hozirgacha saqlangan ushbu masjidni Imom Abdulloh Subazmuniy qurdirgan va u «Abdullo Safedmo‘yi masjidi» nomi bilan atab kelinmoqda. Buxoro shahrining 6-mavzeida «Hoja Abdullo Safedmo‘yi» nomli mozor ham bor.
Abdulloh Subazmuniy tirishqoqligi bois faqih, muhaddis, tilshunos olim bo‘lib yetishadi. U o‘z davrida ko‘plab hadislar biladigan katta shayx sanalgan. Saroy ahli undan doimiy ravishda maslahatlar olib turardi. Unga «Ustoz» laqabini berganlar3. Ilm-fanga tashna faqih Xuroson, Iroq va Hijoz shaharlariga sayohat qilganidan «Al- Javvol» (jahongashta, sayohatchi) nomini ham olgan4.
Mashhur muhaddis Valiyyulloh Dehlaviy (1703-1762) «Shamsul aimma Hilvoniy, Abu Ali Nasafiy, Abu Bakr Muhammad ibn Fazl va Abdulloh ibn Muhammad Subazmuniy «as'hob al- vujuh» («e’tiborli kishilar») toifasidan bo‘lib, hanafiy faqihlari doimo ularga tayanib ish ko‘radilar», degan5.
Abdulloh Subazmuniyning muhaddis ustozlari orasida hofizlar6, ayniqsa, hanafiy mazhabi hadis ilmining rivojlanishi va keng yoyilishida alohida xizmat ko‘rsatgan ulamolar ko‘pchilikni tashkil etadi.
Alloma safarlari davomida nafaqat hanafiy olimlar, balki boshqa mazhab vakillaridan ham hadislar eshitib, yaxshi o‘zlashtirishga harakat qilgan. Bu fikrga uning asarlarida Imom Molik ibn Anas (vaf. 795 y.), Imom Shofi’iy (vaf. 820 y.) va Imom Ahmad ibn Hanbal (vaf. 855 y.) kabi mazhabboshilar orqali rivoyatlar keltirgani yaqqol dalil bo‘la oladi.
«Kashf al-osor» asaridagi ma’lumotlarga tayanib, Abdulloh Subazmuniy uch yuz yigirma nafar roviy-ustoz (shayx) orqali Imom Abu Hanifaga borib bog‘lanishini alohida ta’kidlash zarur.
Abdulloh Subazmuniy yashagan davrda hadislarni otadan-bolaga, avloddan-avlodga uzatib, rivoyat qilish an’anaga aylangan edi. Bunda hadis ulamolari boshlang‘ich bilimni o‘z otalari yoki bobolaridan olar edilar. Subazmuniyning asaridagi rivoyatlar isnodida otasi va amakisining ismlari ko‘p uchraganidan birinchi ustozi otasi – Muhammad ibn Ya’qub ibn Horis bo‘lgan degan xulosa kelib chiqadi7. Bu allomaning hadis bilimdonlari oilasida o‘sib kamol topganiga dalil bo‘ladi.
Olimning otasi Muhammad ibn Ya’qubning tug‘ilgan va vafot etgan yillari haqida ma’lumot yo‘q. Lekin u «Kashf al-osor»da Abu Hafs Ahmad ibn Hafs Sag‘ir Buxoriy (vaf. 876 y.) va Abu Tohir Asbot ibn Yasa’ Buxoriylardan (IX asr) ko‘p rivoyat qilgani haqida dalillar uchraydi.
Olimning yana bir ustozi – amakisi Jabroil ibn Ya’qub ibn Horis hisoblanadi8. Imom Subazmuniy “Kashf al-osor” asarida undan ko‘plab rivoyatlar keltiradi.
Imom Subazmuniyning ustozlaridan yana biri Abu Abdurrahmon Abdulloh ibn Ubaydulloh ibn Surayj ibn Hujr ibn Fazl ibn Tohmon Shayboniy Buxoriydir (vaf. 919 y.). U Abu Abdurrahmon ibn Abu Lays Buxoriy nomi bilan shuhrat topgan, ishonchli roviy, taqvodor inson fiqh olimlaridan biri edi.
Abu Hafs Ahmad ibn Hotam ibn Hammod ibn Abdurrahmon Sikijkasiy Buxoriy9 (vaf. 927 y.) ham olimning ustozlaridan bo‘lgani aytiladi.
Tabaqot yo‘nalishidagi asarlarda Abdulloh Subazmuniy hadis rivoyat qilgan yoki hadis eshitgan ko‘plab allomalarning nomlari zikr etilgan. Ularning aksariyatini buxoroliklar tashkil qilsa-da, «Kashf al-osor» asarida termizlik roviylarning nomlari ham zikr etilgan.
Abu Solih Xalaf ibn Muhammad ibn Ismoil Buxoriy (vaf. 972 y.), Abu Ibrohim Is'hoq ibn Muhammad ibn Hamdon ibn Muhammad ibn Nuh Muhallabi Xatib Buxoriy (vaf. 1005 y.), Abu Is'hoq Ibrohim ibn Muhammad ibn Hamdon Xatib Muhallabi, muftiy Abu Muhammad Abdulkarim ibn Muhammad ibn Muso Mig‘iy (Mang‘iy)ni Abdulloh Subazmuniyning shogirdlari bo‘lgan.
Manbalarda Abdulloh Subazmuniyning bir necha asarlar muallifi ekani qayd etilgan10. Biroq hozirda uning ikki asarigina ma’lum. Biri «Musnad Abi Hanifa» yoki qisqacha – «Musnad», ikkinchisi «Kashf al-osor fi manoqib Abi Hanifa», qisqacha – «Kashf al- osor» deb yuritiladi. Biroq «Musnad Abi Hanifa»ning O‘zbekistondagi nusxalari haqida ma’lumot yo‘q.
«Musnad» asarini keyinchalik boshqa hanafiy muhaddislar qayta ishlashgan. Muso ibn Zakariyo ibn Ibrohim ibn Muhammad Xasfakiy (Haskafiy) Qoziy Sadruddin (vaf. 1252 y.) buyuk ajdodimizning asarini muxtasar holatga keltirgan. Bu asar qo‘lyozmasi Azhar universiteti kutubxonasida «inv. № 311832» raqami ostida (176 varaqdan iborat) saqlanadi va «Hofiz Abu Muhammad al-Horisiy musnadi» deb ataladi.
Ushbu «Musnad»ning muxtasarida besh yuzdan ortiq hadis bor. Uni «Sindiy musnadi» deb ham atashadi. Bu asarga Ali Qoriy yozgan sharhni birinchi marta Hindistonda 1894 yili Haraviy nashr ettirgan11. Sindiyning o‘zi ham asarga «Al-Mavahib al-latifa fil haram al-Makkiy bi sharh Musnad al-imom al-Xasfakiy» («Imom Hasfakiy musnadi sharhi bilan Makka haramiga latif sovg‘a») nomi bilan sharh yozgan.
Mahmud ibn Ahmad ibn Mas’ud Jamoluddin Qunyoviy Damashqiy (vaf. 1369 y.) ham Abdulloh Subazmuniyning asarini muxtasar qilib, «Al-Mu’tamid muxtasar al-Musnad» («Musnadning muxtasariga tayanch») deb nomlagan12. U asarni fiqhiy masalalar tartibiga ko‘ra o‘ttiz uch bobga bo‘lib, so‘ngra uni «Al-Mustanid sharh al-Mu’tamid» («Mu’tamidning sharhiga tayanch») nomi bilan sharhlagan.
Abdulloh Subazmuniyning «Musnad» asari ko‘plab olimlar tomonidan tadqiq etilgan. Shunday bo‘lsa-da, Imom Subazmuniy «Musnad»ini zamondosh olimlarimiz ham tadqiq qilishi juda muhim ahamiyatga ega. Ayniqsa, Sindiy asarida zikr etilgan, roviylarni chuqur o‘rganish yurtimizdan yetishib chiqqan hanafiy muhaddislar haqida to‘liq tasavvur hosil qilish imkonini beradi.
Doniyor MURODOV,
tarix fanlari nomzodi
1 Abu Sa’d Abdulkarim ibn Muhammad Sam’oniy. “Al-Ansob”. Bayrut. “Dor al-kutub al-ilmiyya”. 1998. 1-j., 6-b; Abdulqodir Qurashiy. “Al-Javohir al muziyya fi tabaqot al hanafiyya”. Qohira. “Hijr”. 1993. 1-j., 5-b; Hoji Xalifa. “Kashf az zunnun an asomil kutub val funun”. Istanbul. “Maktaba Ibn Taymiya”. 1941–43. 2-j., 435-b; Muhammad ibn Ahmad ibn Zahabiy. “Siyar a’lom an-nubalo”. Bayrut. “Dor al-fikr”. 1996. 1-j., 12-b; O‘sha muallif. “Mizon al-i’tidol fi naqd ar rijol”. Nashr joyi ko‘rsatilmagan. “Dor ihyo al-kutub al-arabiyya”, 1963. 2-j. 496-b; Muhammad Abdulhay Laknaviy. “Al-Favoid al bahiyya fi tarojim al- hanafiyya”. Bayrut. 1998; Ibn Qutlubug‘o. “Toj at-tarojim fi tabaqot al hanafiyya”. Bag‘dod. “Maktabat al musanno”. 1962. 30-b; Muhammad Zohid ibn Hasan. “Ta’nib al-Xatib ala ma saqahu fi tarjamat Abi Hanifa min al akazib”. Shahri ko‘rsatilmagan. “Maktaba azhariyya”. 1998. 112-b; Ibn Hajar Asqaloniy. “Ta’jil al-manfa’a”. Xaydarobod. “Doira ma’orif nizomiyya”. 1324 h. 5-b; Abdulhay ibn Imod Hanbaliy. “Shazarot az zahab fi axbar man zahab”. Bayrut. “Maktaba tijariy litiba’a va nashr va tavziy”. 2-j, 357-b; Muhammad Narshaxiy. “Buxoro tarixi”. /A.Rasulov tarjimasi. T. “Kamalak” 1991 Najmiddin Nasafiy. Samarqandiya / Tarj. Usmonxon Temurxon o‘g‘li, Baxtiyor Nabixon o‘g‘li. T. “O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi”. 2001. 72-b.
2 Najmiddin Umar Nasafiy. “Al-Qand fi zikr ulamo as Samarqand”. Nashr joyi ko‘rsatilmagan. 195-b.
3 Abdulkarim Sam’oniy. “Al-Ansob”. Bayrut: “Dor al- kutub al-ilmiyya”. 1998. 1-j., 133-b.
4 Qurashiy. "Al-Javohir al-Muziyya”. Qohira. 1993. 3-juz. 300-b.; Bag‘dodiy. “Tarixi Bag‘dod”. Bayrut: “Dor al- kutub al-ilmiyya”. Nashr yili ko‘rsatilmagan. 10-j., 92-b.
5 Muahmmad Abdulhay Laknaviy. “Al Favoid al-bahiyya”. Bayrut. 1998. 178-b.
6 Yuz mingdan ko‘p hadis biladigan muhaddislar.
7Abdulloh Subazmuniy. “Kashf al-osor fi manoqib Abi Hanifa”. O‘zR FASHI. Qo‘lyozmalar fondi. 3105-raqamli qo‘lyozma. 6a-varaq.
8 O‘sha kitob. 7a-varaq.
9 Abdulkarim Sam’oniy. “Al-Ansob”. Bayrut. “Dor al-kutub al-ilmiyya”. 1998. 3-j. 288-b.
10 Yo‘ldoshev N., Qurbonov H. “Buxoro shahri va uning atrofidagi ziyoratgohlar tarixi”. Buxoro. Buxoro nashriyoti. 2001. 10-b.; Muhammad Amin Urkazaiy. “Masonid imam Abi Hanifa”. Qarochi: “Batrak Sentr”. 1978. 105-b.; Shamsuddin Muhammad ibn Ahmad ibn Usmon Zahabiy. “Mizon al-i’tidol fi naqd ar rijol”. Shahri ko‘rsatilmagan. “Dor ihyo al-kutub al-arabiyya”. 1963. 2-j., 496-b.; Abdulqodir Qurashiy. “Al-Javohir al-muziyya fi tabaqot al-hanafiyya”. Qohira. “Hijr”. 1993. 3-j., 344-b.
11 O‘sha asar. 138-b.
12 O‘sha asar. 143-b.
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Ka’ba xizmati va qorovulligi deganda ulug‘ Ka’baga xizmat qilib, uni qulflab ochish tushuniladi. Bu arab tilida «Sidana val xijaba» deyiladi. Birinchi bu narsa Ismoil alayhissalom qo‘llarida bo‘lgan. Keyin o‘g‘illari Sobit va uning bolalariga o‘tgan. So‘ngra tog‘alari qo‘lida, ya’ni Jurhumda bo‘lgan. So‘ngra Kusay ibn Qilob qo‘liga yetib kelgunicha Xuzo’ada bo‘lgan. Qusay ibn Qilob Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning to‘rtinchi bobolaridir. Hijriy sakkizinchi yili Makka fath bo‘lganidan keyin Payg‘ambar alayhissalom Usmon ibn Talhadan Ka’baning kalitini so‘radilar-da, Ka’bani ochib, unga kirib chiqdilar, so‘ng: «Ogoh bo‘ling! Har bir johiliyatdagi qon yoki mol, yo obro‘-e’tibor mana bu ikki oyog‘im ostidadir. Lekin hojilarning xizmati va Ka’ba qorovulligi unday emas. Men uni johiliyatda kim boshqargan bo‘lsa, o‘sha kishida qoldirdim», deb quyidagi oyatni o‘qidilar:
«Albatta, Alloh sizlarni omonatlarni o‘z egalariga topshirishga buyuradi...» (Niso surasi, 58-oyat).
Keyin Usmon ibn Talxani chaqirib, kalitni unga topshirdilar-da: «Ey Talha farzandlari, mana buni olinglar, u avloddan-avlodga o‘tib, abadiy sizlarda qoladi. Sizlardan uni faqatgina zolimlargina tortib oladi», dedilar («Majma’uz-zavoid»).
Ibn Kasirning ifoda etishlaricha, ko‘pgina mufassirlar quyidagi: «Albatta, Alloh sizlarni omonatlarni o‘z egalariga topshirishga buyuradi...» oyati Usmon ibn Talha haqlarida nozil bo‘lgan, deyishadi. Shu oyatga binoan kalit ularga topshirildi. Usmon vafot etganlarida amakilarining o‘g‘li Shayba oldi, keyin Shaybaning bolalari egalik qilishdi. Mana shu alfozda kattalardan meros bo‘lib qolaverdi. Ular Shaybiylar deb ataladi. Hadisdagi: «Abadiy sizlar u kalitni qo‘lga kiritinglar...» degan gapda Abu Talha bolalarining nasli va Ka’ba qorovulligi qiyomatgacha davom etishiga ishora bordir.
Bu narsa Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning boqiy qoluvchi mo‘jizalaridan edi. Chunki Ka’ba qorovulligi eng buyuk va ulug‘ hamda raqobatchilar raqobat qiladigan vazifalardandir. Ayniqsa, hokim va nufuzli kishilar bu narsaga ko‘proq qiziqishadi. Ushbu vazifaning Shayba oilasiga topshirilishi esa qo‘lida yeru osmon mulki bo‘lgan Zot ularni (har xil yomonliklardan) himoya etishiga dalildir.
Hozirgi kunga qadar ham ushbu kalit ana shu axd vakillari bo‘lmish Banu Shayba qo‘lidadir. U kalitning uzunligi 40 sm sof oltin bilan ishlangan, ipakli qutida saqlanadi. U quti har yili kisva fabrikasida tayyorlanadi. Ustiga: «Albatta, Alloh sizlarni omonatlarni o‘z egalariga topshirishga buyuradi...» deb yozib qo‘yilgan. Boshqa tomoniga: «Buni yasashga ikki sharafli haram xodimi Fahd ibn Abdulaziz tomonidan amr etilgan», deb yozib qo‘yilgan.
Ka’ba eshigining qulfi sulton Abdulhamid Usmoniy tomonidan hijriy 1309, milodiy 1891 yili yasalgan eski qulf asosida hijriy 1399, milodiy 1979 yili yangi qulf qayta ishlandi. Bu o‘zgartirish yangi eshikka munosib bo‘ldi. Uni qayta ta’mirlashga ehtiyoj qolmadi. Bu qulfning uzunligi 34 sm Har tomonining eni 6 sm dan. Har bir tomonida sariq misdan bir bo‘lak bor. U tomonlarning uzunligi 8 sm, eni 2 sm Qulfga quyidagi ibora o‘yib yozilgan: «Xolid ibn Abdulaziz oli Saud tomonidan hijriy 1399 yili yasalgan».
"Makka, Ka’ba, Zamzam tarixi,
haj va umra manosiklari" kitobidan.