Sayt test holatida ishlamoqda!
25 Dekabr, 2024   |   24 Jumadul soni, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:22
Quyosh
07:47
Peshin
12:28
Asr
15:18
Shom
17:02
Xufton
18:22
Bismillah
25 Dekabr, 2024, 24 Jumadul soni, 1446

Munosabat: noto‘g‘ri axborot tarqatish – og‘ir gunoh

24.01.2018   5624   16 min.
Munosabat: noto‘g‘ri axborot tarqatish – og‘ir gunoh

“Oyog‘ingizga botayotgan tikon siz izlab borayotgan gulning xabarchisidir”.

Mavlono Rumiy (q.s.)

Bugun O‘zbekistonda ro‘y berayotgan o‘zgarishlar, yangilanishlar nafaqat yurtimiz odamlarini, balki yon-atrofimizdagi hamda uzoqlardagi barcha do‘stu yorlarimizni hayratga solmoqda. Bu hayrat ichida olib borilayotgan islohotlarga xayrixohlik, qo‘llab-quvvatlash, har doim birga bo‘lish kabi ezgu niyatlarning mujassamligi shundoq bilinib turibdi. Davlatimiz rahbarining so‘ngi bir yil ichida Respublikamiz taraqqiyoti, xalqimiz farovonligi, ichki va tashqi siyosatimiz yo‘lida boshlagan sa’y-harakatlari Markaziy Osiyo geosiyosiy holatini ham o‘zgartirib yubordi. Ayniqsa, qo‘shnilar bilan iqtisodiy, savdo-sotiq, ilmiy-ma’rifiy kabi barcha sohalarga qaratilgan teng va ochiq hamkorlikni yo‘lga qo‘yilishi kutilmagan hodisa bo‘ldi.

Bu o‘zgarishlar orasida diniy sohasida olib borilayotgan islohotlarni alohida ta’kidlash kerak. Bu bir yil bir asrga tatigulik yil bo‘ldi desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Shu bir yil ichida qarang qancha o‘zgarishlar sodir bo‘ldi.

– O‘zbekistonda islom sivilizatsiyasi markazi va 2 ta xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tashkil etildi. Viloyatlarda kalom, hadis, fiqh, aqida, tasavvuf ilmlarini o‘rganishga ixtisoslashgan 5 ta ilmiy maktab ish boshladi.

– Islomiy ta’lim muassasalari soni 11 taga yetkazildi. Buxoroda Oliy madrasa tashkil etildi. Toshkent islom institutida 3 yillik maxsus sirtqi bo‘lim ochildi, diniy o‘quv yurtlari qoshida o‘quv kurslari yuritildi, Qur’oni karim qiroati bo‘yicha “Tahfizul Qur’on” guruhlari faoliyat boshladi, qabul kvotalari 150 foizga oshirildi.

– Mamlakatimiz bo‘yicha 15 ta masjid qaytadan barpo etildi, 55 ta masjid kapital ta’mirlandi.

– Internet saytlarida diniy fanlardan onlayn darslar tashkil etildi, to‘g‘ridan to‘g‘ri savollar-javoblar rukni muntazam ishlab turibdi, saytlar va ijtimoiy tarmoqlarda diniy-ma’rifiy targ‘ibot jadal olib borilmoqda.

– O‘tgan yil oxirida Prezidentimiz “O‘zbekiston Islom akademiyasini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorga imzo chekdilar. Unga ko‘ra, akademiyada “Qur’onshunoslik”, “Fiqh ilmi”, “Hadisshunoslik” va “Kalom ilmi” mutaxassisliklari bo‘yicha magistrlar, shuningdek, ushbu sohada chuqur tadqiqotlar olib boruvchi ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlanadi.

– Yana shuni qayd etish kerakki, ommaviy axborot vositalarida diniy xodimlar chiqishlari keskin ko‘paytirildi. “Hidoyat sari” va “Ziyo” ko‘rsatuvlari efir soni ikki baravarga oshirildi. “O‘zbekiston-24” telekanalida imom-xatiblar ishtirokida davra suhbati qilinmoqda. “Madaniyat va ma’rifat” telekanalida ulamolar ishtirokida ko‘rsatuvlar efirga uzatilmoqda. Shuningdek, “Ziyo chashmasi” nomli radio eshittirish va 50 ga yaqin diniy ma’rifiy veb-saytlar ish olib bormoqda.

– Yana bir muhim masalaga e’tibor qaratish zarur. Davlatimiz Rahbari tashabbusi bilan turli diniy oqimlarga a’zolar ro‘yxatida bo‘lgan 16 ming nafardan ziyod kishi ro‘yxatdan chiqarildi.

– Yana faxr bilan aytish kerakki, O‘zbekiston musulmonlari idorasi rahbarligi ostida Misrdagi “Dorus-salom” nashriyoti va Azhari sharif huzuridagi ilmiy akademiya bilan Qur’oni karimni chop etish bo‘yicha kelishuvga erishilib, o‘zimizda Qur’oni karim chop etilmoqda. Shu o‘rinda qayd etish kerakki, ko‘zi ojiz mo‘min-musulmonlar uchun brayl yozuvidagi Qur’oni karim nusxasini chop etish bo‘yicha O‘zbekiston dunyodagi uchinchi davlat hisoblanadi.

– Haj kvotasi ikki mingtaga, umra kvotasi 4 mingtaga oshdi, birinchi marta Ikkinchi jahon urushi qatnashchilaridan bir guruhi bepul hajga yuborildi. Shu kunga qadar jami 120 mingdan ziyod fuqaro haj ibodatini, 92 mingdan ortig‘i umra amalini ado etdi.

Bu rasmiy ko‘zga tashlangan raqamlar va sonlardir. Endi odamlarning shodu xurramligini, quvonchini aytmaysizmi. Ularning ruhoniyatida ro‘y berayotgan o‘zgarishlarni, hayajonlarini ifodalashga til ojiz. Butun respublikamiz bo‘ylab davom etayotgan qorilar musobaqasi hammasidan oshib tushmoqda, desak hech qandayiga mubog‘ala qilmagan bo‘lamiz. Chunki bu bir musobaqa degani bilan uning tarovati, fayzu barakasi hech bir kishini chetlab o‘tmayapti. Musobaqa o‘tayotgan har bir viloyat o‘zgacha qiyofa kasb etayotgandek go‘yo. Haqiqatdan ham shunday. Qur’oni karim o‘qilgan, tilovat qilingan joyga rahmat farishtalari tushadi, baloyu qazolar daf bo‘ladi, odamlar orasida mehr-muhabbat ziyoda bo‘ladi, yoshu qarining qalblaridagi iymon yanada mustahkamlashadi. Qur’oni karimning fazilatini yozib tugatib bo‘lmaydi. Bularni ko‘rib quvonish ham, Allohga hamdu sano aytishlik ham chin mo‘minlik sifatidir.

Lekin hamma narsa ham biz o‘ylagandek silliq bo‘lmas ekan. Demoqchimizki O‘zbekistondagi bu o‘zgarishlarni ko‘rolmaydigan, qalblari hasad va nifoq bilan zaharlangan kishilar hali ham topilib turgani ham haqiqat. Afsus bilan aytish kerakki, dinimizning shiddat bilan taraqqiy etib borayotganini ko‘rolmaydiganlar g‘arazli niyatlarini har xil tusda namoyon etmoqdalar. Xabaringiz bor, bir necha hafta ilgari AQSH Davlat departamentining  O‘zbekistonni “Vijdon erkinligi va diniy erkinlik sohasida buzilishlar tufayli alohida tashvishga sabab bo‘layotgan” mamlakatlar ro‘yxatiga kiritgani mo‘min-musulmonlarning haqli e’tiroziga sabab bo‘ldi. Musulmonlar idorasining bunga javoban tarqatgan raddiyasi nafaqat musulmonlar balki boshqa din vakillari tomonidan ham qo‘llab-quvvatlandi. Sabab bunday biryoqlama, assosiz yondashuvlarni tarqatishdan ko‘zlangan asosiy maqsad odamlarni haqiqiy holatdan chalg‘itish, ular orasiga nifoq solishdan boshqa narsa emas.

Yurtimizdagi mo‘min-musulmonlarga berilayotgan imkoniyatlar, barpo etilayotgan masjidlar, yo‘l yoqasidagi namozxonalar, tashkil etilayotgan ilmiy maktablar, xalqaro markazlar, dunyoni o‘ziga rom etayotgan qorilar musobaqasi, shuningdek, masjidlarda baralla aytilayotgan azonlar, namozxonlarning to‘p-to‘p bo‘lib ibodat qilayotgani kimlargadir yoqmayapti. Oqibatda ular har qanday kishining nafratini qo‘zg‘aydigan gap-so‘zlarni yoyishmoqda.

Boshqa qator ishlarda bo‘lgani kabi din sohasidagi ishlarning bosh tashabbuskori muhtaram Prezidentimiz ekani bunday kimsalarni qattiq sarosimaga solmoqda. Ayniqsa, dolzarb muammolarni Davlatimiz rahbari tomonidan hal etilishi, kutilmagan tashabbuslar qilinishi, islohotlar amalda o‘z ifodasini topayotgani bunday kimsalarni esankiratib qo‘ydi. Natijada tirnoq ichidan kir qidirishga o‘rganib qolgan noxolis nashrlar nima qilarini bilmay qoldi. Shunday bo‘lsada, “bukrini go‘r to‘g‘rilaydi deganlaridek” ular qabih ishida davom etmoqda.

Nima emish, “Ellik foizdan ko‘p o‘zbekistonliklar o‘zini dindor, deb hisoblar ekan”, degan mutlaqo asossiz xabarlar tarqatildi. The Telegraph.so.uk (Buyuk Britaniya)  nashri e’lon qilgan bunday mantiqsiz maqolani o‘qib ko‘pchilik taajjubga tushdi. Qanday qilib, aholining 94 foizi Islom diniga amal qiladigan musulmonlarga bunday nisbat berish mumkin. Asl vaziyatdan xabardor bo‘lmay turib, bunday yozishga kim ularga huquq berdi?

Bu o‘lkaning qanday ekanini bugun dunyo ahli juda yaxshi bilib turibdi. Hozir bu zaminga bir kelgan kishi O‘zbekistonni sevib qolmasdan iloji yo‘q.

Yana bir xorijiy nashr xabarida: “O‘zbekistonda imomlar odamlarni davlat gazetalariga obuna bo‘lishga majbur etmoqda”, degan ma’lumotlarni tarqatdi. Shu kecha kunduzda bunday xabarni tarqatishdan “Ozodlik”ka ne naf? Bu nima degani? Aslida, bu kabi asossiz uydirma xabarlarni tarqatishdan maqsad O‘zbekistondagi diniy sohada olib borilayotgan ijobiy o‘zgarishlarni yomonlab ko‘rsatish, mo‘min-musulmonlar orasiga fitna urug‘ini sochishdan o‘zga narsa emas. Turli kuchlar ta’siri ostidagi bu kabi nashrlar asl voqelikni buzib, odamlarimizni to‘g‘ri yo‘ldan chalg‘itishga intilayotgani yaqqol sezilib turibdi.

Mazkur xabarda imom-xatib namozxonlarni davlat gazeta-jurnallariga majburiy obuna qildirayotgani haqida so‘z ketadi. Maqola e’lon qilingandan keyin unda tilga olingan Toshkent viloyati Yangiyo‘l tumani “Eski Qovunchi” jome masjidi imom-xatibi Bahodir Madumarov bilan suhbatlashdik. Imom-xatib “Ozodlik” radiosi muxbiri bilan bo‘lgan telefon orqali muloqotni e’tirof etdi. Biroq e’lon qilingan materialda mutlaqo boshqa narsalar, qo‘shib yozishlar, bo‘htonlar borligini ta’kidladi. Ayniqsa, imom-xatib obuna yoki kitob sotib olish bo‘yicha odamlarni majburlamagani, balki tavsiya etganini ma’lum qildi. Qolaversa, xabarda iddao qilinganidek hech kim o‘qimaydigan nashrlar emas, balki odamlar kerak bo‘lsa olib mutolaa qiladigan diniy nashrlar, Qur’oni karim tafsiri, Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning hadisi shariflariga oid adabiyotlar ekanini qayd etdi. Mazkur nashrlar narxi haqida ham gap bo‘lmagani va xabarda so‘zlari keltirilgan “Sharifjon” ismli shaxs topilmaganini imom-xatib qayg‘urib ta’kidladi. Imom-domla kuyinish bilan so‘zida davom etib, muxbir mavzuni boshqa tomonga burishga harakat qilgani, haqiqatga zid, g‘irt yolg‘on gaplarni tarqatishga uringanini aytib, yolg‘on guvohlik berish dinimizda qattiq qoralanganini keltirdi. Jumladan, Ibn Umar (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Yolg‘on guvohlik beruvchining ikki oyog‘i qo‘zg‘almay turib, Alloh unga do‘zaxni vojib qiladi”, deganlarini bayon etdi. Imom-xatib so‘zining yakunida ushbu aytganlari haqida har qanday bahsga tayyor ekanini hamda Ozodlikning bu xatti-harakatidan mutlaqo norozi ekanini qat’iy bayon etdi.

Nima bo‘lgan taqdirda ham imom-xatibning ma’rifatga, kitobxonlikka da’vat etishining qanday yomon joyi bor? U holda imom yoshlarni butunlay buzib tashlashgacha olib kelayotgan tuturuqsiz, tag-tugi yo‘q “madaniyat”larga, johillik va bekorchilikka chaqirsinmi?..

Har bir ish niyatga bog‘liq aziz do‘stlar. Dinimizda yaxshi bilasiz niyatga juda ham katta e’tibor beriladi. Hadisi shariflarda “Mo‘minning niyati amalidan yaxshidir” deyilgan. Shu kunlarda bo‘lib o‘tgan bir voqea esa yuqoridagi holatning butunlay teskarisidir. Aynan niyatga bog‘liq juda ham ajoyib holatdir. Bir kuni bo‘limga qo‘ng‘iroq bo‘lib qoldi. Telefon go‘shagini ko‘tarsam, men Podrobno.uz saytidan bo‘laman, sizlarga bir nechta savolim bor edi qanday gaplashsak bo‘ladi, dedi. Men qo‘l telefonimni berib, savollarini telegramm orqali jo‘natish mumkinligini ma’lum qildim. Ma’lum vaqt o‘tib savollarni oldim va ichki tartibga ko‘ra  idoraning fatvo bo‘limi bilan ularni o‘rganib, suhbatlashib oldik. Keyin muxbirga “Savollaringiz uchun rahmat. Biroq bir jihatini ma’lum qilmoqchi edim. Biz hamma savolingizga javob beramiz, faqat ularning aksariyatiga alohida shaxslarga, alohida holatlardan kelib chiqib hukm chiqarishga to‘g‘ri kelmoqda. Chunki dinimizda ayrim masalalarga ma’lum shart-sharoitdan kelib chiqib, alohida hukmlar chiqariladi. Mumkin bo‘lsa, shuni bir o‘ylab ko‘rsangiz. Iloji bo‘lsa bunday tartibda berilmagani hammamiz uchun yaxshi bo‘lardi”, deb yozuv qoldirdim. Shunda muxbirdan tushunarli degan javob keldi. Shu orada Prezidentimizning “O‘zbekiston Islom akademiyasini tashki etish haqida”gi Farmonlari chiqib qoldi. Boshqa tomondan respublikamizda Qur’on musobaqasi ham boshlanib ketgan edi. Men saytimizga joylashtirilgan har ikki xabarni olib muxbir telegramiga tashlab, “ma’lumot uchun” deb yozib ham qo‘ydim. Bir necha daqiqadan so‘ng muxbir qaytadan aloqaga chiqib, har ikki maqola haqida yanada to‘liqroq ma’lumotlar so‘radi. Men hamma so‘ragan ma’lumotlarini berdim. Shu bilan kechga yaqin saytlarni kuzatib turib, shu saytga ham bir nazar tashlay dedim, qarasam saytning bosh yangiliklarida Islom akademiyasi haqidagi xabarga ko‘zim tushdi. Tezda telegramga kirib muxbirga xabar uchun “tashakkur” qoldirdim. Shunda bir zumda “boshqa yana bitta yangilik ham berilgan”, deb qorilar musobaqasi haqidagi xabarning elektron manzilini berib yubordi.

Mana sizga ikki xil holat, ikki xil manzara. Bunday holat hozirgi kunda idoramizda tez-tez ro‘y berib tursada aynan shu voqea menga juda ham qattiq ta’sir qildi. Chunki muxbirning niyati xolis edi. U idoraga, uning faoliyatiga obyektiv baho berishni niyat qilgan edi. Mana shu xolislik uning qalamini nojo‘ya harakatdan to‘xtatib turgan edi. Agar niyat noxolis bo‘lsa edi berilgan javobimizdan ham bir nimalar yaratib tarqatishi mumkin edi. Garchi bu nashr rusiyzabon auditoriyaga mos bo‘lsada, mavjud holatga obyektiv yondashuvni o‘zlariga maqsad qilib olgan edi. Va u mavjud holatga xolis baho berib, to‘g‘ri axborotni tarqatdi. Men bundan juda ham ta’sirlandim va ham xursand bo‘ldim.     

Kezi kelganda aytish kerakki, noxolis xabarlarni e’lon qilishda xorijdagi qo‘shtirnoq ichidagi “do‘stlarimiz” nashrlari ahvolini tushunsa bo‘ladi. O‘zimizdagi “uz” domenidagi ayrim saytlar amaldagi qonunchilik talablaridan kelib chiqib xolislikni asosiy prinsip qilib oladigan bo‘lsalar hech qachon tashqi xabarlar bizning axborot makonimizga tahdid sola olmaydi. Axir haqiqiy holatni bilaturib, buzib talqin qilish ochiq-oydin adolatsizlikdir.

Aziz yurtdoshlar, har bir mo‘min-musulmon kishi bunday yolg‘on-yashiqlarga, mish-mish gaplarga uchmasligi, fitnalardan ogoh bo‘lishi darkor. Shuningdek, inson har qanday fitnalarga aldanmaslik, nihoyatda hushyor bo‘lishi kerakligi haqida Nabiy sollallohu alayhi va sallam: “Mo‘min kishi ziyrak, hushyor va oqil bo‘ladi”, degan hadislari mohiyatini chuqur tushunish lozim. Ana shunda har qanday salbiy kuchlar sodir etmoqchi bo‘lgan fitnalarning oldi olinadi. 

Yurtimizdagi bugungi o‘zgarish va yangilanishlarni ko‘rolmaydigan hasadgo‘y kimsalar xalqimiz orasida norozilik kayfiyatini uyg‘otish maqsadida, turli uydirmalarni fitna chiqarish ilinjida ommaviy axborot vositalari orqali tarqatishga urinishadi. Bunga aldanib qolmasligimiz kerak. Davlatimiz rahbarining xalqimiz farovonligi, yurtimiz tinchligi, dinu diyonatimiz yo‘lida olib borayotgan xayrli sa’y-harakatlari Alloh taoloning buyuk marhamati ekanini har doim yodimizda tutishimiz lozim. Shu bilan birga bu ne’matlarning shukrini har lahzada ado etishga, oldimizga quyilayotgan vazifalarni chin yurakdan ixlos bilan bajarib, Prezidentimizga kamarbasta bo‘lishga g‘ayrat ko‘rsatishimiz darkor. Bizning bugungi tanlagan yo‘limiz kimlargadir yoqmasligi aniq. Ularning ko‘rsatayotgan qarshiligi Mavlono Rumiy hazrat aytganlaridek, biz qidirib ketayotgan gulning xabarchilaridir. Inshoalloh, biz qidirib borayotgan gul esa bu Allohning roziligini topish bilan ikki dunyo saodatiga erishishdan iboratdir.

Noxolis axborot tarqatishda davom etayotgan qo‘shtirnoq ichidagi “do‘stlarimiz”ga  esa har bir xabarni tarqatishda uning faqat bir tomonini ko‘rmasada, ertaga olib keladigan oqibatini ham yaxshilab o‘ylab ko‘rishni maslahat beramiz. Chunki insonlar orasida tagi puch, uydirma gaplar tarqatib, ikkilanishlar paydo qilib, nizo chiqishiga sababchi bo‘lish dinimiz hukmi bo‘yicha og‘ir gunoh sanaladi. Chunki Alloh taolo Qur’oni karimda: “...Fitna qotillikdan ham ashaddiyroqdir...”, deb ochiq-oydin aytilgan.

Har qanday fitnaning tagida ma’lum kuchlarning manfaatlari yotishini hamma yaxshi biladi. Uning ishtirokchilari esa faqatgina moddiy manfaat uchun bu ishga qo‘l o‘radilar. Axir, bu kabi fisqu fasod ishlar evaziga topilgan mablag‘ bilan qorin to‘yg‘azish yoki oilasi, farzandlarini boqish o‘ta johillik, pastkashlik emasmi? 

Shularni inobatga olib, bunday faoliyat bilan shug‘ullanayotgan ommaviy axborot vositalariga O‘zbekiston musulmonlari idorasi faoliyati haqida tarqatgan asossiz xabarlari uchun uzr so‘rashlarini talab etamiz. Shuningdek, har qanday axborotni tarqatishdan oldin avvalu oxirini yaxshilab o‘ylab ko‘rishni, haqqoniyligini aniqlab olishga chaqiramiz.

So‘zimizni taniqli shoir Sadriddin Salim Buxoriyning quyidagi to‘rtligi bilan yakunlaymiz:

Illat izlaganga illatdir dunyo,

G‘urbat izlaganga g‘urbatdir dunyo.

Kim neni izlasa, topgay begumon,

Hikmat izlaganga hikmatdir dunyo.

 

Ulug‘bek SULTONOV

O‘zbekiston musulmonlari idorasi

Kotibiyat bo‘limi mudiri

O'zbekiston yangiliklari
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Odamlar dardiga darmon bo‘lib...

25.12.2024   298   1 min.
Odamlar dardiga darmon bo‘lib...

Kecha, 24 dekabr kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Zayniddin domla Eshonqulov raisligida Zangiota tumanidagi «Eshonguzar» jome masjidida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
 

Tadbirda O‘MI Masjidlar bilan ishlash bo‘limi mudiri Muzaffar domla Kamolov, Toshkent viloyati bosh imom-xatibi Jasurbek domla Raupov, bosh imom o‘rinbosarlari, Zangiota tumanidagi masjidlar imomlari, hududlardagi hoji otalar, hoji onalar ishtirok etdi.


Yig‘ilishdan so‘ng tumandagi kam ta’minlangan, boquvchisini yo‘qotgan, ehtiyojmand oilalarga kirilib, ularga zarur ko‘maklar ko‘rsatildi.


Shuningdek, arzimas sabablar bilan nizolashgan oilalar, kelin-kuyovlar kayvoni hoji otanlar, hoji onalar ko‘magida yarashtirildi.


Tumandagi 21 ta masjid imom-xatiblari hojilar bilan birga bilib-bilmay aqidasi buzuq kimsalar tuzog‘iga tushib qolgan yoshlar bilan ham suhbatlar olib borishdi. Ularga Imom Moturidiy rahimahullohning ta’limoti tushuntirildi.


Bir kunning o‘zida o‘nlab oilalarga kirib, ko‘ngli o‘ksiklar holidan xabar olish, yosh oilalarni yarashtirish, adashgan insonlarga to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatish – savobi ulug‘ amal. Zero, hadisi sharifda Nabiyyi muhtaram alayhissalom: «Kim bir mo‘mindan bu dunyo mashaqqatlaridan bir mashaqqatni ketkazsa, Alloh taolo undan Qiyomat kuni mashaqqatlaridan birini ketkizadi. Kim bir kambag‘alning ishini yengillatsa, Alloh  uning bu dunyoyu oxiratidan ishlarini yengillatadi. Kim bir musulmonning aybini berkitsa, Alloh taolo uning aybini bu dunyoyu oxiratda berkitadi. Modomiki banda o‘z birodarining yordamida ekan, Alloh ham uning yordamida bo‘ladi», dedilar (Imom Termiziy rivoyati).

Toshkent viloyati vakilligi 
Matbuot xizmati 

Odamlar dardiga darmon bo‘lib... Odamlar dardiga darmon bo‘lib... Odamlar dardiga darmon bo‘lib... Odamlar dardiga darmon bo‘lib... Odamlar dardiga darmon bo‘lib... Odamlar dardiga darmon bo‘lib... Odamlar dardiga darmon bo‘lib...
O'zbekiston yangiliklari