XIX asr oxiri XX asr birinchi yarmida Namangan shahridan yetishib chiqqan ulug‘ ulamolardan biri Sayyid Sobitxon to‘ra Abul Maoniydir. U kishi haqida ma’lumotlar juda kam. Chunki Sobitxon to‘ra yashagan davr mustamlakachilik siyosatining vatanparvarlar va ziyolilarga qarshi kurashi avj olgan vaqtga to‘g‘ri keladi.
Sobitxon to‘ra 1866 yil Namanganda taniqli olim Sayyid Fayzxon to‘ra xonadonida tug‘ildi. U ilmiy muhitda o‘sib ulg‘aydi, ilk ustozi otasi bo‘ldi. So‘ng Namangan madrasasida o‘qib, shaharning ko‘zga ko‘ringan olimlari, jumladan, Hazrat Inoyatxon Langariydan saboq oldi. So‘ng ilmini yanada chuqurlashtirish maqsadida Ho‘qandi latifga bordi. Bu yerda bir necha yil turib, “Madrasai Xon”da ilm sirlaridan voqif bo‘ldi, madrasani muvaffaqiyatli bitirib, ona shahriga qaytdi.
Yoshi ulg‘aygach, hajga bordi. Madinada uch yil muqim yashab qoldi. Bir kecha tushida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni ko‘radi. U zot olimga “vatanga qayting” ishorasini qiladilar. Shundan so‘ng u ota yurtiga qaytib, qolgan butun umrini Namanganda o‘tkazdi. XIX asrning so‘nggi yillarida Namangandan yetishib chiqqan olimlarning ko‘pi undan saboq olishgan.
Sobitxon to‘ra ochiq chehrali, shirinso‘z va taqvoli inson bo‘lgan. U ilm bobida ulkan muvaffaqiyatga erishgan edi. U madrasadan qaytib kelishi bilan kitob varaqlar, yozayotgan asarlariga qimmatli ma’lumotlar to‘plar edi. “Tafsiri Jalolayn”ni ko‘p o‘qir edi.
Sobitxon to‘ra tasavvuf, tafsir, hadis, til va adabiyot, tarix, jug‘rofiya, mantiq va boshqa ilmlardan yaxshi xabardor edi. O‘zi ham arab, fors va o‘zbek tillarida ijod qildi.
Olimning “Bashorat an najot fi ishorat as-salot” kitobida diniy amallar, ibodatlarga oid turli fiqhiy masalalar jamlangan. Ushbu asarning 52 betdan iborat qo‘lyozma nusxasi O‘zFA Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutida saqlanmoqda. Ushbu dargohda uning qalamiga mansub “Tajhiz al amvot” asari qo‘lyozmasi va bu kitobning 1907 yili Buxoroda nashr etilgan toshbosma nusxasi ham bor. Ushbu asarda o‘lim va dafn marosimi bilan bog‘liq masalalar batafsil yoritilgan. U xurofiy tushunchalar avjiga chiqqan bir davrda yozilgani bois katta ahamiyat kasb etgan va odamlarni hidoyat yo‘liga boshlovchi muhim qo‘llanma bo‘lib xizmat qilgan. Bundan tashqari, olim fiqh ilmiga oid yana bir nechta asarlar yozgan.
Sobitxon to‘ra tafsir va hadis ilmlari targ‘ibotchisi sifatida ham tanilgan. O‘sha davrda Turkiston aholisida ushbu ilmlarga e’tibor susayib ketgani uchun ham shu yo‘nalishga alohida e’tibor bergan.
Sayyid Sobitxon to‘ra turmushi hashamsiz yashagan, dunyo lazzatlariga parvosiz ekanidan mol-dunyo orttirmagan. Tushgan sovg‘a-salomlarni kambag‘allarga, ilm toliblariga ehson qilib yuborgan.
Sayyid Sobitxon to‘ra yurtimizni juda ham sevar, shu bois chorizm mustamlakasiga aylanib qolgan muqaddas Vatanini ozod va hur ko‘rishni orzu qilar edi. Talabalariga Vatan ozodligi uchun harakat qilish, kerak bo‘lsa, bu yo‘lda jon berish kerakligini ta’kidlar edi. Bolsheviklar inqilobi boshlangach, Sobitxon to‘ra shogirdlarini Vatan mustaqilligi yo‘lida birlashishga ruhlantirar edi. Sobitxon to‘raning xalq o‘rtasidagi nufuzini yaxshi bilgan bolsheviklar uni zimdan kuzatib, nazorat qilib turadi.
Sobitxon to‘ra Abul Maoniy 1927 yili 63 yoshda olamdan o‘tdi, Namangan shahridagi “Mangulik” qabristoniga dafn etildi. Alloh taolo ul zotni rahmatiga olsin.
Islomxon UBAYDULLAYEV,
Toshkent islom instituti o‘qituvchisi
Bismillahir Rohmanir Rohiym
حدثنا العباس الدوري نا مالك بن إسماعيل نا موسى بن محمد الأنصاري أنا أبو إسحاق الشيباني عن الحسن بن سعد عن عبد الرحمن بن عبد الله بن مسعود عن أبيه قال: خرجت مع رسول الله صلى الله عليه وعلى آله وسلم فتنحى لحاجة له قال: وخرج علينا نمل فأذيننا فجعلنا نتبعهن فنحرقهن بالنار فلما جاء رسول الله صلى الله عليه وعلى آله وسلم عرفنا ذاك من وجهه فقال: ”من فعل هذا“. قلنا: نحن يا رسول الله آذيننا فحرقناهن فقال: ”إنه لا ينبغي لأحد أن يعذب بالنار إلا رب النار“.
Abdurahmon ibn Abdulloh ibn Mas’ud otasidan rivoyat qiladi: “Rasululloh sollallohu alayhi va ’alaa olihi vasallam bilan birga chiqdim. U zot hojat uchun chetga chiqdilar.
Shu payt chumolilar bizga yopishib, ozor berdi. Biz ularni olov bilan kuydirdik.
Rasululloh sollallohu alayhi va ’alaa olihi vasallam qaytganlarida (g‘azablari chiqqanini) yuzlaridan bildik.
U zot alayhissalom: “Buni kim qildi?” dedilar.
“Biz, yo Allohning Rasuli. Bizga aziyat berdi, shuning uchun ularni yoqib yubordik”, dedik.
U zot alayhissalom: “Olov bilan azoblashga faqat olov Robbisining haqqi bor”, dedilar.
Abu Said Haysam ibn Kulayb Shoshiyning
“Musnadi Shoshiy” asaridan
Davron NURMUHAMMAD tarjimasi