Mana bir necha yildirki, minglab yurtdoshlarimiz Haj va Umra ziyoratlarini ado etib kelmoqdalar. Ular xotirjam ibodat qilishlari uchun yildan-yilga shart-sharoitlar yaxshilanmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan e’lon qilingan ushbu fatvoda, Hajning farz bo‘lishi uchun kishida topilishi lozim bo‘lgan shartlar, shuningdek, haj safariga otlanishning tartib-qoidalari, axloq-odoblari bayon etilgan. Marhamat, quyida ushbu fatvoning to‘liq matni bilan tanishishingiz mumkin.
Haj haqida fatvo
بسم الله الرحمن الرحيم
الحمد لله رب العالمين، و الصلاة و السلام على رسوله محمد، و على اله، و اصحابه اجمعين اما بعد
Mo‘min-musulmonlarga ma’lum va mashhurdirkim, Islom dini beshta rukn ustiga barpo qilingan bo‘lib, ular oxirzamon payg‘ambari Muhammad mustafo (s.a.v.)ning quyidagi hadisi muboraklari orqali bayon etilgandir:
عن أبي عبد الرحمن عبد الله بن عمر بن الخطاب رضي الله عنهما قال: سمعت رسول الله صلى الله عليه وسلم يقول:"بني الإسلام على خمس شهادة أن لا إله إلا الله ، وأن محمدا رسول الله ، وإقام الصلاة وإيتاء الزكاة، وحج البيت، وصوم رمضان"
رواه الإمام البخاريوالإماممسلم
ya’ni: Abu Abdurahmon Abdulloh ibn Umar ibn Xattob (r.a.) rivoyat qilib aytadilar, men Rasululloh (s.a.v.)ning shunday deganlarini eshitdim: “Islom besh narsaga bino qilingan: Allohdan boshqa iloh yo‘q ekanligiga va albatta, Muhammad Allohning elchisi ekanligiga guvohlik bermoq, namoz o‘qimoq, zakot bermoq, baytni haj qilmoq va Ramazon ro‘zasini tutmoq” (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati).
Ushbu hadisdan ma’lum bo‘ladiki, haj ibodati Islom arkonlarining so‘ngisi va eng ulug‘i hisoblanadi.
Alloh taolo bu haqda Qur’oni karimda shunday marhamat qilgan:
وَلِلّهِ عَلَى النَّاسِ حِجُّ الْبَيْتِ مَنِ اسْتَطَاعَ إِلَيْهِ سَبِيلاً
( سورة آل عمران/97).
ya’ni: “Yo‘lga qodir bo‘lgan odamlar zimmasida Alloh uchun Baytni haj qilish (farzi) bordir” (Oli Imron surasi, 97-oyat).
Hajning farz bo‘lishi uchun quyidagi shartlar topilishi lozim bo‘ladi: hur, bolig‘, oqil, sog‘lom bo‘lish hamda asliy hojatlaridan va qaytib kelgunicha oilasini ta’minlashga qoldiradigan nafaqadan tashqari hajga borib kelishiga yetadigan mablag‘ga qodir bo‘lish, shuningdek yo‘lning tinch va ochiq bo‘lishi. Bundan tashqari, ayol kishiga eri yoki birorta mahrami hamrohlik qilishi ham hajning zarur shartlaridan sanaladi (Al-inoya sharhul-Hidoya).
Yuqoridagi shartlari topilgan kishiga umrida bir martta haj ibodatini bajarish farz bo‘ladi. Payg‘ambarimiz (s.a.v.) bu xususda shunday deganlar:
عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رضي الله عنه قَالَ خَطَبَنَا رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ فقَالَ: "أَيُّهَا النَّاسُ قَدْ فَرَضَ اللَّهُ عَلَيْكُمُ الْحَجَّ فَحُجُّوا فقَالَ رَجُلٌ: أَكُلَّ عَامٍ يَا رَسُولَ اللَّهِ ؟ فَسَكَتَ حَتَّى قَالَهَا ثَلَاثًا، فقَالَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: لَوْ قُلْتُ: نَعَمْ لَوَجَبَتْ وَلَمَا اسْتَطَعْتُمْ ثُمَّ قَالَ: ذَرُونِي مَا تَرَكْتُكُمْ فَإِنَّمَا هَلَكَ مَنْ كَانَ قَبْلَكُمْ بِكَثْرَةِ سُؤَالِهِمْ وَاخْتِلَافِهِمْ عَلَى أَنْبِيَائِهِمْ فَإِذَا أَمَرْتُكُمْ بِشَيْءٍ فَأْتُوا مِنْهُ مَا اسْتَطَعْتُمْوَإِذَا نَهَيْتُكُمْ عَنْ شَيْءٍ فَدَعُوهُ
(رواه الإمام مسلم).
ya’ni: Abu Hurayra (r.a.) rivoyat qilib aytadilar, Rasululloh (s.a.v.) bizga xitob qilib: “Ey insonlar! Darhaqiqat, Alloh taolo sizlarga hajni farz qildi. Bas, haj qilinglar!” – dedilar. Bir kishi: Yo, Rasululloh! Har yilimi? – deb so‘radi. Rasululloh (s.a.v.) javob bermadilar. Uch marta so‘radi. Shunda Rasululloh (s.a.v.): “Agar ha, desam vojib bo‘lib qolar edi va sizlar bunga qodir bo‘lolmas edingiz”, dedilar. So‘ngra: “Sizlarga aytmagan narsamni menga qo‘yib beringlar. Batahqiq, sizlardan oldingi ummatlarning halokatga uchrashiga ko‘p savol berganlari va payg‘ambarlariga ixtilof qilganlari sabab bo‘lgan edi. Shuning uchun, qachon sizlarni biror narsaga buyursam, qo‘lingizdan kelganicha bajaring, qachon biror narsadan qaytarsam, undan butkul qayting” – dedilar (Imom Muslim rivoyati).
Mo‘min-musulmonlarimiz shuni yaxshi bilib olmoqlari lozimdurkim, haj amali inson umrida bir marta bajariladigan ulug‘ ibodat bo‘lgani bois, uning mukammal ado etilishi uchun nafaqat moddiy imkoniyatga ega bo‘lish, balki unga jismoniy, ruhiy va ma’naviy tayyorgarlik ko‘rish ham zarurdir. Zero, haj ibodatining beshinchi rukn ekanligi ham bejizga emas. Shuning uchun musulmon kishi besh vaqt namozni ado etgan, Ramazon ro‘zalarini tutgan va molining zakotini mustahiqlarga bergan bo‘lishi ham juda muhimdir. Qolaversa, haj amallari haqida to‘liq ma’lumotga ega bo‘lish hajga otlangan har bir kishining zimmasiga lozimdir.
Alhamdulilloh, keyingi yillarda yurtimizdan haj safariga borishni niyat qilgan musulmonlarning soni ortib bormoqda. Mahallalarda hajga borishni ixtiyor qilgan fuqarolar navbatlari kelishini intizorlik bilan kutmoqdalar. Shu nuqtayi nazardan, muhtaram fuqarolarimizga shuni ta’kidlab o‘tmoqchimizki, hajga borish imkoniyatini qo‘lga kiritish nafaqat navbatning kelishi bilan, balki o‘tgan vaqt davomida el-yurtga xizmat qilish, mahalla ahliga moddiy va ma’naviy ko‘mak berish, adashgan insonlarni to‘g‘ri yo‘lga solish kabi savobli ishlarni qilishda hammaga o‘rnak va namuna bo‘lish, shu bilan mahalla ahli va mo‘min-musulmonlar tomonidan hajga borishga haqli, deb e’tirof etilishiga ko‘proq bog‘liqdir. Zero, hoji degan nomga sazovor bo‘lish qanchalik sharafli bo‘lsa, uni qo‘lga kiritish shunchalik mashaqqatli ekanini ham idrok etmoq lozim.
O‘tgan yillar davomida haj safariga borayotgan fuqarolarimizning holatini kuzatish asnosida shu narsaga ham guvoh bo‘lmoqdamizki, ayrim kishilar o‘zlari hajga borishga na moddiy imkoniyati va na rag‘bati bo‘lgan holda yoki sog‘ligi yaxshi emasligi yoxud uzoq safarga borishga layoqatli emasligiga qaramasdan ularning o‘g‘il-qizlari go‘yoki o‘z farzandlik burchlarini bajarish yoki el-yurt orasida soxta obro‘ topish maqsadida ota-onalarini haj safariga jo‘natayotganlari, oxir-oqibat haj amallaridagi mashaqqatlar ular uchun og‘ir tuyulib, ibodatlarni mukammal ado etishga bee’tibor bo‘linayotgan holatlar ham uchrab turibdi. Holbuki, haj ibodatining maqbul bo‘lishi haj qilayotgan kishining odob-axloqining go‘zal bo‘lishiga ham bog‘liq bo‘lib, birovlar bilan janjallashish, boshqalarga malol keltiradigan xatti-harakatlar qilish ham haj amaliga putur yetkazadi. Bu haqda Payg‘ambarimiz (s.a.v):
قَالَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ:"مَنْ حَجَّ لِلَّهِ فَلَمْ يَرْفُثْ وَلَمْ يَفْسُقْ رَجَعَ كَيَوْمِ وَلَدَتْهُ أُمُّهُ"
(رواه الإمام البخاري).
ya’ni: “Kim haj qilsa, unda gunoh va fisqu fasod ishlarni qilmasa go‘yo onadan yangi tug‘ilgan chaqaloqdek gunohlardan forig‘ bo‘lib qaytadi”, deb marhamat qilganlar(Imom Buxoriy rivoyati).
Barchamizga ma’lumki, yurtimizdan minglab musulmonlar hajga borar ekan, ushbu o‘rinni, haqiqatan, haj ibodatini ixlos bilan ado etadigan, yuqorida zikr etilgan hajning shartlariga to‘liq javob beradigan mo‘min-musulmonlar bilan qoplansa, birinchidan, Alloh taoloning chaqirig‘iga “Labbaykallohumma labbayka”, deb talbiya aytishga haqli bo‘lgan kishilarni hajga yuborish sharafiga muyassar bo‘linadi. Qolaversa, barcha hojilarimiz tomonidan haj amallarining mukammal ado etilishiga, shuningdek, hukumatimiz tomonidan hojilar uchun yaratilayotgan sharoitlarning qadriga yetish va pirovard natijada haj mavsumidagi mashaqqatlarning ozayishiga erishiladi.
Hojilik ulug‘ maqom ekanidan kelib chiqib, har bir hajga borgan erkagu ayol anglamog‘i lozimdurkim, ular kelgusida, avvalo, o‘z farzandlariga qolaversa, el-yurt va mahalla ko‘yga ibodatda, halollik va poklikda, ma’naviyat va ma’rifatda eng yuksak darajadagi o‘rnak va namuna bo‘lmoqlari zarur. Zero, hojilik maqomini qo‘lga kiritishdan ko‘ra uning sha’nini saqlashning mas’uliyati og‘irroqdir. Chunki, hoji degan nom ortida Makkai mukarrama va Madinai munavvaradek shaharlar va u yerdagi muqaddas qadamjolarga ehtirom, umuman, Islom diniga hurmat yotadi. Shu nuqtayi nazardan, har bir hoji o‘zining gap-so‘zi, xatti-harakati, xalq orasidagi muomala-munosabati bilan muqaddas Islom diniga nisbatan hurmat uyg‘otishi yoki uning nomiga dog‘ tushirishi ham mumkin ekanini hech qachon yodidan chiqarmasligi lozim bo‘ladi.
Qayd etilganlarni e’tiborga olib, O‘zbekiston musulmonlari idorasi Haj haqida quyidagi Fatvoni e’lon qiladi:
O‘zbekiston musulmonlari
idorasi raisi, muftiy
Usmonxon Alimov
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati