
O‘lkamizda boshlangan qorilar musobaqasi intiqlik bilan kutilgan quvonchu shodliklarni olib keldi. Musobaqa boshlangan kundan beri odamlar faqat qorilarning huzurbaxsh tilovatlari, yuzlaridagi nur, xonadonlardagi Kalomulloh takrorlari va o‘zlaridagi ruhiy taskin haqida so‘z qilishmoqda. Barcha yoshu qari, erkagu ayol navbatdagi Qur’on musobaqasini sabrsizlik bilan kutishmoqda, hatto ayrimlar shaharu qishloqlarni kezib, har bir hudud bosqichini kuzatib borishmoqda.
Musobaqaning ilk yilidayoq ishtirokchilar soni salkam besh yarim ming nafar bo‘lgani juda ham quvonarli holat. Aslida ularning soni bundan ham ko‘p bo‘lishi mumkin, kelgusi yilda bu raqam bir necha baravarga oshadi, inshoalloh.
Mana shunday qorilarimiz orasidagi mutlaq g‘oliblarni taqdirlash va barcha qori ishtirokchilarga esdalik sovg‘alari topshirish ishlari Diniy idora, joylardagi vakillik va homiylar tomonidan amalga oshirib kelinmoqda.
Shu bilan bir qatorda qorilarning qo‘shimcha ravishda taqdirlashni istagan, farzandu arjumandlari ham dunyoda mana shunday ko‘zni quvontiradigan, Oxiratda esa ota-onasiga toj kiydiradigan qoriyu qurrolar bo‘lishini niyat qilgan uzoq-yaqindagi saxovatpesha kishilarimiz himmati uchun “O‘zbekiston Qur’on musobaqasi” maxsus hisob raqam ochildi.
Endilikda xayr-saxovatlarini qori va qoriyalarga nisor etishni istagan yurtdoshlarimiz quyidagi hisob raqamga muruvvat qilishlari mumkin.
Tashkiliy hay’at
O‘zbekiston musulmonlari idorasi,
O‘zRes. TIF MB Toshkent shahar Amaliyot boshqarmasi,
Hisob raqam: 20212000900110363053,
MFO: 00451,
INN: 201753892.
Murojaat uchun telefonlar: 8-371-148-77-70, +998-99-898-72-77.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Toshkent islom institutida o‘qish jarayonida bilimga chanqoqligi, faolligi, mas’uliyati hamda namunaviy xulqi bilan ajralib turgan talabalarning ota-onalariga institut nomidan tashakkurnomalar taqdim etildi. Mazkur tashakkurnomalar talabalar orqali ota-onalariga yetkazildi.
Ushbu tashabbus orqali institut tomonidan ota-onalarning farzand ta’limi va tarbiyasiga bo‘lgan e’tibori, mas’uliyati hamda fidoyi sa’y-harakatlari yuksak e’tirof etildi.
Ta’kidlanganidek, bugungi kunda yoshlarning nafaqat chuqur bilim egallashi, balki yuksak ma’naviyatli, odobli va jamiyatda munosib o‘rin egallagan shaxs bo‘lib kamol topishida oilaning, xususan, ota-onaning o‘rni beqiyosdir. Ana shu hamjihatlik va o‘zaro hamkorlik samarasida talabalar ta’lim-tarbiyada yuqori natijalarga erishib, institut nufuzini oshirib kelmoqda.
Toshkent islom instituti jamoasi bunday tashakkurnomalarni yo‘llash amaliyotini kelgusida ham davom ettirib, ota-onalar bilan hamkorlikni yanada mustahkamlash hamda yoshlarni har tomonlama yetuk insonlar etib tarbiyalashni maqsad qilgan.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati