Afg‘oniston Islom Respublikasi Prezidenti Muhammad Ashraf G‘ani rasmiy tashrif bilan O‘zbekistonda bo‘lib turibdi.
Afg‘oniston Prezidenti bugun, 6 dekabr kuni Buxoro davlat universiteti professor-o‘qituvchilari va talabalari bilan uchrashdi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.
Mazkur universitet mamlakatimizdagi yirik bilim maskanlaridan biri hisoblanib, undagi 8 fakultetda 7 mingdan ziyod talaba va magistr ta’lim olmoqda.
Afg‘oniston Prezidenti universitet professor-o‘qituvchilari va talabalari huzurida ma’ruza qilgani ma’lum qilindi.
Bundan tashqari, Muhammad Ashraf G‘aniga Buxoro davlat universiteti faxriy doktori unvoni berilgani to‘g‘risida diplom topshirilgan.
“Dunyo ilm-fani va islom olamida katta o‘rin tutgan Buxoroi sharifni ziyorat qilish orzuim edi. Muhtaram Prezident Shavkat Mirziyoyevga bu imkoniyatni yaratib bergani uchun samimiy minnatdorlik bildiraman. O‘zbekiston zaminidan Imom Buxoriy va Imom Termiziy kabi buyuk allomalar yetishib chiqqan. Bu yerda ta’lim olayotgan yoshlar mana shunday bobolariga munosib bo‘lib voyaga yetishmoqda”, dedi Prezident Muhammad Ashraf G‘ani.
Afg‘oniston rahbari universitetning Faxriy mehmonlar kitobiga dastxat qo‘ygani ham qayd etildi.