Abdulloh ibn Busr roziyallohu anhu bunday rivoyat qiladi: “Onam bir bosh uzumni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga eltib berishimni buyurdilar. Men esa uni yo‘lda yeb qo‘ydim. Keyinroq onam Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni uchratib qolib, u zotdan: “Abdulloh sizga bir bosh uzumni eltib berdimi?” deb so‘rab qoldilar. U zot: “Yo‘q”, deb javob berdilar. Keyinchalik, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qachon meni uchratib qolsalar: “Xiyonat, xiyonat!” der edilar”.
Ulug‘ mutafakkir Muhammad Husayn ushbu rivoyatni quyidagicha sharhlagan: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bolani ayblash niyatida emas, shunchaki hazil yo‘li bilan uning e’tiborini omonatga xiyonat qilmaslikka qaratganlar. Rasulullohning sollallohu alayhi vasallam bu so‘zni ikki marta takrorlagani esa xatoga yo‘l qo‘ygan bolani kelgusida bundan ehtiyot bo‘lishni eslatish uchun bo‘lgan. Chunki Abdulloh ibn Busr yosh bola bo‘lganlar”.
Bir bosh uzum voqeasi Abdulloh ibn Busr raziyallohu anhuga bir umrlik saboq bo‘ldi. U zot shu voqeadan keyin omonatga jiddiy qaraydigan bo‘ldilar. Bazilarga o‘xshab “Yosh bola-da, yegisi kelgan bo‘lsa, yegandir-da, shunga ota go‘ri qozixonami!” demaslik kerak. Ota-ona gohida farzandini sinab ko‘rish uchun qo‘liga biror omonat berib ”falonchiga olib bor”, deb sinab ko‘rishi kerak. Bu sinov bir emas, balki bir necha marta takrorlanishi zarur. Ana shunday sinovlardan muvaffaqiyatli o‘tgandan keyingina bolaga ishonsa bo‘ladi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning odoblarini qarangki, shu bolaga tanbeh bermadilar, balki “xiyonat xiyonat” deb qo‘yishlarining o‘zi Abdulloh uchun har qanday tarbiyadan ta’sirliroq bir holatni yuzaga keltirib chiqarganki, natijada, Abdulloh ibn Busr roziyallohu anhu bir umr Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning ana shu so‘zlarini eslab yurganlar va unga amal qilganlar. Hattoki Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning duolariga sazovor bo‘lganlar. Abdulloh ibni Busr roziyallohu anhu rivoyat qiladi: “Otam Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni uyga mehmon bo‘lishga taklif qildilar. U zot taklifga javoban keldilar. Otam onamdan: “Biror yegulik bormi?” deb so‘radilar. Onam esa: “Ha” deb danagi olingan xurmoni olib keldi. Ikkovlari uni yedilar. Keyin esa Rasululloh sollallohu alayhi vasallam duo qildilar. So‘ngra menga iltifot qilib qo‘llari ila boshimni silab turib haqqimga duo qildilar-da: “Bu bola bir asr yashaydi”, dedilar.
Haqiqatan, Abdulloh ibni Busr roziyalloh anhu mazkur duoning sharofati ila roppa-rosa bir asr yashadilar va “ Shomning barakasi” degan nomga sazovor bo‘ldilar. Ushbu hadisi sharifdan kelib chiqib ustozlar “Bolaning boshini silab turib duo qilish sunnati nabaviyadir”, deydilar. Ushbu sunnatga amal qilish doimo o‘zining ijobiy samarasini berib kelgan. Ota-bobolarimiz ushbu sunnatga shu darajada etibor berganlarki, natijada, urfimizning ajralmas bir qismiga aylanib ketgan. Lekin, afsuski, ko‘plab sunnatlar kabi ushbu sunnat ham oxirgi davrlarda unutilib borayapti. Balki shuning uchundir, yoshlar o‘rtasida jinoyat, talon-taroj qilish, mayda bezoriliklar va yana qandaydir noxushliklar ko‘payib borayapti. Aslida esa biz pisand qilmayotgan birgina sunnatning ortida qanchadan-qancha hikmatlar va manfaatlar bor. Shuning uchun ham ota- ona, farzandlar tarbiyasiga beparvo bo‘lmasdan mazkur sunnatga amal qilmog‘i kerak. Hozir aynan shuning fursatidir. Chunki hozir biz Payg‘ambarimiz solallohu alayhi vasallam tavallud topgan oyda turibmiz. Barchamizga bu oy muborak va xayrli bo‘lsin!
Is'hoqjon Begmatov,
O‘MI masjidlar bo‘limi xodimi
Muhammad Obid Sindiyning “Al-Mavohibul latifa” asari, albatta, Islom hadisi va fiqh fanini o‘rganishda muhim adabiyotlardan biridir. Uning yoritish uslubi o‘ziga xos va ilmiy tafsirga boydir.
Muhammad Obid Sindiy Abu Hanifa rohimahulloh rivoyat qilgan hadisni keltirgach, o‘sha hadisni yana qaysi muhaddislar kitobida zikr qilganini quyidagi tartibda beradi: Imom Buxoriy “Jome’us sahih”da, Imom Muslim “Sahih”da, Imom Molik “Muvatto”da, Abu Dovud, Imom Termiziy, Imom Nasoiy, Ibn Moja, Dorqutniy va Bayhaqiylar “Sunan”larida, imom Shofeiy, Ahmad ibn Hanbal, Dorimiy, Bazzor, Abu Ya’lo Musiliylar “Musnad” larida, Tabaroniy uch mo‘jamida va boshqa zikr qilganlarini sanab o‘tadi. So‘ng rivoyatlarning lafzlaridagi farqlarni zikr qiladi. So‘ng hadisning mazmunida bayon qilingan masalaga oid boshqa lafzlar bilan zikr qilingan hadislarni keltirib, u hadislarni sanadlari va roviylarining ahvolini bayon qilib, hadisning darajasini aytadi.
Shuningdek, Abu Hanifa rohimahullohning musnadida kelgan hadis fiqhiy masalaga hujjat bo‘lishi uchun mutobe’ va shohid hadislarni keltirib o‘tadi. Bu bilan alloma Abu Hanifa rohimahulloh rivoyat qilgan hadis zaifmasligini ko‘rsatib bergan. Shuningdek, alloma hadisni sharhlashda yuqorida sanab o‘tilgan narsalarni zikr qilgach, hadis roviysi bo‘lgan sahobiyga to‘xtalib o‘tadi va uning tarjimayi holini qisqacha keltiradi. Hadis sanadidagi har bir roviyga birma-bir to‘xtalib o‘tadi. Hadisdagi g‘arib (kam uchraydigan) lafzlarni sharhlaydi, undan olinadigan fiqhiy masalani bayon qilishga o‘tadi.
“Al-Mavohibul latifa” kitobni ko‘p olimlar maqtagan. Jumladan, “al-Yani’ al-janiy” kitobining muallifi Muhammad ibn Yahyo Taymiy shunday degan: “Ajoyib kitob bo‘lib, u ham faqih, ham muhaddisga ko‘p foyda beradi”[1].
Muhaddis Shayx Muhammad Rashid No‘moniy: “Al-Mavohibul latifa” asarini o‘qib chiqdim. Hech ikkilanmay shuni aytamanki, Ibn Hajarning “Fath” kitobidan keyin hadis sharhlash borasida bunga o‘xshagan boshqa kitob yo‘q”, degan[2].
Hadislarni sharhlash uslubiga qarqalsa, alloma gohida bir hadisni shu darajada uzoq sharhlaydiki, uning sharhini olib alohida kichik bir risola qilsa bo‘ladi. Misol uchun, Haj kitobida kelgan 255-hadisni sharhi 278-betdan boshlanib, 366-betgacha davom etgan. Agar ushbu hadisning sharhini alohida nashr qilinsa, 90-100 betli kichik risola bo‘ladi[3].
“Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning “tongni yorug‘latib bomdodni o‘qishning” savobi buyukroq”, degan so‘zlari bomdodni o‘qish uchun belgilangan vaqtda ikki xil savob borligini bildiradi. Chunki, ismi tafzil bo‘lgan “أفعل” siyg‘asi bir sifatda ikki narsa o‘zaro raqobatlashib, biri ikkinchisidan ustun kelganini bildiradi”[4].
Muallif bu yerda arab tili gramatikasidagi ismi tafzilning ta’rifidan kelib chiqib, hadisda aytilmagan yangi bir ma’noni ya’ni, bomdod uchun ajratilgan vaqtda o‘qiladigan namozga beriladigan savob ikki xil bo‘lishi mumkinlini aytmoqda.
Sindiy hadis sharhlashda gohida e’tiqodiy masalalarga ham keng to‘xtalib o‘tadi. Misol uchun asarning “Iymon” kitobida u olimlar orasida Iymonga berilgan ta’rif borasidagi ixtilofni bayon qilib shunday deydi:
“Iymonning shar’iy ta’rifi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Allohdan olib kelgan narsani tasdiqlashdir. Iymoning bu ta’rifiga barcha olimlar ittifoq qilgan. Ixtilof esa, til bilan tasdiqlash iymon ta’rifiga kirish kirmasligi borasida bo‘lgan. Aksar muhaqqiq olimlar va Ash’ariy: “Iymon Nabiy sollallohu alayhi vasallam olib kelgan narsani tasdiqlashdan iborat. Tasdiqlash deganda tafsiliy[5] masalalarni tafsiliy, ijmoliy[6] masalalarni ijmoliy tasdiqlash tushuniladi. Rosululloh sollallohu alayhi vasallam olib kelgan narsalarni tasdiqlashda dalili bo‘lishi kerak degan shart yo‘q. Shuning uchun muqallidning iymoni ham iymon hisoblanadi”, deyishgan. Boshqa olimlar esa iymoning ta’rifida: “Iymon til va qalbning ishi, ya’ni qalb bilan tasdiqlab, til bilan iqror qilish”, deyishgan. Ba’zi olimlar: “Aslida dil bilan tasdiqlash kifoya. Til bilan iqror bo‘lish esa, banda bilan Allohning o‘rtasidagi iymonga aloqasi yo‘q. U shar’iy hukmlarni ijro qilish uchun qo‘yilgan shart”, degan. Imom Nasafiy aytadi: “Mana shu gap Abu Hanifadan rivoyat qilingan. Abu Mansur Moturidiy ham shu fikrni ma’qullagan. Ikki rivoyatning sahihrog‘ida aytilishicha Ash’ariy ham shu fikrga borgan”[7].
Muallifning yana bir ajralib turadigan tomoni, u ushbu kitobida boshqa kitoblardan bir narsani naql qilganda faqat o‘zi o‘qigan va kitoblarda uchratgan ma’lumotni keltiradi. U hech qachon kitobda o‘qimay, shayxlardan eshitgan ma’lumotni ushbu asarida zikr qilmaydi. Bir masala borasida ma’lumot berayotganda: “Bu masala borasida men ko‘rgan va mendagi kitoblarda uchratgan ma’lumotim shu” iborasini ishlatib, o‘sha masalani qo‘lidan kelgancha, qodir bo‘lgancha yoritganini aytib o‘tadi. Agar biror manbada uchratmagan bo‘lsa, zikr qilmaydi.
Toshkent islom instituti Tillar kafedrasi
o‘qituvchisi Anvarov Elyorbek
[1] Said Bektosh. Imom faqih muhaddis shayx Muhammad Obid Sindiy. – Bayrut: Doru bashoiri-l-islamiya, 1987. – B. 298.
[2] Sayyid Abdulmajid G‘ovriy. Shayx Muhammad Obid Sindiy va juhuduhu fi hadisin nabaviy.- Bayrut: Dorul irfon, 2015. – B. 36.
[3]“al-Mavohibu-l-latifa” kitobining to‘rtinchi juz 278-366 betlariga qaralsin.
[4] Muhammad Obid Sindiy. al-Mavohibu-l-latifa. – Bayrut: Dorun navodir, 2013. 2-juz. – B. 175.
[5] Tafsiliy tasdiqlash deganda, Allohning borligi, birligi va Uning sifatlari hamda Allohga iymon keltirish kerak bo‘lgan boshqa barcha narsalarga alohida iymon keltirish tushuniladi.
[6] Ijmoliy tasdiqlash degani masalan qabr azobiga iymon keltirish. Uning tafsilotiga kirmasdan, qabr azobining haqligiga iymon keltirish tushuniladi.
[7] Muhammad Obid Sindiy. al-Mavohibu-l-latifa. – Bayrut: Dorun navodir, 2013. 1-juz. – B. 70.