Sayt test holatida ishlamoqda!
09 Yanvar, 2025   |   9 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:24
Quyosh
07:49
Peshin
12:35
Asr
15:31
Shom
17:15
Xufton
18:34
Bismillah
09 Yanvar, 2025, 9 Rajab, 1446

Sakinat, ixlos, taqvo va ilm mujassam madrasa

18.01.2018   3913   3 min.
Sakinat, ixlos, taqvo va ilm mujassam madrasa

Buyuk ipak yo‘lida joylashgan Buxoro shahridagi eng ko‘hna yodgorliklardan biri Mir Arab madrasasidir. Ushbu madrasa Markaziy Osiyoda uzoq vaqt ziyo tarqatish bilan mashg‘ul bo‘lgan ilm dargohidir. Mir Arab madrasasi shonli tarixining yangi davridan hozirgi kungacha mingdan ortiq malakali diniy xodimlar, juda ko‘plab muftiylar, ulamolar va bugungi kunda faoliyat yuritayotgan imom-xatiblar ta’lim olganlar. Bu ilm maskanidan qo‘shni Respublikalarning Islom dini rivojiga ham sezilarli hissa qo‘shgan ko‘plab mashhur ulamolar yetishib chiqqan.

Mir Arab madrasasini butun olamga mashhur qilgan narsa hech mubolag‘asiz aytishimiz mumkinki, madrasadan yetishib chiqqan zabardast allamolar va ular meros qoldirgan buyuk asarlardir. Bu madrasada turli davrlarda olimlar, mudarrislar talim berib keldilar. Masalan yaqin asrlarda bu madrasada Ahmad Donish, Sadriddin Ayni, Muftiy Eshon Boboxonning ustozlari Miyon Buzruk ham shu yerda tahsil olib, keyin mudarrislik qilganlar.

Ayni vaqtda madrasada 130 ta talaba tahsil olayotgan bo‘lib, ular diniy va dunyoviy ilmlarni egallamoqdalar. Talabalarimiz uchun shinam sinfxonalar, issiq yotoqxonalar hamda 200 ta talaba 5 mahal namozlarini ado etishlari, amaliyot darslarini o‘tkazishlari va notiqlik san’atidan foydalanishlari uchun yangi ta’minlangan masjid talabalar foydalanishi uchun topshirildi. Shu bilan birga madrasada 100 ga yaqin o‘rindan iborat bo‘lgan yangi tahoratxona va 200 ta talaba va ustozlar ovqatlanishlari uchun yangi oshxona qurilishi yakunlanmoqda.

Bu madrasaning asrlar davomida ilm maskani bulib, ziyo nuri taratib kelayotganiga yana bir sabab bu madrasaga asos solgan ulug‘ zot naqshbandiya tariqatining ulug‘ piri Mir Arab sayyid Abdulloh Yamaniyning sharofati va barokotlaridan desak hech mubolag‘a qilmagan bo‘lamiz. Zero rivoyatlarda aytilishicha, shayx Mir Arab hazratlari, madrasa qiyomatgacha ilm va ta’lim maskani bo‘lib qolishligini so‘rab duo qilgan ekanlar. Shu duolar sharofati ila muhtaram Prezidentimiz Shavkat Miromonovich 2017 yilning 11 mart kuni madrasaga tashrifi chog‘ida dunyoga dong‘i ketgan bu ziyo maskanida yoshlarimizning tahsil olishlari uchun barcha shart-sharoitlarni yaratish bo‘yicha tavsiyalari kelajakda yana Buxoriylar chiqishiga turtki bo‘ldi. Bilim yurti jamoasi malakali diniy kadrlar yetishtirish uchun astoydil xizmat qilmoqdalar. Bundan tashqari madrasa hovlisida Mir Arab sayyid Abdulloh Yamaniyning muborak jasadlari dafn etilgan. Alloh taoloning do‘sti bo‘lmish Mir Arab sharofatlari bois ushbu madrasada sakinat, ixlos, taqvo va ilm to Qiyomatga qadar boqiy qolajak!

MADRASA MASJIDI

Mir Arab madrasasi mudiri

 Jobir Elov

O‘MI Matbuot xizmati

 

Fotolavhalar
Boshqa maqolalar

Kim bomdod namozini o‘z vaqtida o‘qisa...

8.01.2025   3068   1 min.
Kim bomdod namozini o‘z vaqtida o‘qisa...

1. Kim bomdod namozini o‘z vaqtida o‘qisa, eng afzal amalni ado etgan bo‘ladi. Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhu Payg‘ambarimiz alayhissalomdan “Eng afzal amal qaysi?” deb so‘raganlarida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “O‘z vaqtida o‘qilgan namoz”, deganlar.


2. Kim bomdod namozini o‘z vaqtida o‘qisa, shayton qulog‘iga bavl qilmaydi. Payg‘ambarimiz alayhissalomga tong otganda uxlab yotib, namozga turmagan bir kishi haqida aytishganida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Uning qulog‘iga shayton bavl qilibdi”, deganlar.


3. Kim bomdod namozini o‘z vaqtida o‘qisa, o‘sha kungi rizqiga baraka kiradi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Allohim! Ummatimning erta tongdagi ishlarini barakotli qilgin”, deb duo qilardilar.


4. Kim bomdod namozini o‘z vaqtida o‘qisa, Allohning zimmasida bo‘ladi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim bomdod namozini o‘qisa, Allohning ahdi va omonida (zimmasida)dir. Alloh sizlarni hargiz ahdini zoye qilgan holda topmasin”, dedilar.


5. Kim bomdod namozini o‘z vaqtida o‘qisa, jannatga kiradi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim bomdod va asr namozlarini ado etsa, jannatga kiradi”, deganlar.


6. Kim bomdod namozini o‘z vaqtida o‘qisa, munofiqlikdan uzoq bo‘ladi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Munofiqlarga eng og‘ir namoz xufton va bomdod namozlaridir”, deganlar.

7. Kim bomdod namozini o‘z vaqtida o‘qisa, bu dunyo va undagi narsalardan eng yaxshisi ega bo‘ladi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Bomdodning ikki rakati dunyo va undagi narsalardan yaxshidir”, dedilar.

 

Davron NURMUHAMMAD