Avval, juma namozida respublikamizning barcha masjidlarida Aqto‘be fojiasida halok bo‘lganlarning haqqiga tilovati Qur’on qilinib, duolar qilingani haqida xabar bergan edik.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Shayx Abdulaziz Mansur, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Ortiqbek Yusupov, Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Shoazim Minovarov, Namangan viloyati hokimi Xayrullo Bozorov va viloyat bosh imom-xatibi Abdulhay Tursunovdan iborat bir guruh mutasaddilar Qozog‘istonda halok bo‘lgan yurtdoshlarimiz xonadonlariga tashrif buyurib, ularning oila a’zolariga Yurtboshimizning hamdardligi va ta’ziyalarini bildirdilar.
Ushbu mutasaddilar mash’um fojiada vafot etgan hamyurtlarmizning haqlariga duolar qilib, Yaratgan Parvardigordan ularning solih amallarini o‘zlariga hamroh qilishini, gunohlarini mag‘firat etishini, yotgan joylari jannat bog‘laridan bir bog‘ bo‘lishini so‘rashdi.
Ulamolar va mas’ullar halok bo‘lganlarning oila a’zolari hamda yaqinlarining musibatlariga sherik ekanlarini aytib, respublikamizning barcha masjidlarida juma namozlarida duolar qilingani va madrasalarda xatmi Qur’onlar o‘qilayotganini bildirishdi.
Mana shunday qayg‘uli kunlarda mutasaddilar doimo hamroh ekanlarini aytib, har qanday yordamga tayyor ekanliklarini izhor qilishdi.



O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
5 yanvar kuni Namangan viloyati bosh imom-xatibi Abdullohxon domla Samatov boshchiligida viloyat vakilligi xodimlari, shahar va tuman bosh imom-xatiblari hamda “Haj–2025” ziyoratchilaridan iborat ishchi guruh a’zolari ishtirokida Namangan tumanidagi “Sayid Jaloliddin” jome masjidida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda ishchi guruh a’zolari hamda mahallalarda ma’naviy targ‘ibotchi bo‘lib faoliyat yuritayotgan hojilar bilan Namangan tumanida amalga oshiriladigan ishlar muhokama qilinib, tegishli tavsiya va ko‘rsatmalar berildi.
Ishchi guruh faoliyatining asosiy yo‘nalishlari sifatida:
“Haj–2025” ziyoratchilarini ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarga faol jalb etish,
imom-xatiblarning masjidni boshqarish faoliyatini o‘rganish va amaliy ko‘mak berish,
peshin namozi oldidan dolzarb mavzularda namunaviy ma’ruzalar o‘qish
belgilab olindi.
Shuningdek, ishchi guruh a’zolari mahallalardagi ayrim xonadonlarga tashrif buyurib, aholi hol-ahvoli bilan tanishdi, yoshlarning ta’lim-tarbiyasi, mavjud muammolari o‘rganildi hamda namunaviy oilalarda keksalardan duoi xayrlar olindi.
Imom-xatiblar faoliyati samaradorligini oshirishga qaratilgan mazkur ishchi guruh faoliyati viloyatning boshqa tumanlarida ham davom ettirilishi rejalashtirilgan.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Namangan viloyati vakilligi
Matbuot xizmati