Sayt test holatida ishlamoqda!
13 Mart, 2026   |   24 Ramazon, 1447

Toshkent shahri
Tong
05:21
Quyosh
06:39
Peshin
12:38
Asr
16:41
Shom
18:31
Xufton
19:43
Bismillah
13 Mart, 2026, 24 Ramazon, 1447

Buxoroda “sayyohlik politsiyasi” ish boshladi: til biladigan, odobli, mahoratlilar saralab olindi

23.12.2017   6429   3 min.
Buxoroda “sayyohlik politsiyasi” ish boshladi: til biladigan, odobli, mahoratlilar saralab olindi

Buxoroda “Xavfsiz turizm” konsepsiyasi asosida ichki ishlar idoralarining yangi tizimdagi faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Bu haqda Buxoro IIB Matbuot xizmati xabar berdi.

 

Bu ko‘hna shaharning betakror tarixiy obidalarini ko‘rish, aziz avliyolar, buyuk ajdodlarimiz mangu qo‘nim topgan muqaddas qadamjolarni ziyorat qilish uchun xorijliklarning qadami uzilmaydi. Bu o‘z navbatida huquq tartibot, ayniqsa, ichki ishlar idoralari xodimlari zimmasiga ham katta mas’uliyat yuklaydi. Chunki, tashrif buyurayotgan turli delegatsiya a’zolari  va  chet ellik mehmonlar  xavfsizligini ta’minlash, ularga nisbatan turli xil ko‘ngilsiz hodisalar, huquqbuzarlik va jinoyatlar sodir etilishiga yo‘l qo‘ymaslik asosiy vazifalardan biri hisoblanadi.

 

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Buxoro, Samarqand, Xiva va Shahrisabz shaharlarida xavfsiz turizmni ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori hamda Ichki Ishlar Vazirligining buyrug‘i talablarini bajarish yuzasidan Buxoro viloyat hududida Xavfsiz turizmni ta’minlash maqsadida IIB tarkibiga kiruvchi 43 ta shtatdan iborat turizm yo‘nalishida xavfsizlikni ta’minlash boshqarmasi tashkil etildi.

 

Soha mutaxassislarining fikricha, ushbu tizimning joriy etilishi kelgusida sayyohlar xavfsizligini ta’minlash va ularning viloyatda sayyohat qilishlari chog‘ida qo‘shimcha shart-sharoitlarning yaratilishiga imkon yaratadi. Bundan tashqari, mazkur xujjatda chet el fuqarolari uchun xavfsiz muhitni yaratish vazifalari ham aniq qilib belgilangan. Bugungi kunda ana shu qaror ijrosini ta’minlashga qaratilgan konsepsiya ustida ham soha mutaxassilari ish olib bormoqda.

 

Ta’kidlash joizki, viloyat IIB boshlig‘ining buyrug‘iga binoan, o‘tkazilgan tanlovda birinchi navbatda xorijiy tillarni biladigan, yuqori malakali mutaxassislar, bundan tashqari, kasbiy tayyorgarlikka, yuksak ahloqiy va ma’naviy sifatlarga, xizmat vazifalarini bajarish bo‘yicha zaruriy tajribaga ega bo‘lgan xodimlar tanlab olindi.

 

“Shu boisdan ham, xorijliklar uchun bugungi zamon talblariga javob beradigan  barcha qulayliklarni joriy etish hamda kelajakda ularning tashrifini yanada oshirish maqsadida xalqaro miqiyosida targ‘ibot-tashviqot ishlarini kuchaytirishimiz lozim bo‘ladi”,- deydi boshqarma rahbari Erkin Safarov.

 

Ma’lumotlarga ko‘ra, birgina Buxoro shahrida 2018 yilning oxiriga qadar, 10 ta zamonaviy mehmonhonalarni barpo etish, ulardagi o‘rinlar sonini 1210 taga yetkazish choralari ko‘rilmoqda.

 

Hozirda “Qalqon” yagona videokuzatuv markazi Buxoro shahari hududini o‘rnatilgan 60 ta kameralar orqali kuzatib kelayotgan bo‘lsa, kelgusida Buxoro shahriga tashrif buyurgan xorijiy sayyohlarning xavfsizligini ta’minlash hamda “Xavfsiz turizm” dasturiy kompleks tizimini joriy qilish maqsadida ana shunday kameralar sonini yana 425 taga ko‘paytirish borasida chora-tadbirlar ishlab chiqilmoqda. Demak, joylarda 275 ta videokuzatuv moslamalari, 68 ta shaxs va avtotransport vositalarining davlat raqam belgilarini yaqqol ko‘rsatuvchi videokameralar, 4 ta issiqlikni aniqlovchi (teplovizor), 55 ta aloqa tashvish tugmalari, shuningdek, 27 ta chorrahalarda 85 ta yo‘l harakati qoidalarini buzish holatlarini va avtomobil yo‘llarining 6 ta joylarida tezlikni aniqlaydigan videokameralar o‘rnatilishi belgilandi. Bu esa, o‘z o‘rnida sayyohlar gavjum bo‘ladigan joylarda nazoratni kuchaytirish imkonini beradi va ularning havfsizligini ta’minlaydi.

 

Bugungi kunda shaharning qaysi bir go‘shasida bo‘lmang, hududlarda hushyor va sergak posbonlar osoyishtalikni ta’minlash yo‘lida xizmat olib borayotganliklarining guvohi bo‘lasiz.

 

Buxoroda mavjud bo‘lgan barcha yodgorliklar, va ularni kurish uchun kelayotgan sayyohlar alohida nazoratga olingan.

O‘MI Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Ramazonda to‘g‘ri ovqatlanish

12.03.2026   2729   4 min.
Ramazonda to‘g‘ri ovqatlanish

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Ramazon oyi — nafaqat ruhiy poklanish, balki sog‘lom turmush tarzini yo‘lga qo‘yish, tanani tartibga solish va umumiy sog‘liqni yaxshilash uchun ayni vaqtda yaxshi imkoniyatdir. Bu oyda ro‘za tutish orqali nafsni tiyish, sabr va shukr qilish muhim bo‘lsa, sog‘lom ovqatlanishning ahamiyatini ham unutmaslik kerak. Saharlik va iftorlikda to‘g‘ri ovqatlanish ro‘zani yengil tutish, holsizlik, qon shakarining pasayishi va oshqozon muammolarining oldini olishda muhim rol o‘ynaydi.

Saharlik ro‘zaga quvvat

Saharlik kun davomidagi energiya manbai, ro‘zador uchun kun bo‘yi quvvat berib, ro‘zani yengil tutishga yordam beradi. Shuning uchun saharlikni o‘tkazib yuborish organizmga juda katta salbiy ta’sir ko‘rsatadi.

Saharlikda tavsiya etiladigan mahsulotlar:

  • Murakkab uglevodlar: Suli yormasi, qora non, grechka, ovqatni sekin o‘ziga singdiradigan uglevodlar.
  • Oqsilga boy mahsulotlar: Tuxum, tvorog, qatiq, yogurt va boshqa oqsil manbalari.
  • Foydali yog‘lar: Yong‘oq, bodom, chia urug‘i va avokado (qon tomirlari uchun foydali).
  • Meva va sabzavotlar: Banan, xurmo, bodring, karam, pomidor (organizmga mineral va vitaminlarni ta’minlaydi).
  • Suv: Kun davomida organizm suvga ehtiyoj sezadi, shuning uchun yetarli miqdorda suv ichish kerak.

Saharlikda tavsiya etilmaydigan mahsulotlar:

  • Juda sho‘r va achchiq taomlar: Bu chanqoqni kuchaytiradi va ichak faoliyatini buzadi.
  • Qovurilgan va yog‘li ovqatlar: Ularning yuqori kaloriyasi ro‘za tutishni qiyinlashtiradi.
  • Gazli ichimliklar: Gazli ichimliklar oshqozonni buzadi.

Saharlikni bomdod namoziga yaqin vaqtda, iloji boricha kechiktirib iste’mol qilish sunnat hisoblanadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Saharlikda baraka bor”, deganlar.

 

Iftorlikni qanday boshlash kerak?

  1. 1-3 dona xurmo va suv – bu sunnatga muvofiq bo‘lib, qondagi shakar miqdorini tezda ko‘tarishga yordam beradi va ovqat hazm qilishni yaxshilaydi.
  2. Sho‘rva yoki salat – ovqatni yengil ovqatlar bilan boshlash tananing sekinlik bilan qayta tiklanishini ta’minlaydi.

 

Iftorlikda qo‘llaniladigan qoidalar:

  • Birdaniga ko‘p ovqat yemang – Oshqozonning shikastlanishini oldini olish uchun, ovqatni oz-ozdan va ehtiyotkorlik bilan iste’mol qilish kerak.
  • Sekin va yaxshilab chaynab ovqatlaning – bu oshqozonga yengillik beradi va ovqatning to‘liq hazm bo‘lishini ta’minlaydi.
  • Shirinlik va qovurilgan taomlarni cheklang – ularning kaloriyasi yuqori va tananing sog‘ligini buzadi.
  • Iftordan keyin darhol yotib olmang – ovqat hazm bo‘lishini ta’minlash uchun vaqt berish kerak.

 

Suv ichish tartibi

Ramazon oyida suv ichish rejasiga e’tibor berish juda muhim. Suvsizlanishning oldini olish uchun, iftor va saharlik oralig‘ida 1,5–2 litr suv ichish tavsiya etiladi. Suvni bir yo‘la emas, balki bo‘lib-bo‘lib ichish foydali. Chunki bir vaqtda ko‘p suv ichish oshqozonga og‘irlik qiladi.

 

To‘g‘ri saharlik va iftorlikning foydali ta’siri

To‘g‘ri tashkil etilgan saharlik va iftorlik:

  • Oshqozon-ichak faoliyatini yaxshilaydi – sog‘lom ovqatlanish, hazm qilishni normallashtiradi.
  • Ortiqcha vazn yig‘ilishini kamaytiradi – me’yorda ovqatlanish, ortiqcha vaznni yo‘qotishga yordam beradi.
  • Qondagi shakar miqdorini me’yorda ushlab turadi.
  • Umumiy tetiklikni ta’minlaydi – sog‘lom ovqatlanish jismoniy va ruhiy barqarorlikni saqlashga yordam beradi.


Xulosa

Ramazon nafsni tiyish, sabr va shukr oyidir. Lekin bu oyda sog‘liqni asrash ham muhim ibodat hisoblanadi. Saharlikni tark etmaslik, iftorlikda me’yorni saqlash va foydali mahsulotlarni tanlash orqali ro‘zani yengil o‘tkazish mumkin.

Shunday ekan, har bir musulmon saodatga erishish uchun nafsni tarbiyalash va sog‘lom turmush tarziga harakat qilishi kerak.

Alloh taolo, har birimizga ro‘zalarimizni qabul qilsin va bizni sog‘lom holda ibodat qilishga muvaffaq aylasin!

 

Nargiza TUYCHIYEVA,
O‘MI hamshirasi.

Maqolalar