Aksar masjidlarimizning tahoratxonalarining badiiy ko‘rinishi bezaklari rang-barangligi, jihozlarining qimmatbaholigi, ozodaligi, shinamligi, tozalanish va artinish uchun qo‘yilgan narsalar hammasi to‘liqligicha talabga javob beradi. Hattoki ba’zi tahoratxonalarga shu darajada ko‘p mablag‘ sarf qilinganki, beixtiyor shunchalik qilish shartmikan, deb yuborasiz. Chunki tahoratxona uchun unchalik ham zarur bo‘lmagan bezaklarga sarflangan mablag‘larga boshqa joylarda muhtoj bo‘lgan masjidlar qancha. Bunisi ham mayli, har kimning shaxsiy mablag‘i xoxlagan joyiga ishlatadi-da deyishingiz mumkin.
Lekin shuncha ko‘p mablag‘ sarf qilingan tahoratxonadagi sharoit shariat ko‘rsatmalariga mutlaqo to‘g‘ri kelmasligiga nima deysiz? Avvalo hojatxonadagi sharoit yaxshi emas, suv idishlardan chakkilab suv tomchilab turadi, natijada kishi libosi bulg‘anadi. Tahorat ushatiladigan jihoz yer ustiga yuzaki o‘rnatilgani sababli bir necha muammolar paydo bo‘ladi. Agar kishi bir ozgina ehtiyotsizlik qilsa tamom nafaqat libosi balki ba’zi azolari ham najosat bilan bulg‘alanishi mumkin. Shuning uchun ham shariatimizda tahorat ushatiladigan joy imkon qadar chuqurroq bo‘lishi talab qilinadi. Agar to‘g‘ridan to‘g‘ri yerga tahorat ushatishga majbur bo‘linganda ham avvalo, yerni bir oz kavlash yoki hech bo‘lmaganda bir oz yumshatish kerak, toki yerga tushgan bavl qaytib sachramasin. Sharoitdan kelib chiqib aytadigan bo‘lsak, hojat uchun o‘rnatiladigan jihozni kamida 25-30 sm chuqurlikda o‘rnatish maqsadga muvofiq bo‘ladi. Chunki o‘sha joydagi najosatni ketkazish uchun odatda suvdan foydalaniladi, ya’ni maxsus idishdagi suv to‘kiladi. Suv esa tepadan zarb bilan tushgani bois har tarafga sachraydi . Mazkur holatlardan saqlanish uchun esa albatta tahorotxona kerakli talablarga javob berishi kerak. U yerga kirayotganda albatta shimni pochasini va yengni shimarib olish lozim. Hojatdan bo‘shangandan keyin esa kesak, tosh yoki hojatxonada ishlatish uchun chiqarilgan maxsus qog‘ozdan foydalangan holda uch, besh yoki yetti marta artib tozalanadi (bunda iloji boricha toq sanoqdan foydalanadi). Undan keyin esa toki najosatning biror koldig‘i kolmaganiga ishonch hosil qilgunicha o‘tirib turish yoki iloji bulsa sakrash, yo‘talish qolaversa erkaklar jinsiy a’zosini xuddi sigirni sog‘gandek qilib bo‘lsa ham siydik yo‘lida qolgan bavlni siqib chiqarishga harakat qilinadi. So‘ngra ikki qo‘lni bo‘g‘inigacha yuvib keyin ikki najas yo‘lini qay biridan najas chiqqan bo‘lsa o‘sha joyni suv bilan ham yuviladi. Agar har ikkala yo‘ldan ham najas chiqqan bo‘lsa birinchi zakarini yuvadi keyin esa orqa maxrajni yuvadi. Suv bilan yuvishni “mustahab” deyiladi, lekin najosat chiqqan joyidan atrofiga dirham miqdoricha yoyilgan bo‘lsa, suv bilan yuvish vojib, agar undan ham kattaroq joyga yoyilgan bo‘lsa suv bilan yuvish farz bo‘ladi. Bunda suvni sepib yuborilmaydi balki suvni kaftga olib yoki sekinlik bilan yuviladigan joyga suvni oqizib o‘rta va nomsiz barmoqlarni qorni ila ishqalanadi. Aks holda tozalab yuvish o‘rniga qolgan joylarni ham bulg‘alab qo‘yish mumkin. Ro‘zador bo‘lmagan kishi ortini yuvayotganida o‘sha joyni bo‘sh qo‘yib yuvadi, ro‘zador esa aksincha qiladi. Bu holatda suvni haroratiga ham etibor berish kerak. Chunki o‘ta issiq yoki o‘ta sovuq suv ham inson sog‘ligiga jiddiy zarar qiladi. Mazkur joyni yuvishni chegarasi o‘sha joyda najosatni hidi qolmaguncha davom etadi. So‘ngra iloji boricha o‘sha joyni quriguncha artiladi. Aks holda o‘sha joy chala yuvilgan bo‘lsa va namlik libos yoki badanning biror joyiga tegsa o‘sha joyni ham najas qiladi. Mazkur amallarni hammasi chap qo‘l bilan bajariladi (zarur va uzrli hollardagina o‘ng qo‘l bilan ham yordam beriladi yoki bajariladi). Demak, shu bilan hojatxonadagi amallar tugaydi.
Endi tahoratxonada bajariladigan amallar to‘g‘risida.
Tahoratning farz va sunnatlarini ko‘pchilik nazariy jihatdan biladi lekin, nimagadir amalda xatoga yo‘l qo‘yadi. Albatta, buning asosiy sabablaridan biri ko‘pchilik tahorat ilmini bevosita ustozdan emas, balki kitobni o‘qish vositasi ila o‘rgangan. Aslida esa tahorat amaliyot bo‘lgani uchun har bir namozxon xuddi namozni ustozdan o‘rganganidek tahoratning ham har bir harakatini birma-bir o‘rganishi keyin esa, ustozini oldida tahorat olishini ko‘rsatib imtihon topshirishi kerak. Bu borada beparvolik yaramaydi. Zotan, namozning durust bo‘lishi uchun tahorat mukammal bo‘lmog‘i kerak.
Is'hoqjon BЕGMATOV,
O‘MI masjidlar bo‘limi xodimi
Jonajon vatanimiz O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan taraqqiyot tobora yangidan yangi bosqichlarga qadam qo‘yishda davom etmoqda. Bu, shubhasiz, jamiyat hayotining har bir jabhasida “Inson manfaatlari hamma narsadan ustun” tamoyiliga asoslangan o‘ziga xos bir qator islohotlarni amalga oshirishda ham o‘z ifodasini topmoqda.
Mamlakatimizda turli dinlarga e’tiqod qiluvchi millat vakillari o‘rtasida o‘zaro diniy bag‘rikenglikni targ‘ib etish, millatlararo totuvlik va ijtimoiy barqarorlikni ta’minlashga qaratilgan islohotlar ham shular jumlasidandir. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 21 aprel kuni e’lon qilingan “Fuqarolarning vijdon erkinligi huquqi kafolatlarini yanada mustahkamlash hamda diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlarni yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida ham ayni shu masalalar nazarda tutilgan.
Mazkur farmonda ta’kidlanishicha, jahon tamaddunida alohida o‘rin tutgan, umumbashariy taraqqiyot omili bo‘lgan ilm-fan va madaniyat rivojiga katta hissa qo‘shgan buyuk alloma va mutafakkirlarimiz qoldirgan ulkan ilmiy-ma’naviy merosini chuqur o‘rganish, yosh avlod qalbida Vatanga sadoqat, milliy-diniy qadriyatlarga hurmat tuyg‘ularini tarbiyalashda ulardan unumli foydalanish bu islohotlarning asosiy negizini tashkil etadi.
Farmon asosida Din ishlari bo‘yicha qo‘mita va O‘zbekiston musulmonlari idorasi hamda Buxoro viloyati hokimligining Bahouddin Naqshband yodgorlik majmuasi markazi muassisligida Bahouddin Naqshband ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etish takliflari ma’qullangan va uning asosiy vazifalari belgilab berilgan. Jumladan, unda “...buyuk ajdodimiz Bahouddin Naqshband va naqshbandiylik tariqati allomalarining yuksak insonparvarlik g‘oyalarini ilmiy asosda o‘rganish, yosh avlodni bag‘rikenglik hamda o‘zaro hurmat ruhida tarbiyalash maqsadida targ‘ibot ishlarini olib borish” ham qayd etib o‘tilgan.
Albatta, bu vazifani bajarish nafaqat olimlar, balki bugun diniy sohada xalqqa xizmat qilayotgan barcha xodimlar zimmasiga ham ulkan mas’uliyat yuklaydi. Zero, sohaning har bir xodimi tasavvuf ta’limoti tarixi va uning bugungi kundagi ahamiyatini teran anglashi, yurtimizda yashab, ijod qilgan ulug‘ allomalarning boy ilmiy-ma’naviy merosini xalqqa yetkazishi, keng targ‘ib qilishi zamon talabidir.
Bahouddin Naqshband va naqshbandiylik tariqati haqida so‘z ketganda, eng avvalo, turli manbalarda bu ulug‘ alloma haqida aytilgan fikr-mulohazalarga to‘xtalib o‘tish o‘rinlidir.
Ana shunday manbalardan biri, so‘zsiz, ulug‘ mutafakkir Alisher Navoiy bobomizning qator asarlaridir. Shoir ijodida naqshbandiylik tariqati asosiy o‘rin tutadi. Har bir asarining g‘oyaviy mazmuni, ularda ilgari surilgan tasavvufiy qarashlar bevosita uning Bahouddin Naqshband va naqshbandiylik tariqatiga katta e’tibor berganligidan darak beradi. “Lison ut-tayr” dostoni ham bundan mustasno emas.
Asarning “Xoja Bahouddin Naqshband so‘zi fanoyi komil maqomida” bobida shoir ulug‘ allomaga shunday ta’rif beradi:
Xojai oliy sifoti arjmand,
Shah Baho ul Haq vad-din Naqshband.
Chun bu iqlim uza bo‘ldi taxtgir,
Tuzdi yo‘qluk kishvari uzra sarir.
Navoiy ta’kidlashicha, Shoh Bahouddin Naqshband oliy axloqiy sifatlarga ega zotdir. Chunonchi, u zot bu iqlim taxtiga o‘tirgach, ya’ni dunyoga kelgan kunidan boshlab, o‘zini yo‘qlik taxtida ko‘rdi. Demak, Shoh Bahouddin Naqshband hazratlarining eng ulug‘ insoniy fazilatlaridan o‘zligini anglab, xudbinlikdan kechishdir. Shoir fikrini davom ettirar ekan yozadi:
O‘z vujudin pok sayri haqshunos,
Har ne birlakim qilur erdi qiyos.
Ondin o‘zni kam topar erdi base,
Sarvu guldin o‘ylakim xoru xase.
Haqshunos – Allohni tanigan alloma o‘zini nimaga qiyos qilsa, undan past ko‘rar, ya’ni oddiy xas sarv bilan gulning nazdida qanchalik ko‘rimsiz bo‘lsa, u zot ham o‘z vujudini hech qachon biror narsadan ortiq ko‘rmas va butun hayoti davomida shunday kamtarlikka amal qilib yashagan. Agar insonlar o‘z hayotlarini insonparvarlik va bag‘rikenglik asosida qursalar, dunyoda ro‘y berayotgan o‘zaro nizolar, qirg‘inbarot urushlar, o‘tkinchi mol-dunyo uchun qilinayotgan pastkashliklarga barham berilgan, insonlar bir-biri bilan tinch-totuv hayot kechirgan, ona zamin bag‘rida begunoh go‘daklarning qonlari daryo bo‘lib oqmagan bo‘lar edi. Ammo afsuski, bugun dunyoning turli mamlakatlarida bunday mislsiz fojialarning guvohi bo‘lib turibmiz.
Tasavvuf ahli orasida Bahouddin Naqshbandiy hazratlarining: “Musibatlar juda ko‘pdir. Faqat eng buyuk musibat esa vaqtning foydasiz, bekorga ketishidir”, – degan pandu nasihati mashhurdir. Shunga ko‘ra hikoyatda naqshbandiylikning yana bir tamoyili bozgashtga ham to‘xtalib o‘tiladi. Unga ko‘ra o‘zining har bir nafasini nazorat qilgan orif uning biror lahzasi, hattoki, nafas olish va chiqarishning orasidagi onlardan biri ham, g‘aflat bilan behuda o‘tgan bo‘lsa bozgasht qilishi, ya’ni g‘aflatda kechgan har bir ishini qaytadan bajarishi lozimligini ta’kidlaydi.
Zero, ahli Haq – Allohning oshiqlari shu tariqa o‘z vujudini inkor etib, shu sabab bilan budini – borligini nabud – yo‘qlikka almashtiradiki, shoir bu o‘rinda kitobxonlarni naqshbandiylikning yana bir rashhasi “vuqufi qalbiy” – “qalbdan ogoh bo‘lish”ga qaratadi. Bu rahshaga ko‘ra solik hamisha o‘z qalbidan ogoh bo‘lishi, unda kechayotgan har bir o‘y-fikrlarni tartibga solib, hatto xayolan bo‘lsa-da, kibru havoga, manmanlikka yo‘l qo‘ymasligi kerak.
Alisher Navoiy Bahouddin Naqshband hazratlari umrlarining oxirigacha o‘zlarida mujassam bo‘lgan fazilatlarni tark etmaganligi va shu tariqa fano bo‘lganliklarini aytib, shunday yakunlaydi:
Bo‘yla oshom ettilar jomi fano,
Qolmog‘ondin so‘ng asar o‘zdin yano.
Haq vujudidin baqoye topmayin,
Jomi vahdatda liqoye topmayin,
Chun fano xayliga doxil bo‘ldilar,
Boqiyi mutlaqqa vosil bo‘ldilar.
Shoir ta’kidlashicha, Bahouddin Naqshband hazratlari o‘zligidan, ya’ni “men”likning kibru havolaridan kechgan holatda vafot etdilar. U kishining nazarida Haq vujudidan boshqa boqiy bo‘lmadi, o‘zining Haq nazdida hechligini anglab yetdi va fano xayli – ahliga qo‘shilib, boqiyi mutlaq – Alloh visoliga erishdi.
Alisher Navoiyning “Lison ut-tayr” dostonidan olingan hikoyatlar garchi hajman kichik bo‘lsa ham, Bahouddin Naqshband hazratlari ta’limotining eng asosiy tamoyillarini o‘zida aks ettirganligi bilan qadrlidir. O‘ylaymizki, mushtariylar bu asar tahlilini Prezidentimiz farmonlarida aytilgan “tasavvuf ta’limoti tarixi va uning bugungi kundagi ahamiyatini ilmiy tadqiq etish, “Yetti pir” allomalari va aziz avliyolarning boy ilmiy-ma’naviy merosini xalqaro maydonda keng targ‘ib qilish” yo‘lidagi arzimas urinishlarimizdan biri sifatida qabul qiladilar va yo‘l qo‘ygan nuqson-xatolarimizni kechiradilar. Albatta, umid qilamizki, bu borada yanada teranroq qarashlar bilan boyitilgan maqolalar bilan bizni xursand etadilar.
Alisher domla Naimov,
Farg‘ona viloyati bosh imom-xatibi o‘rinbosari