6 dekabr kuni Afg‘oniston Islom Respublikasi Prezidenti Buxoroning qadimiy me’moriy obidalari bilan tanishgani haqida ma’lum qilindi.
Xabarga ko‘ra, Afg‘oniston Prezidenti Muhammad Ashraf G‘ani boshchiligidagi delegatsiya a’zolari kunning ikkinchi yarmida Buxoro shahrining tarixiy markaziga tashrif buyurgan.
Mehmonlar ko‘hna Ark qal’asi, Poyi Kalon majmuasi tarkibiga kiruvchi Minorai Kalon, Masjidi Kalon va Mir Arab madrasasi hamda shaharning boshqa diqqatga sazovor joylari bilan tanishdi.
Majmuadagi 10 ming kishiga mo‘ljallangan Masjidi Kalon tarixiy obidasi, uning tarixi, binoning me’moriy ulug‘vorligi, ibodat qiluvchilar uchun yaratilgan qulayliklar Afg‘oniston Prezidentini lol qoldirib, delegatsiya a’zolarida katta taassurot uyg‘otgan.
Afg‘oniston delegatsiyasi a’zolari Kogon tumani hududida joylashgan buyuk ajdodimiz Bahouddin Naqshband yodgorlik majmuasida bo‘lib, Naqshbandiya tariqatining yirik namoyandasi qabrini ziyorat qildi. Qur’on tilovat qilindi.
Shuning bilan Afg‘oniston Islom Respublikasi Prezidenti Muhammad Ashraf G‘anining mamlakatimizga tashrifi nihoyasiga yetgani aytib o‘tilgan.
O‘zbekistoning elchisi Karomiddin Gadoyev Malayziyaning Jahon sufiylar markazi bosh kotibi Abdul Karim Said Xadaid bilan uchrashdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Suhbat chog‘ida O‘zbekistonda ziyorat turizmini rivojlantirish, musulmon davlatlari bilan "Umra plyus" dasturini yo‘lga qo‘yish, shuningdek Buxoro shahrida beshinchi "Naqshbandiya" sayyohlik festivalini o‘tkazish masalalari muhokama qilindi.
Abdul Karim Said Xadaid ziyorat turizmi sohasida O‘zbekiston tomoni bilan ko‘p yillik hamkorligi hamda Malayziya tajribasidan foydalangan holda, mamlakatimizda mazkur sohani rivojlantirish bo‘yicha o‘zbek tomoni bilan hamkorlik qilishga katta qiziqish bildirdi.
Bosh kotib davlatimiz rahbarining "Umra plyus" dasturini amalga oshirish bo‘yicha tashabbusini to‘liq qo‘llab-quvvatlashini va bu loyihani Jahon sufiylar markazi orqali musulmon davlatlar orasida doimiy ilgari surishga tayyorligini bildirdi.
U, shuningdek, O‘zbekistonning ziyorat turizmi sohasida ish olib borayotgan turistik operatorlar va agentlar faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha takliflarini ma’lum qildi.
Uchrashuvda muhokama qilingan masalalar va takliflarni, shu jumladan joriy yil sentyabr oyida Buxoro shahrida beshinchi "Naqshbandiya" sayyohlik festivalini o‘tkazish tashabbusini O‘zbekiston Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi huzuridagi Turizm qo‘mitasi bilan birgalikda ishlab chiqishga kelishib olindi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati