Nasafiyning "Bahrul kalom fi ilmil kalom" asarida rizq masalasida quyidagi so‘zlar yozilgan: "Ahli sunna val jamo’a e’tiqodiga ko‘ra rizqlar aniq taqsimlab qo‘yilgan. Rizq taqvodorning taqvosi yoki fojirning gunohi sabab ko‘payib yoki ozayib qolmaydi. Alloh taolo rizqning kafolatini o‘z zimmasiga olgan.
Harom rizqni ham Alloh yaratgan ammo banda halolni qo‘yib haromni tanlaganiga ko‘ra jazolanadi. Alloh taolo marhamat qiladi:
نَحْنُ قَسَمْنَا بَيْنَهُمْ مَعِيشَتَهُمْ فِي الْحَيَاةِ الدُّنْيَا
"Ularning dunyo hayotidagi tirikchiliklarini ham ularning o‘rtalarida
Biz taqsimlaganmiz" (Zuhruf surasining 32- oyati).
Darhaqiqat, Alloh yaratgan son-sanoqsiz pokiza ne’matlarni qo‘yib, pokiza ne’matlarga nisbatan juda oz bo‘lgan harom narsalarni tanlagan kishiga uqubatning haqligi ayni adolatdir. Shuningdek, mehnatu mashaqqatlar ham Allohning taqdiri va qazosiga ko‘ra bo‘ladi.
مَا أَصَابَ مِنْ مُصِيبَةٍ فِي الْأَرْضِ وَلَا فِي أَنْفُسِكُمْ إِلَّا فِي كِتَابٍ مِنْ قَبْلِ أَنْ نَبْرَأَهَا إِنَّ ذَلِكَ عَلَى اللَّهِ يَسِيرٌ
"Xoh yerga va xoh o‘zlaringizga biror musibat yetsa, Biz uni paydo qilishimizdan ilgari Kitobda (Lavhul-mahfuzda bitilgan) bo‘lur. Albatta, bu Allohga osondir" (Hadid surasi, 22- oyat).
Dori – sabab, shifo esa Allohdan. Shifoni dori yoki tabib berdi deyilmaydi, balki Alloh berdi deyiladi. Libos – issiq yoki sovuqdan to‘suvchi sabab, issiq va sovuqni daf qiluvchi Allohdir. Yana shu rizqning sababchisi bo‘lgan kasb haqida quyidagilarni aytgan: "Oziq-ovqati bor kishiga kasb qilishlik sunnat, ruxsat etilgan ish, oziq-ovqati yo‘g‘u uni sotib olishga puli bor kishiga ham ruxsat, o‘zi muhtoj oilali kishiga kasb qilish farz amal hisoblanadi. Adashgan firqalardan karromiylar kasb qilishlik, mol to‘plash harom, Allohga tavakkal qilish vojib, kasb qilish tavakkalni inkor etish bo‘ladi, Alloh o‘zi rizqni o‘ylamagan tarafdan yetkazadi deydilar va quyidagi oyatni dalil qilib keltiradilar.
وَعَلَى اللَّهِ فَتَوَكَّلُوا إِنْ كُنْتُمْ مُؤْمِنِينَ
"Agar mo‘min bo‘lsangiz, Allohga tavakkul qilingiz!" (Moida surasi, 23-oyat).
Nasafiy bunga javoban: "Allohga tavakkal qilish vojib. Kasb bilan shug‘ullanish tavakkalni inkor etish degani emas, chunki tavakkal bu qalb ishlaridan bo‘lib, Allohga ishonish, undan qo‘rqish va umid qilish deganidir. Rizqni kasbim berdi deyilmaydi, bu kufr va zalolatdir. Rizq Allohdan deyiladi. Bunga quyidagi hadis dalil bo‘ladi. Ibn Abi Shayba va Abi Nuaymlar rivoyat qiladilar: "Nabiy alayhissalom aytadilar: "Kimki dunyoni halol holda so‘rashlikdan hayo qilib oilasiga kengchilik va qo‘shnilariga mehribonchilik ko‘rsatgan holda talab qilsa, qiyomat kuni yuzi Badr kechasidagi oy kabi balqigan holda keladi. Ammo kimki dunyoni faxr va ortiqcha ko‘paytirish uchun talab qilsa qiyomatda Allohga unga g‘azab qilingan holida yo‘liqadi".
Yana ushbu oyatni dalil qilib keltiradilar:
يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آمَنُوا أَنْفِقُوا مِنْ طَيِّبَاتِ مَا كَسَبْتُمْ
"Ey, imon keltirganlar! O‘z qo‘l mehnatingiz va Biz sizlar uchun yerdan chiqargan narsalarning yaxshilaridan ehson qilingiz!"
Agar kasb qilish harom bo‘lsa, Alloh taolo nima uchun kasb qilgan narsalaringizdan infoq qilingiz deb buyurmoqda. Halol kasb harom emas. Bunga nabiylarning kasbu kor bilan shug‘ullangani dalil bo‘ladi. Masalan, Odam alayhissalom dehqonchilik qilgan, Idris tikuvchi bo‘lgan, Nuh alayhissalom duradgor, Ibrohim alayhissalom urug‘chi, Shuayb alayhissalom cho‘pon, Dovud alayhissalom temirchi, Muso alayhissalom yollanma ishchi, Muhammad sollallohu alayhi vasallam savdogar bo‘lganlar. Demak, kasbu kor aslo harom emas".
Vatandoshimiz Abu Muin Nasafiyning shu va boshqa asarlari avlodlarni zarur ilmlar egallash hamda adashgan firqalarga o‘rinli raddiyalar berish borasida qimmatli manbalardir. Ayniqsa, uning asarlaridagi aqidaviy masalalar chuqur ilmiy tahlili va hanafiy mazhabidagi moturidiy ta’limotiga xos yechimi bilan yurtimizdagi tinchlikni saqlashda, farzandlarimizni turli yot g‘oyalardan asrashda alohida o‘rin egallaydi.
Sanobar MUHAMMADXO‘JAYEVA,
“Xadichai Kubro” ayol-qizlar o‘rta
maxsus islom bilim yurti mudarrisas
Prezident Shavkat Mirziyoyev 31 may kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy shayx Nuriddin Xoliqnazar bilan telefon orqali muloqot qildi.
Hozirgi muborak kunlarda aziz yurtdoshlarimiz Haj ziyorati uchun Makkai mukarramada bo‘lib turishibdi. Davlatimiz rahbari ular uchun yaratilgan sharoitlar, nuroniylarning salomatligi va kayfiyati haqida so‘radi.
Muftiy hazratlari Haj amallarini sidqidildan, mukammal ado etish uchun barcha tashkiliy choralar ko‘rilganini ta’kidladi.
Ayni paytda 15 ming nafar hojilarimizning barchasi Saudiya Arabistoniga yetib borgan. Ularga 300 dan oshiq guruh rahbari, 50 nafar oliy toifali shifokor, 10 dan ziyod oshpazlar va boshqa mutaxassislar hamrohlik qilmoqda.
Bu yil, O‘zbekiston tomonining talabiga muvofiq, Arafot hududidagi chodirlar yopiq tarzda barpo etildi. Ularning atrofi issiq o‘tkazmaydigan panellar bilan o‘ralgan, sovutish tizimi o‘rnatilgan, gilam va to‘shaklar solingan. Bu hozirgi yoz kunlarida ziyoratchilarga qo‘shimcha qulaylik yaratadi.
Bir so‘z bilan aytganda, bu yilgi haj mavsumiga yanada yuqori darajada tayyorgarlik ko‘rilib, barcha zarur sharoitlar hozirlandi. Bundan qalbida shukronalik hissi jo‘shgan yurtdoshlarimiz muqaddas joylarda turib, Yaratgandan mamlakatimiz tinchligi, xalqimiz farovonligini so‘rab duolar qilmoqda.
Muftiy Nuriddin Xoliqnazar Prezidentimizga ulug‘ ibodat fayzi bilan yurgan hojilarimizning salomi va duolarini yetkazdi. Davlatimiz rahbari barcha ziyoratchilarga salom yo‘llab, yurtimizga sog‘-omon kelishlarini tiladi.
Suhbat samimiy va ko‘tarinki ruhda o‘tdi. Muhtaram hojilar O‘zbekistonga qaytgach, mahallalarda ijtimoiy muhitini mustahkamlash, ehtiyojmand insonlarga ko‘mak berish, yoshlarni ilm-ma’rifatga targ‘ib etishda namuna ko‘rsatishlariga umid bildirildi.
President.uz