Muhtaram jamoat! Olamlarning Rabbisi bo‘lmish Alloh taoloning habibi, olamlarga rahmat qilib yuborilgan suyukli Payg‘ambarimiz Muhammad Mustafo (s.a.v.)ning tavallud oylari barchamizga muborak bo‘lsin! Ma’lumki, Rabiul avval oyining 12 kuni janobi Payg‘ambarimiz (s.a.v.) tavallud topgan kunlaridir.
Payg‘ambarimiz (s.a.v.) milodiy sananing 571 yilida Makkai Mukarramada arablar orasida obro‘li sanalmish Quraysh qabilasida tavallud topganlar. Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v) komil inson bo‘lib, u to qiyomat kunigacha keladigan butun insoniyat uchun eng mukammal va eng guzal namunadir.
Rasululloh (s.a.v) ning hayotlari biz mo‘min-musulmonlar uchun katta ibrat maktabidir. Oqil inson hayoti davomida solih kishilarning fazilatli jihatlaridan o‘rnak olib yashaydi. Bizlar ham biror tabarruk, ahli solih inson bilan uchrashib qolganimizda, yoki uning yaxshi xislatlarini zikr qilganimizda havas qilib, “bizga ham sizning yo‘lingizni bersin”, “falonchiga o‘xshab yuraylik” degan iboralarni ishlatamiz. Aslida mo‘min-musulmon kishi uchun o‘rnak bo‘lishga eng loyiq va haqli zot Muhammad (s.a.v) bo‘lib, Alloh taolo Qur’oni karimda:
لَقَدْ كَانَ لَكُمْ فِي رَسُولِ اللَّهِ أُسْوَةٌ حَسَنَةٌ لِمَنْ كَانَ يَرْجُو اللَّهَ وَالْيَوْمَ الْآَخِرَ وَذَكَرَ اللَّهَ كَثِيرًا
ya’ni: “(Ey imon keltirganlar!) Sizlar uchun – Alloh va oxirat kunidan umidvor bo‘lgan hamda Allohni ko‘p yod qilgan kishilar uchun Allohning payg‘ambarida go‘zal namuna bordir” – deb marhamat qilgan (Ahzob surasi, 21-oyat).
Shuningdek, yana Alloh taolo Qur’oni karimda marhamat qilgan:
(وَمَا أَرْسَلْنَاكَ إِلَّا رَحْمَةً لِلْعَالَمِينَ (سُورَةُ الأنبياء/107
ya’ni: “(Ey Muhammad!) Biz Sizni (butun) olamlarga ayni rahmat qilib yuborganmiz” (Anbiyo surasi, 107-oyat). Oyatdagi “rahmat” juda keng ma’noni anglatadi. Ularni bilish uchun Muhammad (s.a.v.)ning axloq-odoblari, siyrat va shamoillari, shariatlarining bag‘rikengligi, hatto, kufr va shirk ahliga ham zulmni ravo ko‘rmasligi, mehr-oqibat, ezgulik kabi fazilatlar manbai ekanidan xabardor bo‘lish zarur.
Buyuk vatandoshimiz Abu Lays as-Samarqandiy “Bahrul ulum” nomli tafsir kitoblarida “olamlarga rahmat” jumlasining tafsirida: jin va insga, umuman jamiki xaloiqqa rahmatdir. Mo‘minlarga hidoyat qilish bilan rahmat, munofiqlarga o‘limdan omonlik berish bilan rahmat, kofirlarga azobni oxiratga qoldirish bilan rahmatdir, deganlar va quyidagi rivoyatni keltirganlar:
(حكي أن النبي صلى الله عليه وسلم قال لجبريل عليه السلام: "هَلْ أَصَابَكَ مِن هَذِهِ الرَّحمَةِ شَيءٌ؟ قَالَ: نَعَمْ ، كُنتُ أَخشَى العَاقبَِةَ فَأَمَنتُ لِثَنَاءِ اللهِ عز وجل عَلَيَّ بِقَولِهِ: { ذِي قُوَّةٍ عِنْدَ ذِي الْعَرْشِ مَكِينٍ مُطَاعٍ ثَمَّ أَمِينٍ}" (سورة التكوير/20-21
ya’ni: Hikoya qilinishicha, Payg‘ambar (s.a.v.) Jabroil a.s.ga: “Sizga ham ushbu rahmatdan biror nasiba yetganmi?” – deb so‘radilar. Shunda Jabroil (a.s.): Ha, men oqibatim qanday bo‘lishidan qo‘rquvda edim. Ammo, Alloh azza va jalla men haqimda: “(Jabroil) quvvatli, Arshning sohibi (Alloh) nazdida martabali, u joyda (farishtalar tomonidan) itoat etiluvchi va ishonchli zotdir”, deb tasanno aytganidan keyin xotirjam bo‘ldim, dedilar.
Rasululloh (s.a.v.)ning rahmat elchisi ekanliklari U zotning axloqlarida ham namoyon edi. Quyidagi hadisi sharif shunga dalolat qiladi:
(عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ قَالَ، قِيلَ: "يَا رَسُولَ اللَّهِ ادْعُ عَلَى الْمُشْرِكِينَ قَالَ: إِنِّي لَمْ أُبْعَثْ لَعَّانًا وَ إِنَّمَا بُعِثْتُ رَحْمَةً" (رواه الإمام مسلم
ya’ni: Abu Hurayra (r.a.) rivoyat qilib aytadilar: Yo Rasululloh! Mushriklarni duoyibad qiling, – deyishdi. Shunda Rasululloh (s.a.v.): “Men la’natlovchi qilib emas, rahmat qilib yuborilganman”, deb javob berdilar (Imom Muslim rivoyati).
Muhtaram jamoat! Payg‘ambarimiz (s.a.v.)ning olamlarga rahmat qilib yuborilganliklari U zotga nozil qilingan shariat ahkomlarida ham namoyon bo‘ladi. Alloh taolo shunday marhamat qilgan:
أَوَلَمْ يَكْفِهِمْ أَنَّا أَنْزَلْنَا عَلَيْكَ الْكِتَابَ يُتْلَى عَلَيْهِمْ إِنَّ فِي ذَلِكَ لَرَحْمَةً وَذِكْرَى لِقَوْمٍ يُؤْمِنُونَ
(سُورَةُ العنكبوت/51).
ya’ni: “Axir, ularga tilovat qilinayotgan (shu) Kitobni Biz Sizga nozil qilganimiz ular uchun yetarli emasmi?! Albatta, bu (Kitob)da imon keltiradigan qavm uchun rahmat (mo‘jiza) va eslatma bordir. (Ankabut surasi, 51-oyat).
Darhaqiqat, Islom shariati oliyjanob, bag‘rikeng va mo‘tadil shariat ekanligi bilan barcha zamon va makonga mos keladi. Qur’oni karimda shunday marhamat qilinadi:
(يُرِيدُ اللَّهُ بِكُمُ الْيُسْرَ وَلَا يُرِيدُ بِكُمُ الْعُسْرَ (سُورَةُ البقرة/185
ya’ni: “Alloh sizlarga yengillikni istaydi, og‘irlikni xohlamaydi” (Baqara surasi, 185-oyat). Boshqa bir oyatda:
(وَمَا جَعَلَ عَلَيْكُمْ فِي الدِّينِ مِنْ حَرَجٍ (سُورَةُ الحج/78
ya’ni: “va dinda sizlarga biror haraj (qiyinchilik) qilmadi”, deyilgan (Haj surasi, 78-oyat). Rivoyat qilinishicha Rasululloh (s.a.v.) Muoz ibn Jabal va Abu Muso al-Ash’ariyni Yamanga elchi qilib yuborayotganlarida:
(عَنِ النَّبِيِّ صلى الله عليه وسلم قَالَ: يسِّرا ولا تعسِّرا وبشِّرا ولا تنفِّرا وتطاوعَا ولا تختلِفا (رواه البخاري ومسلم
ya’ni: “Dinni yengil qilib ko‘rsatinglar qiyin qilmanglar, dinga qiziqtiringlar nafratlantirmanglar, bir-biringizga itoat etinglar ixtilof qilmanglar”, deganlar (Imom Buxoriy va Muslim rivoyati).
Shuningdek, Muhammad mustafo (s.a.v.)ning sizu biz ummatlari ham eng adolatli va yaxshi ummat bo‘lib, barcha insoniyatga yaxshilik tarqatadigan, yaxshilik ishlarda o‘rnak va namuna bo‘ladigan ummatdirmiz. Bu haqda Qur’oni karimda shunday deyilgan:
كُنْتُمْ خَيْرَ أُمَّةٍ أُخْرِجَتْ لِلنَّاسِ تَأْمُرُونَ بِالْمَعْرُوفِ وَتَنْهَوْنَ عَنِ الْمُنْكَرِ وَتُؤْمِنُونَ بِاللَّهِ
(سُورَةُ آل عمران/110).
ya’ni: “Odamlarga chiqarilgan (ma’lum bo‘lgan) ummatning eng yaxshisi bo‘ldingiz, (ey, musulmonlar!) zero, siz amri ma’ruf, nahyi munkar qilasiz va Allohga imon keltirasiz” (Oli Imron surasi, 110-oyat). Payg‘ambarimiz (s.a.v.)dan ham bu haqda quyidagi hadis vorid bo‘lgan:
(عن درة بنت أبي لهب قالت: قام رجل إلى النبي صلى الله عليه وسلم وهو على المنبر فقال: يا رسول الله أيّ الناس خير؟ فقال: "خَيْرُ النَّاسِ أقْرَؤهُمْ وأتقاهم للهِ وآمَرُهُمْ بِالمعروفِ وأنْهَاهُمْ عَنِ الْمُنْكَرِ وَأَوْصَلُهُمْ لِلرَّحِمِ" (رواه الإمام أحمد
ya’ni: Durra bint Abi Lahab aytadilar, Payg‘ambar (s.a.v.) minbarda turgan edilar, bir kishi o‘rnidan turib: Yo Rasululloh! Odamlarning qandayi yaxshi? – deb so‘radi. Shunda, Rasululloh (s.a.v.): “Odamlarning eng yaxshisi ko‘p va xo‘b qiroat qiladigani, Allohga eng qo‘p taqvo qiladigani, yaxshilikka eng ko‘p buyuradigani, munkar ishdan eng ko‘p qaytaradigani va qarindoshlik rishtasini mahkam tutadigani”, deb javob berdilar (Imom Ahmad rivoyati).
Azizlar! Alloh taologa beadad hamdu sano va shukrlar bo‘lsinkim, sizu bizlarni oxirzamon payg‘ambari Muhammad mustafo (s.a.v.)ga ummat bo‘lish baxtiga muyassar etdi. Zero, Qur’oni karimda marhamat qilinadi:
(وَكَذَلِكَ جَعَلْنَاكُمْ أُمَّةً وَسَطًا لِتَكُونُوا شُهَدَاءَ عَلَى النَّاسِ وَيَكُونَ الرَّسُول عَلَيْكُمْ شَهِيدًا (سُورَةُ البقرة/143
ya’ni: “Shuningdek, sizlarni (musulmonlarni boshqa) odamlarga (ummatlarga) guvoh bo‘lishingiz va Payg‘ambarning sizlarga guvoh bo‘lishi uchun “o‘rta ummat” qilib qo‘ydik” (Baqara surasi, 143-oyat). “O‘rta ummat” – ummatlarning yaxshisi demakdir. Zero, har bir narsada o‘rtahollik yaxshidir.
Buyuk mufassirlardan Ibn Jarir at-Tabariy “Jome’ al-bayon fi ta’vil al-Qur’on”da A’rof surasining 150-oyati tafsirida quyidagi rivoyatni keltiradilar: “Muso (a.s.): Yo Rabbim, men lavhda odamlarga chiqarilgan ummatning eng yaxshisi bo‘lgan, amri ma’ruf, nahyi munkar qiladigan ummatni topdim. Ularni menga ummat qilgin, dedi. Alloh taolo: Ular Muhammadning ummati, - dedi. Muso: Yo Rabbim, men lavhda hammadan keyin yaratilib, jannatga birinchi bo‘lib kiradigan ummatni topdim. Ularni menga ummat qilib bergin, deb so‘radi. Alloh taolo: Ular Muhammadning ummati, dedi. Muso: Yo Rabbim, men lavhda Qur’onlarini qalblariga joylab olib o‘qiydigan ummatni topdim, ularni menga ummat qilib ber, dedi. Alloh taolo: Ular Muhammadning ummati, deb javob berdi. Muso: Yo Rabbim, men lavhda qilgan sadaqotlaridan o‘zlari ham yeydigan va bunga ajr ham oladigan ummatni topdim, menga ularni ummat qilib ber, deb so‘radi. Alloh taolo: Ular Muhammadning ummati, deb javob berdi. Muso: Yo Rabbim, men lavhda bir yaxshilikni niyat qilib uni amalga oshira olmasa bitta savob, agar amalga oshirsa o‘ntadan yetti yuz barobargacha savob beriladigan ummatni topdim, ularni menga ummat qilib bergin, deb so‘radi. Alloh taolo: Ular Muhammadning ummati, deb javob berdi. Muso: Yo Rabbim, men lavhda to‘g‘ri yo‘lga chaqirilsa labbay deb qabul qiladigan hamda duolari ijobat bo‘ladigan ummatni topdim, ularni menga ummat qilib bergin, dedi. Alloh: Ular Muhammadning ummati, dedi. Shunda Muso Lavhlarni uloqtirib tashlab: Yo Allohim, meni ham Muhammadning ummatidan qilgin, deb duo qildi”.
Bugungi kunda Payg‘ambarimiz (s.a.v.) tavallud topgan muborak kunlarini nishonlash va u zotning siyrati saniyalarini o‘qib-o‘rganish va eshitish bilan birga, butun olamga rahmat etib yuborilgan Rosululloh (s.a.v.) hayot tarzlari, xulq-obodlaridan o‘rnak olib yashamoqligimiz kerak. Yurtimiz ravnaqi va taraqqiyoti, xalqimizning tinch va osoyishtaligi yo‘lida barakali mehnat qilishimizda Payg‘ambarimizning (s.a.v.) go‘zal odob axloqlari ilm olishga targ‘ibotlari, xayr-u sahovatlari, insoniylik fazilatlari bizlarga hamisha ilhom berishi lozim.
Shuni ta’kidlash kerakki, ba’zan kishilar orasida aslida mavlid o‘qish shartmi, bu xaqida Qur’oni karimda, hadisi sharifda ham ko‘rsatma yo‘q-ku degan fikrlarga borib, uni bid’at deyishadi. Payg‘ambarimiz (s.a.v.) vafotlaridan 6-7 asr o‘tgandan so‘ng o‘sha zamonaning mashhur ulamolardan ba’zilari Rasululloh (s.a.v.)ning nomi shariflariga hurmat ko‘rsatish, xotirlab turish maqsadida u zotning tavallud topgan kunini mavlid kuni deb atay boshladilar. Islom tarixida birinchi marta Ibn Hajar Asqaloniy, Jaloliddin Suyutiy keyinchalik imom Ja’far Barzanjiy tomonidan qasidalar o‘qish, u zot (s.a.v.)ni yod etish durustligi xususida fatvo berishgan.
Butun dunyoda bo‘lganidek, diyorimiz musulmonlari orasida ham qadimdan mavlid kunini bayram qilish odat tusiga kirgan. Shu munosabat bilan robi’ul avval oyi kelgach, barcha jome masjidlarimizda Payg‘ambarimiz (s.a.v.)ning siyratlari, yuksak odob-axloqlari va oliy fazilatlari haqida mav’izalar qilinadi, mavlidi shariflar o‘qiladi.
Bu kabi xayrli tadbirlarning o‘sib kelayotgan yosh avlodni go‘zal axloqqa yo‘g‘rilgan azaliy qadriyatlarimiz ruhida tarbiyalashda, ularning ma’nan barkamol bo‘lib yetishishlaridagi ahamiyatlari beqiyosdir.
Albatta, Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.)ga ummat bo‘lish ayni paytda sizu bizlarning zimmamizga mas’uliyat ham yuklaydi. Bu mas’uliyat U zot keltirgan dinni musaffoligini saqlab, kelajak avlodga omonat bilan yetkazish, turli xildagi bid’at va xurofotlarga berilmay, buzuq e’tiqodlarga ergashmay, aksincha, adashganlarni to‘g‘ri yo‘lga solib, chin mo‘min-musulmon bo‘lib yashashdan iboratdir.
I L O V A
Muhtaram jamoat! Rasululloh (s.a.v.) o‘z oilalaridagi kundalik yumushlarida ham bizga namuna bo‘lganlar. U zot g‘oyat tavoze’li, kibrdan uzoq kishi edilar. O‘zlari uchun odamlarni podshohlar uchun turgandek turishdan qaytarardilar. Miskinlar holidan xabar olardilar, kambag‘al-miskinlar bilan birga o‘tirardilar, qulning chorlovini ham qabul qilardilar, as'hoblari ichida ulardan biri kabi o‘tirardilar. Oisha roziyallohu anho aytadi: «O‘z poyabzallarini yamar, kiyimlarini tikar, sizlardan biringiz o‘z uyida nima ishlarni qilsa, u zot ham shuni qilardilar. Oddiy inson edilar, kiyimlarini o‘zlari tozalar, echkilarini sog‘ar, o‘z yumushlarini o‘zlari qilar edilar».
Albatta, Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.)ga ummat bo‘lish ayni paytda sizu bizlarning zimmamizga mas’uliyat ham yuklaydi. Bu mas’uliyat U zot keltirgan dinni musaffoligini saqlab, kelajak avlodga omonat bilan yetkazish, turli xildagi bid’at va xurofotlarga berilmay, buzuq e’tiqodlarga ergashmay, aksincha, adashganlarni to‘g‘ri yo‘lga solib, chin mo‘min-musulmon bo‘lib yashashdan iboratdir.
Aziz musulmonlar! Ushbu mavlid oyi bo‘lmish Rabiul avval oyida musulmon yurtlarida, shu jumladan, bizning yurtimizda ham ko‘p asrlardan buyon Payg‘ambarimiz (s.a.v.)ning tavalludlariga shodlik izhor qilish, shu kunlarni xursandchilikda o‘tkazish ma’nosida yo‘lga qo‘yilgan. Yaqin tariximizni o‘rganadigan bo‘lsak, mavlid yig‘inlarida aynan shu kayfiyat va holat bizning yurtimizdagi musulmonlar orasida yaqqol sezilib keladi. Umuman olganda, juda ko‘p mu’tabar olimlar mavlid oyi kelganda Mavlid o‘qish, masjidlarda jamaot bilan buni keng nishonlashga ruxsat berishgan.
Muhtaram azizlar! Bugungi juma kunimizda bilishimi lozim bo‘lgan odoblardan yana biri bu Payg‘ambarimiz (s.a.v.)ga salavot aytish odoblaridir. Ular quyidagilar:
Alloh taolo barchamizni olamlarga rahmat bo‘lmish zotga chin ummat bo‘lib, ahil va inoqlikda umrguzaronlik qilmog‘imizni nasib aylasin. Omin!
“Yangi O‘zbekiston” gazetasining shu yil 27 avgust kungi 175-sonida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy, “Oliy Darajali Imom Buxoriy” ordeni sohibi Shayx Nuriddin XOLIQNAZAR hazratlarining “Qadr-qimmatimiz ulug‘lanayotgan yurt” nomli maqolasi chop etildi.
Ezgulik, bag‘rikenglik markaziga aylanayotgan mamlakatimizda diniy-ma’rifiy sohada erishilayotgan tarixiy yutuqlar e’tirofiga bag‘ishlangan qiyosiy-tahliliy maqolaning to‘liq matni bilan quyida tanishishingiz mumkin:
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Butun xalqimiz tomonidan katta shodiyona qilinayotgan, o‘z taqdirini shu aziz Vatan taqdiri bilan bog‘lagan qirq millionga yaqin yurtdoshimiz qalbini cheksiz faxr-iftixor tuyg‘ulariga to‘ldirayotgan mustaqillik bayrami – istiqlolimizning 35 yillik ayyomi bilan barchani chin qalbimdan muborakbod etaman.
Alloh taologa behisob shukrki, mamlakatimizda so‘nggi yillardagi jadal va keng ko‘lamli islohotlar qatorida e’tiqod erkinligini ta’minlash hamda mo‘min-musulmonlar emin-erkin toat-ibodat qilishi uchun yaratilayotgan sharoitlar yangi bosqichga ko‘tarildi.
Bunyodkorlik va ma’naviy tiklanish solnomasi
So‘nggi o‘n yillik solnomasiga qaraydigan bo‘lsak, yurtimizning har bir hududida ulkan bunyodkorlik ishlariga guvoh bo‘lamiz. Ularning eng mahobatlilari, shubhasiz, poytaxtimizdagi Islom sivilizatsiyasi markazi va Samarqanddagi Imom Buxoriy majmuasidir.
Bundan 9 yil oldin Islom sivilizatsiyasi markazini barpo etish haqida maxsus qaror qabul qilinib, amaliy ishlar boshlangan edi. Nihoyat joriy yilda qadimdan Toshkentning ma’naviy markazi bo‘lib kelgan Hazrati Imom majmuasi yonida milliy ruh va zamonaviy sharoitlarga ega muhtasham inshoot barpo etildi. Markazning asosiy zali, ta’bir joiz bo‘lsa, qalbi, hech shubhasiz, muqaddas Qur’on zalidir. Bu yerda dunyodagi eng qadimiy Hazrati Usmon Mus'hafi yuksak maqomiga yarasha munosib o‘rin topdi.
Bu maskanda O‘zbekiston musulmonlari idorasi ham yangi qarorgohiga ega bo‘ldi. Prezidentimizning oq fotihasi bilan biz ham shu yerda faoliyatimizni davom ettiryapmiz.
Imom Buxoriy majmuasi qurilishi 2019 yilda boshlangan edi. Qariyb 45 gektar maydonni qamrab olgan hududda ulkan maqbara, 10 ming kishilik masjid, innovatsion muzey, kutubxona, mehmonxonalar va boshqa zarur infratuzilma inshootlari barpo etildi.
Shu muazzam majmua foydalanishga topshirilayotganida xayolimga bir fikr keldi. Bilasiz, Imom Buxoriy bobomiz ilm talab qilish yo‘lida qancha mashaqqatlar chekib dunyo kezdilar. Buyuk muhaddis bo‘lib Vatanimizga qaytib keldilar. Lekin unga hozirgidek e’tibor, ehtirom, e’zoz ko‘rsatilmagandi. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan Imom Buxoriy hazratlarining boy ilmiy merosini yuksak darajada qadrlash va targ‘ib etishga yangi bosqichda keng imkoniyatlar yaratildi. Hozir butun islom olami, barcha musulmonlar shu majmuaga talpinmoqda.
Shuningdek, Farg‘onadagi Burhoniddin Marg‘inoniy yangi majmuasi, Namangandagi Sulton Uvays Qaraniy ziyoratgohi, Andijon bosh masjidi, Surxondaryodagi termiziylar maqbaralari, Qashqadaryodagi Abu Muin Nasafiy ziyoratgohi, Buxorodagi Mir Arab oliy madrasasi, Nukusdagi Imom Eshon Muhammad, Urganchdagi Oxun bobo masjidlari, Toshkentdagi Suzuk ota, Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf masjid-majmualari, Toshkent viloyatidagi Zangiota ziyoratgohini ham sanab o‘tish mumkin.
Yurtimizning shaharu qishloqlarida, eng chekka hududlarida 130 taga yaqin yangi masjid ochildi. 500 dan ziyod jome butunlay qaytadan bunyod etildi. 3 ta oliy va 1 ta o‘rta maxsus madrasa tashkil etildi. Jumladan, 500 yillik tarixga ega Mir Arab oliy madrasasining tarixiy maqomi tiklandi va uni dunyoga mashhur al-Azhar majmuasi darajasiga yetkazish ishlari davom etmoqda.
Samarqandda Hadis ilmi maktabi, Surxondaryoda Imom Termiziy nomidagi islom instituti, shuningdek, Imom Termiziy nomidagi o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi faoliyat boshladi. Toshkent islom institutida magistratura tashkil qilinib, bu yil ilk bitiruvchilar sohaning nufuzli idoralarida mehnat faoliyatiga kirishdi.
Qur’oni karim va tajvid o‘quv kurslari soni 30 dan oshdi. Mashg‘ulotlarni 100 mingdan ziyod tinglovchi yakunlab, Allohning kalomini o‘qish baxtiga erishdi. Bundan tashqari, internet orqali onlayn qiroat saboqlari yo‘lga qo‘yildi.
Diniy idoramiz huzurida Markaziy Osiyoda yagona bo‘lgan Fatvo markazi tashkil etildi. Bu yerda diniy ulamolarimiz har yili yurtdoshlarimizning 300 mingdan ortiq savoliga javob berib kelmoqda. E’tiborlisi, ishlash yo o‘qish maqsadida chet davlatda bo‘lib turgan vatandoshlarimizning savollariga mobil ilova va ijtimoiy tarmoqlar orqali ham javob berish imkoniyati yaratilgan.
Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy va Bahouddin Naqshband nomidagi 4 ta xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ta’sis etilib, nodir ilmiy-ma’rifiy asarlar tadqiq qilinmoqda.
Ziyorat va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash
Haj va umra safarlariga keng yo‘l berildi. Haj kvotasi 3 baravar, ya’ni 5 mingdan 15 mingga ko‘paygan bo‘lsa, umraga qo‘yilgan kvota cheklovlari olib tashlandi. Natijada har yili 1 millionga yaqin hamyurtimiz Allohning baytini ziyorat qilishga muvaffaq bo‘lmoqda.
Bu yildan boshlab Prezident hojilari dasturi joriy etilib, el-yurtimizga sidqidildan xizmat qilgan 100 nafar yurtdoshimiz haj safariga imtiyozli borib keldi.
Ramazon oyi, ikki hayit bayrami haqiqiy ma’noda katta ayyomga aylandi. Bu muborak sanalarni Prezident qarori bilan keng nishonlash dunyo mamlakatlari tajribasida yo‘q. Ayniqsa, joriy yilgi ayyomlarda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan amalga oshirilgan ulkan voqeliklarni alohida ta’kidlash kerak: Ramazon oyida 1 trillion 100 million so‘m, Qurbon hayitida 700 milliard so‘m mablag‘ xayriya ishlariga yo‘naltirildi.
Diniy soha xodimlariga bugungidek e’tibor, ijtimoiy, moddiy qo‘llab-quvvatlash ilgari kuzatilmagan edi. Ayniqsa, 15 ulamoning Imom Buxoriy ordeni bilan mukofotlanishi tarixiy voqea bo‘ldi.
Imom-xatiblarimiz xorijiy tajriba almashish va malaka oshirish uchun chet davlatlarga bormoqda. Xususan, AQSH, Rossiya, Buyuk Britaniya, Yevropa mamlakatlari, Saudiya Arabistoni, Misr, BAA, Turkiya, Janubiy Koreya singari davlatlarda malaka oshirish kurslari, Qur’oni karim xatmlari, diniy-ma’rifiy suhbatlarda ishtirok etmoqda. Albatta, bunday yuksak ehtirom va keng imkoniyatlar qalblarimizda cheksiz shukronalik tuyg‘usini uyg‘otadi. Zero, Alloh taolo Qur’oni karimda shukr qiluvchilarga ne’matlarini yanada ziyoda etishni va’da qilib, bunday marhamat qiladi:
“Va Robbingiz sizga: “Qasamki, agar shukr qilsangiz, albatta, sizga ziyoda qilurman. Agar kufr keltirsangiz, albatta, azobim shiddatlidir”, deb bildirganini eslang” (Ibrohim surasi, 7-oyat).
Ushbu ilohiy va’daga muvofiq, tinch va farovon kunlarimizning qadriga yetish, yurtimizda amalga oshirilayotgan xayrli va ezgu ishlarga shukronalik keltirish ne’matlarning bardavom va yanada ziyoda bo‘lishiga sababdir. Zotan, shukr faqat tilda emas, balki mehr-oqibat, saxovat va ezgu amallarda namoyon bo‘lishi bilan o‘z ma’nosini topadi.
Buyuk saodatning ifodasi
Mamlakatimizdagi ochiqlik siyosati natijasida O‘zbekiston musulmonlari idorasining islom olami bilan aloqalari rivojlanmoqda. Xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik mustahkamlandi. Turkiy davlatlar muftiylari kengashi, Abu Dabi tinchlik forumi, Xalqaro musulmon ulamolari kengashi, Musulmon donishmandlar kengashi, Islomiy fiqh akademiyasi, Islom olami uyushmasi, Podshoh Salmon nomidagi Hadisi sharif akademiyasi va Xalqaro islom fiqhi akademiyasi kabi nufuzli tashkilotlar shular jumlasidan.
Yaqinda mamlakatimizda I xalqaro islom sivilizatsiyasi forumi o‘tkazildi. U butun dunyo e’tiborini yana bir bor O‘zbekistonga qaratdi. Forum doirasida ko‘plab nufuzli olimlar, ulamolar yurtimizga tashrif buyurib, amalga oshirilayotgan ijobiy o‘zgarishlarning shohidi bo‘ldi.
Yurtimizdan yetishib chiqqan buyuk mutafakkir allomalarning hayoti va ilmiy merosini o‘rganish yuzasidan 600 dan ortiq kitob, monografiya, risola, roman nashr qilindi.
Umuman olganda, inson qadrini ulug‘lashga qaratilgan xalqparvar siyosat aholining turmush sifatini yanada oshirish, ilgari adashgan yo‘lidan qaytib, sog‘lom hayot kechirish yo‘lini tanlagan shaxslarni afv etish kabi savobli ishlarda namoyon bo‘layotir.
Bularning bari Alloh taoloning inoyati bilan erishilgan istiqlol sharofatidandir. Tiklangan ma’naviy qadriyatlar, keng ochilgan e’tiqod imkoniyatlari yangi O‘zbekistonda inson qadri naqadar yuksak darajaga ko‘tarilganining yorqin misolidir. Bu ishlar ma’rifat, bag‘rikenglik va ezgulik tamoyillari atrofida birlashgan xalqimizning kelajakka ishonchini yanada mustahkamlaydi.
Zero, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam o‘z ta’limotlarida inson uchun eng ulug‘ saodat tinchlik-osoyishtalik, tansihatlik va xotirjamlik ekanini alohida ta’kidlaganlar:
“Sizlardan kim ahli-oilasi tinch, tani sog‘ va bir kunlik yeguligi bor holda tong ottirsa, go‘yoki unga butun dunyo to‘laligicha berilibdi” (Imom Termiziy rivoyati).
Bugun yurtimizda hukm surayotgan tinchlik va emin-erkinlik mana shunday ulug‘ saodatning amaliy ifodasidir.
Alloh taolo jonajon Vatanimiz istiqlolini abadiy, tinchligimizni barqaror aylasin! Yurtimiz rivoji va xalqimiz farovonligi yo‘lida sidqidildan xizmat qilayotgan Prezidentimiz va barcha mutasaddilarga kuch-g‘ayrat, mustahkam sog‘liq va ulkan zafarlar yor bo‘lsin. El-yurtimiz ahil-inoqligi, xonadonlarimizning qut-barakasi hech qachon arimasin!
Shayx Nuriddin XOLIQNAZAR,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy, “Oliy Darajali Imom Buxoriy” ordeni sohibi