Baro roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bizga yetti narsani buyurdilar va yetti narsadan qaytardilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bizga janozaga ergashishni, kasalni borib ko‘rishni, chaqirilgan joyga borishni, mazlumga yordam berishni, qasamni oqlashni, salomga alik olishni, aksa urgan kishini duo qilishni buyurdilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bizni kumush idishni ishlatishdan, tilla uzuk taqishdan, ipak matodan kiyim kiyishdan, juda yupqa (nafis) libos kiyishdan, tilla ipdan to‘qilgan matodan kiyim kiyishdan qaytardilar” (Imom Buxoriy rivoyati).
Sharh: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bizga nimani buyurgan bo‘lsalar, unga amal qilishimiz, nimadan qaytargan bo‘lsalar, undan tiyilishimiz dunyo va oxiratimiz saodati garovidir.
Janoza – farzi kifoya. Janoza deyilganda, janoza namozi va mayyitni dafn etish tushuniladi. Janoza namozi kabi mayyitni dafn etishi ham farzi kifoyadir. Janoza namozida qatnashgan kishi bir qiyrot ajr oladi, mayyitni dafn etishda ham ishtirok etsa, ikki qiyrot savobga ega bo‘ladi.
Tobutni to‘rt kishi ko‘tarishi sunnatdir. Tobutdan oldin yurilmaydi, shovqin qilmasdan, tobutni silkitmay tez yuriladi. Mayyit qabrga qo‘yilmasdan oldin o‘tirilmaydi.
Abu Hurayra (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi: Payg‘ambarimiz (alayhissalom): “Bir musulmonning janozasida imon va sabr-toqat bilan qatnashgan kishi ikki qiyrot ajr bilan qaytadi”, dedilar (Imom Buxoriy va Imom Abu Dovud rivoyati).
Xasta kishini borib ko‘rish sunnatdir. Ba’zilar kasal kishini borib ko‘rish vojib ham deyishgan. Hadisi sharifda bunday deyilgan: “Kasallarni borib ko‘ringlar, ochlarga taom beringlar, qiynalgan kishilarni qutqaringlar” (Imom Buxoriy rivoyati). Imom Muslim rivoyatidagi hadisda: “Kim bir musulmon birodarini borib ko‘rsa, to qaytib kelgunicha jannat mevalari ichra bo‘ladi”, deyilgan. Kasal ko‘rgani borgan kishi bemorning bosh tarafida o‘tirib, uning ko‘nglini ko‘taradigan iliq so‘zlar aytishi, peshonasiga qo‘lini qo‘yib mehribonlik qilishi va uni toliqtirib qo‘yadigan darajada ko‘p o‘tirmay, tezda chiqishi odobdandir. Payg‘ambarimiz (alayhissalom): «Kasal ko‘rgani borgan kishi “Allohumma ishfi abdaka” (“Ey Alloh, bandangga shifo ber”), deb aytsin», deganlar (Imom Muslim rivoyati).
Har bir dard sababli banda chekkan aziyatlari evaziga gunohlari kafforat qilinadi. Shuning uchun xasta kishini borib ko‘rib, undan duo olinadi. Ummu Sulaym roziyallohu anho aytadi: «Men kasal bo‘ldim. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam meni ko‘rgani keldilar va: “Ey Ummu Sulaym, ...agar sen bu xastalikdan sog‘aysang, xuddi temir zangi olovda tozalanganidek gunohlardan poklanasan”, dedilar» (Imom Abu Dovud rivoyati).
Chaqirilgan joyga borish mo‘minlarning bir-birlaridagi haqlaridandir. Ulamolar nikoh e’loni uchun chaqirilgan joyga borish lozim, deyishgan.
Qo‘lidan kelsa, mazlum kishiga yordamlashish vojib bo‘ladi. Anas ibn Molik (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi: Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) bunday dedilar: “Birodaring zolim bo‘lsa ham, mazlum bo‘lsa ham yordam ber”. Shunda bir kishi: “Ey Rasululloh, mazlumga-ku yordam beramiz, ammo zolimga qanday qilib yordam berish mumkin”, dedi. Shunda Payg‘ambarimiz (alayhissalom): “Zolimni zulm qilishdan qaytarishing, unga qilgan yordaming bo‘ladi”, dedilar (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati).
Bir bandai mo‘minni munofiqning zulmidan himoya qilgan kishini qiyomatda farishtalar do‘zax olovidan himoya etadi. Qudsiy hadisda bunday deyiladi: “Izzat va Jalolimga qasamki, albatta, zolimdan tezda va keyin ham intiqom olaman. Albatta, mazlumni ko‘rib yordam berishga kuch-quvvati yetib unga ko‘maklashmagan kishidan intiqom olaman” (“Kitobut tavbeh”, Imom ibn Hibbon rivoyati).
Payg‘ambarimiz alayhissalom bo‘lar-bo‘lmas narsalarga qasam ichishdan qaytarganlar. Ammo kishi qasam ichsa, uni oqlashi, agar qasamini buzsa, kafforat to‘lashi lozim bo‘ladi.
Salom berish sunnat, unga alik olish farzdir. Bir jamoadan bir kishi salomga alik olsa, boshqalaridan soqit bo‘ladi. Agar hech kim javob bermasa, barcha birdek gunohkor bo‘ladi.
Salomni eshitgan yoki lablaridan salom berish ifodasini anglagan kishining alik olishi vojibdir.
Aksa urgan kishi “alhamdulillah”, desa, uni eshitganlar “yarhamukalloh”, deyishi lozim.
Erkak kishiga ham, ayolga ham kumush yoki oltin idishlarni ishlatish, ya’ni unda taom iste’mol qilish, suv ichish mumkin emas. Huzayfa roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday dedilar: “Oltin va kumush idishlarda suv ichmanglar va ularda ovqatlanmanglar”.
Erkaklar oltin uzuk taqishdan qaytarilgan. Podshoh yoki qozilar zaruriy hollarda kumush uzuk taqishi mumkin, xolos.
Ipak matodan bo‘lgan kiyimlarni kiyish erkak kishilarga haromdir. Hazrat Ali roziyallohu anhu rivoyat qiladi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bir ipak harirni olib o‘ng yonlariga, bir oltinni olib chap yonlariga qo‘ydilar. So‘ngra mana shu ikkalasi ummatimning erkaklariga haromdir”, dedilar (Imom Abu Dovud rivoyati).
Abduvohid O‘ROZOV,
Toshkent shahridagi “Pul yemas ota” jome masjidi imom noibi
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Assalomu alaykum va rahmatullohi va barakatuhu
Bugun sizlarga 6 yoshli bir qizaloq haqida so‘zlab beraman. Qizaloqning ismi Tessi bo‘lib, u kambag‘al oilada yashardi. Uylarining birinchi qavatida dorixona joylashgan edi.
Qizaloq kunlarning birida ota-onasiga bildirmasdan shu dorixonaga bordi. Dorixonachi uzoq yil ko‘rishmagan chikagolik bir do‘sti bilan suhbat qurardi. Ular dorixonaga kirgan qizaloqni payqamay, gaplashishda davom etardilar. Oxiri Tessi stolni taqillatib, qo‘lidagi bir dollarni sotuvchining oldiga qo‘ydi-da: “Iltimos menga mo‘jiza berib yuboring” dedi.
Sotuvchi hayron bo‘lib: “Senga nima kerak qizaloq?” dedi.
Qizaloq: “Mana bir dollar, menga mo‘jiza kerak” dedi.
“Biz mo‘jiza sotmaymiz” dedi sotuvchi.
Qizaloq bu gapni eshitishi bilan yig‘lab yubordi. “Iltimos qilaman, menda yana 11 sent ham bor, menga mo‘jiza topib bering”.
Sotuvchi: “Menda sen izlayotgan narsa yo‘q. Kechirasiz, lekin men senga yordam berolmayman”, dedi.
Dorixonachining oldida turgan do‘sti tiz cho‘kib, qizaloqdan so‘radi: “Siz qanday mo‘jiza sotib olmoqchisiz?”.
“Ukam, ukam.... kasal. U yuqori qavatdagi uyimizda ahvoli og‘ir holatda yotibdi. Hozirgina shifoxonadan keldi. Lekin miyasidagi shishni davolab bo‘lmayapti. U o‘lib qoladi, ukam yashashi uchun menga mo‘jiza kerak” dedi jajji qizaloq ko‘zlari yoshga to‘lib.
Ha, qizcha mo‘jizani sotib olsa bo‘ladigan narsa deb o‘ylardi. Chunki u shifokorning ukasi og‘ir kasal ekani, buning uchun katta mablag‘ kerakligi haqida aytgan so‘zlarini eshitgandi. Shifokorning bu so‘zlaridan keyin Tessi ko‘zlari yoshga to‘lgan otasining umidsizlik bilan aytgan ushbu so‘zlarini ham eshitgandi: “Endi...endi o‘g‘limizni faqat mo‘jiza qutqara oladi”.
Shuning uchun qizaloqqa mo‘jiza juda zarur edi.
“Sizda necha pul bor?” deb so‘radi haligi chikagolik odam.
“Bir dollarim va yana o‘n bir sentim bor”, dedi Tessi.
“Qanday ham yaxshi, mening mo‘jizam uchun aynan shuncha kerak bo‘ladi” deb jilmaydi va jajji mushtiga pullarini qisib olgan qizchaning qo‘lidagi pulni olib, “Qani menga uyingni ko‘rsat-chi, ukangni ko‘rmoqchiman” dedi.
Ma’lum bo‘lishicha, bu odam taniqli neyroxirurg shifokor Karlton Armstrong ekan. U dunyodagi eng yaxshi neyroxirurglardan biri edi.
Shifokor qizaloq bilan birga uyga bordi va Tessining ukasini ko‘rib: “Men sizning farzandingizni mutlaqo bepulga davolayman”, dedi. Tessining oilasi bundan nihoyatda xursand bo‘lishdi. Mo‘jiza sodir bo‘layotganiga ishonishmasdi.
Shifokor Armstrong jarrohlik amaliyotini muvaffaqiyatli amalga oshirdi va uning bu amaliyotda qo‘llagan uslubi butun dunyo tibbiyot maktablarida o‘rgatiladigan bo‘ldi.
Tez orada Tessining ukasi butunlay sog‘lom holda uyga qaytdi. “Sizning o‘z oyoqlaringiz bilan uyimizga kelib qolishingiz bu – haqiqiy mo‘jiza. Pulimiz ham yo‘q edi. Nahotki, bepulga shunday murakkab amaliyotni qilib bergan bo‘lsangiz”, dedi qizaloqning otasi. Bu gaplarni qizaloq Tessi eshitib qolib, yugurib keldi: “Yo‘q, kechirib qo‘yasiz hech bepul emas. Men bu mo‘jiza uchun 1 dollar va 11 sent to‘laganman”, dedi. Qizaloqning ota-onasi hayratlanib: “Yo‘g‘e, bu sening ishingmi?” deyishdi. Shifokor: “Ha, hammasiga shu jajji qizaloq sababchi”, dedi.
Ushbu hikoyadan o‘zimizga qanday foydalarni olishimiz mumkin:
Avvalo, yosh bolalarning beg‘uborligi, sof tabiat ekani. Bir narsaga shak-shubhasiz ishonishlari.
Ikkinchidan, Alloh taoloning rahmati kengligi.
Uchinchidan, agar bir narsaga chin qalbdan ishonsak va unga erishish uchun astoydil harakat qilsak, albatta mo‘jiza bizdan uzoq emasligiga guvoh bo‘lamiz.
Qissada guvohi bo‘lganingizdek, qizaloqning qat’iy ishonchi sababli Alloh taolo shifokorni yubordi. Natijada, qizaloqning ukasi tuzalib ketdi, mo‘jiza sodir bo‘ldi. Buning uchun bor yo‘g‘i 1 dollaru 11 sent sarflandi.
Davron NURMUHAMMAD