Ma’lumki, hozirgi zamon o‘zining dunyodagi turli xil siyosiy, g‘oyaviy qarama-qarshi kuchlar to‘qnashuvi jiddiy tus olgan davrligi bilan xarakterlanadi. Bu borada olib borilgan ilmiy tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, hozirgi davrda o‘z mustaqilligiga erishgan yangi, yosh davlatlar ham uzoq yillar davomida o‘z turmush tarzini belgilab olgan kuchli davlatlar ham ana shunday yovuz kuchlarning, mafkuralarning kutilmagan xurujlariga duch kelmoqda.
Dunyo siyosiy manzarasida avj olib borayotgan global muammolar ichida dinlararo, millatlararo, madaniy-tamaddunlararo nizolar va to‘qnashuvlarni, informatsion-kiber terrorizm, noqonuniy qurol va narkotiklar savdosi, odam savdosi kabi turli xildagi tahdid va xavflarni sanab o‘tish mumkin.
Jumladan, diniy aqidaparastlik xalqaro terrorizmning kengayishiga, g‘arb davlatlarida «islamofobiya» jarayonining keskin tus olib, ommaviy siyosiy darajada avj olishiga olib kelmoqda. Musulmonlarning muqaddas dini bo‘lmish islom dinini xalqaro terrorizm bilan bog‘lashga urinishlar, g‘arb matbuotida turli hajviy rasmlar chop etish orqali payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalomning sha’nini tahqirlashga qaratilgan hatti-harakatlar, millionlab odamlarning milliy g‘ururi va nafsoniyatiga tegadigan biryoqlama, asossiz baho va xulosalar kaltabinlarcha bayon qilinmoqda.
«Islamofobiya» – islomdan va musulmonlardan qo‘rquv va ularga nafrat tuyg‘usi bilan qarash demakdir. Shu bilan birga islom dinini qoloq, musulmon madaniyatini esa qotib qolgan, hurfikrlikka moyil bo‘lmagan, patriarxal, ayollar faoliyatini cheklaydigan va boshqa madaniyatlarga tahdid soluvchi» kabi noo‘rin ayblovlarda namoyon bo‘lmoqda.
Islom dinini agressivlikda, terrorchilikda ayblash jahon miqyosida islom nufuzining, islom mavqeining oshib borishidan talvasaga tushish, global iqtisodiy, siyosiy madaniy va demografik jarayonlarda gegemonligini tarixan yo‘qotayotgan postindustrial jamiyatlarning siyosiy kuchlari uchun xosdir.
Malayziya xalqaro islom universiteti professori Louyey Safi fikriga ko‘ra, hozirgi kunlarda «islamofobiya»ning quyidagi ko‘rinishlari mavjud:
Ko‘pchilik tadqiqotchilar fikriga ko‘ra, islamofobiya G‘arb mamlakatlarida, musulmonlar soni keskin oshib borayotgani va islomni G‘arb sivilizatsiyasiga raqobat uyg‘otayotgani sababli saqlanib kelmoqda. Shu o‘rinda bu yerda istiqomat qiluvchi musulmonlar g‘arb urf-odatlarini o‘zlariga singdirish emas, balki islom qadriyatlarini atrofga yoyish xodisalari ortib bormoqda. Chunki, sotsiologlarning ta’kidlashicha, XXI asrda islom boshqa dinlarga qaraganda tezroq tarqalib taraqqiy etish imkoniyatiga ega. Bunga misol, bugungi kunda dunyo musulmonlarining soni qariib 1,8 mlrdga yetgan. Boshqacha aytganda musulmonlarning soni 2025 yilga borib dunyo aholisini 30% tashkil etadi.
G‘arb olamida islomga dushmanligini ko‘z-ko‘z qilib, millatlar hamda dinlar o‘rtasida nizo olovini yoqishga uringan ba’zi fitnachilarning o‘zlari, dunyo aholisining nafratiga uchramoqdalar. Islomofoblarning harakatlari nafaqat dunyo musulmonlariga, balki G‘arbning yetakchi kompaniyalariga ham ziyon yetkazmoqda. Bunday shuhratparastlar qaysi davlatdan bo‘lsa butun dunyo musulmonlari tomonidan e’lon qilinayotgan boykotlar natijasida o‘sha davlat iqtisodiyoti zarar ko‘rmoqda.
Shu o‘rinda islamofobiya muammolari ommaviy tus olib kelayotgan bir paytda, O‘zbekiston terrorizmga qarshi kurash islamofobiyaga aylanishiga va bu holat ochiq yoki pinhoniy holatlarda islom dunyosi bilan qarama-qarshilikka olib kelishiga qat’iyan qarshi chiqmoqda. Mazkur masalada O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti I.Karimov: «Kimga qanday tuyulmasin, bugun dinimizning asl mohiyatini asrash, uning ma’no-mazmuni naqadar pok va ezgu ekanini, din biz uchun asrlar davomida o‘zligimizni, millatimiz, naslimizning eng yaxshi qadriyatlarini saqlab qolishda buyuk hayotbaxsh kuch bo‘lib kelayotganini takror va takror ta’kidlashimiz, bu haqiqatni odamlarning ongiga singdirishimiz darkor», deb ta’kidlagan edi.
So‘ngi yillarda turli mamlakatlarda islomga nisbatan bo‘layotgan tazyiqlar, islamofobiya tusini olgan holatlarni ko‘payishi bizni ham tashvishga solishi turgan gap. Shu bilan birga bu holat bizning tinchlik va barqarorlik yo‘lida erishgan ko‘p yillik yutuq va xatti-xarakatlarimizni yo‘qqa chiqarib, ekstremizm va terrorizmni yanada kuchaytirib yuborishi ehtimoli mavjud.
O‘zbekiston nafaqat o‘z xalqining tinchligi uchun, balki ona sayyoramizdagi million-million odamlarning hayotini saqlash uchun hushyorlikka chaqirganini dunyoning yetakchi siyosatchilari, davlat arboblari tan olmoqda va davlatimizning ana shunday murakkab vaziyatda, har qanday ikkilanishdan xoli bo‘lgan siyosatiga hurmat va ehtiromini bildirmoqda.
M.Muhammadsaid
Urganch tumani “Eshon bobo” masjidi imom-xatibi
Shu yil 25 fevral kuni Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutida oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalari rahbarlari seminari bo‘lib o‘tdi. Seminarni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Muhammadolim Muhammadsiddiqov ochib berdi.
O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Davronbek Maxsudov so‘zga chiqib, diniy-ma’rifiy sohada kadrlar tayyorlash sifatini yangi bosqichga ko‘tarish, diniy ta’lim tizimidagi mavjud muammolar, ularning yechimlari va istiqboldagi rejalar haqida so‘z yuritib, quyidagilarni zikr qilib o‘tdi:
• Jahondagi yetakchi islom ta’lim muassasalari, xususan, Azhar va shu kabi yetakchi ta’lim muassasalari tajribalarini o‘rgangan holda yurtimizdagi oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalaridagi ta’limning jozibadorligini oshirish lozimligi;
• Chet el talabalarini ham yurtimizdagi diniy ta’lim muassasalariga o‘qishga jalb qilish maqsadida yangi adabiyotlar tayyorlash, o‘quv dasturi va rejalarini qayta shakllantirish, ijtimoiy va diniy fanlarni zamon talablari darajasida shakllantirish zarurligi;
• Ta’lim jarayonlarini tashkil qilish, o‘quv dasturlarini qayta ishlab chiqish, xorijdan yetuk malakali mutaxassislarni jalb qilishda mavjud ta’lim mazmunini saqlab qolgan holda, boshqa yetakchi ta’lim muassasalarining ta’limga oid hujjatlaridan shablon sifatida foydalanish kerakligi;
• Ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarning natijadorligini oshirish maqsadida diniy ta’lim muassasalarida ta’lim sifatini nazorat qilib borish mexanizmini joriy qilish muhimligi;
• Talabalarda ta’lim bilan bir qatorda o‘z sohasi bo‘yicha tajribani ham shakllantirish maqsadida bitiruvchi kurs talabalarining amaliyotlarini Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, O‘zbekiston musulmonlari idorasi, ilmiy tadqiqot markazlari va mahallalarda tashkil etilishi choralarini ko‘rish hamda Iqtidorli ustoz va talabalarni rag‘batlantirib borish mexanizmlarini joriy qilish lozimligi;
• “Qur’on va tajvid” o‘quv kurslariga o‘xshash bir shaklda Aqidaviy bilimlarni ham xalqqa yetib borishiga xizmat qiladigan, xalqning turli yot g‘oyalarga ergashib ketish orqali jabr ko‘rishini oldini oladigan o‘quv kurslarini tashkil etish ham muhim hisoblanishi;
• Din va davlat munosabatlarini tartibga solinishida Qur’on va sunnatda keltirilgan ko‘rsatmalarni o‘rganib kelajak avlodga o‘rgatish va bunda jahon tajribasidan keng foydalanish kerakligi ta’kidlandi.
Seminar davomida Muhammadolim domla Muhammadsiddiqov diniy ta’lim muassasalarida o‘tkazilgan attestatsiya natijalari, ijtimoiy-gumanitar fanlarning o‘qitilish ulushini oshirish, ta’lim sifatini yanada takomillashtirish hamda o‘quv reja va dasturlarini yangilash xususida so‘zlab, davlat tomonidan yaratib berilayotgan imkoniyatlardan foydalangan holda oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalarida diniy ta’limni yangi bosqichga olib chiqish bugungi kun talabi ekanini qayd etdi.
Shuningdek, diniy fanlarda klassik an’analarni saqlab qolgan holda, dunyodagi ilg‘or diniy ta’lim muassasalaridan namuna olgan holda zamonaviy diniy adabiyotlarni shakllantirish, zamonaviy diniy fan tarmoqlarini yaratish lozim ekani, mazkur fan tarmoqlari va adabiyotlarni shakllantirishda yurtimizdagi ilmiy tadqiqot markazlari bilan yaqindan amaliy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish kerakligi ham alohida ta’kidlandi.
Shundan so‘ng diniy ta’lim muassasalarida 2025 o‘quv yili I-semestr yakunlari bo‘yicha talabalar o‘zlashtirishining dastlabki tahlillari bo‘yicha Hadis ilmi maktabi rektori B.Amanov, Imom Termiziy madrasasi direktori K.Islamov, Jo‘ybori Kalon madrasasi direktori O.Sharipova hamda Xoja Buxoriy madrasasi direktori O‘.G‘uzarovlar axborot berdi.
Seminar yakunida yig‘ilganlardan taklif va mulohazlar tinglandi. So‘ngra ishtirokchilar Toshkent islom institutidagi sharoitlar bilan tanishib, talabalar bilan uchrashishdi.
Toshkent islom instituti
Matbuot xizmati